Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Bilan Misr Arab Respublikasi Hukumati Oʻrtasida
Bitim
SAVDO TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Misr Arab Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikkala mamlakat xalqlari oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik aloqalarini mustahkamlash hamda teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik asosida har ikki davlat oʻrtasidagi savdo munosabatlarini mustahkamlashga koʻmaklashish niyatida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar har bir davlatning amaldagi qonun va qoidalariga, shuningdek xalqaro savdo huquqiga muvofiq, ikkala mamlakat oʻrtasidagi savdoni rivojlantirish va buning uchun zarur boʻlgan shart-sharoitlarni yaratish uchun barcha chora-tadbirlarini koʻradilar.
Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga iqtisodiy ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlardan oʻzini tiyadi va ushbu maqsadga erishish uchun ushbu Bitim doirasida bor kuchini safarbar etadi.
2-modda
Savdo hamkorligini rivojlantirish uchun oʻzaro manfaatli sharoitlar yaratish maqsadida Tomonlar quyidagilarga taalluqli barcha masalalar borasida bir-birlari uchun eng qulay rejim yaratadilar:
1. Import va eksportga nisbatan qoʻllanadigan bojxona bojlari, soliqlar va yigʻimlar, shu jumladan bunday toʻlovlar, soliqlar va yigʻimlarni undirish usullari.
2. Bojxona rasmiyatchiliklari, tovarlar tranziti, ularni joylash, qayta yuklash va shu singari boshqa xizmatlarga taalluqli nizom va qoidalar.
3. Soliqlar va bevosita yoki bilvosita tarzda undiriladigan istalgan turdagi boshqa ichki yigʻimlar.
4. Bunday toʻlovlarni toʻlash va oʻtkazish metodlari.
5. Ichki bozorda tovarlarni sotish, sotib olish, tashish, taqsimlash va foydalanishga doir qoidalar.
6. Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining milliy qonunlariga muvofiq import va eksport litsenziyalarini berish.
3-modda
Eng qulay rejim qoidalari quyidagilarga tatbiq etilmaydi:
1. Chegaraboʻyi savdosi va yuk tashishni yengillashtirish maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlardan biri qoʻshni davlatlar uchun yaratadigan imtiyozlar.
2. Tomonlardan birining hozirda mavjud boʻlgan yoki kelgusida tashkil etiladigan bojxona uyushmalari, erkin savdo zonalari, yoki savdo-iqtisodiy hamkorligining boshqa shakllaridagi ishtiroki munosabati bilan uchinchi mamlakatlarga yaratiladigan imtiyozlar.
3. Preferensiyalar umumiy tizimiga muvofiq beriladigan imtiyozlar.
4-modda
Tovarlar importi va eksporti har ikki davlatning xalqaro savdo faoliyati yuritish huquqiga ega boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslari tomonidan (quyida shaxslar deb ataladi) kontraktlar tuzish orqali, ikkala davlatning amaldagi qonunlariga rioya qilgan holda, amalga oshiriladi.
5-modda
Ushbu Bitimga muvofiq, tovarlar narxi xalqaro bozor narxlariga muvofiq belgilanadi.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida savdo — iqtisodiy hamkorligiga taalluqli barcha hisob-kitoblar va toʻlovlar, agar Ahdlashuvchi Tomonlar boshqacha kelishib olmagan boʻlsalar, xalqaro bank amaliyotida qabul qilingan shartlar asosida, shuningdek har bir davlatning amaldagi valyuta qonunchiligiga muvofiq ravishda erkin muomaladagi valyutalarda amalga oshiriladi.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlararo savdo-iqtisodiy munosabatlarini tartibga solish borasidagi qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, shuningdek oʻzaro yetkazib beriladigan mahsulotlar va tovarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni bir-biriga taqdim etishni tashkil qiladilar.
8-modda
Tomonlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarini tarifli va tarifsiz ravishda tartibga solib borish, statistik maʼlumotlarni almashish, bojxona tartibotlarini oʻtkazish uchun Jahon Bojxona Tashkiloti (JBT)ning Xalqaro Uygʻun Tizimidan foydalanishga ahdlashib oldilar.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar yuk tashish, transport harakati, shu jumladan tranzit yuklar va yoʻlovchilarni tashish, shuningdek transport tizimlarining oʻzaro harakati tartibi va shartlari Xalqaro yuk tashish qoidalariga muvofiq tartibga solib borilishiga va/yoki Ahdlashuvchi Tomonlarning alohida bitimlariga binoan belgilanishiga rozilik bildirdilar.
10-modda
Ikki xil maqsadda qoʻllanadigan mahsulotlar borasida eksport nazorati siyosatini belgilash uchun Ahdlashuvchi Tomonlar muntazam ravishda maslahatlashuv oʻtkazadilar va bunday eksport nazoratining samarali tizimini yaratish uchun kelishilgan chora-tadbirlarni qoʻllaydilar.
11-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlatlari hududida savdo yarmarkalari, koʻrgazmalarni tashkil etish va oʻtkazishga yordam beradilar, shuningdek savdo delegatsiyalari va guruhlarining safarlarida koʻmaklashadilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining amaldagi qonunlariga muvofiq boshqa Tomonning koʻrgazmalar, yarmarkalar hamda shu singari boshqa ekspozitsion maqsadlar uchun moʻljallangan eksponatlari va tovar namunalarini import boji toʻlovlari va soliqlaridan ozod qiladilar.
Bunday eksponat va namunalar namoyish qilinayotgan mamlakatda shu mamlakat vakolatli organlarining ruxsatisiz, shuningdek import boji va soliqlar toʻlovisiz sotilishi mumkin emas.
12-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimni bajarish va savdo munosabatlarini rivojlantirish yoʻllari va usullarini belgilash uchun hokimiyat vakillaridan iborat Qoʻshma savdo komitetni (bundan keyin Komitet deb ataladi) taʼsis etadilar.
2. Komitet ushbu Bitimni bajarish jarayonida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish hamda ikkala mamlakat oʻrtasidagi tijoriy almashuvni rivojlantirish boʻyicha taklif va mulohazalarni qabul qilish uchun har yili bir marta navbatma-navbat Oʻzbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasida yigʻiladi.
13-modda
Ushbu Bitimning qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash borasida nizolar yuzaga kelsa, Ahdlashuvchi Tomonlar ularni xalqaro huquq meʼyorlarini hisobga olgan holda muzokaralar va maslahatlashuvlar oʻtkazib yoki boshqa maqbul usullar yordamida hal etadilar.
14-modda.
Tomonlarning roziligiga binoan zarur hollarda ushbu Bitimning 15-moddasida koʻrsatilgan tartiblarga muvofiq ushbu Bitimga toʻldirishlar kiritilishi mumkin.
15-modda.
Ushbu Bitim Tomonlar uni kuchga kiritish uchun zarur barcha yuridik protseduralar bajarilganligini bir-birlariga maʼlum qilgan kundan kuchga kiradi va besh yil mobaynida amal qiladi. Ahdlashuvchi Tomonlardan birontasi boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitim faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi niyatidan kamida olti oy avval yozma ravishda xabardor qilmasa, u oʻz-oʻzidan keyingi bir yillik davrlarga uzaytiriladi.
Ushbu Bitim faoliyati toʻxtatilsa, uning qoidalari Bitim amalda boʻlgan davrda yuzaga kelgan, ammo majburiyatlari bajarilmagan, uzogʻi bilan besh yillik muddatli barcha kontraktlarga nisbatan qoʻllanaveradi.
Toshkent shahrida 2001-yil 19-iyunda ikki asl nusxada, oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustun kuchga ega hisoblanadi.
(imzolar)