Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani hokimining
Qarori
IJTIMOIY HIMOYAGA MUhTOJ VA ISh TOPIShDA QIYNALAYOTGAN ShAXSLARNI IShGA JOYLAShTIRISh UChUN ISh OʻRINLARINI BAND QILIB QOʻYISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat kengashining 2021-yil 6-iyuldagi VI-29-26-8-0-K/21-sonli “Surxondaryo viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ-huquqiy hujjatlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 8-iyuldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan qaror qilaman:
1. “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tashkilotlar, korxonalar, muassasalar va fermer xoʻjaliklarida oldin ishga qabul qilingan nogironlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni hisobga olgan holda 2012-yilgi ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish rejasi kasb va lavozimlar boʻyicha ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*Ilova berilmaydi.
2. 2012-yil uchun ijtimoiy muhofazaga muhtoj ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish rejasi 410 nafar etib belgilansin.
Shu jumladan:
pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun (8 kishi);
oʻn toʻrt yoshgacha bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va koʻp bolali ota-onalar uchun (57 kishi);
taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlar uchun (282 kishi);
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun (31 kishi);
jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun (8 nafar);
nogironlar uchun (24 kishi).
3. Ushbu toifadagi shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarilishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi taʼminlansin.
4. Tashkilotlar rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun koʻrsatilgan ish oʻrinlari tashkil etishni taʼminlasinlar.
5. Ushbu qaror bajarilmagan taqdirda tashkilotning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 15-bandiga muvofiq eng kam oylik ish haqining besh barobaridan yetti barobarigacha maʼmuriy jarima hamda Nizomning 17-bandiga muvofiq korxonalardan har bir barpo etilmagan ish joylari uchun bir xodimga toʻgʻri keladigan yillik oʻrtacha ish haqi miqdorida jarima solinadi.
6. Ushbu qarorda belgilangan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish sonidan ortiqcha ish oʻrinlari tashkil etilganda tashkilot uchun qonunda belgilangan imtiyozlar belgilansin.
7. Oltinsoy tuman hokimining 2010-yil 27-sentabrdagi “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun 2011-yilgi maxsus ish joylari barpo etish toʻgʻrisida”gi 324-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bir hafta muddat ichida ushbu qarorni tegishli mutasaddi idoralar rahbarlariga yetkazib berilishini taʼminlasin.
9. Tegishli tashkilotlar va fermer xoʻjaliklari 2011-yilning 20-dekabriga qadar ilova qilinayotgan rejaga asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun barpo etilishi lozim boʻlgan ish joylarining kamida 25 foizini band qilib qoʻyganligi va 2012-yilning 10-apreliga qadar esa 100 foiz miqdorida band qilib qoʻyilganligi toʻgʻrisida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga maʼlumot bersin.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining ijtimoiy va iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi A. Oripov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim X. SAMATOV
Qorliq q.,
2011-yil 26-sentabr,
457-son