Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Ijroiya Hokimiyati oʻrtasida
Bitim
Fuqarolarning oʻzaro kelib-ketish shartlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Ijroiya Hokimiyati bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat va ularning xalqlari oʻrtasida doʻstona munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida,
ikki davlat fuqarolarining oʻzaro kelib-ketish rejimini tartibga solish istagiga amal qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar davlatlarining fuqarolari ushbu Bitimning Ilovasida koʻrsatib oʻtilgan ularning shaxslari toʻgʻrisida guvohlik beruvchi va fuqaroliklarini tasdiqlovchi hujjatlar asosida boshqa Tomon davlatining hududiga vizasiz kirishlari, chiqishlari, boʻlishlari va tranzit oʻtishlari mumkin.
2-modda
Ushbu Bitimning amal qilinishi taalluqli boʻlgan ikkala Tomon davlatlarining fuqarolari uchinchi davlatlarga davlat chegarasidan oʻtish uchun belgilab qoʻyilgan oʻtkazish punktlari orqali Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiliklariga muvofiq davlat chegarasini kesib oʻtishda zarur boʻlgan tartiblarga rioya qilib Tomonlar davlatlaridan birining hududi orqali kirishlari, chiqishlari va tranzit oʻtishlari mumkin.
3-modda
Tomonlar davlatlarining fuqarolari boshqa Tomon davlati hududida boʻlgan vaqtlarida bu Tomon davlatining qonun va qoidalariga, shu jumladan xorijiy fuqarolar uchun oʻrnatilgan roʻyxatdan oʻtish (vaqtincha propiska), boʻlib turish va yurish qoidalariga rioya etishlari lozim.
4-modda
Tomonlar davlatlari yangi hujjatlarni amalga kiritgan holda, Tomonlar ularning amalga kirishiga qadar kamida 1 (bir) oy ilgari bu hujjatlarning nusxalarini diplomatik kanallar orqali almashadilar.
Tomonlar davlatlarining Tashqi ishlar vazirliklari xorijiy fuqarolarning kirish, chiqish, boʻlib turish tartibiga doir amaldagi qonunchilik toʻgʻrisidagi axborotni va bu sohadagi boshqa axborotni almashadilar.
5-modda
Tomonlar zaruratga kura ushbu Bitimni bajarish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish uchun maslahatlashuvlar olib boradilar.
Ushbu Bitimning qoidalarini bajarish yoki qoʻllash davomida yuzaga keladigan kelishmovchilik yoki bahsli masalalar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar orqali hal qilinadi.
6-modda
Tomonlarning kelishuvlariga koʻra ushbu Bitimga oʻzgartish va toʻldirishlar kiritilishi mumkin. Ular alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi hamda ushbu Bitimning 9-moddasida koʻzda tutilgan tartibga muvofiq kuchga kiradi.
7-modda
Tomonlarning har biri davlat xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibi yoki aholi sogʻligʻini saqlash uchun zarur boʻlsa, ushbu Bitimning amal qilishini vaqtincha, butunlay yoxud qisman toʻxtatish huquqiga egadirlar.
Tomonlar bunday choralarni qabul qilish yoki bekor qilish toʻgʻrisida oldindan, lekin qaror qabul qilingandan keyin kamida 72 soat ilgari bir-birlarini diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar.
8-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning ular ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
9-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab oʻttiz kun oʻtgach kuchga kiradi va Tomonlardan biri ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonning rasmiy xabarnomasini olgan sanadan boshlab toʻqson kun oʻtgunga qadar amal qiladi.
Tbilisi shahrida 2003-yil 10-oktabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, gruzin va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimning qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda Tomonlar rus tilidagi matnga amal qiladilar.
(imzolar)
2003-yil 10-oktabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Ijroiya Hokimiyati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro qatnov shartlari toʻgʻrisida Bitimga
Ilova
Ilova
Bir Tomon davlati fuqarolarining boshqa Tomon davlati hududi boʻylab kirish, chiqish va yurishlari uchun hujjatlar
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun:
1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro pasporti,
2. Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik pasporti.
3. Havo kemasi ekipaji aʼzosining uchish guvohnomasi (parvoz topshiriqnomasida yozuv boʻlgan taqdirda).
4. Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi (faqat Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish uchun).
5. 16 yoshgacha boʻlgan bolalarning tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnomasi (ularning qonuniy vakillari kuzatuvi ostida faqat Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish uchun).
6. 16 yoshga toʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining guvohnomasi.
7. Zobitning shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma.
Gruziya fuqarolari uchun:
1 Gruziya pasporti.
2. Gruziya diplomatik pasporti.
3. Gruziya xizmat pasporti.
4. Havo kemasi ekipaji aʼzosining uchish guvohnomasi (parvoz topshiriqnomasida yozuv boʻlgan taqdirda).
5. Gruziyaga qaytish guvohnomasi (faqat Gruziyaga qaytish uchun).
6. 16 yoshgacha boʻlgan bolalarning tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnomasi (ularning qonuniy vakillari kuzatuvi ostida faqat Gruziyadan chiqish uchun).
7. Zobitning shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma.