Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
BOJXONA IShLARIDA HAMKORLIK VA OʻZARO KOʻMAK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar;
bojxona qonunlarining buzilishi ular tegishli davlatlarining iqtisodiy, fiskal, ijtimoiy va savdo manfaatlariga ziyon keltirishini eʼtirof etib;
bojxona huquqbuzarligining oldini olish boʻyicha va import bojlari, soliqlar hamda yigʻimlarning hamda toʻlovlarning toʻgʻri undirilishini taʼminlash boʻyicha saʼy-harakatlar ularning bojxona organlari oʻrtasidagi hamkorlikning yanada samarali boʻlishi mumkinligiga ishonch hosil qilib;
Bojxona hamkorligi kengashining oʻzaro maʼmuriy koʻmak toʻgʻrisida 1953-yil 5-dekabrdagi Tavsiyalarini eʼtiborga olib;
shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Giyohvandlik vositalar boʻyicha 1961-yildagi kelgusi oʻzgartish va toʻldirishlari bilan birga Yagona Konvensiya, Psixotrop moddalar boʻyicha 1971-yildagi Konvensiya qoidalari, shuningdek BMTning Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy yurgizilishiga qarshi kurash toʻgʻrisida 1988-yildagi Konvensiyasining qoidalarini eʼtiborga olib;
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
Tushunchalar
1-modda
1-modda
Ushbu Bitim maqsadida qoʻllaniladigan atamalar quyidagilarni anglatadi:
1. “Bojxona qonunlari” tovarlar, valyuta va boshqa boyliklar, xalqaro pochta joʻnatmalarini import, eksport va tranzit qilish tartibi yoki bojxona organlari tarafidan bojxona bojlari, soliqlar, yigʻimlar yoki toʻlovlar, imtiyozlar berish yoki taqiq va cheklashlar oʻrnatishga, shuningdek tovarlarning Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari bojxona chegaralari orqali harakatlanishini nazorat qilishga taalluqli har qanday boshqa protseduralarni tartibga soluvchi huquqiy meʼyorlarning majmui.
2. “Bojxona bojlari va soliqlari” — qoʻllaniladigan bojxona qonunlariga muvofiq solinadigan va undiriladigan barcha bojlar, soliqlar, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar.
3. “Bojxona huquqbuzarligi” — bojxona qonunlarini buzish yoki buzishga boʻlgan har qanday urinish.
4. “Bojxona organi” — Oʻzbekiston Respublikasida — Davlat bojxona qoʻmitasi; va Chexiya Respublikasida — Moliya vazirligining Bosh bojxona direktorati.
5. “Soʻrayotgan bojxona organi” — bojxona ishida koʻmaklashish toʻgʻrisida soʻrov bilan murojaat qilgan Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organi.
6. “Soʻralayotgan bojxona organi” — bojxona ishida koʻmaklashish toʻgʻrisida soʻrov olgan Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organi.
7. “Nazorat qilinadigan yetkazib berish” Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari hududlari orqali noqonuniy yoki gumon qilinayotgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi moddalarni ularning vakolatli organlarini xabardor qilgan holda giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalarning bunday noqonuniy yurgizilishida ishtirok etuvchi shaxslarni fosh qilish maqsadida olib kirish, olib chiqish yoki tranzit qilish imkonini beruvchi uslub.
8. “Shaxs” — har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs.
9. “Giyohvandlik vositalari” — BMTning kelgusi oʻzgartish va toʻldirishlari bilan birga, Giyohvandlik vositalar toʻgʻrisida 1961-yildagi Yagona Konvensiya roʻyxatlariga kiritilgan moddalar.
10. “Psixotrop moddalar” — BMTning kelgusi oʻzgartish va toʻldirishlari bilan birga, Psixotrop moddalar toʻgʻrisida 1971-yildagi Konvensiya roʻyxatlariga kiritilgan moddalar.
11. “Shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot” — muayyan jismoniy shaxsga taalluqli har qanday axborot va/yoki mazkur axborot asosida shaxsga nisbatan qilingan har qanday xulosa.
Bitimni qoʻllash sohasi
2-modda
2-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining bojxona organlari orqali ushbu Bitimning qoidalariga muvofiq bir-birlariga quyidagilarda oʻzaro koʻmaklashadilar:
a) bojxona qonunlariga kerakli darajada rioya qilishni taʼminlash maqsadida;
b) bojxona huquqbuzarligining oldini olish, tergov qilish va unga qarshi kurash maqsadida;
c) bojxona qonunlarini qoʻllash boʻyicha hujjatlarni taqdim/xabardor etish bilan bogʻliq hollarda;
d) bojxona bojlari va soliqlarini toʻgʻri undirishni, shuningdek bojxona imtiyozlarini toʻgʻri qoʻllashni taʼminlash maqsadida.
2. Ushbu Bitim doirasidagi koʻmak soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amal qilayotgan qonunlariga muvofiq hamda soʻralayotgan bojxona organining vakolati va imkoniyatlari doirasida taqdim etiladi. Zarur boʻlgan holda bojxona organi koʻmak boshqa vakolatli organ tomonidan, soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amal qilayotgan qonunlariga muvofiq taqdim etilishini tashkil etishi mumkin.
Axborotni taqdim etish
3-modda
3-modda
1. Bojxona organlari soʻrovga koʻra quyidagilarning aniqliligini taʼminlashda yordam berishi mumkin boʻlgan barcha axborotni bir-birlariga taqdim etadilar:
a) bojxona bojlari va soliqlarni yigʻish, xususan tovarlarning bojxona qiymati va ularning tarifli tasniflanishini baholashda yordam berishi mumkin boʻlgan axborotni;
b) import va eksport taqiqlar hamda cheklashlarning Qoʻllanilishi;
c) bir yoki ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan tuzilgan boshqa kontraktli ahdlashuvlarda oʻz aksini topmagan tovarlarning kelib chiqish milliy qoidalarining qoʻllanilishi.
2. Soʻralayotgan bojxona organi soʻralayotgan axborotga ega boʻlmasa, u bunday axborotni olish uchun barcha mumkin boʻlgan choralarni koʻradi.
4-modda
Bojxona organlari soʻrovga koʻra bir-birlariga quyidagilar toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadilar:
a) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining davlati hududiga import qilinayotgan tovar, boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidan qonuniy eksport ekanligi;
b) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining davlati hududidan eksport qilinayotgan tovar boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga qonuniy import ekanligi, shuningdek agar bunday holatlar mavjud boʻlsa, bu tovarlar tushishi mumkin boʻlgan bojxona rejimi xarakteri;
c) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining davlati hududidan eksport chogʻida ularga eng qulay rejim berilgan tovarlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga lozim tarzda import qilinadi. Bunda mazkur tovarlarga nisbatan qoʻllanilgan bojxona nazoratining har qanday choralari boʻyicha axborot taqdim etilishi nazarda tutiladi.
5-modda
Bir Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organi oʻz tashabbusi yoki soʻrovga koʻra boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organiga bojxona huquqbuzarligi sababi bilan bogʻliq foydalanilishi mumkin boʻlgan barcha axborotni beradi, xususan quyidagilarga taalluqli boʻlganlarini:
a) bojxona huquqbuzarligini sodir etgan yoki amalga oshirishni niyat qilgan maʼlum yoki shubhalanayotgan shaxslar;
b) noqonuniy harakatlanish obyekti sifatida maʼlum boʻlgan tovarlar;
c) bojxona huquqbuzarligini sodir etish uchun foydalanilgan, foydalanilayotgan yoki foydalanilishi mumkinligi toʻgʻrisida maʼlumot yoki gumonlar mavjud boʻlgan har qanday transport vositalari va konteynerlar;
d) bojxona huquqbuzarligini sodir etish uchun foydalanilayotgan yangi usullar va vositalar.
6-modda
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organi oʻz tashabbusi yoki soʻrovga koʻra boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organiga bojxona huquqbuzarligi deb hisoblangan yoki shunday qaralishi mumkin boʻlgan fosh etilgan yoki rejalashtirilayotgan xatti-harakatlar toʻgʻrisida barcha mavjud axborotni oʻzida ifodalagan hisobotlar, guvohlik koʻrsatmalarining yozuvlari yoki hujjatlarning tasdiqlangan nusxalarini taqdim etadi.
2. Ish va hujjatlarning asl nusxalari faqat tasdiqlangan nusxalarni taqdim etilishi yetarli boʻlmagan hollarda soʻralishi mumkin. Berilgan asl nusxalar, ular boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organiga taqdim etilish sabablari tugashi bilan kechiktirmasdan qaytariladi.
7-modda
Ushbu Bitim doirasida taqdim etiladigan hujjatlar shu maqsadlar uchun taqdim etilgan har qanday shakldagi kompyuter axboroti bilan ham almashtirilishi mumkin. Shu bilan birga bu axborotni talqin qilish va foydalanish uchun zarur boʻlgan barcha tegishli materiallar ham taqdim etilishi lozim.
Shaxslar, tovarlar va transport vositalari ortidan kuzatuv
8-modda
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining bojxona organi oʻz vakolati va imkoniyatlari doirasida oʻz tashabbusi yoki boshqa Ahdlashuvchi Tomon bojxona organining soʻroviga koʻra quyidagilar ustidan kuzatuv olib boradi:
a) harakatlanishlar, xususan uning davlati hududiga bojxona huquqbuzarligini sodir etganligi maʼlum yoki gumon qilinayotgan shaxslarning kirishi va undan chiqishi;
b) bojxona huquqbuzarligini sodir etish uchun foydalanilgan, foydalanayotgan yoki foydalanilishi mumkinligi toʻgʻrisida maʼlumot yoki gumonlar mavjud boʻlgan har qanday transport vositalari va konteynerlar;
s) boshqa Ahdlashuvchi Tomon bojxona organining maʼlumotlariga koʻra uning hududida yoki uning hududidan katta miqdordagi noqonuniy aylanishi mumkin boʻlgan tovarlarning harakatlanishi.
Nazorat qilinadigan yetkazib berish
9-modda
9-modda
1. Bojxona organlari oʻzaro kelishuvga koʻra va milliy qonunlari asosida belgilab berilgan oʻz vakolatlari doirasida huquqbuzarlikka aloqador shaxslarni aniqlash maqsadida nazorat qilinadigan yetkazib berish uslubidan foydalanishlari mumkin. Agar nazorat qilinadigan yetkazib berish uslubini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror bojxona organi vakolatiga kirmasa, bu holda u bunday vakolatga ega boʻlgan milliy organlar bilan hamkorlik qiladi yoki bu ishni u organga topshiradi.
2. Vakolatli organlar oʻrtasida erishilgan ahdlashuvlarga muvofiq amalga oshiriladigan nazorat qilinadigan yetkazib berish uslubi qoʻllanilgan noqonuniy tovarlar partiyasi ushlab qolinishi va giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi moddalar olib qolinmasdan yoki olib qolinib yoxud butunlay yoki qisman almashtirilib oʻz harakatini davom ettirishga ijozat berilishi mumkin.
3. Nazorat qilinadigan yetkazib berishdan foydalanish toʻgʻrisidagi qarorlar har bir alohida holat uchun qabul qilinadi va zarur hollarda milliy vakolatli organlar oʻrtasidagi moliyaviy ahdlashuvlar va oʻzaro anglashuvni inobatga olishlari mumkin.
Tergov
10-modda
10-modda
1. Soʻrovga koʻra soʻralayotgan bojxona organi soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amal qilayotgan bojxona huquqbuzarligi deb hisoblanayotgan yoki shunday deb qaralayotgan xatti-harakatlarga taalluqli rasmiy tergovni boshlaydi. U bunday tergovning natijalarini soʻrayotgan bojxona organiga topshiradi.
2. Bunday tergovlar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon Davlatining hududida amaldagi qonunlarga muvofiq amalga oshiriladi. Soʻralayotgan bojxona organi oʻzi uchun harakat qilgandek harakat qiladi.
3. Soʻralayotgan bojxona organi soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning mansabdor shaxslariga bunday tergovlarda qatnashishiga ruxsat berishi mumkin. Bunday mansabdor shaxslar faqat maslahatchilar sifatidagina faoliyat olib boradilar va hech qanday sharoitlarda tergovda qatnashmaydilar.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri bojxona organining vakillari ushbu Bitim doirasida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida boʻlsalar, ular har qanday paytda ham oʻzlarining rasmiy vakolatlari tasdiqlarini taqdim etishlari lozim. Ular maxsus kiyim kiymasliklari va qurol taqmasliklari lozim.
Ekspertlar va guvohlar
11-modda
11-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining sud yoki maʼmuriy organlari ular tomonidan bojxona huquqbuzarligini koʻrib chiqish bilan bogʻliq soʻrov bilan murojaat etgan holda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organi oʻzining mansabdor shaxslarini bunday sud va maʼmuriy tortishuvlarda ekspert yoki guvoh sifatida chiqishlarini vakolatlashi mumkin. Bu mansabdor shaxslar oʻzlarining xizmat vazifalarini bajarish paytida ular tomonidan aniqlangan dalillar boʻyicha koʻrsatma beradilar. Bunday chiqish toʻgʻrisidagi soʻrovda mansabdor shaxs qaysi ish boʻyicha va kim sifatida qatnashishi aniq koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
2. Ekspert yoki guvoh sifatida chaqirilgan mansabdor shaxs, agar oʻz davlati yoki soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunlariga muvofiq bunday huquq unga berilgan boʻlsa, guvohlik koʻrsatmasi yoki bayonot berishdan bosh tortish huquqiga ega.
Axborot va hujjatlardan foydalanish
12-modda
12-modda
1. Ushbu Bitimga muvofiq olingan axborot, hujjatlar va boshqa maʼlumotlar ushbu Bitimda koʻzda tutilganidan boshqa maqsadlardan oʻzgalarida ularni taqdim etgan bojxona organining yozma roziligisiz foydalanilmaydi. Bu qoidalar giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy yurgizilishi bilan bogʻliq qoidabuzarliklarga taalluqli axborot, hujjatlar va boshqa maʼlumotlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
2. Ushbu Bitimga muvofiq istalgan shaklda taqdim qilingan har qanday maʼlumotlarga, ularni olgan Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amal qilayotgan qonunlariga muvofiq axborot va hujjatlarga nisbatan qoʻllanilayotgan rasmiy maxfiylik va muhofaza tizimi qoʻllaniladi.
3. Ushbu moddaning 1-bandi bojxona huquqbuzarligi masalalari boʻyicha qoʻzgʻatilgan har qanday sud yoki maʼmuriy ishlarni olib borish davomida axborotdan foydalanishni cheklamaydi.
4. Ushbu Bitim maqsadlarida va uning qoʻllanilishi doirasida Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari quyidagi axborot va hujjatlardan guvohlik koʻrsatmalari sifatida foydalanishlari mumkin:
a) oʻzlarining bayonnomalari, hisobotlari va koʻrsatmalarida;
b) sud va maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish davomida.
Bunday axborot va hujjatlardan sud tortishuvlarida dalil sifatida foydalanish va ularning isbot kuchi milliy qonunlariga muvofiq belgilanadi.
Shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning muhofazasi
13-modda
13-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning qonunlariga muvofiq shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni muhofaza qilish quyidagi shartlarning bajarilishini talab qiladi:
a) taqdim etilgan maʼlumotlarning taqdim etilishi yoki ulardan foydalanish Ahdlashuvchi Tomonlardan birining asosiy huquqiy prinsiplariga zid kelmasligi, xususan manfaatdor shaxsga ziyon yetkazilmasligini isbotlovchi oqilona asoslar koʻrsatilmagunga qadar shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etilmaydi. Shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etuvchi bojxona organining soʻroviga koʻra qabul qiluvchi bojxona organi olingan axborotdan qanday foydalanilgani va erishilgan natijalar toʻgʻrisida xabardor qiladi;
b) shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar faqat bojxona va politsiya organlariga, zarur hollarda tergov olib borish uchun prokuratura va sud organlariga taqdim etiladi. Bunday axborot yuqorida zikr etilgan organlarga ushbu Bitim maqsadlarida foydalanish uchun bildiriladi;
c) soʻrayotgan bojxona organi shaxslar toʻgʻrisida taqdim etilgan maʼlumotlarning haqiqiyligi va aniqligi ekanligiga ishonch hosil qilishi lozim. Agar, soʻralayotgan bojxona organi noaniq yoki taqiqlangan maʼlumotlar etilayotganini fosh etsa, u bu toʻgʻrida zudlik bilan soʻrayotgan bojxona organini xabardor qilishi lozim. Zarur boʻlganda soʻrayotgan bojxona organi shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻgʻrilaydi, yoʻq qiladi yoki oʻchirib tashlaydi;
d) soʻralayotgan bojxona organi shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan bir qatorda oʻz davlati qonunlariga muvofiq maʼlumotlarni yoʻq qilishning tugal muddati toʻgʻrisidagi axborotni ham taqdim etadi. Shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ulardan foydalanishga zarurat yoʻqolganda yoʻq qilinadi;
e) Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari shaxslar toʻgʻrisida taqdim etilgan yoki olingan maʼlumotlar qaydnomasini saqlab qoʻyadilar va shaxslar toʻgʻrisidagi har qanday maʼlumotlarni ogohlantirilmagan foydalanishdan, oʻzgartishlardan, nashr etilishidan, buzilishidan yoki yoʻq qilinishidan samarali muhofaza qiladilar.
Taqdim etish va xabardor qilish
14-modda
14-modda
Soʻrovga koʻra soʻralayotgan bojxona organi soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amal qilayotgan qonunlariga muvofiq soʻrayotgan bojxona organidan kelib chiqayotgan ushbu Bitim doirasida qabul qilingan barcha hujjat va qarorlarni uning hududida doimiy istiqomat qiluvchi yoki tuzilgan manfaatdor jismoniy yoki yuridik shaxslarga taqdim etadi yoki xabardor etadi.
Yordam toʻgʻrisidagi soʻrovning shakl va mazmuni
15-modda
15-modda
1. Ushbu Bitim doirasidagi soʻrovlar yozma ravishda amalga oshiriladi. Soʻrovlar, bunday soʻrovlarni bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlar bilan birgalikda taqdim qilinadi. Kechiktirilmaydigan hollarda ogʻzaki soʻrov qabul qilinishi mumkin, biroq u zudlik bilan yozma ravishda tasdiqlanishi lozim.
2. Soʻrovlar ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) soʻrayotgan bojxona organining nomi;
b) soʻralayotgan bojxona organining nomi;
c) soʻralayotgan chora;
d) soʻrovning maqsad va sababi;
e) ishga taalluqli boʻlgan qonun, qoida, tartib va boshqa meʼyoriy huquqiy qonun va hujjatlar;
f) tergov obyekti hisoblangan shaxslar toʻgʻrisida aniq va haqqoniy maʼlumotlar;
g) uning bajarilishi uchun zarur boʻlgan dalillarning qisqacha tavsifi va bajarilishi zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
3. Koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrovlar ingliz tilida yoki soʻralayotgan bojxona organi uchun maʼqul boʻlgan tilda amalga oshirilishi mumkin.
4. Agar, soʻrov rasmiy talablarga javob bermasa, bu holda uning toʻgʻrilanishi yoki toʻldirilishi soʻralishi mumkin, bunda ehtiyot choralari buzilmasligi lozim.
5. Soʻralayotgan bojxona organi tegishli asos mavjud boʻlgan holda soʻrovga koʻra qoʻshimcha axborotni talab qilish huquqiga ega.
Koʻmak koʻrsatish boʻyicha majburiyatlardan istisno qilish
16-modda
16-modda
1. Soʻralayotgan bojxona organi soʻrovning bajarilishi soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning suvereniteti, jamoat tartibi, xavfsizligi yoki boshqa har qanday asosiy manfaatlariga ziyon yetkazadi yoki bu Ahdlashuvchi Tomon Davlati hududida sanoat, tijorat yoki kasbiy maxfiylikni buzadi deb hisoblasa, u bunday koʻmak berishni butunlay yoxud qisman rad etishi mumkin yoinki uni qisman berishi yoki maʼlum talab yoxud shartlarga rioya qilinganidagina berishi mumkin.
2. Koʻmak toʻgʻrisida soʻrov bajarilishi mumkin boʻlmasa, bu holda soʻrayotgan bojxona organi bu toʻgʻrida zudlik bilan va rad etilishi sabablari toʻgʻrisida xabardor qilinadi.
3. Bojxona organi oʻzi bajara olmasligi mumkin boʻlgan koʻmak yuzasidan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organi murojaat qilsa, u oʻz soʻrovida bu holatga eʼtibor qaratadi. Bunday soʻrovning bajarilishi soʻralayotgan bojxona organining ixtiyoriga havola etiladi.
Xarajatlar
17-modda
17-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari ushbu Bitimning bajarilishi bilan bogʻliq xarajatlarni talab qilmaydilar. Davlat xizmatchisi boʻlmagan ekspertlar, guvohlar, ogʻzaki va yozma tarjimonlarning xarajatlari bundan mustasno.
Bitimni bajarish
18-modda
18-modda
1. Ushbu Bitimni bajarishni Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlariga yuklatiladi. Bu organlar ushbu maqsadlar uchun zarur boʻlgan muayyan tadbirlarni oʻzaro kelishib oladilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari oʻzlarining surishtiruv organlari oʻrtasida bevosita aloqalar oʻrnatishni koʻzda tutishlari va bojxona huquqbuzarligi toʻgʻrisidagi ishlarni tergov qilishda muntazam tajriba almashib turishni amalga oshirishlari mumkin.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari zarur boʻlganda ushbu Bitimning amalga oshirilishini baholash uchun maslahatlashuvlar oʻtkazadilar. Bunday maslahatlashuvlarning muddatlari Ahdlashuvchi Tomonlar bojxona organlarining oʻzaro kelishuvlariga koʻra qoʻshimcha ravishda belgilanadi.
4. Ushbu Bitimning qoidalarini amalga oshirish maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari alohida savollar boʻyicha ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan qoʻshimcha bayonnomalar tuzishlari mumkin.
Bitimning hududiy taʼsiri
19-modda
19-modda
Ushbu Bitim ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari hududlarida qoʻllaniladi.
Talqin qilish
20-modda
20-modda
1. Ushbu Bitimni qoʻllash va talqin qilish bilan bogʻliq barcha bahsli masalalar Tomonlarning bojxona organlari oʻrtasida muzokaralar orqali hal qilinadi.
2. Hal qilinmagan kelishmovchiliklar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali hal qilinadi.
Oʻzgartish va toʻldirishlar kiritish
21-modda
21-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro kelishuvga koʻra ushbu Bitimga toʻldirish va oʻzgartishlar kiritishlari mumkin.
Kuchga kirishi va amal qilishining toʻxtatilishi
22-modda
22-modda
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan barcha davlat ichki protseduralarni bajarganliklari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali oxirgi xabarnoma olingan sanadan boshlab oʻttiz kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri diplomatik kanallar orqali ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatishi mumkin va u boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday xabarnoma olingandan keyin olti oy oʻtgach amal qilishdan toʻxtaydi.
Praga shahrida 2003-yil 15-aprelda ikki nusxada, har biri oʻzbek, chex va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar autentikdir. Talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)