OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN SLOVAKIYA RESPUBLIKASI HUKUMATI OʻRTASIDA
Bitim
Ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik hamda daromad va mol-mulk soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni oldini olish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Slovakiya Respublikasi Hukumati,
ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik hamda daromad va mol-mulk soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni oldini olish toʻgʻrisida Bitim tuzish istagini bildirib, shuningdek ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Qoʻllash doirasi
Qoʻllash doirasi
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Davlatlarning biri yoki ikkalasining rezidenti boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi.
2-modda
Bitim tatbiq etiladigan soliqlar
Bitim tatbiq etiladigan soliqlar
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Davlat yoki uning hududiy-maʼmuriy boʻlinmalari yoki mahalliy hokimiyatlari nomidan olinayotgan foyda (daromad) va mol-mulk soliqlariga nisbatan, ularni undirish uslubidan qatʼi nazar, tatbiq etiladi.
2. Foyda (daromad) va mol-mulk soliqlariga umumiy foyda (daromad)dan, umumiy mol-mulk yoki foyda (daromad)ning bir qismidan olinadigan barcha soliqlar, shu jumladan, koʻchar va koʻchmas mulkni tasarruf etishdan olingan foydadan, korxonalar tomonidan toʻlanadigan mukofotlar yoki ish haqining umumiy miqdoridan olinadigan soliqlar kiradi.
3. Ushbu Bitim qoʻllanadigan amaldagi soliqlar, jumladan, quyidagilardir:
a) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan:
(i) yuridik shaxslarning foyda (daromad) soligʻi;
(ii) jismoniy shaxslarning daromad soligʻi; va
(iii) mol-mulk soligʻi;
(bundan keyin “Oʻzbekiston soligʻi” deb ataladi);
b) Slovakiya Respublikasiga nisbatan:
(i) jismoniy shaxslarning daromad soligʻi;
(ii) yuridik shaxslarning daromad soligʻi;
(iii) koʻchmas mol-mulkdan olinadigan soliq;
(bundan keyin “Slovakiya soligʻi” deb ataladi).
4. Ushbu Bitim uning imzolangan sanasidan soʻng Ahdlashuvchi Tomonlardan biri tomonidan undiriladigan soliqlarga qoʻshimcha yoki mavjudlari oʻrniga kiritilgan har qanday bir xil yoki aslida oʻxshash soliqlarga nisbatan ham qoʻllanadi. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oʻzlarining tegishli soliq qonunchiligida boʻlgan muhim oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlariga xabar beradilar.
3-modda
Umumiy taʼriflar
Umumiy taʼriflar
1. Ushbu Bitimning maqsadlarida matnning mazmunidan oʻzga maʼno chiqmasa:
a) “Oʻzbekiston” atamasi Oʻzbekiston Respublikasini bildiradi va jugʻrofiy maʼnoda qoʻllanilganda xalqaro huquq va Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining suveren huquqlari va yurisdiksiyasiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining hududini, hududiy suvlari va havo kengliklarini, shu jumladan yer osti boyliklaridan va tabiiy resurslardan foydalanish huquqlarini anglatadi;
b) “Slovakiya” atamasi Slovakiya Respublikasini bildiradi va jugʻrofiy maʼnoda qoʻllanilganda xalqaro huquq qoidalari va amaldagi soliq qonunchiligiga muvofiq Slovakiya Respublikasi oʻzining suvereniteti, suveren huquqlari yoki yurisdiksiyasiga ega boʻlgan uning hududini anglatadi;
c) “Ahdlashuvchi Davlat” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlat” atamalari matn mazmuniga qarab, Oʻzbekistonni yoki Slovakiyani anglatadi;
d) “shaxs” atamasi jismoniy shaxsni, kompaniya yoki shaxslarning har qanday birlashuvini anglatadi;
e) “kompaniya” atamasi har qanday korporativ birlashmani yoki soliqqa tortish maqsadlarida korporativ birlashuv sifatida qaraladigan har qanday tashkilotni anglatadi;
f) “Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi” atamalari bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boshqaruvi ostida boʻlgan korxonani va boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boshqaruvi ostida boʻlgan korxonani anglatadi;
g) “xalqaro tashish” atamasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan korxona tomonidan foydalaniladigan dengiz, havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transportida har qanday tashishni anglatadi, dengiz, havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalarining faqat boshqa Ahdlashuvchi Davlat hududida joylashgan punktlar oʻrtasida foydalanilishi bundan mustasno;
h) “vakolatli organ” atamasi:
(i) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisini yoki uning vakolatli vakilini anglatadi; va
(ii) Slovakiya Respublikasiga nisbatan Slovakiya Respublikasi Moliya vazirini yoki uning vakolatli vakilini anglatadi;
j) “fuqaro” atamasi:
i) Ahdlashuvchi Davlat fuqaroligiga ega boʻlgan har qanday jismoniy shaxsni;
ii) Ahdlashuvchi Davlatning amaldagi qonunchiligiga muvofiq oʻz maqomini olgan har qanday yuridik shaxs, hamjamiyat va uyushmani anglatadi.
2. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Davlat tomonidan qoʻllanilganda unda belgilanmagan har qanday atama, agar matn mazmunidan oʻzga maʼno kelib chiqmasa, ushbu Bitim tatbiq etiladigan soliqlarga nisbatan shu Davlatning qonunlariga muvofiq kelib chiqadigan maʼnoni anglatadi.
4-modda
Rezident
Rezident
1. Ushbu Bitim maqsadlarida “Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti” atamasi ushbu Davlatning qonunchiligiga muvofiq oʻzining turar joyi, doimiy boʻlish joyi, boshqaruv organining joylashgan joyi yoki shunga oʻxshash mezonlar asosida soliqqa tortiladigan har qanday shaxsni anglatadi. Biroq ushbu atama shu Davlat manbalaridan yoki unda joylashgan mol-mulkdan daromad olayotgani uchun shu Davlatda soliqqa tortiladigan har qanday shaxsni ham oʻz ichiga olavermaydi.
2. Agar 1-band qoidalariga muvofiq jismoniy shaxs har ikkala Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlsa, unda uning maqomi quyidagi tarzda belgilanadi:
a) shaxs toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy yashash joyi joylashgan Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanadi; agar u ikkala Davlatda toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy yashash joyiga ega boʻlsa, shaxsiy va iqtisodiy aloqalari yaqinroq boʻlgan (hayotiy manfaatlar markazi) Davlatning rezidenti hisoblanadi;
b) agar uning hayotiy manfaatlari markazi boʻlgan Davlatni aniqlab boʻlmasa, yoki Davlatlarning hech birida toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy yashash joyi boʻlmasa, u odatda yashab turgan Davlatning rezidenti hisoblanadi;
c) agar u odatda har ikki Davlatda yashasa, yoki ularning hech birida yashamasa, u qaysi Davlatning fuqarosi boʻlsa, shu Davlatning rezidenti hisoblanadi;
d) agar shaxs har ikkala Davlatning fuqarosi boʻlsa, yoki hech birining fuqarosi boʻlmasa, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari bu masalani oʻzaro kelishuv orqali hal qiladilar.
3. Agar 1-band qoidalariga koʻra jismoniy shaxs boʻlmagan shaxs har ikkala Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, u oʻzining boshqaruv organi joylashgan Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanadi.
5-modda
Doimiy muassasa
Doimiy muassasa
1. Ushbu Bitim maqsadlarida “doimiy muassasa” atamasi bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda toʻliq yoki qisman tadbirkorlik faoliyatini olib boradigan doimiy faoliyat joyini anglatadi.
2. “Doimiy muassasa” atamasi, xususan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) boshqaruv joyi;
b) filial;
c) ofis;
d) fabrika
e) ustaxona; va
f) shaxta, neft yoki gaz qudugʻi, karyer yoki tabiiy resurslar qazib olinadigan har qanday boshqa joy.
3. “Doimiy muassasa” atamasi, shuningdek quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) qurilish maydonchasi, qurilish, montaj qilish yoki yigʻish obyekti yoki ular bilan bogʻliq nazorat qiluvchi faoliyat, biroq bunday maydoncha, obyekt yoki faoliyat faqat 9 oydan ortiq davom etadigan boʻlsa;
b) korxona tomonidan uning shunday maqsadlari uchun yollangan xizmatchilar va boshqa xodimlar orqali xizmatlar, shu jumladan maslahatchilik xizmatlarining koʻrsatilishi, biroq bu turdagi faoliyat (ushbu obyektning oʻzi yoki u bilan bogʻliq obyekt uchun) mamlakat doirasida 12 oylik davr mobaynida jami 6 oydan ortiq davr yoki davrlarni tashkil etsa.
4. Ushbu moddaning yuqoridagi qoidalariga qaramay, “doimiy muassasa” atamasi quyidagi faoliyat turlarini oʻz ichiga olmaydi:
a) inshootlardan shu korxonaga tegishli boʻlgan tovar yoki mahsulotlarni faqat saqlash yoxud namoyish qilish maqsadlarida foydalanish;
b) shu korxonaga tegishli boʻlgan tovar yoki mahsulotlar zaxirasini faqat saqlash yoxud namoyish qilish maqsadlarida ushlab turish;
c) shu korxonaga tegishli boʻlgan tovar yoki mahsulotlar zaxirasini boshqa korxona tomonidan faqat ishlov berish yoki qayta ishlash maqsadlarida ushlab turish;
d) doimiy faoliyat joyini faqat tovar yoki mahsulotlar sotib olish yoki mazkur korxona uchun maʼlumotlar yigʻish maqsadida ushlab turish;
e) doimiy faoliyat joyini ushbu korxona uchun faqat boshqa har qanday tayyorgarlik yoki yordamchi tusdagi faoliyatni amalga oshirish maqsadlari yoʻlida ushlab turish;
f) doimiy faoliyat joyining faqat a) - e) kichik bandlarida qayd etilgan faoliyat joyining bunday majmuasidan kelib chiqadigan jami faoliyati tayyorlov yoki yordamchi tusga ega boʻlgan holatdagina shunday deb qabul qilinadi.
5. 1- va 2-bandlar qoidalariga qaramay, agar 7-bandda koʻrsatilgan mustaqil maqomli agentdan oʻzga shaxs korxona nomidan faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa va Ahdlashuvchi Davlatda korxona nomidan shartnomalar tuzish huquqiga ega boʻlsa va ushbu huquqlardan odatda foydalansa, bu korxona ushbu shaxs tomonidan shu korxona uchun amalga oshirilgan har qanday faoliyatga nisbatan oʻsha Davlatda doimiy muassasaga ega deb hisoblanadi, agarda bunday shaxsning faoliyati 4-bandda koʻrsatilgan faoliyat turlari bilan cheklanib qolmasa, va bunday faoliyat doimiy faoliyat joyi orqali amalga oshirilgan taqdirda ham bu doimiy faoliyat ushbu bandning qoidalariga asosan doimiy muassasaga aylantirmaydi.
6. Ushbu moddaning yuqoridagi qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatning sugʻurta korxonasi, qayta sugʻurta qilish hollaridan tashqari, agar u boshqa Davlat hududida sugʻurta mukofotlarini yigʻsa, yoki 7-bandga taalluqli mustaqil maqomli agentdan oʻzga shaxs orqali u erda boʻlishi mumkin boʻlgan xavfni sugʻurta qilsa, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga ega deb hisoblanadi.
7. Agar Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi boshqa Davlatda broker, bosh komissioner yoki har qanday boshqa mustaqil maqomli agent orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa, bunday shaxslar oʻzining odatdagi faoliyati doirasida ish yuritgan taqdirda, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga ega deb qaralmaydi.
8. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniyani nazorat qilsa yoki nazorat qilinsa yoki ana shu boshqa Davlatda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa, (doimiy muassasa orqali yoki boshqa tarzda) oʻz-oʻzidan bu kompaniyalardan birini boshqasi uchun doimiy muassasaga aylantirib qoʻymaydi.
6-modda
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkdan olingan daromad (qishloq va oʻrmon xoʻjaligidan olinadigan daromad ham shu jumladan) shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Ushbu Bitimdagi “koʻchmas mulk” atamasi koʻrib chiqilayotgan mulk joylashgan Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligida ifodalangan tushunchaga ega boʻladi. Har qanday holda ham ushbu atama belgilagan koʻchmas mulkka tegishli boʻlgan mulkni, qishloq va oʻrmon xoʻjaligida foydalanadigan chorva mollari va jihozlar, yer ustidagi mulk toʻgʻrisidagi umumiy qonunchilik qoidalari qoʻllaniladigan huquqlar, koʻchmas mulk natijasi boʻlgan uzufrukt va resurslar qatlamlarini qazish uchun tovon sifatida toʻlanadigan oʻzgaruvchan yoki qayd etilgan toʻlovlar huquqini yoki minerallar, manbalar va boshqa tabiiy resurslar qatlamlarini qazish huquqini oʻz ichiga oladi; dengiz va havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalari koʻchmas mulk hisoblanmaydi.
3. 1-band qoidalari koʻchmas mulkdan toʻgʻridan toʻgʻri foydalanish, ijaraga berish yoki boshqa har qanday shaklda foydalanishdan olingan daromadga nisbatan qoʻllaniladi.
4. 1- va 3-bandlar qoidalari, shuningdek korxonaning koʻchmas mulkidan olingan daromadga va mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirishda foydalaniladigan koʻchmas mulkdan olingan daromadga nisbatan ham qoʻllaniladi.
7-modda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromad
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromad
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining foydasi, agar korxona oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan boʻlsa, faqat ushbu Davlatda soliqqa tortiladi. Agar korxona oʻz faoliyatini yuqorida aytilganidek amalga oshirayotgan boʻlsa, korxona foydasi boshqa Davlatda, faqat quyidagilarga tegishli boʻlgan qismi:
a) doimiy muassasaga;
b) doimiy muassasa orqali sotilayotgan tovar yoki mahsulotlar bilan bir xil yoki bir-biriga oʻxshash tovarlar va mahsulotlarning ushbu boshqa Davlatdagi savdosiga; yoki
c) shu boshqa Davlatda doimiy muassasa orqali amalga oshiriladigan shunday yoki oʻxshash boshqa tadbirkorlik faoliyatiga tegishli boʻlsa, soliqqa tortilishi mumkin.
2. 3-band qoidalariga muvofiq agar bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasi tadbirkorlik faoliyatini boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u erda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan boʻlsa, unda har bir Ahdlashuvchi Davlatda ushbu doimiy muassasaga u doimiy muassasa boʻlib, korxonadan mutlaqo mustaqil ravishda ish yuritib, xuddi shunday yoki shunga oʻxshash sharoitlarda, shunday yoki oʻxshash faoliyat bilan mashgʻul boʻlib olinishi mumkin boʻlgan foyda hisoblanadi.
3. Doimiy muassasa foydasini aniqlashda shu doimiy muassasa faoliyati maqsadlarida sarflangan xarajatlarni, jumladan doimiy muassasa joylashgan Ahdlashuvchi Davlatda yoki har qanday oʻzga erda boshqaruv va umumiy maʼmuriy xarajatlarni chegirib tashlashga yoʻl qoʻyiladi.
4. Ahdlashuvchi Davlatda korxona foydasining umumiy qiymatini uning turli boʻlinmalariga mutanosib tarzda taqsimlash asosida doimiy muassasaga tegishli foydani belgilash oddiy hol ekanligiga qaramay, 2-banddagi hech bir qoida oʻsha Davlatda soliqqa tortiladigan foydani shunday taqsimot vositasida aniqlashga xalaqit bermaydi.
Tanlangan taqsimot uslubi ushbu moddaga tegishli tamoyillarga munosib natijalar berishi lozim.
5. Doimiy muassasa tomonidan faqat korxona uchun tovar yoki mahsulotlarning xarid qilinishi asosida ushbu doimiy muassasaga biron-bir foyda yozilmaydi.
6. Avvalgi band maqsadlarida doimiy muassasaga tegishli boʻlgan daromad, agar boshqasi uchun salmoqli va yetarli sabablar boʻlmasa, har yili bir xil uslubda aniqlanadi.
7. Agar foyda ushbu Bitimning boshqa moddalarida alohida aytib oʻtilgan daromad turlarini qamrab oladigan boʻlsa, bu modda qoidalariga ushbu modda qoidalari taʼsir etmaydi.
8-modda
Xalqaro transport
Xalqaro transport
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining xalqaro tashishlarda dengiz, havo, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalarini ekspluatatsiya qilishdan olgan foydasi faqat shu Davlatda soliqqa tortiladi.
2. 1-band qoidalari, transport vositalarini ekspluatatsiya qilish boʻyicha pulda, qoʻshma korxonada yoki xalqaro tashkilotda ishtirok etishdan olingan foydalarga ham qoʻllaniladi.
9-modda
Birlashgan korxonalar
Birlashgan korxonalar
1. Agar
a) Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki mol-mulkida bevosita yoki bilvosita ishtirok etsa, yoki
b) aynan oʻsha shaxslar bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasini va boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonalarini boshqarishda, nazorat qilishda yoki mol-mulkida bevosita yoki bilvosita ishtirok etsa,
va har qanday holatda ikkita korxona oʻrtasida ularning tijorat va moliyaviy munosabatlarida mutlaqo mustaqil boʻlgan korxonalar oʻrtasida boʻladigandan farqli sharoitlar barpo etilsa, ularning birortasiga hisoblanishi mumkin boʻlgan, lekin mavjud sharoitlar tufayli hisoblanmagan foyda ushbu korxona foydasiga qoʻshilishi va tegishli ravishida soliqqa tortilishi mumkin.
2. Qachonki Ahdlashuvchi Davlat shu Davlatning korxonasi foydasiga boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilgan foydasini, shuningdek soliqlarni qoʻshib hisoblasa, va shu tarzda qoʻshilgan foyda birinchi eslatib oʻtilgan Davlat korxonasiga hisoblanishi mumkin boʻlgan foyda boʻlsa, agar ikki korxona oʻrtasidagi yaratilgan munosabatlar mustaqil korxonalar oʻrtasidagi munosabatlardek boʻlsa, unda ushbu boshqa Davlat shu foydadan olinadigan soliq miqdoriga tegishli tahrir qilishi lozim. Bunday tahrir qilishni belgilashda ushbu Bitimning boshqa qoidalariga eʼtibor berilishi lozim va Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari zarur boʻlgan taqdirda bir-birlari bilan oʻzaro maslahatlashuvlarni boshlashlari lozim.
10-modda
Dividendlar
Dividendlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlanadigan dividendlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq bunday dividendlar ularni toʻlayotgan kompaniya qaysi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, ushbu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti dividendlarning haqiqiy egasi boʻlsa, unda shu tarzda undiriladigan soliqning miqdori dividendlar umumiy miqdorining 10 foizidan oshmaydi.
Bu band kompaniyaning dividendlar toʻlanadigan foydasini soliqqa tortilishiga taalluqli emas.
3. “Dividendlar” atamasi mazkur moddada qoʻllanilganda, aksiyalarning hamma turlaridan olinadigan yoki qarz talablari boʻlmagan, foydada ishtirok etish huquqini beruvchi boshqa huquqlardan olinadigan daromadni, shuningdek foydani taqsimlovchi kompaniya rezidenti boʻlgan Davlatning qonunlariga muvofiq aksiyalardan olinadigan daromad kabi soliqlarni tartibga solishga taalluqli boʻlgan boshqa korporativ huquqlardan olinadigan daromadni anglatadi.
4. Agar dividendlarning haqiqiy egasi bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgani holda dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezidenti boʻlgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda oʻz faoliyatini u erda joylashgan doimiy muassasasi orqali amalga oshirsa yoki ushbu boshqa Davlatda u erda joylashgan doimiy bazadan mustaqil xususiy xizmatlar koʻrsatsa va xoldingga nisbatan toʻlanadigan dividendlar aslida shu doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlsa, ushbu moddaning 1- va 2-bandlari qoidalari qoʻllanmaydi. Bunday holda, sharoitga koʻra 7- yoki 14-moddalar qoidalari qoʻllaniladi.
5. Agar bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatdan foyda yoki daromad olayotgan boʻlsa, ushbu boshqa Davlat kompaniya toʻlayotgan dividendlardan soliq olishi mumkin emas, qachonki, bunday dividendlarning ana shu boshqa Davlat rezidentiga toʻlanishi yoki qachonki, xoldingga nisbatan toʻlanadigan dividend shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan haqiqatda bogʻliq boʻlgan hollar bundan mustasno, shuningdek toʻlanayotgan dividendlar yoki taqsimlanmagan foyda ana shu boshqa Davlatda toʻla yoki qisman hosil boʻlgan foyda yoki daromaddan tashkil topgan boʻlsa ham kompaniyaning taqsimlanmagan foydasidan soliqlar olinmaydi.
11-modda
Foizlar
Foizlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan foizlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Ammo bunday foizlar hosil boʻlgan ushbu Ahdlashuvchi Davlatda shu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo (foizning haqiqiy egasi) boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, bu holda soliqning miqdori foizlar umumiy miqdorining 10 foizidan oshmasligi lozim.
3. “Foizlar” atamasi ushbu moddada qoʻllanilganda ipoteka taʼminotidan qatʼi nazar, qarzdorning foydasida xususan, hukumat qimmatbaho qogʻozlaridan olinadigan daromadlarda va obligatsiyalar yoki qarz majburiyatlaridan olinadigan daromadda, shu jumladan ushbu qimmatbaho qogʻozlar, obligatsiyalar va qarz majburiyatlari boʻyicha olinadigan mukofotlar va yutuqlarda qatnashish huquqidan qatʼi nazar, har qanday turdagi qarz talablaridan olinadigan daromadni bildiradi. Oʻz vaqtida toʻlanmagan toʻlovlar uchun jarimalar ushbu modda maqsadlarida foizlar sifatida qaralmaydi.
4. Agar foizlarning haqiqiy egasi bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻla turib, doimiy muassasi orqali foizlar hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda tijorat faoliyati olib borayotgan boʻlsa, yoki ushbu boshqa Davlatda joylashgan doimiy bazasidan mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatgan yoki koʻrsatayotgan boʻlsa va foizlar toʻlanayotgan qarz talabnomalari shunday doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga haqiqatan tegishli boʻlsa, 1- va 2-band qoidalari qoʻllanmaydi. Bu holda sharoitga koʻra 7-modda yoki 14-modda qoidalari qoʻllaniladi.
5. Foizlarni toʻlovchi qaysi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, foizlar ushbu Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi. Biroq foizlarni toʻlovchi shaxs, Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga ega boʻlib, shu tufayli foizlarni toʻlash majburiyati vujudga kelgan va bunday foizlar ana shu doimiy muassasa yoki doimiy baza tomonidan toʻlanadigan boʻlsa, bu holda foizlar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan Ahdlashuvchi Davlatda vujudga kelgan, deb hisoblanadi.
6. Agar toʻlovchi va amalda foizlar huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻrtasida yoki ular ikkalasi va qandaydir boshqa bir shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida qarz talabnomasiga nisbatan toʻlanayotgan foizlar miqdori toʻlovchi va amalda foizlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilgan miqdordan oshiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda ushbu modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bu holda toʻlovning ortiqcha qismidan ushbu Bitimning boshqa qoidalarini inobatga olgan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq avvalgidek soliqqa tortiladi.
12-modda
Royalti
Royalti
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan royaltilar, agar bu rezident royaltilarning haqiqiy egasi boʻlsa, ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq bunday royaltilar ular hosil boʻladigan Ahdlashuvchi Davlatda ana shu Davlat qonunlariga muvofiq soliqqa tortilishi mumkin, ammo bu daromadlarni oluvchi royaltining egasi boʻlsa, shu tarzda olinadigan soliq royaltilar yalpi miqdorining 10 foizidan oshib ketmasligi lozim.
3. “Royalti” atamasi ushbu moddada qoʻllanilganda har qanday adabiyot, sanʼat yoki fan asarlarini, xususan, radio va televideniye eshittirishlari yoki kinofilmlar uchun har qanday patent, tovar belgisi, chizma yoki model, jadval, kompyuter dasturi, maxfiy formula yoki jarayon uchun mualliflik huquqidan foydalanganlik yoki shu huquqni berganlik uchun yoki sanoat, tijorat yoki ilmiy asbob-uskunalardan foydalanish huquqidan foydalanganlik yoki shu huquqni berganlik uchun yoki sanoat, tijorat yoki ilmiy tajribaga mansub axborot uchun mukofot tarzida olingan har qanday koʻrinishdagi toʻlovlarni bildiradi.
4. Agar royaltilarning haqiqiy egasi bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlib, royalti hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u erda joylashgan doimiy muassasa orqali tijorat faoliyatini yuritayotgan boʻlsa yoki ushbu boshqa Davlatda u erda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil xizmatlarni amalga oshirsa va royalti toʻlanayotgan mulk amalda shunday doimiy muassasa yoki doimiy bazaga bogʻliq boʻlsa, 1- va 2-bandlarning qoidalari qoʻllanilmaydi. Bu holda vaziyatga koʻra 7- yoki 14-moddalar qoidalari qoʻllaniladi.
5. Agar toʻlovchi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, royalti shu Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi. Biroq, royaltini toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidentimi yoki yoʻqmi, bundan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda royaltini toʻlash majburiyati zimmasiga tushgan doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga ega boʻlsa, bu doimiy muassasa yoki baza joylashgan shu Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi.
6. Agar toʻlovchi va amalda royalti huquqiga ega shaxs oʻrtasidagi yoki ularning ikkovi va boshqa bir shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida royaltining foydalanish huquqi yoki axborot uchun toʻlangan miqdori va amaldagi shu daromadlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilgan miqdordan oshiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda, ushbu modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bu holda, toʻlovning ortiqcha qismi ushbu Bitimning boshqa qoidalari inobatga olingan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq soliqqa tortiladi.
13-modda
Mulk qiymatining oʻsishidan olinadigan daromadlar
Mulk qiymatining oʻsishidan olinadigan daromadlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda 6-moddada eslatib oʻtilgan koʻchmas mulkni tasarruf etishdan, mulk qiymatining oʻsishidan olinadigan daromadlar ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasi tijorat mulkining bir qismini tashkil etuvchi koʻchar mulkni tasarruf etishdan olgan yoki bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirishda bemalol foydalanishi mumkin boʻlgan, jumladan doimiy bazaga taalluqli koʻchar mulkni tasarruf etishdan olgan daromadlari, shu doimiy muassasa (alohida yoki korxona bilan birga) yoki shunday doimiy bazani tasarruf etishdan olgan daromadi ham qoʻshib ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
3. Bir Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi xalqaro yuk tashishlarda foydalanadigan dengiz va havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalarini ishlatishda foydalanadigan koʻchar mulkni tasarruf etishdan olingan daromadlari faqat ana shu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
4. Bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti mol-mulkning 50 foizidan ortigʻi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkdan iborat boʻlgan kompaniyaning aksiyalarini yoki kompaniyada qatnashishning boshqa ulushlarini tasarruf etishdan olgan daromadlari shu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
5. Ushbu moddaning 1-, 2-, 3- va 4-bandlarida qayd etilmagan istalgan boshqa mulkni tasarruf etishdan olinadigan daromadlar mulkni tasarruf etayotgan shaxs rezidenti hisoblangan Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
14-modda
Mustaqil shaxsiy xizmatlar
Mustaqil shaxsiy xizmatlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining kasb xizmatlarini koʻrsatish yoki boshqa mustaqil tusdagi faoliyatlardan olgan daromadlari faqat ana shu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin, bunda uning boshqa Ahdlashuvchi Davlatda shu xizmatlarni amalga oshirish uchun qulay doimiy bazaga ega boʻlgan holatlari bundan mustasnodir. Agar u bunday doimiy bazaga ega boʻlsa, daromadga ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda, faqat shunday doimiy bazaga tegishli qismi soliqqa tortilishi mumkin.
2. “Mustaqil kasbiy xizmatlar” atamasi asosan ilmiy, adabiy, artistlik, maʼrifiy yoki oʻqituvchilik faoliyatlarini, shuningdek vrachlar, huquqshunoslar, muhandislar, meʼmorlar, stomatologlar va buxgalterlarning mustaqil faoliyatini qamrab oladi.
15-modda
Yollash bilan bogʻliq shaxsiy xizmatlar
Yollash bilan bogʻliq shaxsiy xizmatlar
1. 16-, 18- va 19-moddalar qoidalarini hisobga olib, bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining yollash boʻyicha oladigan maoshi, ish haqi va yollash munosabati bilan olingan shu kabi taqdirlash qiymati faqat ana shu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin, agar yollash boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirilmagan boʻlsa. Agar yollanma ish shu tariqa bajariladigan boʻlsa, unda shu munosabat bilan olingan ragʻbatlantirish haqi ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. 1-bandning qoidalariga qaramay, bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshiradigan yollanma xizmatlari uchun oladigan taqdirlash haqlari faqat birinchi eslatilgan Davlatda soliqqa tortiladi, agar:
a) taqdirlash haqini oluvchi boshqa Davlatda boshlanayotgan yoki tugayotgan istalgan oʻn ikki oylik davr doirasida jami 183 kundan oshmaydigan davr yoki davrlar mobaynida boʻlsa, va
v) taqdirlash haqi yollovchi tomonidan yoki boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlmagan yollovchi nomidan toʻlansa, va
s) yollovchi boshqa Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa yoki doimiy baza taqdirlash haqi boʻyicha xarajatlarni qoplamasa.
3. Ushbu moddaning avvalgi qoidalariga qaramay, bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasi tomonidan xalqaro tashishlarda foydalaniladigan dengiz, havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalarida amalga oshiriladigan yollanma ish uchun oladigan taqdirlash haqlari ana shu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
16-modda
Direktorlarning gonorarlari
Direktorlarning gonorarlari
Bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniyaning Direktorlar Kengashi yoki boshqa shunga oʻxshagan organining aʼzosi sifatida oladigan direktorlar gonorarlari va boshqa shunga oʻxshagan toʻlovlari ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
17-modda
Sanʼat xodimlari va sportchilar
Sanʼat xodimlari va sportchilar
1. 14- va 15-moddalar qoidalariga qaramay bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining teatr, kino, radio yoki televideniye artisti yoki musiqachi yoki sportchisi kabi sanʼat xodimi sifatida ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatdagi shaxsiy faoliyati tufayli oladigan daromadi shu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Sanʼat xodimi yoki sportchi amalga oshirgan shaxsiy faoliyatga nisbatan daromad sanʼat xodimi yoki sportchining oʻziga emas, boshqa shaxsga yozilsa, 7- , 14- va 15-moddalari qoidalariga qaramay ushbu daromad sanʼat xodimi yoki sportchi faoliyat koʻrsatgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
3. Agar birinchi eslatib oʻtilgan Davlatga boʻlgan tashrif toʻlaligicha bir yoki ikkala Ahdlashuvchi Davlatning ijtimoiy jamgʻarmalari yoki maʼmuriy-hududiy boʻlinmalari yoxud mahalliy hokimiyati organlari tomonidan mablagʻ bilan taʼminlansa, 1- va 2-bandlarning qoidalari Ahdlashuvchi Davlatda sanʼat xodimi yoki sportchi tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyatdan olinadigan daromadga taalluqli boʻlmaydi. Bu holda, daromad faqat ushbu sanʼat xodimi yoki sportchi rezidenti boʻlgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
18-modda
Nafaqalar
Nafaqalar
19-moddaning 2-bandi qoidalarini hisobga olgan holda, Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga ilgari yollanish boʻyicha ishlaganlik munosabati bilan toʻlanadigan nafaqalar va boshqa oʻxshash toʻlovlar faqat ushbu Davlatda soliqqa tortiladi.
19-modda
Hukumat xizmati
Hukumat xizmati
1. a) Bir Ahdlashuvchi Davlat yoki uning mahalliy hokimiyat organlari tomonidan jismoniy shaxsga ana shu Ahdlashuvchi Davlatga yoki uning mahalliy hokimiyat organlariga koʻrsatgan xizmatlariga nisbatan toʻlanadigan maoshlar, ish haqi va boshqa taqdirlash haqlari faqat ana shu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin, nafaqa esa bundan mustasno;
b) Biroq, bunday maoshlar, ish haqi va boshqa shu kabi taqdirlash haqlari xizmatlar faqat boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi, agar mazkur xatti-harakatlar bu Davlatda amalga oshirilsa va jismoniy shaxs shu Davlatning rezidenti boʻlsa, qaysiki:
i) shu Davlatning fuqarosi boʻlsa, yoki
ii) shu xizmatni amalga oshirish maqsadidagina ana shu Davlatning rezidenti boʻlmagan boʻlsa.
2. a) Ahdlashuvchi Davlat yoki mahalliy hokimiyat organlari tomonidan yoki ular tuzgan jamgʻarmadan shu Davlatga yoki mahalliy hokimiyat organlariga koʻrsatgan xizmatlariga nisbatan jismoniy shaxsga toʻlanadigan har qanday nafaqa faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi;
b) Biroq, shunday nafaqa faqat boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi, agar jismoniy shaxs ana shu Davlatning rezidenti va fuqarosi boʻlsa.
3. 15-, 16-, 17- va 18-moddalarning qoidalari Ahdlashuvchi Davlat yoki uning mahalliy hokimiyat organlari amalga oshiradigan tijorat faoliyatlari munosabati bilan koʻrsatiladigan xizmatlarga nisbatan toʻlanadigan maoshlar, ish haqi va boshqa taqdirlash haqlari va nafaqalariga nisbatan qoʻllaniladi.
20-modda
Talabalar
Talabalar
Bir Ahdlashuvchi Davlatga kelgunga qadar bevosita boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanib turgan yoki boʻlgan va birinchi eslatilgan Davlatda faqat oʻqish yoki maʼlumot olish maqsadlaridagina yashab turgan talaba yoki tajribakorning yashash, oʻqish yoki maʼlumot olish uchun moʻljallanib oladigan toʻlovlari ana shu Davlatda, agarda bunday toʻlovlar shu Davlat hududidan tashqaridagi manbalardan paydo boʻlsa, soliqqa tortilmaydi.
21-modda
Boshqa daromadlar
Boshqa daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlat rezidentining ushbu Bitimning oldingi moddalarida aytib oʻtilmagan daromad turlari, daromadning qayerda paydo boʻlishidan qatʼi nazar, faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi.
2. 6-moddaning 2-bandida koʻrsatilgan koʻchmas mulkdan olingan daromaddan tashqari, daromadlarga nisbatan, agarda bunday daromad egasi bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻla turib, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u erda joylashgan doimiy muassasa orqali oʻz faoliyatini amalga oshirsa yoki oʻsha boshqa Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlarni u erda joylashgan doimiy baza orqali amalga oshirsa va daromad toʻlanadigan huquq yoki mulk haqiqatan ham bunday doimiy muassasa yoki baza bilan bogʻlangan boʻlsa, 1-bandining qoidalari qoʻllanilmaydi. Bu holda 7-modda yoki 14-moddaning qoidalari vaziyatga qarab qoʻllaniladi.
22-modda
Mulk
Mulk
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga tegishli boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan 6-moddada aytib oʻtilgan koʻchmas mulk ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagi doimiy muassasasining tadbirkorlikka oid mol-mulkining bir qismi boʻlgan koʻchar mulk yoki bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga boshqa Ahdlashuvchi Davlatda mustaqil yakka tartibdagi xizmatlarini koʻrsatish uchun ega boʻlgan doimiy bazaga tegishli koʻchar mulk ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
3. Ahdlashuvchi Davlat korxonasining xalqaro tashishlarda foydalanadigan dengiz, havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transporti tarzidagi mulki va bunday transport vositalaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan koʻchar mulk faqat ushbu Davlatda soliqqa tortiladi.
4. Ahdlashuvchi Davlat rezidenti mulkining barcha boshqa koʻrinishlari faqat ushbu Davlatda soliqqa tortiladi.
23-modda
Ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik
Ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik
1. Qachonki, bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti ushbu Bitim qoidalariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad olsa yoki mol-mulkka ega boʻlsa, unda birinchi eslatib oʻtilgan Davlat:
a) ushbu rezidentning daromadidan olinadigan soliqdan boshqa Davlatda toʻlangan daromad soligʻiga teng qiymatni chegirib tashlashi;
b) shu boshqa Davlatda toʻlangan, ushbu rezidentning mol-mulk soligʻiga teng qiymatni chegirib tashlashi lozim.
Bunday chegirma har qanday xollarda ham vaziyatga koʻra boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad yoki mulkka taalluqli chegirma taqdim qilingunga qadar hisoblab chiqiladigan daromad yoki mol-mulkdan olinadigan soliq qismidan ortiq boʻlmasligi lozim.
2. Bitimning boshqa biron-bir qoidasiga muvofiq Ahdlashuvchi Davlat rezidenti oladigan daromad yoki mulk u ega boʻlgan mol-mulk shu Davlatda soliqqa tortishdan istisno etilsa, bu Davlat shunga qaramay bu rezidentning daromadi yoki mol-mulkining qolgan qismini soliqqa tortish qiymatini hisoblab chiqishda istisno etilgan daromad yoki mulkni hisobga olishi lozim.
3. Qachonki, soliq miqdori bir Ahdlashuvchi Davlatning ichki qonunlariga muvofiq beriladigan muayyan maxsus imtiyozli choralarga koʻra soliqqa tortishdan ozod qilingan yoki kamaytirilgan boʻlsa, unda u Ahdlashuvchi Davlatda toʻlangan, deb hisoblanadi va shu bilan birga u ushbu moddaning 1-bandiga binoan boshqa Ahdlashuvchi Davlatning soligʻidan chegirib tashlanishi lozim boʻladi.
24-modda
Kamsitmaslik
Kamsitmaslik
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatning fuqarolari boshqa Ahdlashuvchi Davlatda shu boshqa Davlat fuqarolariga ayni bir xil sharoitlarda shu jumladan, rezidensiyaga nisbatan yoki solinishi mumkin boʻlgandan ortiq har qanday soliq yoki unga aloqador majburiyatlarga, soliqqa tortishdan koʻra mushkulroq yoki unga aloqador hollarga duchor qilinmaydilar. Bunday qoida, shuningdek 1-modda qoidalaridan qatʼi nazar, bir yoki ikkala Ahdlashuvchi Davlat rezidentlari boʻlmagan jismoniy shaxslarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasini soliqqa tortish ushbu boshqa Davlatda aynan shunday faoliyatni amalga oshiruvchi korxonalarni soliqqa tortishdan koʻra yomonroq boʻlmaydi. Ushbu qoida bir Ahdlashuvchi Davlatni boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentini soliqqa tortish boʻyicha oʻz rezidentlariga ularning fuqarolik mavqeyi yoki oilaviy sharoiti asosida beradigan qandaydir shaxsiy imtiyozlar, ozod qilishlar yoki chegirmalar berishga majburlovchi tarzda talqin qilinmasligi lozim.
3. 9-moddaning 1-bandi, 11-moddaning 6-bandi yoki 12-moddaning 6-bandi qoidalari qoʻllaniladigan hollarni istisno qilib, Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga bunday korxonaning soliqqa tortiladigan foydasini aniqlash maqsadlarida toʻlaydigan foizlari, royalti va boshqa tovonlari goʻyoki birinchi eslatilgan Davlat rezidentiga toʻlangani kabi xuddi shunday shartlarga muvofiq chegirib tashlanadi. Xuddi shuningdek, bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga boʻlgan har qanday qarzlari ushbu korxonaning soliqqa tortiladigan mulkini aniqlash maqsadida birinchi eslatib oʻtilgan Davlat rezidentining qarzlarini hisobga olgandek sharoitda hisob-kitob qilib chiqilishi lozim.
4. Bir Ahdlashuvchi Davlatning korxonalari, qaysiki ularning mol-mulklari toʻliq yoki qisman boshqa Ahdlashuvchi Davlatga tegishli boʻlsa yoki bir yoki bir necha rezidentlari tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinsa, birinchi eslatilgan Davlatning shunday korxonalariga solinadigan har qanday soliq solishdan koʻra mushkulroq hollarga duchor qilinmaydi.
5. Ushbu modda qoidalari 2-modda qoidalariga qaramay har qanday turdagi soliqlarga nisbatan qoʻllaniladi.
25-modda
Oʻzaro kelishuv tartiblari
Oʻzaro kelishuv tartiblari
1. Agar shaxs Ahdlashuvchi Davlatlardan biri yoki har ikkalasining harakati unga ushbu Bitimda nazarda tutilganga muvofiq kelmaydigan soliqqa tortishga olib keladi yoki olib kelishi mumkin, deb hisoblasa yoki agarda uning holati ushbu Bitimning 24-modda 1-bandiga muvofiq kelsa, u ushbu Davlatlarning ichki qonunchiligida nazarda tutilgan himoya vositalaridan qatʼi nazar, oʻz arizasini oʻzi fuqarosi boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organiga taqdim etishi mumkin. Ariza ushbu Bitim qarorlariga nomuvofiq soliqqa tortishga olib keluvchi harakatlar toʻgʻrisida birinchi bor bildirilgan vaqtdan boshlab uch yil mobaynida berilishi lozim.
2. Agar vakolatli organ uning eʼtirozini asosli deb topsa va uning oʻzi qoniqtiradigan qarorga kela olmasa, masalani Bitimga muvofiq kelmaydigan soliqqa tortishdan qochish maqsadlarida boshqa Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi bilan oʻzaro kelishib hal qilishga harakat qiladi. Erishilgan har qanday kelishuv Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligida nazarda tutilgan vaqtincha cheklashlar mobaynida bajarilishi lozim.
3. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan har qanday qiyinchilik yoki ikkilanishlarni oʻzaro kelishuv asosida hal qilishga harakat qiladilar. Ular, shuningdek Bitimda nazarda tutilmagan hollarda ham ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida bir-birlari bilan maslahatlashishlari mumkin.
4. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oldingi bandlar maʼnolarini tushunishda hamfikrlikka erishish maqsadida bir-birlari bilan shu jumladan, ularning oʻzlari yoki ularning vakillaridan iborat qoʻshma komissiyalar orqali bevosita aloqada boʻlib turishi mumkin.
26-modda
Axborot almashish
Axborot almashish
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu Bitim qoidalarini qoʻllash uchun yoki ushbu Bitim tatbiq etiladigan Ahdlashuvchi Davlatlarning soliqlarga tegishli qonunchiligi ushbu Bitimga zid boʻlmaydigan darajada foydalanish uchun zarur axborotlar bilan almashib turadilar. Axborot almashish 1-modda bilan cheklanib qolmaydi. Ahdlashuvchi Davlat olgan har qanday axborot, ushbu Davlatning ichki qonunlariga muvofiq olingan axborot kabi maxfiy hisoblanadi hamda faqat baholash yoki yigʻish, majburiy undirish yoki sud orqali taʼqib etish bilan yoxud Bitim tatbiq etiladigan soliqlarga nisbatan appelatsiyalarni koʻrib chiquvchi shaxslar va organlargagina, (xususan, sudlar va maʼmuriy organlar)gagina ochiladi. Bu shaxslar yoki organlar axborotdan faqat shunday maqsadlarda foydalanadilar. Ular ushbu axborotni ochiq sud majlisida yoki yuridik qarorlar qabul qilish chogʻida ochishlari mumkin.
2. Hech qanday holatda ham ushbu moddaning 1-bandi qoidalari Ahdlashuvchi Davlatlar zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklovchi qoidalar sifatida talqin qilinmaydi:
a) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligi va maʼmuriy amaliyotiga zid maʼmuriy choralar oʻtkazish;
b) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga koʻra yoki odatdagi maʼmuriy amaliyoti chogʻida olinishi mumkin boʻlmagan axborotni taqdim etish;
c) savdo, sanoat, tadbirkorlik, tijorat yoki xizmat siri yoki savdo jarayonini fosh etuvchi axborotni yoki ochilishi davlat siyosatiga (ordre public) zid keluvchi axborotni taqdim etish.
27-modda
Diplomatik agentlar va konsullik xizmatchilari
Diplomatik agentlar va konsullik xizmatchilari
Ushbu Bitimning hech bir qoidasi diplomatik agentlar va konsullik xizmatchilarining xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyorlari yoki maxsus bitimlarning qoidalariga muvofiq berilgan soliq imtiyozlariga daxl qilmaydi.
28-modda
Kuchga kirishi
Kuchga kirishi
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning har biri ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun ichki qonunchilikka muvofiq talab qilinadigan protseduralar bajarilganligi toʻgʻrisida bir-birlariga diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar. Ushbu Bitim bunday xabarnoma olingan oxirgi kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim qoidalari:
a) ushbu Bitim kuchga kirgan yildan keyingi taqvimiy yilning birinchi yanvaridan boshlab daromad olinadigan manbalardan undiriladigan soliqlarga nisbatan;
b) Bitim kuchga kirgan yildan keyingi taqvimiy yilning birinchi yanvari va bundan keyingi sanadan boshlab har bir soliqqa tortiladigan yil uchun undiriladigan boshqa daromad va mol-mulk soliqlariga nisbatan qoʻllaniladi.
29-modda
Amal qilishdan toʻxtatish
Amal qilishdan toʻxtatish
Ushbu Bitim Davlatlardan biri uning amal qilishini toʻxtatmaguniga qadar amal qiladi. Har bir Davlat Bitim kuchga kirgan sanadan 5 yil tugagan kundan boshlab istalgan taqvimiy yilning tugashidan kamida 6 oy ilgari diplomatik kanallar orqali uning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida xabarnoma yuborib, Bitimning amal qilishini toʻxtatishi mumkin.
Ushbu holda Bitimning amal qilishi:
a) Bitimni bekor qilish toʻgʻrisidagi bildirish berilgan yildan keyingi taqvimiy yilning birinchi yanvaridan boshlab daromadlar olinadigan manbalardan undiriladigan soliqlarga nisbatan;
b) Bitimni bekor qilish toʻgʻrisidagi bildirish berilgan yildan keyingi taqvimiy yilning birinchi yanvari va bundan keyingi sanadan boshlab har bir soliqqa tortiladigan yil uchun undiriladigan boshqa daromadlar va mol-mulk soliqlariga nisbatan toʻxtatiladi.
Tegishli tartibda vakolat berilgan quyidagi imzo chekuvchilar, shunga guvohlik berib ushbu Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 2003-yil 6-martda ikki nusxada, har biri oʻzbek, slovak va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimning qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matn asosiy deb hisoblanadi.
(imzolar)