Surxondaryo viloyati Termiz shahar hokimining
Qarori
2013 YIL UChUN MOL-MULK VA YER SOLIGʻI TOʻLOVChI JISMONIY ShAXSLARNI HISOBGA OLISh, ULARGA SOLIQLARNI HISOBLASh VA IMTIYOZLARNI QOʻLLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat kengashining 2021-yil 6-iyuldagi VI-29-26-8-0-K/21-sonli “Surxondaryo viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ-huquqiy hujjatlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 8-iyuldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi hamda 1997-yil 29-avgustdagi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosi yuzasidan shahar hududidagi jismoniy shaxslar tasarrufida boʻlgan mol-mulk, yer soligʻi obyektlari va subyektlari, shuningdek yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq roʻyxatga olish, soliqlarni hisoblash, tegishli imtiyozlarni toʻgʻri qoʻllash hamda belgilangan muddatlarda mahalliy budjetga tushumlar tushishini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. 2013-yilda mol-mulk, yer soligʻi obyektlari va subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq roʻyxatga olish, soliq hisoblash, tegishli imtiyozlarni toʻgʻri qoʻllashni toʻliq va sifatli oʻtkazish, ularga tegishli boʻlgan maʼlumotlarni vakolatli idoralar tomonidan shahar davlat soliq inspeksiyalariga toʻliq taqdim etilishini taʼminlash maqsadida 2012-yil 15-dekabrdan 2013-yil 1-yanvarga qadar “Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish” davri etib belgilansin.
2. Termiz shahar Davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi D. Daminovga:
soliq toʻlovchilarni hisobga olish davrida shahar hududidagi mol-mulk, yer soligʻi obyektlari va subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq roʻyxatga olish, ularga soliq hisoblash va soliq qonunchiligida belgilangan imtiyozlarni qoʻllash;
barcha mahallalarda soliqlarning ahamiyati, ayrim toifadagi jismoniy shaxslarga soliqlardan beriladigan imtiyozlar toʻgʻrisida, 2013-yil uchun toʻlanishi kerak boʻlgan soliqlarning muddatidan oldin toʻlanishi haqida keng tushuntirish ishlarini olib borish;
aholi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi soliq qonunchiligi boʻyicha amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning mohiyati yuzasidan mahalla fuqarolar yigʻini raisi va faollari ishtirokida muntazam ravishda seminar yigʻilishlar oʻtkazish yuklatilsin.
3. Shahar hududida faoliyat yuritayotgan mahalla fuqarolar yigʻini raislari, jamoat tashkilotlari, kommunal xoʻjalik boʻlimlari, uy-joy mulkdorlar shirkatlari, korxona va tashkilotlarning rahbarlari jismoniy shaxslarni roʻyxatga olish, hisoblangan soliqlarni belgilangan muddatlarda mahalliy budjetga undirilishi yuzasidan shahar davlat soliq inspeksiyasi uchastka soliq inspektorlariga doimiy ravishda yaqindan amaliy yordam berish vazifasi yuklatilsin.
4. “Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish” davrini keng qamrovli va sifatli oʻtkazilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi va “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan, davlat soliq inspeksiyasi tomonidan mol-mulk, yer soligʻi obyektlari va subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq hisobga olish, soliq hisoblash hamda tegishli imtiyozlarni toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida:
Shahar “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri” boʻlimi boshligʻi Sh. Raxmonqulovga 2013-yil 1-fevralga qadar 1-ilovaga* muvofiq shahar hududida jismoniy shaxslarning egaligida boʻlgan mol-mulk obyektlari, yer maydoni miqdori va ularning 2013-yil 1-yanvar holatiga inventarizatsiya qiymatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Shahar bosh arxitektori boshligʻi E. Xolmirzayevga 2013-yil 1-fevralga qadar 2-ilovaga* muvofiq 2012-yilda fuqarolarga shahar hududida (tadbirkorlik, yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun dehqon xoʻjaligi va boshqalar) 2013-yil 1-yanvar holatiga ajratilgan yer maydonlari va ularning egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boʻlimi boshligʻi O. Mamadaliyev 2013-yil 1-fevralga qadar 3-ilovaga* muvofiq tumanda istiqomat qiluvchi, I-II-guruh nogironlari, pensionyerlar, yolgʻiz pensionyerlar va boshqa nafaqa oluvchi sifatida roʻyxatga olingan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Shahar mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi N. Niyozovga 2013-yil 1-fevralga qadar 4-ilovaga* muvofiq 1941 — 1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, Afgʻonistonda harbiy xizmatni oʻtagan fuqarolar va boshqa mavjud maʼlumotlarni;
Fuqarolik holatlariga dalolatnomalar yozish (FHDY) boʻlimi boshligʻi N. Eshboʻriyeva 2013-yil 1-fevralga qadar 5-ilovaga* muvofiq shahar hududida 2011-2012-yillarda vafot etgan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Shahar notarial idoralari rahbarlari 6-ilovaga* muvofiq 2012-yil davomida jismoniy shaxslar tomonidan koʻchmas mulk ijara shartnomasi tasdiqlanganligi va ijara haqi miqdori, shuningdek meros qilib olish yoki hadya tarzida fuqarolarning mulkiga oʻtayotgan mol-mulk qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Shahar sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi boshligʻi X. Pirmatov, “Veterinariya xizmati” boʻlimi boshligʻi Sh. Ulashevga 7-ilovaga* muvofiq belgilangan tartibda sanitariya ruxsatnomasini olgan jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Shahar “Gaztaʼminot” korxonasi boshligʻi Sh. Berdiyevga 8-ilovaga* muvofiq hududda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar bilan gaz isteʼmoli uchun tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Shahar “Elektrtarmoqlari” korxonasi boshligʻi X. Xakimovga 9-ilovaga* muvofiq hududda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar bilan elektr isteʼmoli uchun tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Viloyat yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi boshligʻi M. Oltiboyev va shahar Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi S. Eshonqulovlarga 10-ilovaga* muvofiq hududdagi shaxsiy yuk avtotransport vositalari egalari toʻgʻrisidagi toʻliq maʼlumotlarni shahar Davlat soliq inspeksiyasiga mahalla fuqarolar yigʻinlari kesimida 2013-yil 1-fevraliga qadar 2013-yil 1-yanvar holati boʻyicha taqdim etish vazifalari yuklatilsin.
5. Shahar hokimligi Mahalla oqsoqollar kengashi Raisi, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari “Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish” oyligi tadbirini oʻtkazishda faol qatnashishlari va joylarda Uchastka soliq inspektorlari bilan jismoniy shaxslarni soliq organlarida roʻyxatga olish tadbirlarini hamkorlikda amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
6. Mahalla fuqarolar yigʻini raislari, Uchastka davlat soliq inspektori va “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri” boʻlimi xodimlari bilan birgalikda hisobga olingan soliq toʻlovchi jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotni 11-ilovaga* muvofiq dalolatnoma asosida rasmiylashtirish topshirilsin.
*1 — 11 ilovalar berilmaydi.
7. Ushbu qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kirgan hisoblanadi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish shahar hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari P. Toshpulatov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim N. SOATOV
Termiz sh.,
2012-yil 12-dekabr,
1371-son