Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Koreya Respublikasi bilan investitsion hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Koreya Respublikasi bilan investitsion hamkorlikni yanada kengaytirish hamda Bir davlat fuqarolarining boshqa davlat hududidagi vaqtinchalik mehnat faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida 2011-yil 23-avgustda Toshkent shahrida imzolangan bitimni samarali amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki:
koʻrsatib oʻtilgan Bitimning 3-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasiga kelayotgan Koreya Respublikasi fuqarolariga mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnoma Bitim 5-moddasining 2-bandida nazarda tutilgan vizani uzaytirishning tegishli muddatlariga, biroq uch yildan ortiq boʻlmagan muddatga beriladi;
Koreya Respublikasi fuqarolarini koʻrsatib oʻtilgan Bitimning 3-moddasida nazarda tutilgan shaxslar toifalaridan biriga tegishli deb hisoblash Oʻzbekiston Respublikasining roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlari tomonidan berilgan ish beruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga ushbu qarorning 1-bandida koʻrsatilgan Koreya Respublikasi fuqarolari uchun viza uzaytirilganligi va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinganlik uchun davlat boji stavkalarini Koreya Respublikasida xuddi shunday xatti-harakatlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan undiriladigan bojlar miqdoriga muvofiq tenglik asosida oʻzgartirishga ruxsat berilsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 28-noyabr,
331-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 51-son, 576-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)