Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining mintaqaviy filiallari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazini yanada rivojlantirish va uning tomonidan imkoniyatlari cheklangan, ijtimoiy va huquqiy tahdid guruhlaridan boʻlgan bolalarga va ularning oilalariga, shuningdek iqtidorli bolalarga koʻrsatilayotgan ijtimoiy-pedagogik, huquqiy, tibbiy-reabilitatsiya va axborot-taʼlim yordamini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 23-sentabrdagi 267-son qaroriga muvofiq 2012-yilda Fargʻona shahrida Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) Fargʻona mintaqaviy filiali tashkil etilganligi va 2013-2014-yillarda Qarshi va Samarqand shaharlarida Markazning mintaqaviy filiallari tashkil etilishi nazarda tutilayotganligi;
Markaz tomonidan Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining mintaqaviy filiallari toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom belgilangan tartibda tasdiqlanganligi;
Markazning mintaqaviy filiallari faoliyatini moliyalashtirish, shu jumladan bitta avtotransport vositasi bilan taʼminlash Davlat budjeti parametrlarining tegishli yilga “Taʼlim” sohasida nazarda tutiladigan budjet mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Markaz mintaqaviy filiallarining namunaviy tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin, ular xodimlarining cheklangan soni 43 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni – 9 nafar etib belgilansin.
3. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda:
Markazning mintaqaviy filiallarini zamonaviy fikrlovchi, yuqori malakali, professionalizm va masʼuliyat tuygʻusi yuqori boʻlgan, imkoniyatlari cheklangan, ijtimoiy va huquqiy tahdid guruhlaridan boʻlgan bolalarga va ularning oilalariga, shuningdek iqtidorli bolalarga ijtimoiy-pedagogik, huquqiy, tibbiy-reabilitatsiya va axborot-taʼlim yordami koʻrsatish sohasida tegishli amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan xodimlar bilan taʼminlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda ikki hafta muddatda xodimlarning ayrim toifalarini qoʻshimcha ravishda moddiy ragʻbatlantirishni hisobga olgan holda Markaz filiallari xodimlariga mehnatga haq toʻlash boʻyicha razryadlarni tasdiqlasin, shuningdek Markazning boshqaruv xodimlari uchun amalda boʻlgan ustamalar toʻlash tartibini Markaz filiallari xodimlariga joriy etsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 6-mart,
68-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 6-martdagi 68-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining mintaqaviy filiallari
NAMUNAVIY TUZILMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 11-son, 140-modda)