O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HARBIY SUDINI TAShKIL QILISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-sentabrdagi PF-5187-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish, ba’zilarini esa o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida o‘tkazilayotgan islohotlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mita, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ichki va qorovul qo‘shinlari Bosh boshqarmalari hamda Mudofaa vazirligining harbiy okruglari tashkil qilinganligi munosabati bilan, harbiy sudning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatini samaradorligini yuksaltirish, Qurolli Kuchlarda, harbiy idoralarda va O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq tashkil etilayotgan boshqa harbiy tuzilmalarda qonunchilik va huquq-tartibotni mustahkamlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy sudi negizida O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tashkil qilinsin.
2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi organlarining asosiy vazifalari deb hisoblansin:
davlat manfaatlarini hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari, Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mita, Ichki ishlar vazirligi ichki va qorovul qo‘shinlari Bosh boshqarmalari, MXX, FVV hamda vazirliklar va idoralar harbiy bo‘linmalari harbiy xizmatchilarining qonuniy huquq va erkinliklarini himoya qilish;
odil sudlovni amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq qo‘shinlarda qonunchilik va huquq-tartibotni ta’minlash;
harbiy xizmatchilarni huquqiy tarbiyalash bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Harbiy sudi uchun belgilangan umumiy xodimlar soni va mehnat haqi fondi O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi uchun saqlab qolinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining tashkiliy-shtat tuzilmasi 1—5-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar keltirilmaydi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi (U. Mingboyev) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (S. Mirsafoyev) bilan birgalikda ikki hafta muddatda:
amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin;
harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Nizom loyihasini tayyorlab, Oliy Majlisning ko‘rib chiqishi uchun taqdim etsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi (H. Tursunov) O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi va uning tarkibiy bo‘linmalarini zarur moliyaviy, moddiy-texnikaviy jihatdan ta’minlab, shaxsiy tarkibning harbiy xizmatchilarga tegishli huquqiy mavqeini hamda pul va boshqa ta’minotning barcha turlarini saqlab qolsin.
6. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A. Nosirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 23-sentabr,
PF-2421-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 246-modda)