O‘zbekiston Respublikasi bilan Eron Islom Respublikasi o‘rtasida
Bitim
UShLAB BERISh TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi bilan Eron Islom Jumhuriyati, bundan keyin Davlatlar deb ataluvchilar,
do‘stona munosabatlarni e’tiborga olib,
ushlab berish sohasidagi huquqiy hamkorlikni mustahkamlash niyatida,
quyidagilar to‘g‘risida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ushlab berish majburiyati
Ushlab berish majburiyati
Davlatlarning o‘zlari ushbu Bitim qoidalariga muvofiq shaxslarni so‘rovga ko‘ra sudlovga tortish yoki hukmni ijro etish uchun beradilar.
2-modda
Ushlab berishga olib keladigan huquqbuzarliklar
Ushlab berishga olib keladigan huquqbuzarliklar
Quyidagi hollarda ushlab berish mumkin bo‘ladi:
1. Ushlab berish ikkala mamlakat qonunlariga ko‘ra eng kamida bir yil ozodlikdan mahrum etishga olib keladigan huquqbuzarlik uchun jazoni o‘tash maqsadida talab etilayotgan bo‘lsa.
2. Ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq jazolanadigan huquqbuzarlikka oid hukm yuzasidan va bu jazo muddatining tugashiga kamida olti oy va undan ko‘proq muddat qolgan bo‘lsa.
3-modda
Ushlab berishni rad etish uchun asos
Ushlab berishni rad etish uchun asos
Quyidagi hollarda shaxsni ushlab berish rad etilishi mumkin:
1. Ushlab berilishi so‘ralayotgan shaxs so‘ralayotgan Davlatning fuqarosi bo‘lsa.
2. Agar huquqbuzarlik uchun ushlab berish so‘ralayotgan bo‘lib u siyosiy xususiyatga ega bo‘lsa. Huquqbuzarlikning xususiyatini so‘ralayotgan Davlat belgilaydi.
2.1 Ushbu Bitimga ko‘ra, quyidagi huquqbuzarliklar siyosiy xususiyatga ega huquqbuzarlik hisoblanmaydi:
a) Havo kemalarini noqonuniy egallashning oldini olish to‘g‘risida imzolash uchun Gaaga shahrida 1970-yil 16-dekabrda ochilgan konvensiyaga muvofiq huquqbuzarliklar;
b) Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi qaratilgan noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish to‘g‘risida imzolash uchun Monreal shahrida 1971-yil 21-sentabrda ochilgan konvensiyaga muvofiq huquqbuzarliklar;
v) Xalqaro muhofazaga ega bo‘lgan shaxslarga, bunga diplomatik agentlar ham kiradi, qarshi qaratilgan jinoyatlarning oldini olish va barham berish to‘g‘risida imzolash uchun Nyu-York shahrida 1973-yil 14-dekabrda ochilgan konvensiyaga muvofiq huquqbuzarliklar.
3. Ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovga olib kelgan huquqbuzarlik so‘ralayotgan Davlat hududida yoki ushbu Davlatning hududidan tashqarida, biroq uning yurisdiksiyasiga taalluqli hududda amalga oshirilgan bo‘lsa.
4. Davlatlardan har birining qonun-qoidalariga ko‘ra qilmish sudlovga olib kelmaydigan bo‘lsa yoinki ba’zi sabablarga binoan hukmni ijro etish imkoni bo‘lmasa.
Ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovni bajarish rad etiladigan bo‘lsa, so‘rayotgan Davlatga bu haqda xabar beriladi.
4-modda
Ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov uchun zarur hujjatlar
Ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov uchun zarur hujjatlar
Ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovga quyidagi ma’lumot ilova qilinadi:
1. So‘rayotgan Davlatning nomi.
2. So‘rayotgan Davlatning qilmishni jinoyat sifatida baholaydigan tegishli qonuniga oid qoidalar matni.
3. Ushlab berilishi so‘ralayotgan shaxsning familiyasi va ismi (ota ismi), uning fuqaroligi, yashash yoki bo‘lib turish joyi va boshqa zarur materiallar, shuningdek, iloji bo‘lsa bu shaxsning fotorasmlari, barmoq izlari va boshqa axborot ilova etilgani holda og‘zaki qiyofasi.
4. Suddagi ko‘rsatmalar va tekshiruv tafsilotlari hamda ilova qilinishi mumkin bo‘lgan boshqa hujjatlar.
5. Hukm, hibsga olish uchun order, chaqiruv qog‘ozi va boshqa tegishli hujjatlar. Agar mahkum jazoning bir qismini o‘tagan bo‘lsa, jazoning shu qismi o‘talgani haqida axborot bo‘lishi lozim.
Basharti so‘ralayotgan Davlat qo‘shimcha izohlar lozim deb topsa, ushlab berish so‘rayotgan Davlatdan zarur axborotni so‘rab olishi mumkin. Talab etilayotgan axborot 30 kun ichida taqdim etilishi kerak. So‘rab olinayotgan axborot va hujjatlarni ololmagan bo‘lsa, so‘ralayotgan Davlat ushlab berilishi so‘ralayotgan mahbusni ozod qiladi.
5-modda
Til
Til
Mazkur hujjatlar so‘rayotgan Davlatning qonunlarida ko‘rsatilgan talablarga muvofiq ravishda tayyorlanadi. Hujjatlarning so‘ralayotgan Davlat tiliga tarjimasi ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovga ilova etiladi.
Hujjatlar tarjimasining aniqligi so‘rayotgan Davlatning diplomatik vakolatxonasi bu mamlakat yo so‘ralayotgan Davlatning rasmiy tarjimoni tarafidan tasdiqlanadi.
6-modda
Ushlab berilishi so‘ralayotgan shaxsni hibsga olish
Ushlab berilishi so‘ralayotgan shaxsni hibsga olish
So‘ralayotgan Davlat ushlab berish to‘g‘risida olingan so‘rovga binoan, 3-moddada ko‘rsatilgan holatlarni hisobga olib, o‘z milliy qonunlariga muvofiq ravishda talab etilayotgan shaxsni hibsga olish choralarini ko‘radi.
7-modda
Ushlab berish to‘g‘risida so‘rov olingunicha tutib turish
Ushlab berish to‘g‘risida so‘rov olingunicha tutib turish
1. So‘ralayotgan Davlat oshig‘ich hollarda, agar so‘rayotgan Davlatning vakolatli organlari hibsga olish to‘g‘risida order yoki boshqa hujjatlar berilganligini xabar qilib, ushlab berish to‘g‘risida so‘rov uchun hujjatlar darhol jo‘natilishiga va’da bersalar, shaxsni hibsga olishi mumkin. So‘rayotgan Davlatga bunday hibsga olish to‘g‘risida ma’lum qilinadi.
2. So‘rayotgan Davlat 1-bandda ko‘rsatilgan tarzda hibsga olish amalga oshirilganidan keyin 1 oy davomida ushlab berish to‘g‘risida so‘rov hujjatlarini taqdim etmasa, ushlangan shaxs ozod etiladi.
8-modda
Berishni kechiktirish
Berishni kechiktirish
1. Ushlab berilishi so‘ralayotgan shaxs so‘ralayotgan Davlat hududida boshqa jinoyati uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan yoki jazoni o‘tayotgan bo‘lsa, ushlab berish ish bo‘yicha tadbirlar yakunlanishiga qadar, jazoni o‘tab bo‘lish yoki muddatidan oldin ozod qilinishiga qadar kechiktirilishi mumkin.
2. Ushlab berishning kechiktirilishi javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketishiga sabab bo‘lsa yoki huquqbuzarlikni tekshirishni qiyinlashtiradigan bo‘lsa, shaxs so‘rayotgan Davlatning maxsus so‘rovi bo‘yicha vaqtincha ushlab berilishi mumkin. Vaqtincha ushlab berilgan shaxs so‘ralayotgan Davlatga ushlab berilganidan so‘ng uch oy muddat ichida qaytarilishi lozim.
9-modda
Bir necha davlatning talabiga ko‘ra ushlab berish
Bir necha davlatning talabiga ko‘ra ushlab berish
Shaxsni ushlab berishni bir necha davlat talab qilsa, qaysi davlatga ushlab berishni so‘ralayotgan Davlat o‘zi hal qiladi.
10-modda
Ushlab berilgan shaxsni jazolashda cheklashlar
Ushlab berilgan shaxsni jazolashda cheklashlar
1. Ushlab berilgan shaxs so‘ralayotgan Davlatning roziligisiz so‘rovda ko‘rsatilganidan bo‘lak huquqbuzarlikni amalga oshirganligi uchun jazoga tortilishi mumkin emas.
2. Ushlab berilgan shaxs so‘ralayotgan Davlatning oldindan roziligi olinmasdan turib uchinchi davlatga berib yuborilmasligi lozim.
3. Ushlab berilgan shaxs jinoiy ta’qib, jazoni o‘tash tugaganligi yoki istalgan qonuniy asosda ozod etilganidan keyin imkoni bo‘lgani holda 15 kun davomida, so‘rayotgan Davlat hududini tark etmagan yoki so‘rayotgan Davlat hududini tark etib, yana unga ixtiyoriy ravishda qaytib kelgan bo‘lsa so‘ralayotgan Davlatning roziligini olish talab etilmaydi. Berilgan shaxs so‘rayotgan Davlat hududini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga binoan tark etish imkoni bo‘lmagan vaqt bunga qo‘shilmaydi.
11-modda
O‘tkazish
O‘tkazish
1. So‘ralayotgan Davlat so‘rayotgan Davlatni ushlab berish to‘g‘risidagi qaroridan xabardor qiladi, bunda ushlangan shaxsni berish vaqti va joyi ko‘rsatiladi.
2. Agar so‘rayotgan Davlat ushlangan shaxsni berish muddatidan keyin 30 kun ichida shaxsni qabul qilib olmasa, u ozod qilinadi.
12-modda
Qaytarish
Qaytarish
Ushlab berilgan shaxs jazoni o‘tashni to‘la yakunlamagani holda boshqa Davlat hududiga qochib o‘tsa, ushlab berish so‘rayotgan Davlatning so‘roviga ko‘ra qaytarib berilishi kerak. Bu holda 4-moddada ko‘rsatilgan hujjatlar talab etilmaydi.
13-modda
Mulkni o‘tkazish
Mulkni o‘tkazish
1. So‘ralayotgan Davlat ushbu Bitimning 2-moddasida ko‘rsatilgan, ushlab berishga olib keladigan huquqbuzarliklarga oid ashyoviy dalillarni, shuningdek huquqbuzarlik obyekti bo‘lgan va so‘rayotgan Davlat talab qilayotgan har qanday mulkni taqdim etadi.
Ushlab berilishi to‘g‘risida ahdlashuvga erishilgan shaxsni uning o‘limi tufayli yoki boshqa biron sababga ko‘ra berish imkoni bo‘lmasa, bunday mol-mulk yoki ashyoviy dalillar boshqa Davlatning so‘roviga ko‘ra beriladi.
2. So‘ralayotgan Davlatning o‘zi ushbu moddaning 1-bandida ko‘rsatilgan ashyoviy dalillar va narsalarga jinoiy ta’qibning boshqa ehtiyoji tufayli muhtoj bo‘lsa, u bularni berishni kechiktirishi mumkin.
3. Uchinchi Davlatlarning huquqi rioya qilinadi va sud ishlab chiqarishi yakunlanganidan keyin mazkur ashyoviy dalillar hamda mol-mulklar so‘ralayotgan Davlatga qaytarib beriladi.
14-modda
Tranzit o‘tkazish
Tranzit o‘tkazish
1. Davlatlardan har biri boshqa Davlatga ushlab berilgan shaxsni uchinchi davlatga tranzit tarzda o‘tkazishga ruxsat beradi. Davlatlar ushbu Bitim qoidalariga ko‘ra ushlab berilishiga yo‘l qo‘yilmaydigan shaxslarni tranzit tarzda o‘tkazish masalasini hal etishga majbur emaslar.
2. Tranzit tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi so‘rov ham ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov singari to‘lg‘aziladi va yuboriladi.
3. Davlatlarning vakolatli organlari har bir konkret holda tranzit tarzda tashishning usuli, yo‘nalishi hamda boshqa tafsilotlarini muvofiqlashtiradilar.
15-modda
Xarajatlar
Xarajatlar
So‘ralayotgan Davlat o‘z hududida ushlab berish yuzasidan barcha xarajatlarni, so‘rayotgan Davlat esa tranzit tarzda tashishning barcha xarajatlarini ko‘taradi.
16-modda
Ko‘maklashish
Ko‘maklashish
Davlatlarning yuridik organlari tegishli idoralar va diplomatik kanallar orqali ushlab berish masalalarida o‘zaro ko‘maklashadilar. Shoshilinch hollarda Davlatlarning vakolatli yuridik organlari bir-birlari bilan bevosita aloqaga kirishishlari mumkin. Har qanday hollarda ushlab berishga taalluqli barcha qog‘oz hamda hujjatlar diplomatik kanallar orqali jo‘natilishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasidan vakolatli organ qilib:
O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi;
Eron Islom Respublikasidan vakolatli organ qilib:
Eron Islom Respublikasi Adliya vazirligi tayinlanadi.
17-modda
Kuchga kirish
Kuchga kirish
Ushbu Bitim Davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingandan so‘ng ratifikatsiya yorliklari almashinganidan keyin o‘ttiz kun o‘tgach kuchga kiradi.
18-modda
Bitimni talqin etish
Bitimni talqin etish
Ushbu Bitimni qo‘llash yuzasidan kelib chiqadigan har qanday bahslar Davlatlar o‘rtasida bevosita muzokaralar o‘tkazish yoki diplomatik kanallar orqali hal etiladi.
19-modda
Bitimning amal qilishi
Bitimning amal qilishi
Ushbu Bitim noaniq muddatga tuzilgan. Istalgan Davlat ikkinchi Davlatga ushbu Bitim faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida diplomatik kanallar orqali uning amal qilishini to‘xtatish sanasigacha olti oy oldin bildirishnoma yuborib, uning faoliyatini to‘xtatishi mumkin.
Tehron shahrida, 2000-yil 11-iyunda, hijriy 1379 yil 22 xo‘rdodda ikki nusxada, har biri o‘zbek, fors va ingliz tillarida tuzildi, bunda ikkala matn bir xil kuchga ega. Ushbu Bitimni talqin qilishda tafovutlar yuzaga chiqsa, ingliz tilidagi matn ustun kuchga ega deb hisoblanadi.
(imzolar)