O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati o‘rtasida
Bitim
Bir davlat fuqarolarining boshqa davlat hududida vaqtincha mehnat faoliyati to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni mustahkamlash va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga bo‘lgan o‘zaro intilishga amal qilib,
bir davlat fuqarolarining boshqa davlat hududida vaqtincha mehnat faoliyati hamkorlikning muhim sohasi ekanini e’tiborga olib,
O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasida tashqi mehnat migratsiyasi jarayonini tartibga solishdagi o‘zaro manfaatdorlikka asoslanib,
quyidagilar to‘g‘risida kelishib oldilar:
1-modda
1. Ushbu Bitim O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasi hududida vaqtincha ishlayotgan fuqarolarining va Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha ishlayotgan fuqarolarining mehnat faoliyati bilan bog‘liq masalalarni tartibga soladi.
2. Ushbu Bitim chet el fuqarolarining kirishi uchun maxsus ruxsatnoma talab etiladigan hududlar, tashkilotlar va obyektlardan tashqari ikki davlatning butun hududida qo‘llaniladi.
2-modda
1. Ushbu Bitimni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organlar (bundan keyin vakolatli organlar deb ataluvchilar) quyidagilardir:
a) O‘zbekiston Respublikasi uchun — Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi;
b) Koreya Respublikasi uchun — Koreya Respublikasining Tashqi ishlar va savdo vazirligi, Koreya Respublikasining Adliya vazirligi.
2. Tomonlar o‘zlarining vakolatli organlariga taalluqli har qanday o‘zgarishlar to‘g‘risida bir-birini diplomatik kanallar orqali oldindan xabardor qiladilar.
3. Tomonlarning vakolatli organlari ushbu Bitimni bajarish bilan bog‘liq masalalarni hal etish uchun ishchi guruhni tuzadilar.
4. Ushbu moddaning 3-bandida ko‘rsatib o‘tilgan ishchi guruh zaruratga qarab navbati bilan O‘zbekiston Respublikasida va Koreya Respublikasida birgalikdagi majlislarni o‘tkazadi.
3-modda
Ushbu Bitim Tomonlar davlatlarining quyidagi toifadagi fuqarolariga nisbatan joriy qilinadi:
a) bir Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududida joylashgan va tijorat faoliyatini amalga oshirayotgan chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarning vakillari yoki malakali xodimlari bo‘lgan fuqarolari;
b) bir Tomon davlatining malakali xodimlari bo‘lgan, boshqa Tomon davlati hududida joylashgan va tijorat faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslarning vakolatxonalarida vaqtincha ishlayotgan fuqarolari;
v) bir Tomon davlatining ushbu Tomon davlati hududida joylashgan kompaniyalar guruhi yoki shunday guruh kompaniyasi bilan mehnat shartnomasini tuzgan va boshqa Tomon davlati hududida joylashgan xuddi shu kompaniyalar guruhining kompaniyasida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolari (bir kompaniyalar guruhi deb bosh kompaniya va kompaniyalardan tarkib topgan kompaniyalar guruhi tushuniladi, bunda bosh kompaniya kompaniyalarni ularning ustav jamg‘armasida o‘z hissasi bilan qatnashishiga asosan yoki ta’sis hujjatlariga muvofiq bevosita yoki bilvosita nazorat qiladi); va
g) ushbu moddada ko‘rsatib o‘tilgan fuqarolarning ularga hamroh bo‘lgan turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan bolalari.
4-modda
1. Tomonlar davlatlarining ushbu Bitimning 3-moddasi a), b) va v) bandlarida ko‘rsatib o‘tilgan fuqarolariga mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadidagi viza taklifnoma asosida rasmiylashtiriladi.
2. Bir Tomon davlatining fuqarolariga taklifnoma boshqa Tomon davlatining vakolatli organi tomonidan rasmiylashtiriladi va ushbu organ tomonidan qabul qiluvchi Tomonning milliy qonunchiligida nazarda tutilgan hujjatlar asosida beriladi.
5-modda
1. Bir Tomon davlatining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari boshqa Tomon davlatining mazkur Bitimning 3-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan fuqarolariga mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida ushbu Tomon davlati hududiga kirish va uzoq vaqt bo‘lish huquqini beruvchi kirish va chiqish sonini cheklamagan holda bir yilgacha bo‘lgan muddatga ko‘p martalik kirish vizasini beradilar.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq berilgan vizaning amal qilish muddati tugagunga qadar vizaning amal qilish muddati va ko‘rsatib o‘tilgan vizaga ega bo‘lgan shaxsning bo‘lish davri har bir holatda uzaytirish to‘g‘risida ariza berilganda, agar uzaytirish joiz emasligiga oqilona asoslar bo‘lmasa, quyidagi tarzda uzaytiriladi:
a) 3-moddaning a) bandida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarga nisbatan — 3 (uch) yilga;
b) 3-moddaning b) va v) bandlarida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarga nisbatan — ularning mehnat shartnomasi uzaytirilgan, ammo 3 (uch) yildan oshmaydigan muddatga;
v) 3-moddaning g) bandida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarga nisbatan — ular hamroh bo‘lgan shaxslar uchun berilgan viza muddatiga.
3. Ushbu moddada ko‘rsatib o‘tilgan vizalar shunday vizaga ega bo‘lgan shaxsga bo‘lish davlati hududidan chiqib ketishni talab qilmasdan uzaytirilishi mumkin.
4. Bo‘lish muddatini va vizaning amal qilish muddatini uzaytirishga ruxsat berish to‘g‘risidagi ariza bunday ariza berilgan kundan boshlab 15 kun davomida ko‘rib chiqilishi lozim.
5. Ushbu moddada ko‘rsatib o‘tilgan viza Tomonlarning vakolatli davlat organlari tomonidan o‘z davlatlarining qonunchiligiga muvofiq uzaytiriladi.
6-modda
1. Davlatlar hududida ishlashga ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar bunday ruxsatnomani so‘rayotgan kompaniyalarga nisbatan yurisdiksiyaga ega bo‘lgan tegishli vakolatli organlarga berilishi mumkin.
2. Bitim joriy etiladigan ishlash uchun ruxsatnoma, agar qabul qiluvchi Tomon davlati qonunchiligida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, berilgan ruxsatnoma muayyan ish beruvchiga nisbatan va qabul qiluvchi davlat hududida haqiqiy hisoblanadi.
3. Tomonlar davlatlari hududida joylashgan yuridik shaxslarning vakolatxonalaridan akkreditatsiya qilinishi lozim bo‘lgan xodimlarni jalb qilish uchun mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish talab etilmaydi.
7-modda
1. Chet el fuqarolari uchun bir Tomon davlati qonunchiligida nazarda tutilgan huquq va erkinliklar boshqa Tomon davlatining ushbu Bitimning 3-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan fuqarolariga ham kafolatlanadi.
2. Tomonlar ushbu Bitimning 3-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘radi.
3. Ushbu Bitim qoidalari Tomonlar davlatlarining ushbu Bitimning 3-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan fuqarolarini qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga rioya qilish majburiyatidan ozod qilmaydi.
8-modda
Tomonlar davlatlarining ushbu Bitimning 3-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan fuqarolariga qabul qiluvchi davlatning chet el fuqarolariga nisbatan qo‘llanuvchi qonunchiligiga muvofiq tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
9-modda
Agar Tomonlar davlatlarining fuqarolariga muayyan turdagi ishlarni bajarish uchun maxsus malaka talab etilsa, bu fuqarolar qabul qiluvchi davlatning qonunchiligiga muvofiq shunday malakani tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.
10-modda
1. Tomonlar davlatlarining ushbu Bitimning 3-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan fuqarolarining ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bo‘yicha mehnat faoliyati qabul qiluvchi davlatning qonunchiligiga muvofiq tartibga solinadi.
2. Tomonlar davlatlarining ushbu Bitimning 3-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan fuqarolari xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarida ko‘rsatilgandan tashqari hech qanday boshqa haq to‘lanadigan ishni bajarishlari mumkin emas.
3. Agar Tomonlar davlatlarining fuqarolari ushbu Bitimning 3-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan mezonlarga keyinchalik mos kelmasa, ularga chet el fuqarolariga qo‘llanadigan qabul qiluvchi davlat qonunchiligi tomonidan beriladigan umumiy sharoitlar va yashash tartibi joriy etiladi.
11-modda
Tomonlar davlatlarining ushbu Bitimning 3-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan fuqarolarining qabul qiluvchi davlat hududiga kirishi va ularning qabul qiluvchi davlatdan chiqishi uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar fuqarolar tomonidan yoki qabul qiluvchi kompaniya tomonidan to‘lanadi.
12-modda
Ushbu Bitimni talqin qilish va qo‘llash bilan bog‘liq har qanday kelishmovchiliklar Tomonlar o‘rtasida o‘zaro maslahatlashuvlar yo‘li bilan hal etiladi.
13-modda
Tomonlar o‘zaro kelishuv bo‘yicha ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanuvchi alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan va ushbu Bitimning 14-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiruvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishi mumkin.
14-modda
1. Tomonlar ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan tegishli davlat ichki protseduralari tugallangani to‘g‘risida bir-birini yozma shaklda diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar. Bitim so‘nggi xabarnoma taqdim etilgan sanadan keyin keluvchi ikkinchi oyning birinchi kunida kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim uch yil muddatga tuziladi va agar Tomonlardan hech biri boshqa Tomonni tegishli davrning tugashidan kamida uch oy oldin yozma ravishda xabardor qilish yo‘li bilan o‘zining uning amal qilishini to‘xtatish maqsadi to‘g‘risida ma’lum qilmasa, keyingi bir yillik davrlarga o‘z-o‘zidan uzaytiriladi. Ushbu Bitim bekor qilinganda uning qoidalariga muvofiq ega bo‘lingan huquqlar Tomonlar boshqacha kelishgunlariga qadar to‘xtatilmaydi.
3. Ushbu Bitimning amal qilishi to‘xtatilganda uning qoidalari mehnat shartnomalariga nisbatan bu shartnomalar tuzilgan muddat tugagunga qadar va ushbu Bitimning amal qilishi davrida taqdim etilgan ishlash uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddatiga nisbatan ular berilgan muddat tugaguniga qadar kuchida qoladi.
2011-yil 23-avgustda Toshkent shahrida har biri o‘zbek, koreys va ingliz tillarida ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqin qilishda har qanday tafovutlar yuzaga kelganda ingliz tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)