Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tuman hokimining
Qarori
Viloyat hokimining 2012-yil 28-dekabrdagi “2013-yil uchun mol-mulk, yer va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish, ularga soliqlarni hisoblash va imtiyozlarni qoʻllash toʻgʻrisida”gi 259-sonli qarori haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi hamda 1997-yil 29-avgustdagi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosi yuzasidan tuman hududidagi jismoniy shaxslarga tegishli mol-mulk va yer soligʻi obyektlarini, suv resurslaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq hisobga olinishi, soliqlarni hisoblash va belgilangan muddatlarda mahalliy budjetga tushishini taʼminlash, jismoniy shaxslarga imtiyoz huquqlarini toʻgʻri qoʻllash hamda viloyat hokimining 2012-yil 28-dekabrdagi 259-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Viloyat hokimining 2012-yil 28-dekabrdagi 259-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin hamda 2013-yil mol-mulk va yer soligʻi obyektlari va subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq roʻyxatga olish, soliq hisoblash, tegishli imtiyozlarni toʻgʻri qoʻllashni toʻliq va sifatli oʻtkazish, ularga tegishli boʻlgan maʼlumotlarni vakolatli idoralar tomonidan tuman Davlat soliq inspeksiyalariga toʻliq taqdim etishini taʼminlash maqsadida 2012-yil 1-noyabrdan 2013-yil 1-yanvarga qadar “Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish” davri etib belgilansin.
2. Tuman Davlat soliq inspeksiyasi (R. Akramov)ga:
soliq toʻlovchilarni hisobga olish davrida tuman hududidagi mol-mulk, yer soligʻi obyektlari va subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq roʻyxatga olish, ularga soliq hisoblash va soliq qonunchiligida belgilangan imtiyozlarni qoʻllash;
barcha mahallarda soliqlarning ahamiyati, ayrim toifadagi jismoniy shaxslarga soliqlardan beriladigan imtiyozlar toʻgʻrisida, 2013-yil uchun toʻlanishi kerak boʻlgan soliqlarning muddatidan oldin toʻlanishi haqida keng tushuntirish ishlari olib borish;
aholi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi soliq qonunchiligi boʻyicha amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning mohiyati yuzasidan qishloq (mahalla) fuqarolar yigʻini raisi va faollari ishtirokida muntazam ravishda seminar yigʻilishlar oʻtkazish yuklatilsin.
3. Tuman hududida faoliyat yuritayotgan qishloq fuqarolar yigʻini hamda mahalla fuqarolar yigʻini raislari, jamoat tashkilotlari, kommunal xoʻjalik boʻlimlari, uy-joy mulkdor shirkatlari korxona va tashkilotlarning rahbarlari jismoniy shaxslarni roʻyxatga olish, hisoblangan soliqlarni belgilangan muddatlarda mahalliy budjetga undirilishi yuzasidan tuman Davlat soliq inspeksiyasi uchastka soliq inspektoriga doimiy ravishda yaqindan amaliy yordam berish vazifasi yuklatilsin.
4. “Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish” davrini keng qamrovli va sifatli oʻtkazilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi va “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi qonuniga asosan, Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan mol-mulk, yer soligʻi obyektlari va subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq hisobga olish, soliq hisoblash hamda tegishli imtiyozlarni toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida:
tuman “Yer resurslari va davlat kadastri” boʻlimi (R. Satimov) va “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri” xizmati (A. Dehqonov) 2013-yil 1-fevralga qadar 1-ilovaga* muvofiq tuman hududidagi jismoniy shaxslarning egaligida boʻlgan mol-mulk obyektlari, yer maydoni miqdori va ularning 1-yanvar holatiga inventarizatsiya qiymatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
tuman Arxitektura va qurilish boʻlimi (Sh. Boymurodov) 2013-yil 1-fevralga qadar 2-ilovaga* muvofiq 2012-yil fuqarolarga tuman hududida (tadbirkorlikka yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun dehqon xoʻjaligi va boshqalar) 1-yanvar holatiga ajratilgan yer maydonlari va ularning egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
pensiya jamgʻarmasi tuman boʻlimi (A. Umarqulov) 2013-yil 1-fevralga qadar 3-ilovaga* muvofiq tumanda istiqomat qiluvchi I-II-guruh nogironlari, pensionerlar, yolgʻiz pensionerlar va boshqa nafaqa oluvchi sifatida roʻyxatga olingan fuqarolar toʻgʻrisidagi malumotlarni;
tuman Mudofaa ishlari boʻlimi (B. Xudoyberdiyev) 2013-yil 1-fevralga qadar 4-ilovaga* muvofiq 1941 — 1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, Afgʻonistonda harbiy xizmatni oʻtagan fuqarolar va boshqa mavjud maʼlumotlarni;
tuman sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi (A. Mamajonov) 7-ilovaga* muvofiq belgilangan tartibda sanitariya ruxsatnomasini olgan jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi malumotlarni;
tuman “Gaztaʼminot” idorasi (X. Axmedov) 8-ilovaga* muvofiq hududda tadbikorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar bilan gaz isteʼmoli uchun tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
tuman “Elektrtarmoqlari” idorasi (B. Tillayev) 9-ilovaga* muvofiq hududda tadbikorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar bilan elektr isteʼmoli uchun tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
tuman Ichki ishlar boʻlimi yoʻl harakati xavfsizligi (A. Abdullayev) 10-ilovaga* muvofiq hududdagi shaxsiy yuk avtotransport egalari toʻgʻrisidagi toʻliq maʼlumotlarni tuman Davlat soliq inspeksiyasiga qishloq (mahalla) fuqarolar yigʻinlari kesimida 2013-yil 1-fevraliga qadar 1-yanvar holati boʻyicha taqdim etish vazifasi yuklatilsin.
5. Tuman fuqarolik holatlariga dalolatnoma yozish boʻlimi (M. Nortojiyeva) 2013-yil 1-fevralga qadar 5-ilovaga* muvofiq tuman hududida 2011-2012-yillarda vafot etgan fuqarolar toʻgʻrisidagi, tuman notarial idoralari rahbarlari esa 6-ilovaga* muvofiq 2012-yil davomida jismoniy shaxslar tomonidan koʻchmas mulk ijara shartnomasi tasdiqlanganligi va ijara haqi miqdori, shuningdek meʼros qilib olish yoki hadya tarzida fuqarolarning mulkiga oʻtayotgan mol-mulk qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etib borish tavsiya etilsin.
6. Uchkoʻprik tuman hokimligi “Mahalla” oqsoqollari kengashi (V. Meliquziyev), qishloq (mahalla) fuqarolar yigʻinlari raislari “Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish” oyligi tadbirini oʻtkazishda faol qatnashishlari va joylarda uchastka soliq inspektorlari bilan jismoniy shaxslarni soliq organlarida roʻyxatga olish tadbirlarini hamkorlikda amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
7. Qishloq (mahalla) fuqarolar yigʻinlari raislari, uchastka Davlat soliq inspektori va “Yer resurslari va davlat kadastri” boʻlimi xodimlari bilan birgalikda hisobga olingan soliq toʻlovchi jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotni 11-ilovaga* muvofiq dalolatnoma asosida rasmiylashtirish topshirilsin.
*1 — 11-ilovalar berilmaydi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari U. Maxsudov zimmasiga yuklatilsin.
9. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Hokim v.b M. DEHQONOV
Uchkoʻprik q.,
2013-yil 8-yanvar,
03-son