Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati oʻrtasida
Bitim
OʻZLARINING TEGIShLI HUDUDLARI OʻRTASIDA VA HUDUDLARIDAN TAShQARIDA HAVO QATNOVINI YOʻLGA QOʻYISh MAQSADIDA TUZILGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati (bundan buyon matnda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar)
1944-yilning yettinchi dekabr kunida Chikago shahrida imzolash uchun ochilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaning aʼzolari boʻlgani holda,
oʻzlarining tegishli hududlari oʻrtasida va hududlaridan tashqarida havo qatnovini yoʻlga qoʻyish maqsadida yuqorida aytib oʻtilgan Konvensiyaga qoʻshimcha ravishda bitim tuzish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
(1) Agar matnda boshqa mazmun koʻzda tutilmagan boʻlsa, ushbu Bitim maqsadlari uchun:
(a) “Konvensiya” atamasi 1944-yilning yettinchi dekabr kunida Chikago shahrida imzolash uchun ochilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyani anglatadi va:
(i) oʻsha Konvensiyaning 94 (a)-moddasiga binoan kuchga kirgan hamda har ikki Ahdlashuvchi Tomon eʼtirof etgan Konvensiyaga kiritilgan tuzatishlarni; va
(ii) har ikki Ahdlashuvchi Tomon uchun maʼlum bir vaqt ichida qay darajada kuchga egaligiga qarab oʻsha Konvensiyaning 90-moddasiga binoan Konvensiyaga kiritilgan har qanday ilovani yoki tuzatishni oʻz ichiga oladi;
(b) “aviatsiya maʼmurlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Fuqaro aviatsiyasi bosh direktorini va Birlashgan Arab Amirliklariga nisbatan — aloqa vazirini yoki har ikki holda yuqorida uqtirib oʻtilgan maʼmurlar hozirgi vaqtda bajaradigan ishlarni amalga oshirish vakolati berilgan shaxsni yoki tashkilotni anglatadi;
(c) “tayinlangan aviakorxona” atamasi har bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitimning 4-moddasiga muvofiq tayinlagan va vakolat bergan aviatsiya korxonasini yoki korxonalarini anglatadi;
(d) “hudud” atamasi davlatga nisbatan Konvensiyaning 2-moddasida berilgan maʼnoni anglatadi;
(e) “havo qatnovi”, “xalqaro havo qatnovi”, “aviakorxona” va “notijoriy maqsadlarda toʻxtash” atamalari Konvensiyaning 96-moddasiga ular yuzasidan tegishli ravishda koʻrsatib oʻtilgan maʼnolarni anglatadi;
(f) “tarif” atamasi yoʻlovchilarni va yuklarni tashish uchun toʻlanishi lozim boʻlgan qiymatlarni va oʻsha qiymatlarning qoʻllanilishini tartibga soluvchi qoidalarni anglatib, u oʻz ichiga vakillik va boshqa qoʻshimcha xizmatlar uchun toʻlanadigan vositachilik haqini oladi, biroq pochta tashish haqi va shartlari bunga kirmaydi;
(2) Ushbu Bitimga ilova uning ajralmas qismi deb hisoblanishi lozim.
2- modda
Konvensiyaning qoʻllanilishi
Konvensiyaning qoʻllanilishi
Ushbu Bitimning qoidalari Konvensiya qoidalariga xalqaro havo qatnovlariga nisbatan qay darajada qoʻllanilishiga qarab boʻysunadi.
3-modda
Tijoriy huquqlarning berilishi
Tijoriy huquqlarning berilishi
(1) Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga uning muntazam xalqaro havo qatnovlariga nisbatan quyidagi huquqlarni beradi:
(a) uning hududidan qoʻnmagan holda uchib oʻtish;
(b) uning hududida notijoriy maqsadlarda toʻxtash;
(2) Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga quyida ushbu Bitimda belgilangan huquqlarni ushbu Bitimga ilova qilingan jadvalning tegishli boʻlimida koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha xalqaro havo qatnovlarini amalga oshirish maqsadida beradi. Bunday qatnovlar va yoʻnalishlar bundan buyon matnda tegishli ravishda “kelishilgan qatnovlar” va “belgilangan yoʻnalishlar” deb ataladi. Belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan qatnovlarni amalga oshirish chogʻida har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalariga ushbu moddaning (1)-bandida koʻrsatilgan huquqlarga qoʻshimcha qilib ushbu Bitimga ilova qilingan jadvalda mazkur yoʻnalish uchun belgilangan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida joylashgan manzillarda yoʻlovchilarni va yuklarni, shuningdek, pochtani olish va tushirish maqsadida toʻxtash huquqi beriladi.
(3) Ushbu modda (2)-bandining hech bir qoidasi bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga haq evaziga yoki yollanish yoʻli bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi bir manzildan ikkinchi bir manzilga olib borish uchun yoʻlovchilarni, yuklarni, shuningdek, pochtani olish huquqini beradi deb qaralmasligi lozim.
4-modda
Aviakorxonani tayinlash va qatnovlar uchun ruxsatnoma olish
Aviakorxonani tayinlash va qatnovlar uchun ruxsatnoma olish
(1) Har bir Ahdlashuvchi Tomon belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan qatnovlarni amalga oshirish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilgan holda bitta yoki bir necha aviakorxonalarni tayinlash, bunday tayinlashlarni bekor qilish yoki almashtirish huquqiga ega boʻladi.
(3) Har bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasidan xalqaro havo qatnovlaridan foydalanish chogʻida Chikago Konvensiyasining qoidalariga muvofiq shunday maʼmurlar tomonidan odatda va oqilona tarzda qoʻllaniladigan qonun va qoidalardan kelib chiqadigan shartlarni bajarishga qodir ekanligini isbotlovchi dalillarni talab qilishga haqlidir.
(4) Har bir Ahdlashuvchi Tomon qatnovlarni amalga oshiradigan aviakorxonaga ustunlik qilish va uning faoliyati ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatish huquqi aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning fuqarolariga qarashli ekanligini isbotlovchi dalillarga ega boʻlmagan har qanday holda, yuqorida aytib oʻtilgan Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning (2)-bandida koʻrsatilgan parvozlar uchun ruxsatnomalarni berishni rad etish yoki tayinlangan aviakorxona ushbu Bitimning 3(2)- moddasida belgilangan huquqlardan foydalanishi chogʻida bajarilishi zarur deb topilgan shartlarni bajarishni talab qilish huquqiga ega boʻladi.
(5) Shu tarzda tayinlangan va ruxsatnoma olgan aviakorxona ushbu Bitimning qoʻllaniladigan qoidalariga rioya qilish sharti bilan kelishilgan qatnovlarni bajarishni boshlashi mumkin.
5-modda
Ruxsatnomani bekor qilish yoki toʻxtatib qoʻyish
Ruxsatnomani bekor qilish yoki toʻxtatib qoʻyish
(1) Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga parvozlar uchun berilgan ruxsatnomalarni bekor qilish, ushbu Bitimning 3(2)-moddasida keltirilgan huquqlardan oʻsha tayinlangan aviakorxona foydalanishini toʻxtatib qoʻyish yoki bunday huquqlardan foydalanishda oʻzi zarur deb bilgan shartlarning bajarilishini quyidagi hollarda talab qilish huquqiga ega boʻladi:
(a) mazkur aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish va uning ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatish aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning fuqarolariga qarashli ekanligiga ishonch hosil qilmagan har qanday holda; yoki
(b) mazkur aviakorxona ushbu huquqlarni bergan Ahdlashuvchi Tomon odatda va oqilona tarzda qoʻllaydigan qonun va qoidalariga rioya qilmayotgan taqdirda; yoki
(c) agar aviakorxona ushbu Bitimda belgilangan shartlarga muvofiq harakat qilmagan holda.
(2) Agarda huquqlardan foydalanishni darhol bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish yoki ushbu moddaning (1)-bandida belgilangan shartlarning bajarilishini talab qilish bundan buyon qonun yoki qoidalar buzilishining oldini olish uchun yetarli boʻlmasa, bunday huquqlardan boshqa Ahdlashuvchi Tomon bilan maslahatlashilgandan soʻnggina foydalanish mumkin.
6-modda
Kelishilgan qatnovlardan foydalanish tamoyillari
Kelishilgan qatnovlardan foydalanish tamoyillari
(1) Har ikki Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga oʻzlarining tegishli hududlari oʻrtasida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan qatnovlaridan foydalanish uchun haqqoniy va teng imkoniyatlar berilishi lozim.
(2) Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi kelishilgan qatnovlardan foydalanish chogʻida oʻzidan keyin aynan shu yoʻnalishdan toʻla yoki uning bir qismidan foydalanadigan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasining qatnovlariga asossiz ziyon yetkazmaslik maqsadida uning manfaatlarini ham eʼtiborga olishi lozim.
(3) Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan belgilangan yoʻnalishlarda amalga oshiriladigan kelishilgan havo qatnovlari aholining havo tashuviga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishi lozim va har bir tayinlangan aviakorxona uni tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonning hududiga yoki hududidan kelayotgan yoʻlovchilarni, yuklarni va pochtani tashishga boʻlgan mavjud va oqilona moʻljallangan ehtiyojlariga javob bera oladigan hajmni ish yuklashning moʻtadil miqdorida taʼminlash birinchi darajali masala boʻlishi lozim. Aviakorxonani tayinlagan mamlakatdan boshqa davlatlar hududidagi belgilangan manzillarda olingan yoki tushirilgan yoʻlovchilarni, yuklarni va pochtani tashish umumiy tamoyillariga muvofiq bajarilishi lozim, unda hajm quyidagilarga bogʻliq boʻladi:
(a) aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonning hududiga va hududidan amalga oshiriladigan tashuv ehtiyojlariga;
(b) kelishilgan qatnov oʻtadigan oʻlkaning tashuvga boʻlgan ehtiyojlariga, bunda oʻsha oʻlkani oʻz ichiga qamrab oladigan davlatlarning aviakorxonalari oʻrnatgan boshqa havo qatnovlari ham inobatga olinadi;
(c) tranzit yoʻnalishlardan rejali foydalanish ehtiyojlariga.
7-modda
Tariflar
Tariflar
(1) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonalari tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga yoki hududidan tashish uchun oʻrnatilgan tariflar barcha mavjud omillarni, xususan, parvozni amalga oshirish qiymatini, foydaning oqilona miqdorini va boshqa aviakorxonalarning tarif mezonlarini hisobga olgan holda oqilona meʼyorda belgilanishi lozim.
(2) Ushbu moddaning (1)-bandida koʻrsatilgan tariflar, imkon boʻlsa, xuddi shu yoʻnalishdan yoki uning bir qismidan foydalanayotgan boshqa aviakorxonalar bilan maslahatlashib, har ikki Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan manfaatdor aviakorxonalarining tomonidan kelishib olinishi lozim va bunday kelishuvga, imkon qadar, Xalqaro havo transporti uyushmasining tariflarni belgilash qoidalarini qoʻllash orqali erishilishi lozim.
(3) Bunday tarzda muvofiqlashtirilgan tariflar ular joriy etilishi moʻljallangan kunga kamida toʻqson (90) kun qolganida har ikki Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlarining tasdigʻiga taqdim etilishi shart. Maxsus hollarda bu muddat nomlari zikr etilgan maʼmurlarning kelishuvi asosida qisqartirilishi mumkin.
(4) Agarda, tayinlangan aviakorxonalar mazkur tariflarning birortasi boʻyicha ham kelisha olmasalar yoki boshqa biron sabablarga koʻra ushbu moddaning (2)-bandining qoidalariga muvofiq tarif belgilanmasa yoxud ushbu moddaning (Z)-bandiga muvofiq belgilangan toʻqson (90) kunlik muddatning birinchi oʻttiz kuni mobaynida Ahdlashuvchi Tomonlardan birining aviatsiya maʼmurlaridan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmurlarini ushbu moddaning (2)-bandiga muvofiq kelishilgan tariflar bilan norozi ekanliklari toʻgʻrisida ogohlantirsalar, Ahdlashuvchi Tomonlar har ikkalasining aviatsiya maʼmurlari oʻzaro kelishuv orqali bu tarifni belgilashga harakat qiladilar.
(5) Hech bir tarif Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari tomonidan tasdiqlanmagan taqdirda kuchga kirmaydi.
(6) Ushbu moddaning qoidalariga muvofiq oʻrnatilgan tariflar mazkur moddaning qoidalariga muvofiq yangi tariflar oʻrnatilgunga qadar oʻz kuchini saqlab qoladi.
8-modda
Bojxona bojlari va boshqa toʻlovlardan ozod qilish
Bojxona bojlari va boshqa toʻlovlardan ozod qilish
(1) Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan xalqaro havo qatnovida foydalanilayotgan havo kemasi, shuningdek, shu kemaning roʻyxatidagi buyumlari, yoqilgʻi zaxiralari va moylash vositalari, havo kemasi zaxiralari (shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar va tamaki mahsulotlari) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga kelgan vaqtdan boshlab barcha bojxona bojlaridan, nazorat soliqlaridan va boshqa shuning singari yigʻimlardan ozod qilinadi, basharti, bunday buyumlar va zaxiralar qaytarib olib chiqib ketilgunga qadar havo kemasi sahnida saqlanib tursa yoki parvozning oʻsha hudud doirasida amalga oshiriladigan qismida ishlatilsa.
(2) Koʻrsatilgan xizmat xarajatlarini istisno etgan holda xuddi shunday bojlar, yigʻimlar va soliqlardan quyida keltirilganlar ham ozod qilinadi:
(a) bir Ahdlashuvchi Tomonning hududida oʻsha aytib oʻtilgan Ahdlashuvchi Tomonning maʼmurlari belgilagan miqdorda havo kemasining sahniga olingan va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning xalqaro havo qatnovini bajarish uchun joʻnab ketayotgan havo kemasining sahrida ishlatish uchun moʻljallangan havo kemasining zaxiralari;
(b) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonasi amalga oshiradigan xalqaro havo qatnovlarida foydalaniladigan havo kemasini taʼmirlash yoki uni texnik holatini ushlab turish uchun olib kelingan ehtiyot qismlar;
(c) bir Ahdlashuvchi Tomonning hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga qarashli boʻlgan xalqaro havo qatnovlarini amalga oshirish uchun joʻnab ketadigan havo kemasining sahniga qabul qilib olingan yoqilgʻi va moylash vositalari, hattoki, bu zaxiralar ularni olingan Ahdlashuvchi Tomonning hududi doirasida amalga oshiriladigan parvozning maʼlum qismida ishlatish uchun moʻljallangan boʻlsa ham.
(3) Yuqoridagi (a), (b) va (s) kichik bandlarda koʻrsatilgan buyumlarni bojxona nazorati yoki kuzatuvi ostiga qoʻyish talab qilinishi mumkin.
(4) Har bir .Ahdlashuvchi Tomonning havo kemasining sahnida saqlanib turgan havo roʻyxatdagi buyumlar, shuningdek ashyolar va zaxiralar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida faqat oʻsha hududning bojxona maʼmuriyati ruxsati bilan tushirilishi mumkin. Bu holda ular orqaga qaytarib olib chiqib ketilgunga qadar yoki Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona qonunlariga muvofiq biron-bir boshqa joyga olingunga qadar qayd etilgan maʼmurlar kuzatuvi ostida saqlanishi lozim.
9-modda
Toʻgʻri tranzit tashuvi
Toʻgʻri tranzit tashuvi
Bir Ahdlashuvchi Tomonning hududidan toʻgʻri tranzit orqali oʻtadigan va shu maqsadda tayyoragoh hududida ajratilgan joyni tark etmaydigan yoʻlovchilar, ularning yuki va yuklar soddalashtirilgan nazoratdan oʻtadilar. Toʻgʻri tranzit orqali oʻtadigan yoʻlovchilar yuki va yuklar bojxona bojlari va soliqlardan ozod boʻlishi lozim.
10-modda
Daromadlarni oʻtkazish
Daromadlarni oʻtkazish
Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning har bir tayinlangan aviakorxonasiga havo tashuvlarini sotish orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida ishlab topgan mablagʻlarining mahalliy xarajatlaridan ortgan foyda qismini oʻzining bosh idorasiga istagan vaqtida erkin va cheklashsiz istagan erkin almashtiriladigan valyutada va valyuta almashtirishning rasmiy qiymati boʻyicha hududida daromad olingan Ahdlashuvchi Tomonning valyutani tartibga solish qoidalariga muvofiq oʻtkazish huquqini beradi. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli maʼmurlari oʻrtasida tuzilgan toʻlovlar toʻgʻrisidagi maxsus bitim qabul qilingan taqdirda yuqorida aytib oʻtilgan oʻtkazish erkin almashtiriladigan valyutada mazkur maxsus bitimga muvofiq amalga oshiriladi.
11-modda
Aviakorxona vakolatxonasi va sotish
Aviakorxona vakolatxonasi va sotish
(1) Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi yoki aviakorxonalariga kirish, yashash va ish bilan taʼminlashga doir boʻlgan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning qonun va qoidalariga muvofiq oʻsha boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga kelishilgan qatnovlarni bajarish uchun zarur boʻlgan oʻzining maʼmuriy, texnik, xizmatchi va boshqa xodimlarni olib kelish va ularni ushlab turish huquqiga ega boʻladi.
(2) Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida havo tashuvlarini bevosita yoxud agentlar orqali oʻsha boshqa Ahdlashuvchi Tomonning qonun va qoidalariga muvofiq sotish huquqiga ega boʻladi. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari bunday tashuvlarni mahalliy yoki boshqa erkin almashtiriladigan valyutada sotish va istagan shaxs ularni sotib olish huquqiga ega boʻladi, agarda bu Ahdlashuvchi Tomonlarning valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi milliy qoidalariga zid kelmasa.
12- modda
Statistik maʼlumotlar bilan taʼminlash
Statistik maʼlumotlar bilan taʼminlash
Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlarini ularning iltimosiga binoan ushbu moddaning boshida zikr etilgan Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari kelishilgan qatnov orqali amalga oshirayotgan tashuvlar hajmini aniqlash maqsadida oqilona miqdorda talab qilinishi mumkin boʻlgan davriy yoki boshqa statistik maʼlumotlar bilan taʼminlashlari lozim. Bunday maʼlumotlar oʻz ichiga kelishilgan qatnovda aviakorxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan tashuvlar miqdorini aniqlash uchun zarur boʻlgan va bunday tashuvlarning boshlanish va qoʻnish manzillari toʻgʻrisidagi barcha axborotni oʻz ichiga olishi lozim.
13- modda
Aviatsiya xavfsizligi
Aviatsiya xavfsizligi
(1) Fuqaro havo kemasining, undagi yoʻlovchilarning va ekipaj aʼzolarining xavfsizligini taʼminlashni xalqaro havo qatnovlaridan foydalanishning asosiy sharti deb bilgan holda, Ahdlashuvchi Tomonlar gʻayriqonuniy aralashuv xatti-harakatlaridan fuqaro aviatsiyasining xavfsizligini taʼminlashga doir zimmaga oladigan oʻzaro majburiyatlari (va xususan, Chikago Konvensiyalari, 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan Havo kemalari sahnida sodir etiladigan jinoyatchilik va boshqa harakatlar toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan Havo kemalarini gʻayriqonuniy ravishda egallab olishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi Konvensiya, hamda 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi noqonuniy harakatlar bilan kurashish haqidagi Konvensiya qoidalaridan kelib chiqadigan majburiyatlari) ushbu Bitimning ajralmas qismi ekanligini bir- birlariga tasdiqlaydilar.
(2) Ahdlashuvchi Tomonlar talabga binoan havo kemasini gʻayriqonuniy tutqun qilishning havo kemasiga, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, tayyoragohlar va qatnovni taʼminlash vositalariga xavf tugdiruvchi boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlarning, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tahdid qilishning har qanday koʻrinishi oldini olishda bir-birlariga barcha zaruriy yordamni koʻrsatishlari lozim.
(3) Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarida Aviatsiya xavfsizligi standartlariga muvofiq va oʻzlariga nisbatan qay darajada qoʻllanilishiga qarab Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti tomonidan oʻrnatilgan va Chikago Konvensiyasiga Ilova etib tayinlangan Tavsiyalangan amaliyotlarga binoan ish koʻradilar va ular asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turar joyi oʻz hududlarida joylashgan havo kemalarining foydalanuvchilaridan va oʻz hududlarida joylashgan xalqaro tayyoragohlarning foydalanuvchilaridan aviatsiya xavfsizligining yuqoridagi qoidalariga muvofiq ish koʻrishlarini talab qiladilar. Ushbu bandga tegishli Aviatsiya xavfsizligi standartlari manfaatdor Ahdlashuvchi Tomon ogohlantirgan har bir farqni oʻz ichiga oladi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon biron-bir farq borasida ogohlantirish niyatida ekanligi toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonga oldindan maʼlumot berishi lozim.
(4) Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududi doirasida havo kemalarini himoya qilish uchun va yoʻlovchilarni va ularning qoʻl yuklarini nazoratdan oʻtkazish, ekipaj aʼzolarini, yuklarni (shu jumladan qoʻl bagaji), samolyot zaxiralarini ortish va tushirishdan oldin, ortish va tushirish vaqtida tekshirish uchun samarali chora-tadbirlar koʻrilishini va bu choralar tahdidning oʻsishiga barham berishga qaratilishini taʼminlaydi. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning aviakorxonalariga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻzining hududiga kirish, u yerdan joʻnab ketish va u yerda boʻlib turish chogʻida ushbu moddaning yuqoridagi (3)-bandiga tegishli boʻlgan aviatsiya xavfsizligi qoidalariga amal qilish talabini qoʻyishi mumkinligiga rozilik beradi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning, basharti, aniq tahdid mavjud boʻlsa, oqilona doiralarda xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan maxsus chora-tadbirlar koʻrishga doir iltimoslarini ham xayrixohlik bilan koʻrib chiqadi.
(5) Basharti, fuqaro havo kemasi tutqun qilib olinsa yoki uni tutqun qilish tahdidi mavjud boʻlsa yoki havo kemasi, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolari, tayyoragohlar va qatnovni taʼminlash vositalarining xavfsizligiga gʻayriqonuniy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinsa, Ahdlashuvchi Tomonlar aloqani yengillatish orqali bir- birlariga turlicha koʻmak beradilar va bunday koʻngilsizlik yoki tahdidga jadal hamda beshikast barham berishning barcha zarur chora-tadbirlarini koʻradilar.
(6) Agarda bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning aviatsiya xavfsizligi qoidalaridan chekinsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari birinchi .Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlaridan kechiktirib boʻlmaydigan maslahatlashishlar oʻtkazilishini talab qilishlari mumkin. Bunday talab tushgan kundan eʼtiboran oʻttiz (30) kun ichida qoniqarli kelishuvga erisha olinmagan taqdirda, birinchi Ahdlashuvchi Tomonning aviakorxonasiga yoki aviakorxonalariga berilgan qatnovlar uchun ruxsatnomalardan foydalanishni bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish, cheklash yoki ulardan foydalanishda bajarilishi zarur deb topilgan shartlarning bajarilishini talab qilish asosi yuzaga keladi. Favqulodda ahvol talab qilgan holda esa Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻttiz (30) kunlik muddat tugagunga qadar vaqtinchalik choralarni koʻrishi mumkin.
13 a-modda
Aviatsiya xavfsizligi
Aviatsiya xavfsizligi
Har bir Tomon aviatsiya moslamalari, aviaekipaj, havo kemalari va tayinlangan aviakorxonalarning faoliyatiga tegishli boʻlgan boshqa Tomon oʻrnatgan xavfsizlik talablari borasida maslahatlashishlar oʻtkazishni soʻrashi mumkin. Agarda bunday maslahatlashishlarda bir Tomon Konvensiyaga muvofiq belgilangan talablarning loaqal eng kam darajasiga javob bera oladigan shu sohadagi qoidalarni va talablarni joriy etishni va ularga rioya qilishni boshqa Tomon kerakli darajada taʼminlay olmayotganligini aniqlasa, boshqa Tomon bunday kelishmovchiliklar borasida va bunday holatni xavfsizlik talablarining eng kam darajasiga muvofiqlashtirish uchun zarur deb hisoblangan chora-tadbirlar toʻgʻrisida ogohlantiriladi, va shundan soʻng boshqa Tomon tegishli tuzatish ishlarini bajarishi lozim boʻladi. Har bir Tomon boshqa Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga yoki avikorxonalariga berilgan qatnovlar uchun ruxsatnomani yoki texnik vakolatnomani bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish yoki cheklash huquqini saqlab qoladi, agarda boshqa Tomon bunday tuzatish ishlarini oqilona belgilangan vaqt ichida bajarmayotgan boʻlsa.
14- modda
Maslahatlashishlar
Maslahatlashishlar
Har bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitimni bajarish, talqin qilish, qoʻllash, oʻzgartirish yoki ushbu Bitimga rioya qilish borasida maslahatlashishlar oʻtkazishni istagan vaqtida soʻrashi mumkin. Aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida oʻtkazilishi mumkin boʻlgan bunday maslahatlashishlar ularni oʻtkazish toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomondan yozma ravishda talab tushgan kundan boshlab oltmish (60) kunlik muddat ichida boshlanishi lozim, basharti, Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida boshqa muddat kelishilgan boʻlmasa.
15- modda
Bahslarni hal qilish
Bahslarni hal qilish
(1) Ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash yuzasidan kelib chiqqan nizoni Ahdlashuvchi Tomonlar birinchi navbatda muzokaralar orqali hal qilishga intilishlari lozim.
(2) Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlar muzokaralar orqali murosaga kela olmasalar, ular bu bahsni hal qila olish imkoniyatiga ega shaxs yoki tashkilotga topshirishlari mumkin yoki bu bahs Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan birining talabiga binoan quyidagi tarzda tuzilishi lozim boʻlgan uch hakamdan tashkil topgan hakamlar sudiga topshirilishi lozim:
(a) bahslarni arbitraj sudiga topshirish toʻgʻrisida iltimos tushgan kundan eʼtiboran 30 kun ichida har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan hakam tayinlashi lozim. Hakamlar sudining raisi sifatida ish yuritadigan uchinchi davlatning fuqarosi boʻlgan uchinchi hakam esa yuqoridagi ikki hakamdan oxirgisi tayinlangandan soʻng 60 kunlik davr ichida ikki hakamning kelishuvi orqali tayinlanishi lozim;
(b) agarda belgilangan vaqt ichida hakamlardan bittasi tayinlanmasa, Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri Xalqaro Sud Palatasining Prezidentidan zarur boʻlgan tayinlashni 30 kun ichida amalga oshirishni iltimos qilishi mumkin. Agarda Prezident Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa, bu tayinlashni shu asosda ishdan chetlashtirilishi mumkin boʻlmagan IKAOning Bosh kotibi amalga oshiradi.
(3) Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu moddaning (2)-bandiga muvofiq chiqarilgan har bir qarorni bajarishni oʻz zimmalariga oladilar.
(4) Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzi tayinlagan hakamning xarajatlarini oʻz zimmasiga oladi. Hakamlar sudining faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar, shuningdek ushbu moddaning (2)(b)-bandiga tegishli tartibotlarni bajarish chogʻida Xalqaro Sud Palatasining Prezidenti yoki Vitse-prezidenti tomonidan qilingan chiqimlar Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻrtasida teng boʻlinishi lozim.
(5) Sudning hukmi Ahdlashuvchi Tomonlar uchun oxirgi hisoblanadi.
16- modda
Oʻzgartirish
Oʻzgartirish
(1) Agarda Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ushbu Bitim qoidalaridan biron-birini oʻzgartirishni lozim topsa, u boshqa Ahdlashuvchi Tomondan maslahatlashish oʻtkazishni soʻrashi mumkin; aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida muzokaralar yoki yozishmalar orqali oʻtishi mumkin boʻlgan bunday maslahatlashishlar va Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida biron-bir boshqa kelishuv boʻlmagan holda, maslahatlashishni oʻtkazish toʻgʻrisidagi talabnoma olingan kundan eʼtiboran oltmish (60) kun ichida boshlanishi lozim. Shu tarzda kelishilgan oʻzgartirishlar har ikki Ahdlashuvchi Tomonning konstitutsiyaviy talablariga muvofiq maqullanganidan soʻng va diplomatik kanallar orqali notalar almashish yoʻli bilan tasdiqlanganidan soʻng kuchga kiradi.
(2) Ushbu Bitimning ilovalariga oʻzgartirishlar Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasidagi bevosita kelishuv orqali kiritilishi mumkin.
17- modda
Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotida roʻyxatga olish
Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotida roʻyxatga olish
Ushbu Bitim va unga kiritilgan barcha oʻzgartirishlar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotida roʻyxatga olinishi lozim.
18- modda
Amal qilishning toʻxtatilishi
Amal qilishning toʻxtatilishi
Har bir Ahdlashuvchi Tomon istalgan vaqtda boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilishi mumkin. Bunday xabarnoma bir vaqtning oʻzida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga ham yuborilishi lozim. Bu holda boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday xabarnomani olgan sanadan boshlab oʻn ikki (12) oy oʻtganidan soʻng, agar Bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi koʻrsatilgan xabarnoma bu davr tugagunga qadar oʻzaro rozilik boʻyicha qaytarib olinmasa, Bitimning amal qilishi toʻxtatiladi. Basharti, boshqa Ahdlashuvchi Tomon xabarnoma olganining tasdigʻi boʻlmasa, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti xabarnoma olganidan soʻng oʻn toʻrt (14) kun oʻtgach, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tasdigʻi olingan deb hisoblanadi.
19-modda
Kuchga kirishi
Kuchga kirishi
Ushbu Bitimni har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining konstitutsiyaviy talablariga muvofiq tasdiqlaydi va bunday tasdiqlashni taʼkidlovchi notalar bilan diplomatik kanallar orqali almashilgan kundan eʼtiboran ushbu Bitim kuchga kiradi.
Ushbuning guvohi sifatida, tegishli tartibda oʻz hukumatlaridan vakolat olgan quyida imzo chekuvchilar ushbu Bitimni imzoladilar.
Abu-Dabi shahrida 1998-yil 17-noyabrda oʻzbek, arab va ingliz tillarida ikki asl nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitimni talqin qilishda va qoʻllashda har qanday kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
1-Ilova
| I-boʻlim | |||
| Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan tayinlangan aviakorxona foydalanadigan yoʻnalishlar: | |||
|
1-ustun |
2-ustun | 3-ustun | 4-ustun |
|
Oʻzbekistondagi joʻnash |
Oraliqdagi manzillar |
Birlashgan Arab Amirliklaridagi manzillari |
Tashqaridagi manzillar |
|
Oʻzbekistondagi manzillar |
Baxreyn- Dehli | Birlashgan Arab Amirliklaridagi manzillari |
Jidda- Qohira |
|
ESLATMALAR: |
(1) Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan tayinlangan aviakorxona har qanday yoki barcha parvozlari chogʻida 2- va 4-ustunlarda koʻrsatilgan manzillardan istaganini tushirib qoldirishi mumkin, basharti, yoʻnalish boʻyicha kelishilgan qatnovlar Oʻzbekiston Respublikasining hududida boshlansa. | ||
| | (2) Har ikki Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi uchun oraliqdagi va/yoki tashqaridagi biron-bir boshqa manzillar Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida oʻtkaziladigan maslahatlashishlar orqali belgilanadi. | ||
| | (3) Beshinchi erkinlik: Oraliqdagi va/yoki tashqaridagi manzillar oʻrtasida cheklanmaydi. | ||
| | (4) Qoʻnish moʻljallangan manzil: Ahdlashuvchi Tomonlarning hududi doirasida istalgan ikkita manzildan tijoriy huquqlarsiz birgalikda foydalanish borasida kelishib olinadi. Biroq yoʻlda toʻxtab oʻtish huquqlari beriladi. | ||
| | (5) Yuk tashuvchi: Cheklanmaydi, oʻzining yoki ijaraga olingan havo kemalaridan foydalanishi mumkin. | ||
| II-boʻlim | |||
| Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan tayinlangan aviakorxona foydalanadigan yoʻnalishlar: | |||
|
1-ustun |
2-ustun |
3-ustun |
4-ustun |
|
Birlashgan Arab |
Oraliqdagi |
Oʻzbekistondagi |
Tashqaridagi |
|
Birlashgan Arab |
Tehron |
Istalgan |
Almati |
|
ESLATMALAR: |
(1) Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan tayinlangan aviakorxona har qanday yoki barcha parvozlari chogʻida 2- va 4-ustunlarda koʻrsatilgan manzillardan istaganini tushirib qoldirishi mumkin, basharti yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan qatnovlar Birlashgan Arab Amirliklarining hududida boshlansa. | ||
| | (2) Har ikki Ahdlashuvi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi uchun oraliqdagi va/yoki tashqaridagi biron-bir boshqa manzillar Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida oʻtkaziladigan maslahatlashishlar orqali belgilanadi. | ||
| | (3) Beshinchi erkinlik: Oraliqdagi va/yoki tashqaridagi manzillar oʻrtasida chekla�maydi. | ||
| | (4) Qoʻnish moʻljallangan manzil: Ahdlashuvchi Tomonlarning hududi doirasida istalgan ikkita manzildan tijoriy huquqlarsiz birgalikda foydalanish borasida kelishib olinadi. Biroq yoʻlda toʻxtab oʻtish huquqlari beriladi. | ||
| | (5) Yuk tashuvchi: Cheklanmaydi, oʻzining yoki ijaraga olingan havo kemalaridan foydalanish mumkin. | ||