OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
Vakolatli banklarning konversion operatsiyalar boʻlimi hamda ayirboshlash shoxobchasi xodimlariga qoʻyiladigan malakaviy talablar, ularni ishga qabul qilish va rotatsiyasi reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 25-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2415 ]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2017-yil 23-sentabrdagi 26/18-sonli “Vakolatli banklarning konversion operatsiyalar boʻlimi hamda ayirboshlash shoxobchasi xodimlariga qoʻyiladigan malakaviy talablar, ularni ishga qabul qilish va rotatsiyasi reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchani oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2415-2 06.11.2017-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 54-modda) qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Vakolatli banklarning konversion operatsiyalar boʻlimi hamda ayirboshlash shoxobchasi xodimlariga qoʻyiladigan malakaviy talablar, ularni ishga qabul qilish va rotatsiyasi reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2002-yil 30-noyabrdagi 26/16-son “Vakolatli banklarning valyuta ayirboshlash shoxobchalari xodimlarini doimiy rotatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi Reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1203, 2003-yil 21-yanvar) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror 2013-yil 1-fevraldan kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2013-yil 24-yanvar,
2/2-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2013-yil 24-yanvardagi 2/2-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vakolatli banklarning konversion operatsiyalar boʻlimi hamda ayirboshlash shoxobchasi xodimlariga qoʻyiladigan malakaviy talablar, ularni ishga qabul qilish va rotatsiyasi
REGLAMENTI
Mazkur Reglament Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 54-modda) qonunlariga muvofiq vakolatli banklarning konversion operatsiyalar boʻlimi hamda ayirboshlash shoxobchasi xodimlariga qoʻyiladigan malakaviy talablarni, ularni ishga qabul qilish va rotatsiyasi tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli bank — chet el valyutasida operatsiyalarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining litsenziyasiga ega boʻlgan banklar;
konversion operatsiyalar boʻlimi — vakolatli bankning (filialning) milliy valyutada shaxsiy bank kartalari va chet el valyutasida xalqaro toʻlov kartalaridan foydalangan holda naqd pulsiz shaklda ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida tuzilgan operatsion tarkibiy tuzilmasi.
2. Vakolatli banklarning rahbarlari konversion operatsiyalar boʻlimi (keyingi oʻrinlarda — boʻlim deb yuritiladi) va ayirboshlash shoxobchasi xodimlarini ishga qabul qilish va rotatsiyasini mazkur Reglamentda belgilangan tartibda amalga oshiradilar.
II bob. Boʻlim hamda ayirboshlash shoxobchalarining xodimlariga qoʻyiladigan malakaviy talablar
3. Boʻlim xodimlariga nisbatan, qoida tariqasida, quyidagi malakaviy talablar qoʻyiladi:
oliy iqtisodiy maʼlumoti toʻgʻrisidagi diplomga ega boʻlishi;
bank tizimida ikki yildan kam boʻlmagan ish stajiga ega boʻlishi;
egallab turgan lavozimi — bosh mutaxassis (iqtisodchi) lavozimidan kam boʻlmasligi;
yashash joyidan ijobiy tavsiyanomaga ega boʻlishi (ishga qabul qilinayotganida — oldingi ish joyidan);
boʻlimda unga yuklatiladigan funksional majburiyatlarni yetarli darajada bajarish uchun bank qonunchiligi sohasida zarur bilimlarga ega boʻlishi.
4. Ayirboshlash shoxobchasi xodimlariga nisbatan quyidagi malakaviy talablar qoʻyiladi:
ayirboshlash shoxobchasi nazoratchisi oliy iqtisodiy yoki iqtisodiy oʻrta maxsus kasb-hunar maʼlumoti toʻgʻrisidagi diplomga ega boʻlishi;
ayirboshlash shoxobchasi kassiri oʻrta maʼlumot toʻgʻrisidagi attestatga yoki iqtisodiy oʻrta maxsus kasb-hunar maʼlumoti toʻgʻrisidagi diplomga ega boʻlishi.
III bob. Boʻlim hamda ayirboshlash shoxobchalari xodimlarini ishga qabul qilish va ularning malakasini oshirish
5. Boʻlim va ayirboshlash shoxobchasi xodimlari bilan mehnat shartnomasini tuzish yoki ularni lavozimiga tayinlashda vakolatli bank yoki uning filiallari rahbarlari xodimning oldingi ish joyidan (ilgari ishlagan boʻlsa), doimiy yashash joyidan va ichki ishlar organlaridan surishtirib, tegishli maʼlumotnomalarni olgan holda, ularning kasbga layoqatliligini aniqlash maqsadida majburiy suhbat oʻtkazadilar.
6. Suhbatdan ijobiy oʻtgan xodimlar vakolatli banklarning shtat jadvaliga muvofiq boʻlim va ayirboshlash shoxobchalariga belgilangan tartibda buyruq asosida tayinlanadi.
7. Vakolatli banklar va ularning filiallari rahbarlari boʻlim va ayirboshlash shoxobchasi xodimlarini valyuta operatsiyalarini amalga oshirish va uning hisobini yuritish, qimmatliklarni saqlash, qabul qilish va berish, sanash va tashish qoidalari, qonun hujjatlaridagi belgilangan tartiblarni buzganligi uchun xodimlarning javobgarligi toʻgʻrisidagi qoidalar bilan tanishtiradi.
8. Vakolatli banklar tomonidan boʻlim va ayirboshlash shoxobchalarining ishga tayinlangan xodimlarini malakasini oshirish choralari koʻrilishi, shu jumladan bir yilda kamida bir marta tegishli oʻquv kurslari tashkil etilishi lozim.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2013-yil 21-dekabrdagi 26/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2415-1, 31.12.2013-y.) tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 1-son, 11-modda)
9. Vakolatli banklar tomonidan boʻlim va ayirboshlash shoxobchalariga kasbiy tayyorlangan mutaxassislar ichidan kadrlar zaxirasi yaratiladi.
10. Boʻlim yoki ayirboshlash shoxobchasida yaqin qarindoshlarning birga faoliyat yuritishi taqiqlanadi.
11. Boʻlim shtati, qoida tariqasida, boshliq, uning oʻrinbosari hamda ikkita mutaxassisdan iborat boʻladi.
Boʻlim shtati va xodimlarining soni vakolatli bank rahbari tomonidan amalga oshiriladigan valyuta operatsiyalarining hajmi va bank tomonidan xizmat koʻrsatilayotgan mijozlarning sonidan kelib chiqib oʻzgartirilishi mumkin.
12. Ayirboshlash shoxobchasining xodimlari — kassir va nazoratchi hisoblanadi.
IV bob. Boʻlim hamda ayirboshlash shoxobchasi xodimlarining rotatsiyasi
13. Boʻlim hamda ayirboshlash shoxobchasining xodimlari vakolatli banklar buyrugʻiga asosan rotatsiya qilinishlari shart.
14. Boʻlimning xodimlari har ikki yilda rotatsiya qilinadi.
15. Boʻlim xodimlari ushbu bank filialining boshqa tarkibiy boʻlinmasiga oʻtkazish asosida rotatsiya qilinadi.
16. Vakolatli banklar mazkur Reglament talablaridan kelib chiqib, boʻlim va ayirboshlash shoxobchasi xodimlarini rotatsiya qilish boʻyicha oʻz ichki hujjatlarini ishlab chiqadi.
17. Ayirboshlash shoxobchasi xodimlari har kuni rotatsiya qilinadi.
18. Ayirboshlash shoxobchasida oldingi kunda ishlagan kassir va nazoratchilar keyingi kunda turli ayirboshlash shoxobchalariga taqsimlanishlari lozim.
Bitta valyuta ayirboshlash shoxobchasiga ega boʻlgan vakolatli banklar filiallari shoxobcha xodimlarini shu bank filialining mazkur Reglament talablariga javob beradigan valyuta ayirboshlash shoxobchasida ishlash koʻnikmasiga ega boʻlgan kassirlari bilan rotatsiya qilishlari mumkin.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2013-yil 21-dekabrdagi 26/2-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2415-1, 31.12.2013-y.) asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 1-son, 11-modda)
V bob. Yakuniy qoidalar
19. Vakolatli banklarning rahbarlari tekshirilgan, halol, mijozlarning huquq va manfaatlarini hurmat qiluvchi, sifatli bank xizmatlari koʻrsata oladigan, bank obroʻsi va mijozlarning ishonchini oshirish qobiliyatiga ega boʻlgan mutaxassislarni ishga jalb qilishlari lozim.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki vakolatli banklar va ularning filiallari, boʻlim va ayirboshlash shoxobchasi faoliyatida valyuta operatsiyalarini qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi yuzasidan belgilangan tartibda tekshirishlarni tashkil etish va oʻtkazish huquqiga egadir.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining hududiy Bosh boshqarmalari oʻzlariga tegishli hududda joylashgan vakolatli banklar va ularning filiallari boʻlim va ayirboshlash shoxobchalarining faoliyatini chorak davomida kamida bir marotaba tekshirilishini taʼminlashlari lozim.
21. Vakolatli banklar muntazam ravishda oʻzlariga qarashli boʻlgan boʻlim va ayirboshlash shoxobchalari faoliyatini oyida kamida bir marotaba tekshiruvdan oʻtkazishlari lozim.
22. Vakolatli banklarning rahbarlari mazkur Reglament talablariga rioya qilinishini taʼminlashga shaxsan javobgardirlar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 4-son, 52-modda; 2014-y., 1-son, 11-modda)