Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Malayziya Hukumati oʻrtasida
Bitim
IKKIYOQLAMA SOLIQ SOLINIShINING OLDINI OLISh HAMDA DAROMAD VA FOYDA SOLIQLARINI TOʻLAShDAN BOSh TORTIShNI BARTARAF QILISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Malayziya Hukumati,
ikkiyoqlama soliq solinishining oldini olish hamda daromad va foyda soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni bartaraf qilish toʻgʻrisida Bitim tuzish istagini bildirib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Qoʻllanish doirasi
Qoʻllanish doirasi
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Davlatlarning biri yoki har ikkisining rezidenti boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi.
2-modda
Bitim tatbiq etiladigan soliqlar
Bitim tatbiq etiladigan soliqlar
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Davlat tomonidan undiriladigan daromad va foyda soliqlariga nisbatan, ularni undirish uslubidan qatʼi nazar, tatbiq etiladi.
2. Ushbu Bitim qoʻllaniladigan amaldagi soliqlar, jumladan, quyidagilardir:
(a) Malayziyaga nisbatan:
(i) daromad soligʻi; va
(ii) neftdan olinadigan daromad soligʻi;
(bundan keyin “Malayziya soliqlari” deb ataladi);
(b) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan:
(i) korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar daromadi va foydasidan olinadigan soliq;
(ii) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
(bundan keyin “Oʻzbekiston soliqlari” deb ataladi).
3. Ushbu Bitim imzolangandan soʻng soliqlarga qoʻshimcha yoki mavjudlari oʻrniga kiritilgan har qanday munosib yoki aslida oʻxshash soliqlarga nisbatan ham qoʻllaniladi. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli tashkilotlari oʻzlarining tegishli soliq qonunchiligida boʻlgan muhim oʻzgarishlar haqida bir-birlariga xabar beradilar.
3-modda
Umumiy taʼriflar
Umumiy taʼriflar
1. Ushbu Bitimning maqsadlari uchun, agar matnning mazmunidan oʻzga maʼno chiqmasa:
(a) “Malayziya” atamasi Malayziya Federatsiyasi hududini, Malayziyaning hududiy suvlarini, dengiz tubini va hududiy suvlari tagidagi yerlarni va Malayziyaning Malayziya qonunlari va xalqaro huquqqa muvofiq Malayziya jonli yoki jonsiz tabiiy resurslarni yoki minerallarni tadqiq etish hamda ishlab chiqish maqsadida suveren huquqlarga ega boʻladigan makon sifatida belgilangan yoki belgilanishi mumkin boʻlgan Malayziyaning hududiy suvlari chegaralari doirasidan chetda yoyilib ketgan har qanday kenglikni va dengiz tubini va har qanday shunday makon tagidagi yerlarni anglatadi;
(b) “Oʻzbekiston” atamasi Oʻzbekiston Respublikasini va jugʻrofiy maʼnoda ishlatilganida, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro huquqqa va Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq tabiiy resurslarni tadqiq etish hamda ishlab chiqish maqsadida suveren huquqlarga ega boʻladigan hududini va hududiy suvlarini va ular ustidagi havo kengligini, shu jumladan, yer ostini va tabiiy resurslarini anglatadi;
(c) “bir Ahdlashuvchi Davlat” va “oʻzga Ahdlashuvchi Davlat” atamalari matnda ishlatilish oʻrniga qarab Malayziyani yoki Oʻzbekistonni anglatadi;
(d) “shaxs” atamasi soliqqa tortish maqsadida shaxs sifatida qaraladigan jismoniy shaxsni, kompaniyani va shaxslarning har qanday boshqa birlashmasini anglatadi;
(e) “kompaniya” atamasi soliqqa tortish maqsadlarida korporativ birlashma sifatida qaraladigan har qanday korporativ birlashma, qoʻshma korxona yoki har qanday boshqa tashkilotni anglatadi;
(f) “Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi” atamalari oʻz oʻrni bilan Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqaruvi ostida ish yuritayotgan korxonani va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boshqaruvi ostida ish yuritayotgan korxonani anglatadi;
(g) “soliq” atamasi matn mazmuniga qarab Malayziya soliqlarini yoki Oʻzbekiston Respublikasi soliqlarini anglatadi;
(h) “milliy shaxs” atamasi:
(i) Ahdlashuvchi Davlat millatiga yoki fuqaroligiga ega boʻlgan har qanday jismoniy shaxsni;
(ii) Ahdlashuvchi Davlatning amaldagi qonunlariga muvofiq oʻz maqomini olgan har qanday yuridik shaxsni, hamjamiyat, assotsiatsiya va har qanday boshqa tashkilotni anglatadi;
(i) “xalqaro tashish” atamasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi tomonidan foydalaniladigan dengiz, havo kemasi, temir yoʻl yoki avtotransportda har qanday tashishni anglatadi, dengiz, havo kemasi, temir yoʻl va avtotransportning boshqa Ahdlashuvchi Davlat hududida joylashgan punktlar oʻrtasidagina foydalanilishi bundan mustasno;
(j) “vakolatli organ” atamasi:
(i) Malayziyaga nisbatan — Moliya vazirini yoki uning vakolatli vakilini anglatadi;
(ii) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Raisini yoki uning vakolatli vakilini.
2. Ushbu Bitimni Ahdlashuvchi Davlat qoʻllaganida har qanday unda belgilanmagan ibora, agar matnning mazmunidan oʻzga maʼno chiqmasa, oʻsha paytda ushbu Davlatdagi mavjud Bitim tegishli boʻladigan soliqlarga nisbatan shu Davlatning qonunlariga muvofiq maʼnoni anglatadi.
4-modda
Rezident
Rezident
1. Ushbu Bitimning maqsadlari uchun “Ahdlashuvchi Davlat rezidenti” atamasi:
(a) Malayziyaga nisbatan — Malayziyadagi soliqqa tortish maqsadlarida Malayziya rezidenti hisoblanadigan shaxsni anglatadi; va
(b) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Oʻzbekistondagi soliqqa tortish maqsadlarida Oʻzbekiston rezidenti hisoblanadigan shaxsni.
2. Agar 1-band qoidalariga muvofiq jismoniy shaxs Ahdlashuvchi Davlatlarning har ikkisining rezidenti boʻlsa, uning maqomi quyidagi tarzda belgilanadi:
(a) jismoniy shaxs faqat toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyi joylashgan Davlatning rezidenti hisoblanadi. Agar u har ikki Davlatda toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyga ega boʻlsa, shaxsiy va iqtisodiy aloqalari eng chuqur boʻlgan (hayotiy manfaatlar markazi) Davlatning rezidenti hisoblanadi;
(b) agar uning hayotiy manfaatlari markazi joylashgan Davlatni aniqlab boʻlmasa yoki Ahdlashuvchi Davlatlarning hech birida toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyi boʻlmasa, u odatda yashab turgan Davlatining rezidenti hisoblanadi;
(c) agar shaxs odatda har ikki Davlatda yashasa yoki ularning hech birida yashamasa, u Ahdlashuvchi Davlatlarning qay birining milliy shaxsi boʻlsa, shu Davlatning rezidenti hisoblanadi;
(d) agar u har ikkala Davlatning milliy shaxsi boʻlsa yoki shunday boʻlmasa, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli tashkilotlari bu masalani oʻzaro kelishuv yoʻli bilan hal qiladilar.
3. Agar 1-band qoidalariga muvofiq jismoniy shaxs boʻlmagan shaxs Ahdlashuvchi Davlatning har ikkisining rezidenti boʻlsa, u oʻzining amaldagi rahbar organi joylashgan Davlatning rezidenti hisoblanadi.
5-modda
Doimiy muassasa
Doimiy muassasa
1. Ushbu Bitim maqsadlari uchun “doimiy muassasa” atamasi korxona toʻliq yoki qisman tadbirkorlik faoliyatini olib boradigan doimiy faoliyat joyini bildiradi.
2. “Doimiy muassasa” atamasi, jumladan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
(a) boshqaruv joyi;
(b) boʻlim;
(c) ofis;
(d) fabrika;
(e) ustaxona;
(f) shaxta, neft yoki gaz qudugʻi, karyer yoki tabiiy resurslar qazib olinadigan har qanday boshqa joy, shu jumladan oʻrmon materiallari yoki boshqa har qanday oʻrmon mahsulotlari;
(g) ferma yoki plantatsiya;
(h) 12 oydan ortiq amal qiladigan qurilish maydonchasi yoki qurilish, montaj yoki yigʻish obyekti.
3. “Doimiy muassasa” atamasi quyidagilarni oʻz ichiga olmaydi:
(a) inshootlardan shu korxonaga tegishli tovarlar yoki buyumlarni saqlash, namoyish qilish yoki yetkazib berish maqsadlaridagina foydalanish;
(b) shu korxonaga tegishli tovarlar yoki buyumlar zaxirasining faqat saqlash, namoyish qilish yoki yetkazib berish maqsadlarida ushlab turilishi;
(c) shu korxonaga tegishli tovarlar yoki mahsulotlar zaxirasining faqat boshqa korxona tomonidan qayta ishlov berilishi maqsadlarida ushlab turilishi;
(d) doimiy faoliyat joyining faqat tovarlar yoki buyumlar sotib olish yoki ushbu korxona uchun axborot yigʻish maqsadlari uchun ushlab turilishi;
(e) doimiy faoliyat joyining ushbu korxona uchun faqat boshqa har qanday tayyorgarlik yoki yordamchi tusdagi faoliyatni amalga oshirish maqsadlari uchun ushlab turilishi.
4. Agar Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi ana shu boshqa Davlatda 12 oydan ortiq vaqt mobaynida shu Davlatda amalga oshiriladigan qurilish maydonchasi yoki qurilish montaj yoki yigʻish obyekti bilan bogʻliq nazorat etuvchi faoliyatni amalga oshirsa, shu Davlatda doimiy muassasaga ega deb hisoblanadi.
5. Ahdlashuvchi Davlatda boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi nomidan ish yuritadigan shaxs (broker, komissioner yoki 6-band taalluqli boʻlgan mustaqil maqomga ega agent boʻlgan shaxslardan tashqari) birinchi eslatilgan Davlatda doimiy muassasaga ega deb qaraladi, agar shaxs:
(a) birinchi eslatilgan Davlatda korxona nomidan shartnomalar tuzish vakolatiga ega boʻlsa va bundan odatda foydalansa, agar uning faoliyati korxona uchun tovarlarni yoki buyumlarni xarid qilish bilan cheklanib qolmasa;
(b) u birinchi eslatilgan Davlatda muntazam ravishda buyurtmalarini shu korxona nomidan ijro etgan holda shu korxonaga tegishli tovarlar yoki buyumlar zaxirasini tutib tursa; yoki
(c) u birinchi eslatilgan Davlatda korxona uchun ushbu korxonaga tegishli tovarlar yoki buyumlarni ishlab chiqarsa yoki qayta ishlasa.
6. Korxona, agar Ahdlashuvchi Davlatda broker, komissioner yoki har qanday boshqa mustaqil maqomli agent orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa, bu shaxslar oʻzining odatdagi faoliyati chegarasida ish yuritgan taqdirda, shu Davlatda doimiy muassasaga ega deb qaralmaydi.
Biroq, bunday agentning faoliyati butunlay yoki deyarli butunlay korxona nomidan amalga oshirilsa, agar agent bilan korxona oʻrtasidagi tijorat operatsiyalari mustaqil ishtirokchilar oʻrtasidagi kabi sharoitda amalga oshirilmagan boʻlsa, unda u mustaqil maqomga ega agent deb hisoblanmaydi.
7. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan kompaniyaning boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniyani nazorat qilishi yoki nazoratni oʻzga Davlat kompaniyasi ustidan yuritishi yoki ushbu kompaniya oʻzga Davlatda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi (doimiy muassasa orqali yoki boshqa tarzda) fakti oʻz-oʻzidan bu kompaniyalarning birini boshqasi uchun doimiy muassasaga aylantirib qoʻymaydi.
6-modda
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkdan olgan daromadlari ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Ushbu Bitim maqsadlari uchun “koʻchmas mulk” atamasi koʻrib chiqilayotgan mulk joylashgan Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq belgilanadi. Har qanday holda ham ushbu atama yer ustidagi mulk haqidagi umumiy qonunchilikning qoidalari bilan haq-huquqlari belgilangan koʻchmas mulkka nisbatan yordamchi boʻlgan mulkni, chorva mollari, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi vositalari, koʻchmas mulk natijasi boʻlgan atrof mulkni (uzufrukt) ishlatganlik uchun tovon sifatida toʻlanadigan oʻzgaruvchan yoki qatʼiy belgilangan toʻlovlarga boʻlgan huquq yoki minerallar, neft va gaz quduqlari joylashgan yerga va boshqa qazib olinadigan tabiiy resurslarni ishlashga boʻlgan huquqni oʻz ichiga qamraydi.
3. 1-band qoidalari koʻchmas mulkdan toʻgʻridan toʻgʻri foydalanish, ijaraga berish yoki oʻzga har qanday shaklda foydalanib olingan daromadga nisbatan qoʻllaniladi.
7-modda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasining foydasi shu Davlatda soliqqa tortiladi, faqat korxona oʻz tadbirkorlik faoliyatini Ahdlashuvchi boshqa Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirmayotgan boʻlsa. Agar korxona, yuqorida aytilganidek, tijorat faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa, korxonaning foydasi boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin, ammo shu doimiy muassasaga tegishli boʻlgan qismidagina soliqqa tortilishi mumkin.
2. 3-band qoidalariga muvofiq, agar Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi tadbirkorlik faoliyatini boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan boʻlsa, doimiy muassasa alohida va mustaqil korxona sifatida xuddi shunday yoki shunga oʻxshash faoliyatni amalga oshirayotgan, xuddi shunday yoki shunga oʻxshash shartlar asosida va doimiy muassasasi boʻlgan korxonadan mutlaqo mustaqil ravishda ish koʻrayotgan boʻlganda olishi mumkin boʻlgan foyda har bir Ahdlashuvchi Davlatda shu doimiy muassasaga oʻtkaziladi.
3. Doimiy muassasa foydasini aniqlashda mabodo ushbu doimiy muassasa mustaqil korxona boʻlganida hisoblab chiqilishi mumkin boʻladigan ushbu doimiy muassasa faoliyati maqsadlari uchun sarflangan xarajatlarni chiqarib tashlashga yoʻl qoʻyiladi, chunki bunday xarajatlar doimiy muassasaga uning joylashgan Davlatida yoki har qanday boshqa joyda vujudga kelganidan qatʼi nazar, oqilona ravishda hisoblangan (yozilgan) boʻladi.
4. Agar vakolatli organ olishi mumkin boʻlgan axborot korxonaning doimiy muassasasiga hisoblanadigan foydani belgilash uchun yetarli boʻlmasa, ushbu moddadagi hech bir narsa ushbu Davlatning shaxsning soliq toʻlovlariga doir qarzini aniqlashga tegishli qandaydir qonunlarini qoʻllashga taalluqli boʻlmaydi, bunda vakolatli organ qonunlar qoʻllanilishi lozimligi sharti bilan ushbu qarzni baholashda ehtiyotkorlikka rioya qilishi lozim, chunki vakolatli organ olishi mumkin boʻlgan axborot bu ishni ushbu modda tamoyillariga muvofiq amalga oshirish imkonini beradi.
5. Korxona uchun doimiy muassasa tomonidan tovarlar yoki buyumlarning xarid qilinishigagina asoslanib doimiy muassasaga biron-bir foyda yozilmaydi.
6. Avvalgi bandlar maqsadlari uchun doimiy muassasaga mansub foyda, agar boshqasi uchun salmoqli va yetarli sabablar boʻlmasa, har yili bir xil uslubda aniqlanadi.
7. Agar foyda, ushbu Bitimning boshqa moddalarida alohida aytib oʻtilgan foyda turlarini qamrab oladigan boʻlsa, ushbu moddalar qoidalariga ushbu modda qoidalari taʼsir etmaydi.
8-modda
Xalqaro tashishlardan olinadigan daromad
Xalqaro tashishlardan olinadigan daromad
1. Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi xalqaro tashishlarda kemalar, samolyotlar, temir yoʻl yoki avtotransportdan foydalanishdan olgan daromad va foydaga faqat shu Davlatda soliq solinadi.
2. 1-band qoidalari, shuningdek bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining pulda, qoʻshma korxonada ishtirok etishdan olgan daromad va foydalariga ham qoʻllaniladi.
9-modda
Birlashgan korxonalar
Birlashgan korxonalar
1. Agar:
(a) Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi oʻzga Ahdlashuvchi Davlat korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki uning sarmoyasida bevosita yoki bilvosita qatnashsa, yoki
(b) oʻsha shaxslar Ahdlashuvchi Davlatlarning unisining ham korxonasini, bunisining ham korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki uning sarmoyasida bevosita yoki bilvosita qatnashsa,
korxonalar oʻrtasida ularning tijorat va moliyaviy munosabatlaridan mutlaqo mustaqil boʻlgan korxonalar oʻrtasida boʻladigandan farqli sharoitlar vujudga keltirilsa yoki belgilansa, unda bunday munosabatlar natijasida bir korxonada toʻplangan foyda ana shunday munosabatlar sababli bunday hajmda boʻlmasa ham, ushbu korxona foydasiga qoʻshilishi va tegishli darajada soliqqa tortilishi mumkin.
10-modda
Dividendlar
Dividendlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan kompaniya tomonidan oʻzga Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlangan dividendlar ana shu oʻzga Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq bunday dividendlar ularni toʻlayotgan kompaniya qaysi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, ushbu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo agar oluvchi dividendlarning haqiqiy egasi boʻlsa, unda shu tarzda olinadigan soliqning miqdori dividendlarning yalpi summasining 10 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak.
Bu band dividendlar toʻlanadigan foydaga nisbatan kompaniyaning soliqqa tortilishiga taalluqli emas.
3. “Dividendlar” iborasi ushbu moddada qoʻllanilganda, aksiyalardan yoki foydada ishtirok etish huquqini beruvchi qarz talablari hisoblanmagan boshqa huquqlardan olinadigan daromadni, shuningdek boshqa korporativ huquqlardan olinadigan foydani taqsimlovchi kompaniya rezidenti boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatning qonunlariga muvofiq aksiyalardan olinadigan foyda sifatida soliq sohasida tartibga solinadigan daromadni anglatadi.
4. Agar dividendlarning haqiqiy egasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgani holda ana shu dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezidenti boʻlgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda faoliyatni unda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirsa va dividendlar olinadigan xolding, aslida shu doimiy muassasa bilan bogʻliq boʻlsa, 1- va 2-bandlardagi qoidalar qoʻllanilmaydi. Bunday holda 7-modda qoidalari qoʻllaniladi.
5. Agar Ahdlashuvchi Davlatlarning birining rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatda foyda yoki daromad olayotgan boʻlsa, bu boshqa Ahdlashuvchi Davlat kompaniyaning ushbu boshqa Davlatning rezidentlari boʻlmagan shaxslarga toʻlayotgan dividendlariga soliq solishi mumkin emas, shuningdek kompaniyaning taqsimlanmagan foydasidan soliqlar olinmaydi, hatto-ki toʻlanayotgan dividendlar yoki taqsimlanmagan foyda ana shu boshqa Davlatda toʻla yoki qisman hosil boʻlgan foyda yoki daromaddan tashkil topgan boʻlsa ham.
11-modda
Foizlar
Foizlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning birida hosil boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan foizlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Ammo bunday foizlar hosil boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatda shu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo foizlarni oluvchi ularning haqiqiy egasi boʻlsa shu tariqa undiriladigan soliqning miqdori foizlar yalpi summasining 10 foizidan oshmasligi kerak.
3. 2-bandning qoidalariga qaramay, bir Ahdlashuvchi Davlatning Hukumati ushbu boshqa Davlatda oladigan foizlarga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortishdan ozod qilinadi.
4. 3-band maqsadlarida “Hukumat” atamasi:
(a) Malayziyaga nisbatan Malayziya Hukumatini anglatadi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
(i) Shtatlar hukumatlari;
(ii) mahalliy hokimiyatlar;
(iii) qonunda belgilangan organlar;
(iv) Malayziya Berxad (EKSIMP Bank) Eksport va Import Banki; va
(v) Negara Malayziya Banki;
(b) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatini anglatadi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
(i) mahalliy hokimiyatlar;
(ii) qonunda belgilangan organlar;
(iii) Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki; va
(iv) Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki.
5. “Foizlar” iborasi ushbu moddada qoʻllanilganida mohiyati bilan ipoteka taʼminotidan qatʼi nazar, har qanday turdagi qarz talabnomalaridan olinadigan daromadni va shu jumladan, hukumatning qimmatli qogʻozlaridan olinadigan daromadni va obligatsiyalar yoki qarz majburiyatlaridan olinadigan daromadni anglatadi.
6. Agar foizlarning haqiqiy egasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻla turib, tadbirkorlik faoliyatini foizlar hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali olib borayotgan boʻlsa, foizlar toʻlanayotgan qarz talabnomalari shunday doimiy muassasaga haqiqatan mansub boʻlsa, 1- va 2-bandlar qoidalari qoʻllanilmaydi. Bu holda 7-modda qoidalari qoʻllaniladi.
7. Foizlarni toʻlovchi Ahdlashuvchi Davlatning oʻzi yoki shu Davlatning maʼmuriy boʻlinmasi, mahalliy hokimiyatlari yoki qonunga koʻra belgilangan shu Davlatning organi yoki rezidenti boʻlsa, foizlar ushbu Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi. Lekin foizlarni toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda qarz boʻyicha toʻlanadigan foizlar vujudga kelgan doimiy muassasaga ega boʻlsa va bunday foizlar shunday doimiy muassasa tomonidan toʻlanadigan boʻlsa, bunday holda foizlar doimiy muassasa joylashgan Ahdlashuvchi Davlatda vujudga kelgan deb hisoblanadi.
8. Agar toʻlovchi va amalda foizlar huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻrtasidagi, yoki ular ikkalasi va har qanday oʻzga shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida qarz talabnomasiga nisbatan toʻlanayotgan foizlar miqdori toʻlovchi va amalda foizlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilishi mumkin boʻlgan miqdordan oshiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda, ushbu modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda toʻlovlarning ortiqcha qismidan har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq ushbu Bitimning boshqa qoidalari inobatga olingan holda, avvalgidek soliq olinadi.
12-modda
Royalti
Royalti
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birida hosil boʻladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan royaltilar ushbu oʻzga Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq bunday royaltilar ular vujudga keladigan Ahdlashuvchi Davlatda uning qonunlariga muvofiq ham soliqqa tortilishi mumkin, lekin agar boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti royaltining haqiqiy egasi boʻlsa, unda bu tariqa undiriladigan soliq royaltining yalpi summasining 10 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak.
3. “Royalti” atamasi ushbu moddada qoʻllanilganda quyidagilarning qoplanishi sifatida olinadigan har qanday turdagi toʻlovlarni anglatadi:
(a) har qanday patent, tovar markasi, chizma yoki model, reja, maxfiy formula yoki jarayon yoki ilmiy ishlanmaga yoki sanoat, tijorat yoki ilmiy uskunadan foydalanishga mualliflik huquqlari yoki sanoat, tijorat yoki ilmiy tajribaga mansub axborot uchun mukofot tarzida olingan har qanday koʻrinishdagi toʻlovlarni bildiradi;
(b) adabiyot yoki sanʼat asarlariga har qanday mualliflik huquqi, radioeshittirish yoki televideniye uchun tasmalar yoki kassetalardan foydalanish yoki foydalanish huquqi uchun.
4. Royaltiga nisbatan amalda huquqqa ega boʻlgan shaxs Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlib, royalti hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan boʻlsa va royalti toʻlanayotgan huquq yoki mulk amalda shunday doimiy muassasa bilan bogʻliq boʻlsa, 1- va 2-bandlar qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda 7-moddaning qoidalari qoʻllaniladi.
5. Agar toʻlovchi Ahdlashuvchi Davlatning oʻzi, maʼmuriy boʻlinmasi, uning mahalliy hokimiyatlari yoki shu Davlatning qonunlari bilan belgilangan organlari yoki rezidenti boʻlsa, royalti shu Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan, deb hisoblanadi. Biroq, agar, royaltini toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga ega boʻlsa, shu tufayli royaltini toʻlash majburiyati paydo boʻlsa va toʻlov xarajatlarini bu doimiy muassasa toʻlasa, bunday royalti doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan shu Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan, deb hisoblanadi.
6. Agar toʻlovchi bilan amalda royalti huquqiga ega shaxs oʻrtasidagi, yoki ularning ikkovi va boshqa biron bir shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida royaltidan foydalanishga, foydalanish huquqiga yoki royalti toʻlanadigan axborotga taalluqli royaltining toʻlangan miqdori toʻlovchi va amaldagi shu daromadlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilishi mumkin boʻlgan miqdordan oshiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda, ushbu modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda toʻlovning ortiqcha qismiga ushbu Bitimning boshqa qoidalari inobatga olingan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq avvalgidek soliq solinadi.
13-modda
Mol-mulkning begonalashtirilishidan olinadigan foyda
Mol-mulkning begonalashtirilishidan olinadigan foyda
1. 6-moddaning 2-bandida belgilanganidek, koʻchmas mol-mulkning begonalashtirilishidan olinadigan foydaga ana shu mol-mulk joylashgan Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa amaliy mulkining bir qismini tashkil etuvchi koʻchar mulkni begonalashtirishdan olingan yoki Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatda kasbiy xizmatlarni amalga oshirishida bemalol foydalanishi mumkin boʻlgan koʻchar mulkni begonalashtirishdan olingan daromadlarga, bunga shu doimiy muassasani (alohida yoki korxona bilan birgalikda) begonalashtirishdan olingan daromadni ham qoʻshib mana shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. Ahdlashuvchi Davlat korxonasi xalqaro tashishlarda foydalaniladigan kemalar yoki samolyotlarni begonalashtirish va shunday kemalar yoki samolyotlardan foydalanishga taalluqli koʻchar mol-mulkni sotishdan olingan daromadlar korxona rezidenti hisoblanadigan shu Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
4. Ushbu moddaning 1-, 2- va 3-bandlarida eslatilganlardan farqli oʻlaroq, har qanday mol-mulkni yoki aktivlarni begonalashtirishdan olingan foydaga mol-mulkni begonalashtiruvchi shaxs rezidenti hisoblangan Ahdlashuvchi Davlatdagina soliq solinadi.
14-modda
Shaxsiy xizmatlar
Shaxsiy xizmatlar
1. 15-, 16-, 17-, 18-, 19- va 20-moddalar qoidalarini hisobga olib, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti hisoblanadigan jismoniy shaxs yollash boʻyicha, shu jumladan shaxsiy xizmatlari (jumladan kasbiy xizmatlari ham) uchun oladigan taqdirlash pullariga (pensiyadan tashqari), agar shu yollash bilan bogʻliq ish boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirilmayotgan boʻlsa, mana shu Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin. Agar yollanma ish shu tariqa bajariladigan boʻlsa, unda shu munosabat bilan olingan ragʻbatlantirish puliga ana shu oʻzga Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. 1-bandning qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti hisoblanadigan jismoniy shaxs Ahdlashuvchi Davlatlardan boshqasida amalga oshiradigan yollash boʻyicha ish (shu jumladan kasbiy xizmatlar) uchun oladigan taqdirlash pullariga (pensiyadan tashqari) faqat birinchi eslatilgan Davlatda soliq solinadi, bunda:
(a) taqdirlash puli oluvchi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda koʻrib chiqilayotgan taqvimiy yilda boshlanayotgan yoki tugayotgan keyingi 12 oylik davrga tegishli davr mobaynida jami 183 kundan oshmaydigan davr yoki davrlar mobaynida yashayotgan boʻlsa; va
(b) taqdirlash puli boshqa Davlat rezidenti boʻlmagan shaxs tomonidan yoki uning nomidan toʻlanadi; va
(c) taqdirlash puli boʻyicha xarajatlarni doimiy muassasa oʻz zimmasiga olmaydi, va ragʻbatlantirish pulini toʻlovchi shaxs boshqa Davlatda joylashgan boʻladi.
3. Ushbu moddaning avvalgi qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi xalqaro yuk tashishlarda foydalanadigan dengiz, havo kemalari bortida, temir yoʻl va avtomobil transporti vositalarida amalga oshiriladigan yollanma ish uchun olinadigan taqdirlash pullariga ana shu Davlatda soliq solinishi mumkin.
4. “Kasbiy xizmatlar” atamasi jumladan mustaqil ilmiy, adabiy, artistlik, maʼrifiy yoki oʻqituvchilik faoliyatlarini, shuningdek vrachlar, yuristlar, muhandislar, meʼmorlar, stomatologlar va buxgaltyerlarning mustaqil faoliyatini qamrab oladi.
15-modda
Direktorlarning gonorarlari
Direktorlarning gonorarlari
Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniyaning Direktorlar kengashi yoki shu kabi organi aʼzosi sifatida oladigan direktorlarning gonorarlari va shu kabi toʻlovlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
16-modda
Sanʼat xodimlari va sportchilar
Sanʼat xodimlari va sportchilar
1. 14-modda qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti teatr, kino, radio yoki televideniye artisti yoki musiqachi kabi sanʼat xodimi sifatida yoki sportchi sifatida boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirayotgan shaxsiy faoliyati tufayli oladigan daromadiga shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Sanʼat xodimi yoki sportchi amalga oshirgan shaxsiy faoliyatidan olinadigan daromad sanʼat xodimi yoki sportchining oʻziga emas, boshqa shaxsga yozilsa, 7- va 14-moddalar qoidalariga qaramay, ushbu daromadga sanʼat xodimi yoki sportchi faoliyat koʻrsatayotgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. Agar Ahdlashuvchi Davlatlardan birida amalga oshiriladigan faoliyat bevosita yoki bilvosita, butunlay yoki asosan boshqa Ahdlashuvchi Davlatning uning maʼmuriy boʻlinmasining, mahalliy hokimiyatlarining yoki qonunga koʻra belgilangan organning ijtimoiy jamgʻarmalari hisobidan amalga oshirilsa, unda 1- va 2-bandlarning qoidalari Ahdlashuvchi Davlatdagi faoliyatdan olinadigan ragʻbatlantirish puliga yoki foydaga tegishli boʻlmaydi.
17-modda
Pensiyalar
Pensiyalar
18-moddaning 2-bandi qoidalariga muvofiq, Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga uning ilgarigi yollanish boʻyicha ishlagan ishi uchun tovon sifatida toʻlanadigan pensiyalar va boshqa shu singari ragʻbatlantirish pullariga faqat shu Davlatda soliq solinadi.
18-modda
Hukumat xizmati
Hukumat xizmati
1. (a) Ahdlashuvchi Davlatning oʻzi yoki uning maʼmuriy boʻlinmasi, uning mahalliy hokimiyatlari yoki shu Ahdlashuvchi Davlatning qonunlari bilan belgilangan organi tomonidan shu Ahdlashuvchi Davlatga, maʼmuriy boʻlinmasi, uning mahalliy hokimiyatlariga yoki shu Ahdlashuvchi Davlatning qonunlari bilan belgilangan organiga koʻrsatgan xizmatlariga nisbatan har qanday jismoniy shaxsga toʻlanadigan pensiyadan boshqa taqdirlash puliga faqat ana shu Davlatda soliq solinadi.
(b) Biroq bunday taqdirlash puliga agar xizmatlar mana shu boshqa Davlatda amalga oshirilayotgan boʻlsa, toʻlovni oluvchi shaxs shu boshqa Davlatning rezidenti boʻlsa,
(i) va shu boshqa Davlatning milliy shaxsi boʻlsa,
yoki
(ii) faqat xizmatlarni amalga oshirish maqsadida shu boshqa Davlatning rezidenti boʻlgan boʻlmasa faqat ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Ahdlashuvchi Davlatning oʻzi, yoki uning maʼmuriy boʻlinmasi, uning mahalliy hokimiyatlari yoki shu Ahdlashuvchi Davlatning qonunlari bilan belgilangan organi yoki ular tuzgan fondlar tomonidan shu Davlatga, yoki uning maʼmuriy boʻlinmasi, uning mahalliy hokimiyatlari yoki shu Ahdlashuvchi Davlatning qonunlari bilan belgilangan organiga koʻrsatgan xizmatlariga nisbatan har qanday jismoniy shaxsga toʻlanadigan har qanday pensiyaga faqat mana shu Davlatdagina soliq solinadi.
3. 14-, 15- va 17-moddalarning qoidalari Ahdlashuvchi Davlat, yoki uning maʼmuriy boʻlinmasi, uning mahalliy hokimiyatlari yoki shu Ahdlashuvchi Davlatning qonunlari bilan belgilangan organi amalga oshiradigan tadbirkorlik faoliyati munosabati bilan koʻrsatiladigan xizmatlarga nisbatan toʻlanadigan taqdirlash pullariga nisbatan qoʻllanadi.
19-modda
Talabalar va amaliyotchilar
Talabalar va amaliyotchilar
Boshqa Ahdlashuvchi Davlatga kelgunga qadar Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti hisoblanib turgan va boshqa Davlatda faqat:
(a) ushbu boshqa Davlatdagi eʼtirof etilgan universitet, kollej, maktab yoki shunga oʻxshagan eʼtirof etilgan taʼlim yurtlarida talaba sifatida;
(b) tijorat yoki texnika oʻquv yurtida oʻquvchi sifatida;
yoki
(c) asosan taʼlim olish, ilmiy tadqiqot yoki amaliyot maqsadlari uchun Davlatlardan xohlagan birining hukumatidan yoki ilmiy, maʼrifiy, diniy yoki xayriya tashkilotidan yoki Davlatlardan xohlagan birining hukumati joriy qilgan texnikaviy yordam dasturi boʻyicha stipendiya, pullik yordam yoki mukofot oluvchi sifatida vaqtincha boʻlib turgan jismoniy shaxs ushbu boshqa Davlatda quyidagilarning soliqqa tortilishidan ozod qilinadi:
(i) uning oʻqishi, taʼlim olishi, ilmiy tadqiqoti yoki amaliyoti maqsadlarida xorijdan oladigan hamma pullik oʻtkazmalari;
(ii) bunday stipendiya, pullik yordam yoki mukofot; va
(iii) uning ushbu boshqa Davlatdagi oʻqishi, ilmiy tadqiqoti yoki amaliyoti bilan bogʻliq holda koʻrsatiladigan xizmatlar yoki uning yashashi maqsadlari uchun yil davomida beriladigan 3000 AQSh dollaridan oshmaydigan har qanday ragʻbatlantirish haqi.
20-modda
Oʻqituvchilar va ilmiy tadqiqotchilar
Oʻqituvchilar va ilmiy tadqiqotchilar
1. Boshqa Ahdlashuvchi Davlatga bevosita kelguniga qadar Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlib turgan yoki shunday rezident hisoblanib turgan va asosan tadqiqotchilik maqsadlari uchun har qanday davlat universiteti, kolleji, oʻquv yurtining yoki boshqa shunga oʻxshagan davlat oʻquv yurtlarining taklifiga koʻra ushbu boshqa Davlatda ikki yildan oshmaydigan davr mobaynida faqat bunday davlat oʻquv yurtida oʻqitish yoki tadqiqot oʻtkazish yoki shunday har ikkala maqsadda boʻlib turadigan jismoniy shaxsning mana shu boshqa Davlatda oʻqitganligi yoki tadqiqoti uchun oladigan birinchi eslatilgan Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi lozim boʻlgan har qanday ragʻbatlantirish haqi ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortishdan ozod qilinadi.
2. Agar ilmiy tadqiqot asosan muayyan shaxsning yoki shaxslarning shaxsiy foydasi uchun qilinayotgan boʻlsa, unda ushbu modda bunday ilmiy tadqiqotdan olinadigan daromadga tegishli boʻlmaydi.
21-modda
Boshqa daromadlar
Boshqa daromadlar
Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentining ushbu Bitimning oldingi moddalarida aniq tilga olinmagan daromad turlariga faqat mana shu Davlatdagina soliq solinadi, agar boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagi manbalardan olingan bunday daromad ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan hollar bundan mustasnodir.
22-modda
Ikki tomonlama soliqqa tortishni bartaraf etish
Ikki tomonlama soliqqa tortishni bartaraf etish
1. Malayziyaning Malayziyadan boshqa har qanday mamlakatda toʻlanishi lozim boʻlgan soliqdan Malayziyaning soligʻiga qarshi kredit sifatida ruxsat etilishiga tegishli Qonunlarini hisobga olib, Malayziyaning rezidenti tomonidan Oʻzbekiston qonunlariga va ushbu Bitimga muvofiq toʻlanadigan Oʻzbekistonda olinadigan daromadga nisbatan Oʻzbekiston soligʻi ushbu daromadga nisbatan toʻlanadigan Malayziya soligʻiga qarshi kredit sifatida ruxsat qilinadi. Bunday daromad Oʻzbekiston rezidenti hisoblanadigan kompaniya tomonidan Malayziyaning rezidenti hisoblanadigan va dividendni toʻlaydigan kompaniyaning hal qiluvchi ovozlarining kamida 10 foiziga ega kompaniyaga toʻlanadigan dividend hisoblanganida, bunday kredit ushbu kompaniyaning dividend sifatida olinadigan daromadiga nisbatan toʻlanadigan Oʻzbekiston soligʻini hisobga olishi kerak. Biroq kredit daromadning shunday turiga toʻgʻri keladigan kredit berilguniga qadar hisoblangan Malayziya soligʻi qismidan ortiq boʻlmasligi kerak.
2. Birinchi band maqsadlari uchun “toʻlanishi lozim boʻlgan Oʻzbekiston soligʻi” atamasi toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasini, agar ushbu Bitim qoidalariga muvofiq yoki Oʻzbekistonning ushbu Bitimni imzolash paytida amal qilib turgan qonunlari beradigan maxsus stimullariga yoki keyinchalik Oʻzbekistonda ushbu qonunlarni oʻzgartirish yoki qoʻshimcha kiritish sifatida joriy etilishi mumkin boʻlgan boshqa har qanday qoidalarga binoan, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari bu masalani kelishgan holda, bu oʻz mohiyatiga koʻra birdek tusga ega deb hal etadilarki, soliqdan ozod qilinmagan yoki kamaytirilmagan boʻlganda, shunday soliq summasini oʻz ichiga oladi.
3. Oʻzbekistonning Oʻzbekistondan boshqa har qanday mamlakatda toʻlanishi lozim boʻlgan soliqdan Oʻzbekistonning soligʻiga qarshi kredit sifatida ruxsat etilishiga tegishli qonunlarini hisobga olib, Oʻzbekistonning rezidenti tomonidan Malayziya qonunlariga va ushbu Bitimga muvofiq toʻlanadigan Malayziyada olinadigan daromadga nisbatan Malayziya soligʻi ushbu daromadga nisbatan toʻlanadigan Oʻzbekiston soligʻiga qarshi kredit sifatida ruxsat qilinadi. Bunday daromad Malayziya rezidenti hisoblanadigan kompaniya tomonidan Oʻzbekistonning rezidenti hisoblanadigan va dividendni toʻlaydigan kompaniyaning hal qiluvchi ovozlarining kamida 10 foiziga ega kompaniyaga toʻlanadigan dividend hisoblanganida, bunday kredit ushbu kompaniyaning dividend sifatida olinadigan daromadiga nisbatan toʻlanadigan Malayziya soligʻini hisobga olishi kerak. Biroq kredit daromadning shunday turiga toʻgʻri keladigan kredit berilguniga qadar hisoblangan Oʻzbekiston soligʻi qismidan ortiq boʻlmasligi kerak.
4. Uchinchi band maqsadlari uchun “toʻlanishi lozim boʻlgan Malayziya soligʻi” atamasi toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasini, agar ushbu Bitim qoidalariga muvofiq yoki Malayziyaning ushbu Bitimni imzolash paytida amal qilib turgan qonunlari beradigan maxsus stimullariga yoki keyinchalik Malayziyada ushbu qonunlarni oʻzgartirish yoki qoʻshimcha kiritish sifatida joriy etilishi mumkin boʻlgan boshqa har qanday qoidalarga binoan, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari bu masalani kelishgan holda, bu oʻz mohiyatiga koʻra birdek tusga ega deb hal etadilarki, soliqdan ozod qilinmagan yoki kamaytirilmagan boʻlganda, shunday soliq summasini oʻz ichiga oladi.
23-modda
Kamsitmaslik
Kamsitmaslik
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining milliy shaxslari boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ushbu boshqa Davlat milliy shaxslariga ayni bir xil sharoitlarda solinadigan yoki solinishi mumkin boʻlgandan ortiq har qanday soliq solinishiga yoki unga aloqador majburiyatlarga, soliq solinishidan koʻra mushkulroq yoki unga aloqador holatlarga duchor qilinmaydilar.
2. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasiga soliq solish ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ushbu boshqa Davlatning aynan shunday faoliyatni amalga oshiruvchi korxonalariga soliq solishdan koʻra yomonroq boʻlmaydi. Mazkur qoida bir Ahdlashuvchi Davlatni boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga soliq solish maqsadlarida oʻz rezidentlariga ularning fuqarolik mavqeyi yoki oilaviy majburiyatlari asosida beradigan har qanday xususiy imtiyozlar, ozod qilishlar yoki chegirmalar berishga majburlovchi tarzida talqin qilinmasligi lozim.
3. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonalari, qaysiki ularning mol-mulki toʻliq yoki qisman Ahdlashuvchi boshqa Davlatning bir yoki undan koʻp rezidentlariga tegishli boʻlsa yoki ular tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinsa, birinchi eslatilgan Davlatda birinchi eslatilgan Ahdlashuvchi Davlatning shunday korxonalariga solinadigan yoki solinishi mumkin boʻlgan har qanday soliq solinishi yoki unga aloqador holatlar, boshqa yoki soliq solinishdan koʻra mushkulroq holatlarga duchor qilinmaydi.
4. Ushbu moddadagi hech bir narsa har qanday Ahdlashuvchi Davlatning oʻz milliy shaxslarining ushbu Davlatdagi iqtisodiy rivojlanishni chuqurlashtirish uchun moʻljallangan soliq imtiyozlaridan foydalanishini cheklashiga toʻsqinlik qiladigan qoida sifatida talqin etilmasligi kerak.
24-modda
Oʻzaro kelishuv tartiblari
Oʻzaro kelishuv tartiblari
1. Agar Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti Ahdlashuvchi Davlatlardan biri yoki har ikkalasining faoliyati unga mazkur Bitimda nazarda tutilganga muvofiq kelmaydigan soliq solinishiga olib keladi yoki olib kelishi mumkin deb hisoblasa, u mazkur Davlatlarning soliq qonunchiligida nazarda tutilgan himoya vositalaridan qatʼi nazar, oʻz arizasini oʻzi rezident boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organiga yoki agarda uning holati Bitimning 23-modda 1-bandiga muvofiq kelsa, oʻzi milliy shaxsi boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatga taqdim etishi mumkin. Bunday ariza ushbu Bitim qoidalariga nomuvofiq soliq solinishiga olib keluvchi xatti-harakatlar toʻgʻrisida birinchi bor bildirilgan kundan boshlab uch yil mobaynida berilishi kerak.
2. Vakolatli organ ushbu eʼtirozni asosli deb topsa va uning oʻzi qoniqtiradigan qarorga kela olmasa, masalani Bitimga muvofiq kelmaydigan soliq solinishidan qochish maqsadlarida Ahdlashuvchi boshqa Davlatning vakolatli organi bilan oʻzaro kelishib hal qilishga harakat qiladi.
3. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan har qanday qiyinchilik va ikkilanishlarni oʻzaro kelishuv asosida hal qilishga harakat qiladilar. Ular ushbu Bitimda koʻzda tutilmagan hollarda ikki tomonlama soliqqa tortishni bartaraf etish maqsadida ham bir-birlari bilan maslahatlashishlari mumkin.
4. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari avvalgi qoidalar xususida kelishuvga erishish maqsadida bir-birlari bilan bevosita muloqotga kirishishlari mumkin.
25-modda
Axborot almashish
Axborot almashish
Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu Bitim qoidalarini qoʻllanish uchun yoki ushbu Bitim tatbiq etiladigan soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlashni bartaraf etish yoki ularni aniqlash uchun zarur axborot bilan almashib turadilar. Shunday almashish orqali olingan har qanday axborot maxfiy hisoblanadi hamda faqat aniqlash, olib qoʻyish, majburiy chora koʻrish, sud orqali taʼqib etish bilan bogʻliq yoki ushbu Bitim taalluqli boʻlgan soliqlarga nisbatan apellatsiyalarni koʻrib chiquvchi shaxslar va organlargagina (sudlar va taftish organlariga ham) ochiladi. Bunday shaxslar yoki organlar axborotdan faqat shunday maqsadlarda foydalanadilar.
Hech qanday holatda ham ushbu moddaning 1-bandi qoidalari Ahdlashuvchi Davlatlar zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklovchi qoidalar sifatida talqin qilinmaydi:
(a) u yoki boshqa Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligi yoki maʼmuriy amaliyotiga zid maʼmuriy choralar oʻtkazish;
(b) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga koʻra yoki odatdagi maʼmuriy amaliyotga muvofiq olinishi mumkin boʻlmagan axborotni taqdim etish;
s) savdo, sanoat, tijorat yoki xizmat siri yoki savdo jarayonini fosh etuvchi axborotni yoki ochilishi davlat siyosatiga zid keluvchi axborotni taqdim etish.
26-modda
Diplomatik vakolatxonalar xodimlari va konsullik muassasalari xizmatchilari
Diplomatik vakolatxonalar xodimlari va konsullik muassasalari xizmatchilari
Ushbu Bitimning hech bir qoidasi diplomatik vakolatxonalar xodimlari yoki konsullik muassasalari xodimlarining xalqaro huquq umumiy normalariga yoki maxsus bitimlar qoidalariga muvofiq belgilab qoʻyilgan soliq imtiyozlariga daxl qilmaydi.
27-modda
Bitimning kuchga kirishi
Bitimning kuchga kirishi
Ahdlashuvchi Davlatlarning har biri ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun ularning qonunlariga koʻra talab qilinadigan zarur rusum-qoidalarning tutaganligi toʻgʻrisida bir-birlariga diplomatik yoʻllar orqali maʼlum qiladilar. Ushbu Bitim aytib oʻtilgan ana shunday oxirgi xabar olingan kundan boshlab quyidagicha amal qiladi:
(a) Bitim kuchga kirgan yildan keyingi taqvimiy yilning birinchi yanvaridan boshlab yoki shu sanadan keyin soliqqa tortiladigan daromadlar manbaidan undiriladigan soliqlarga nisbatan;
(b) Bitim kuchga kirgan yildan keyingi bevosita ikkinchi yilning birinchi yanvari yoki bundan keyingi sanadan boshlanadigan va keyingi soliqqa tortish yillarida soliq solinadigan boshqa daromad soliqlariga nisbatan.
28-modda
Bitimning amal qilishini toʻxtatish
Bitimning amal qilishini toʻxtatish
Ushbu Bitim nomaʼlum muddatgacha oʻz kuchida qoladi, biroq har bir Ahdlashuvchi Davlat Bitimning amal qilishini Bitim kuchga kirgan kundan keyin besh yil oʻtgach boshlanadigan har qanday taqvimiy yilning 30-iyunida yoki 30-iyunigacha diplomatik yoʻl orqali Bitimning amal qilishini toʻxtatish haqida xabar berib toʻxtatishi mumkin.
Bunday holatda Bitimning amal qilishi:
(a) denonsatsiya haqida xabardor qilingan taqvimiy yildan keyin bevosita keladigan yilning birinchi yanvaridan yoki undan soʻnggi sanadan boshlab soliqqa tortiladigan daromadlar manbaidan undiriladigan soliqlarga nisbatan;
(b) denonsatsiya haqida xabardor qilingan taqvimiy yildan keyin bevosita keladigan yilning birinchi yanvaridan yoki bundan keyingi sanadan boshlanadigan har qanday soliqqa tortish yiliga taalluqli daromad soliqlariga nisbatan.
Oʻz Hukumatlari tomonidan tegishli tartibda vakolat berilgan quyidagi imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib ushbu Bitimni imzoladilar.
Kuala-Lumpur shahrida 1997-yil 6-oktabrda ikki nusxada, har bir matn oʻzbek, malay va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitimning talqin qilishida yoki qoʻllanilishida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn asos uchun qabul qilinadi.
(imzolar)
PROTOKOL
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Malayziya Hukumati oʻrtasida ikkiyoqlama soliq solinishining oldini olish hamda daromad va foyda soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni bartaraf qilish toʻgʻrisidagi Bitimni tuzishda quyida imzo chekuvchilar quyidagi qoida Protokolning ajralmas tarkibiy qismini tashkil etishi lozim, deb kelishib olishdi.
2. 7-“Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda” moddasining 1-bandi munosabati bilan mazkur moddadagi hech qanday holat Ahdlashuvchi Davlatga ushbu Davlatda mazkur Ahdlashuvchi Davlatdagi doimiy muassasa orqali sotilgan tovarlar va buyumlarga oʻxshagan yoki shunga oʻxshagan turdagi tovarlar va buyumlarning sotilishidan olinadigan foydani, bunday sotish faqat doimiy muassasaning soligʻini kamaytirish maqsadida amalga oshirilmagan boʻlsa, soliqqa tortishiga toʻsqinlik qilmasligi kerak.
Oʻz Hukumatlari tomonidan tegishli tartibda vakolat berilgan quyidagi imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib ushbu Protokolni imzoladilar.
Kuala-Lumpur shahrida 1997-yil 6-oktabrda ikki nusxada, har bir nusxa oʻzbek, malay va ingliz tillarida tuzildi, bunda hamma matnlar bir xildagi kuchga ega boʻladi. Ushbu Protokolning talqin qilish yoki qoʻllashda tafovutlar vujudga kelsa, ingliz tilidagi matn asos uchun qabul qilinadi.
(imzolar)