Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Eron Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida
hamkorlik memorandumi
UYuShGAN JINOYaTChILIK VA TERRORIZMGA QARShI KURAShISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Eron Islom Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
uyushgan jinoyatchilikning, terrorizm va boshqa jinoyatlarning oʻsib borayotganligidan tashvishlanib,
teng huquqlilik va oʻzaro manfaatli hamkorlik prinsiplaridan, shuningdek jinoyatchilikka qarshi birgalikda samarali kurashishga intilishdan kelib chiqib,
terrorizmga qarshi kurashish, jinoyatchilikning oldini olish sohasida xalqaro konvensiyalar, Birlashgan Millatlar Tashkilotining qarorlarini eʼtiborga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ushbu Hamkorlik memorandumini qoʻllash
Ushbu Hamkorlik memorandumini qoʻllash
1. Tomonlarning har biri ushbu Hamkorlik memorandumi qoidalariga muvofiq va oʻz davlatlarining qonunlari hamda xalqaro majburiyatlariga amal qilgan holda vakolatli organlari orqali jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashishda hamkorlikni amalga oshiradi.
2. Ushbu Hamkorlik memorandumi maqsadlari uchun vakolatli organlar quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan — vakolatli organ ushbu Hamkorlik memorandumi imzolangan sanadan soʻng bir oy davomida tayinlanadi va Eron tomoniga bu toʻgʻrisida xabar beriladi;
Eron Islom Respublikasi tomonidan — Eron Islom Respublikasi Ichki ishlar vazirligi.
3. Vakolatli organlar ushbu Hamkorlik memorandumini bajarish uchun bir-birlari bilan bevosita aloqada boʻladilar.
4. Ushbu Hamkorlik memorandumi jinoiy ishlar yuzasidan huquqiy yordam va ushlab berish masalalariga daxl qilmaydi.
2-modda
Hamkorlik yoʻnalishlari
Hamkorlik yoʻnalishlari
1. Tomonlar quyidagi jinoyat turlariga qarshi kurashda hamkorlik qiladilar:
1.1. terrorizm;
1.2. tovarlar va shaxslarni kontrabanda qilish;
1.3. oʻt ochar qurollar, jangovar oʻq-dorilar, portlovchi moddalar, shuningdek radioaktiv moddalarni noqonuniy yurgizish;
1.4. qalbaki pul va moliyaviy hujjatlarni, kredit kartochkalar, vizalar, pasportlar va shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni yasash va tarqatish;
1.5. pullarni oqlash va jinoiy faoliyat orqasida topilgan daromadlarni legallashtirish;
1.6. iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar;
1.7. odamlarning shaʼni va mol-mulkiga bosqinchilik, talonchilik, qotillik, qoʻrqitish, oʻgʻrilik orqali qasd qilish;
1.8. tovarlar va madaniy qiymatlar kontrabandasi;
1.9. ayollar va bolalarga qarshi jinoyatlar va ularni kontrabanda qilish;
1.10. kompyuter jinoyatchiligi.
2. Tomonlar ushbu Hamkorlik memorandumi doirasida yana quyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
2.1. aeroportlarda, temir yoʻl stansiyalarida, metropolitenlarda, shuningdek boshqa jamoat joylarda xavfsizlikni taʼminlash;
2.2. axborot berish sohasida xavfsizlikni taʼminlash.
3-modda
Hamkorlik shakllari
Hamkorlik shakllari
1. Tomonlar quyidagi shakllarda hamkorlik qiladilar:
1.1. ushbu Hamkorlik memorandumining 2-moddasida koʻrsatib oʻtilgan jinoyatlarning aniqlash, oldini olish hamda fosh etishga koʻmaklashishi mumkin boʻlgan axborotni almashish;
1.2. jismoniy shaxslar va yuridik muassasalarning faoliyatini oʻrganish, shaxslar, narsalar va hujjatlarni tegishli hisoblarga qiyoslash orqali ushbu Hamkorlik memorandumi 2-moddasida koʻzda tutilgan jinoiy faoliyat faktlarini fosh etishga koʻmaklashish;
1.3. ish tajribasini almashish, jumladan maslahatlashuvlar hamda oʻquv seminarlar oʻtkazish orqali.
2. Hamkorlikning koʻlami va shakllari vakolatli organlarning ehtiyojlar va shart-sharoitning oʻzgarishi hamda ahamiyatli hollarni hisobga olgan holda tuzgan ahdlashuvlariga binoan belgilanadi.
3. Tomonlar uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va ularni uyushtiruvchilarga qarshi qoʻllangan choralar toʻgʻrisida axborot almashadilar, shuningdek quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlik qiladilar:
3.1. uyushgan jinoyatchilikka aloqador shaxslar va guruhlarni aniqlash;
3.2. jinoyatlarning vaqti, joyi, sharoiti, usul va metodlari, shuningdek ularning oldini olish yuzasidan zarur choralar toʻgʻrisida axborot almashish;
3.3. uyushgan jinoyatchilik hamda terrorizmni fosh etish va oldini olish boʻyicha zarur choralar koʻrish;
3.4. uyushgan jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashda oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida ekspertlar va mutaxassislarni almashish.
4-modda
Konkret jinoyatlar toʻgʻrisida axborot almashish
Konkret jinoyatlar toʻgʻrisida axborot almashish
Ushbu Hamkorlik memorandumi 3-moddasi 1-bandining 1.1-, 1.2- va 1.3-kichik bandlarida koʻzda tutilgan axborot almashish konkret jinoyatlarga, jumladan quyidagilarga taalluqli boʻladi:
1. Bir Tomon davlati hududida uyushgan guruhlar tarafidan tayyorlangan yoki sodir etilgan jinoyatlar, agar bunday jinoyatlar qandaydir bir tarzda boshqa davlat manfaatlariga daxldor boʻlsa, shuningdek ushbu axborot guruhni ichki tuzilishi, harakat jarayoni, jinoiy aloqalarni oʻz ichiga oladi;
2. Bir Tomon davlatining hududi yoki muassasalar boshqa Tomon davlatining fuqarolari tomonidan jinoyatchilik faoliyat orqali topilgan daromadlarni legalizatsiya qilish yoki oqlash uchun foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlar;
3. Ushbu Hamkorlik memorandumida koʻrsatilgan jinoyatlar uchun qidirib yurilgan, hibsga olingan, sudlangan va ozodlikdan mahrum etilgan, shuningdek mazkur jinoyatlarni sodir etib boshqa mamlakatga qochib ketgan ikki mamlakat fuqarolari toʻgʻrisida.
5-modda
Koʻmak soʻrash
Koʻmak soʻrash
1. Tomonlar ushbu Hamkorlik memorandumi doirasidagi hamkorlikni koʻmak soʻrab bergan yozma soʻrovlari orqali amalga oshiradilar.
2. Tomonlardan biri uning nazarida ikkinchi Tomonni ham qiziqtirishi mumkin boʻlgan axborotni qoʻlga kiritsa, bunday axborot tegishli soʻrovsiz berib yuboriladi.
3. Ushbu Hamkorlik memorandumiga muvofiq koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrov bajarilayotganida soʻralayotgan Tomon davlatining qonunlari qoʻllanadi.
4. Soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomon vakolatli organining soʻrovini olgach, soʻrov va uning mazmuni maxfiy qolishi uchun barcha lozim choralarni koʻradi. Bunday axborot va hujjatlar ularni taqdim etgan Tomonning oldindan yozma ravishda bergan roziligisiz uchinchi tomonga berib yuborilmaydi.
5. Soʻralayotgan Tomon ushbu Hamkorlik memorandumiga muvofiq soʻrovni bajarish davomida qoʻlga kiritilgan natijalar soʻralayotgan Tomon vakolatli organning oldindan bergan roziligisiz soʻrovda koʻrsatilganidan boshqa maqsadda foydalanilmasligini soʻrab murojaat qilishi mumkin. Bunday hollarda soʻrayotgan Tomon soʻrov natijalaridan foydalanishdagi cheklashlarga rioya qiladi.
6-modda
Koʻmak berishni rad etish
Koʻmak berishni rad etish
1. Soʻralayotgan Tomon koʻmakni berish davlat manfaatlariga yoki uning qonunlari yoxud xalqaro majburiyatlariga zid keladi, deb hisoblasa, ushbu Hamkorlik memorandumi doirasida soʻrovni bajarish rad etilishi mumkin.
2. Soʻrovda eslatilgan qilmish soʻralayotgan Tomon davlatida amal qiladigan qonunlarga koʻra jinoyat hisoblanmasa, koʻmakni berish rad etilishi mumkin.
3. Koʻmakni berish rad etilsa, Soʻralayotgan Tomon sababini koʻrsatgan holda boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qiladi.
7-modda
Qoʻshma komissiya
Qoʻshma komissiya
Tomonlar ushbu Hamkorlik memorandumni bajarish maqsadlari uchun quyidagilardan iborat boʻlgan Qoʻshma komissiya tuzadilar:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan quyidagilarni vakillari:
Prokuratura;
Ichki ishlar vazirligi;
Milliy xavfsizlik xizmati;
Davlat soliq qoʻmitasi;
Davlat bojxona qoʻmitasi;
Adliya vazirligi;
Davlat chegarani qoʻriqlash qoʻmitasi;
Oʻzbekiston qismining rahbari ushbu Hamkorlik memorandumni imzolangan sanadan soʻng bir oy davomida tayinlanadi va Eron tomoniga bu toʻgʻrisida xabar beriladi;
Eron Islom Respublikasi tomonidan quyidagilarni vakillari:
Ichki ishlar vazirligi — Eron qismining rahbari sifatida, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa vakolatli organlar.
8-modda
Til
Til
Tomonlar ushbu Hamkorlik memorandumi doirasida hamkorlikni amalga oshirishda ingliz tilini qoʻllaydilar.
9-modda
Xalqaro majburiyatlar
Xalqaro majburiyatlar
Ushbu Hamkorlik memorandumi Tomonlarning ular ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlariga daxl qilmaydi.
10-modda
Qoʻshimchalar
Qoʻshimchalar
Tomonlar ushbu Hamkorlik memorandumiga oʻzaro roziligi bilan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin. Bunday oʻzgartish, tuzatish va qoʻshimchalar 12-moddaning 1-bandida koʻrsatilgan protseduralarga muvofiq kuchga kiradi va uning tarkibiy qismi hisoblanadi.
11-modda
Bahslarni hal etish
Bahslarni hal etish
Ushbu Hamkorlik memorandumi qoidalarini talqin etish va qoʻllash yuzasidan kelib chiqadigan barcha bahsli masalalar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar oʻtkazish orqali hal etiladi.
12-modda
Kuchga kirish. Amal qilish muddati
Kuchga kirish. Amal qilish muddati
1. Ushbu Hamkorlik memorandumi imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Hamkorlik memorandumi besh yil muddatga tuzilgan. Tomonlardan hech qaysisi xabarnoma yuborish orqali uning faoliyatini toʻxtatishini bildirmasa, u oʻz-oʻzidan keyingi besh yilliklarga uzayadi. Bir Tomon boshqa Tomondan tegishli nota olganidan keyin olti oy muddat oʻtgach Hamkorlik memorandumining amal qilishi toʻxtatiladi.
Tehron shahrida, 2000-yil 11-iyunda, hijriy 1379 yil 22 xoʻrdodda ikki nusxada, har biri oʻzbek, fors va ingliz tillarida tuzildi, bunda ikkala matn bir xil kuchga ega. Ushbu Hamkorlik memorandumi qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga chiqsa, ingliz tilidagi matn asos sifatida qabul qilinadi.
(imzolar)