Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
FUQAROLARNING OʻZARO KELIB-KETIShLARI TOʻGʻRISIDA
(2000-yil 16-may, Dushanbe)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikkala davlat fuqarolarining oʻzaro kelib-ketishlari tartibi va shartlarini yoʻlga qoʻyish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Bir Tomon davlatining fuqarolari ushbu Bitimning 1- va 2-ilovalarida koʻrsatib oʻtilgan amaldagi hujjatlar boʻyicha, tegishli vizalari boʻlsa va ushbu Bitimda koʻzda tutilgan shartlarga muvofiq, boshqa Tomon davlati hududiga kirishlari, chiqishlari, tranzit oʻtishlari hamda unda vaqtincha boʻlishlari mumkin.
2-modda
1. Bir Tomon davlatining haqiqiy diplomatik pasportiga ega boʻlgan, boshqa Tomon davlati hududida uzogʻi bilan oʻttiz sutka boʻlishni moʻljallayotgan fuqarolari boshqa Tomon davlati hududiga vizasiz kirishlari, undan chiqishlari va boʻlishlari mumkin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining milliy pasportiga ega boʻlgan fuqarolari va Tojikiston Respublikasining xizmat pasportiga ega boʻlgan fuqarolari, agar ular rasmiy davlat va hukumat delegatsiyalari tarkibiga kirsalar, uzogʻi bilan oʻttiz sutka mobaynida boshqa Tomon davlati hududiga vizasiz kirishlari, chiqishlari va unda boʻlishlari mumkin.
3. Tojikiston Respublikasiga xizmat safariga borayotgan Oʻzbekiston Respublikasining kamida vazir oʻrinbosari darajasidagi va xizmat maqomiga koʻra unga tenglashtirilgan mansabdor shaxslari, viloyatlar hokimlarining oʻrinbosarlari, tumanlarning, respublika va viloyatga boʻysunuvchi shaharlarning hokimlari, ularning oʻrinbosarlari hamda Tojikiston Respublikasining xizmat pasportiga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasiga xizmat safariga borayotgan kamida vazir oʻrinbosari darajasidagi va xizmat maqomiga koʻra unga tenglashtirilgan mansabdor shaxslari, viloyat raisining oʻrinbosarlari, tumanlarning, respublika va viloyatga boʻysunuvchi shaharlarning raislari, ularning oʻrinbosarlari boshqa Tomon davlati hududida uzogʻi bilan oʻttiz sutka mobaynida boʻlishni moʻljallasa, ular boshqa Tomon davlati hududiga vizasiz kirishlari, chiqishlari va unda boʻlishlari mumkin.
4. Tomonlar davlatlarining ushbu moddaning 1—3 bandlarida koʻrsatilgan, boshqa Tomon davlati hududida oʻttiz sutkadan ortiqroq boʻlishni niyat qilgan fuqarolariga buning uchun ular qaysi Tomon davlatining fuqarosi boʻlsalar, oʻsha Tomon davlatning diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasining yozma murojaati boʻyicha konsullik yigʻimlari undirilmasdan viza beriladi.
3-modda
1. Tomonlardan biri davlatining haqiqiy diplomatik pasportga ega boʻlgan va diplomatik vakolatxonalar hamda konsullik muassasalarida xizmat qiladigan xodimlari, shuningdek xalqaro tashkilotlarning boshqa Tomon davlati hududidagi vakolatxonalarining xodimlari butun xizmat davomida boshqa Tomon davlati hududiga vizasiz kiradilar, chiqadilar va unda boʻladilar.
2. Ushbu modda 1-bandining qoidalari ushbu fuqaroning rasmiy ish faoliyati davrida u bilan birga yashaydigan hamda haqiqiy diplomatik pasportga ega boʻlgan oila aʼzolariga ham tatbiq etiladi.
3. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatib oʻtilgan diplomatik vakolatxonalar va boshqa rasmiy vakolatxonalar maʼmuriy-texnikaviy personalining xodimlari hamda ularning bir Tomon davlatining fuqarolari boʻlgan, haqiqiy xizmat va milliy pasportga ega boʻlgan oila aʼzolari boshqa Tomon davlati hududiga konsullik yigʻimlari undirilmasdan rasmiylashtiriladigan koʻp marotabalik vizalar asosida kiradilar, chiqadilar va unda boʻladilar.
4. Ushbu moddaning 1—3- bandlarida koʻrsatilgan shaxslar oʻzlari boʻlib turgan davlat Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilinadilar.
4- modda
Tomonlar davlatlarining ushbu Bitimning 1- va 2-ilovalarida sanab oʻtilgan hujjatlar boʻyicha quyidagi toifadagi fuqarolari uchun vizasiz kirish va chiqish tartibi oʻrnatiladi:
a) fuqaro aviatsiyasi havo kemasining ekipaj aʼzolariga haqiqiy milliy pasportga koʻra va bosh deklaratsiyada (uchish topshirigʻida) yozuv boʻlgan taqdirda;
b) temir yoʻllarning poyezd, refrijerator va lokomotiv brigadasi xizmatchilariga haqiqiy milliy pasport va har bir reys uchun tasdiqlanadigan ismlar yozilgan roʻyxat, yoʻl varaqalari boʻyicha;
v) hukumatlararo feldyegerlik aloqasi xodimlari uchun haqiqiy milliy pasport va Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan beriladigan tegishli hujjatlar boʻyicha;
g) Tomonlar vakolatli organlarining xizmatchilari hamda vakillariga oldindan kelishilganiga muvofiq ravishda xizmat safari guvohnomasi boʻlgan taqdirda amaldagi milliy pasport (shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar) va xizmat guvohnomasi boʻyicha (Tomonlar vakolatli organlari va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar roʻyxatlari diplomatik kanallar orqali belgilab olinadi).
5- modda
1. Oʻzbekiston Respublikasining 3-ilovada sanab koʻrsatilgan Tojikiston Respublikasi chegaralariga tutash tumanlari va shaharlarida doimiy yashovchi fuqarolari Tojikiston Respublikasining 4-ilovada sanab koʻrsatilgan chegara boʻyi tumanlari hududiga uzogʻi bilan besh sutka muddatga vizasiz kiradilar, chiqadilar va unda boʻladilar.
2. Tojikiston Respublikasining 4-ilovada sanab koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasi chegaralariga tutash tumanlari va shaharlarida doimiy yashovchi fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasining 3-ilovada sanab koʻrsatilgan chegara boʻyi tumanlari hududiga uzogʻi bilan besh sutka muddatga vizasiz kiradilar, chiqadilar va unda boʻladilar.
3. Ushbu moddada koʻrsatilgan fuqarolarning yashash joylari Tomonlar davlatlari fuqarolarining pasportlaridagi xatlov belgisiga qarab aniqlanadi.
4. Tomonlar davlatlarining ushbu moddada koʻrsatilgan fuqarolari boshqa Tomon davlati hududida besh sutkadan ortiq muddatda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan vizalar asosida boʻladilar.
5. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlariga tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilsa uzrli sabablarga koʻra istisno hollarda bir Tomonning ushbu moddaning 1— 2-bandlarida sanab koʻrsatilgan fuqarolariga boshqa Tomon davlati hududida boʻlish muddatini uzaytirishga ruxsat beriladi.
6-modda
1. Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari avtomobil transportida Fargʻona va Namangan viloyatlaridan Leninobod viloyati hududi orqali Oʻzbekiston Respublikasining Toshkent va Sirdaryo viloyatlariga va aksincha yoʻnalishda vizasiz uzogʻi bilan 3 sutkalik muddatga borishlari mumkin.
2. Tojikiston Respublikasining Leninobod viloyatidagi Ayniy, Togʻli Mastchoh va Panjikent tumanlarida doimiy yashaydigan fuqarolari 1-oktabrdan 1-iyunga qadar avtomobil va temir yoʻl transportida vizasiz uzogʻi bilan 3 sutkalik muddatga Leninobod viloyatining Ayniy, Togʻli Mastchoh va Panjikent tumanlaridan Leninobod viloyatining boshqa tumanlariga va aksincha yoʻnalishda Oʻzbekiston Respublikasining Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hududi orqali borishlari mumkin.
7- modda
1. Bir Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududida joylashgan obyektlarida ishlaydigan Tomonlar davlatlarining fuqarolari xizmat vazifalarini bajarishi uchun shu boshqa Tomon davlati hududiga vizasiz kiradilar, chiqadilar va unda boʻladilar.
2. Mazkur xizmatchilar chegaradan milliy pasport va xizmat guvohnomasi asosida oʻtkaziladilar.
3. Mazkur fuqarolarni boshqa Tomon davlati hududida vaqtincha xatlovga olish va qayd qilish Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tarafidan obyektlarga xizmat koʻrsatadigan tashkilotlarning taqdimnomasi asosida boj va yigʻimlar undirilmagan holda amalga oshiriladi.
4. Mazkur obyektlarga xizmat koʻrsatishda foydalaniladigan avtotransport vositalari, maxsus texnika hamda moddiy-texnikaviy resurslar barcha turdagi soliqlar, yigʻimlar, bojlar va boshqa xil toʻlovlardan ozod qilinadi.
5. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan obyektlarning roʻyxati ushbu Bitim imzolangan sanadan keyin 30 kun ichida diplomatik kanallar orqali notalar almashish orqali aniqlanadi.
8-modda
Xalqaro havo transportida boshqa Tomon hududi orqali tranzit tarzida ketayotgan Tomonlar davlatlarining fuqarolari aeroportning tranzit yoʻlovchilar uchun ajratilgan zonasidan tashqari chiqmaslik sharti bilan ushbu Tomon davlati hududida vizasiz boʻlishlari mumkin.
Havo va temir yoʻl transportida boshqa Tomon hududi orqali tranzit tarzida ketayotgan va ushbu Tomon davlati hududiga avtomobil yoki temir yoʻl transportida kelayotgan yoki undan ketayotgan bir Tomon davlatining fuqarolari qachon yetib kelganligi yoinki joʻnab ketgani qayd etilgan bileti yoxud boshqa hujjati bor boʻlgan ushbu Tomon davlati hududida 3 sutka davomida vizasiz boʻlishlari mumkin.
9-modda
Bir Tomon davlatining fuqarolari boshqa Tomon davlatining vizasini olish uchun ushbu Tomonning diplomatik vakolatxonasi yo konsullik muassasasiga tegishli yuridik yoki jismoniy shaxsining belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan taklifnomasini taqdim etishlari kerak, bundan faqat ushbu Bitimda koʻrsatilgan hollar mustasno.
10-modda
Tomonlar xalqaro avtomobil tashishlari amalga oshirilayotgan chogʻda transport korxonalarining diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalariga murojaati asosida transport vositalarining haydovchilariga belgilangan tartibda 12 oyga qadar muddatga koʻp marotabalik viza beradilar,
11-modda
Insonparvarlik tarzidagi shoshilinch hollarda Tomonlarning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari shaxslarga Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan berilgan tasdiqlovchi hujjatlar asosida ogʻir kasal holatidagi oila aʼzosi va yaqin qarindoshini borib koʻrish uchun yoki oila aʼzosini va yaqin qarindoshini koʻmishga borish uchun konsullik yigʻimlarini undirmasdan 24 soat ichida viza beradilar.
12-modda
Tomonlar davlatlarining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari qabul qiluvchi davlat hududida doimiy yashaydigan yaqin qarindoshi (turmush oʻrtogʻi, ota-onasi (farzandlikka olganlar), aka-ukasi, opa-singlisi, bolasi (farzandlikka olgani), bobosi, buvisi, nevarasi) bor shaxslarga ular bu qarindoshlaridan olingan, ushbu davlat qonunlariga muvofiq rasmiylashtirilgan taklifnomani taqdim etgan hollarida bir yilgacha muddatga amal qiladigan koʻp marotabalik viza beradilar.
13- modda
Viza berganlik uchun konsullik yigʻimlarining tariflarini Tomonlar ushbu Bitimning 5-ilovasiga muvofiq, hamjihatlikda belgilaydilar.
14-modda
Tomonlar hamjihatlik asosida quyidagi shaxslarni viza uchun konsullik yigʻimi toʻlashdan ozod etadilar:
Tomonlar oʻrtasidagi shartnomalarga muvofiq fan, texnika, taʼlim, madaniyat, sanʼat va sport sohasida almashuv tarzida borayotganlar;
yaqin qarindoshlari mozorini ziyorat qilishga borayotganlar — koʻmilgan joyni tasdiqlovchi hujjati boʻlgan taqdirda (uzogʻi bilan yetti sutkagacha va yiliga koʻpi bilan bir marta);
Ulugʻ Vatan Urushi veteranlari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, 1- va 2-guruh nogironlari -tegishli hujjat bor boʻlganida, shuningdek yoshi 60 dan oshgan fuqarolar;
boshqa davlat hududidagi bilimgohlarda, oʻtkazilayotgan kurslarda taʼlim olayotganlar.
15-modda.
Ikkala Tomon davlatining fuqarolari ikkala Tomon davlati hududidan Tomonlarning temir yoʻl transportida vizasiz tranzit tarzida oʻtib kelishlari mumkin, bunda oʻz Tomon davlati hududida tushish yoki uchinchi mamlakatlarga borish uchun oʻz Tomoni davlati hududidan yoʻlga chiqishlari va tushishlari shart.
16-modda
Ikkala Tomon davlatining ushbu Bitim amaliyoti tegishli boʻlgan fuqarolari davlat chegaralaridan oʻtish uchun ajratilgan oʻtkazish punktlari orqali Tomonlardan biri davlati hududidan Tomonlarning milliy qonunlariga muvofiq davlat chegaralaridan oʻtish tartiblariga amal qilgan holda kirishlari, chiqishlari va tranzit oʻtishlari mumkin.
Davlat chegaralaridan oʻtkazish punktlarining roʻyxati diplomatik kanallar orqali nota almashib aniqlanadi.
17-modda
Tomonlar davlatlarining fuqarolari boshqa Tomon davlati hududida boʻlgan chogʻlarida bu Tomon davlatining qonun-qoidalariga, jumladan chet ellik fuqarolar uchun belgilangan roʻyxatdan oʻtish, boʻlib turish va harakatlanish qoidalariga rioya qiladilar.
Ushbu Bitim biron-bir Tomonning boshqa Tomon davlatining kelishi nomaqbul hisoblangan fuqarosi kelishini rad etishi yoki boʻlish muddatini cheklash huquqiga daxl qilmaydi.
18-modda
Favqulodda hollarda (milliy xavfsizlikka, jamoat tartibi yoki fuqarolar sogʻligʻiga tahdid, jumladan yuqumli kasalliklar xuruji, tabiiy ofatlar) Tomonlar ushbu Bitim faoliyatini toʻla yoki qisman toʻxtatib turish huquqini saqlab qoladilar. Ushbu Bitim faoliyatini toʻxtatib turish va tiklash toʻgʻrisida Tomonlar iloji boʻlsa oldindan, bir-birlariga bu toʻgʻrida qaror qabul qilinishidan eng kamida 24 soat avval diplomatik kanallar orqali xabar beradilar.
19-modda
Tomonlar oʻz Tashqi ishlar vazirliklariga diplomatik kanallar orqali quyidagilarni almashishni topshiradilar:
ushbu Bitim faoliyati tatbiq etiladigan hujjatlar namunalarini; agar Tomonlar tarafidan yangi hujjatlar joriy etilsa, ular faoliyati boshlanishidan kamida 1 (bir) oy avval;
chet ellik fuqarolarning kelishlari, ketishlari, boʻlib turishlari borasida amaldagi qonunlar toʻgʻrisida axborot va shu sohadagi boshqa axborot.
20-modda
Tomonlar zaruratga koʻra ushbu Bitimni amalga oshirishga aloqador masalalarni muhokama qilish uchun maslahatlashuv oʻtkazib turadilar.
21-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan, ushbu Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ular alohida bayonnomalar tarzida rasmiylashtiriladi, ushbu Bitimning tarkibiy qismi hisoblanadi va ushbu Bitimning 23-moddasiga muvofiq kuchga kiradi.
22-modda
Ushbu Bitimni bajarish yoki uning qoidalarini qoʻllash borasida kelib chiqqan har qanday bahs va nizoli masalalar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar oʻtkazish orqali hal etiladi.
23-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning uni kuchga kiritish uchun lozim davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida oxirgi yozma xabar olingan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonni uning faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi niyatidan rasman yozma ravishda xabardor qilgan sanadan toʻqson kun oʻtgunicha amal qiladi.
Dushanbe shahrida, 2000-yil 16-mayda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi,
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro kelib-ketishlari toʻgʻrisida Bitimga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Tojikiston Respublikasi hududiga kelishlari, ketishlari va unda boʻlishlari uchun lozim hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik pasporti.
2. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining pasporti.
3. Tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma (16 yoshga toʻlmagan bolalar uchun) (Bitimning 5-moddasi tatbiq etiladigan fuqarolarning farzandlari uchun).
4. Havo kemasi ekipajining guvohnomasi (ekipaj tarkibida borayotganda),
5. Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish uchun guvohnoma.
6. Hukumatlararo feldyegerlik xizmati xodimining guvohnomasi.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro kelib-ketishlari toʻgʻrisida Bitimga
2-ILOVA
2-ILOVA
Tojikiston Respublikasi fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kelishlari, ketishlari va unda boʻlishlari uchun lozim hujjatlar
ROʻYXATI
1. Tojikiston Respublikasining diplomatik pasporti.
2. Tojikiston Respublikasining xizmat pasporti.
3. Tojikiston Respublikasining umumfuqarolik xorijiy pasporti.
4. Tojikiston Respublikasi fuqarolarining pasporti (Bitimning 5-moddasi tatbiq etiladigan fuqarolar uchun).
5. Tojikiston Respublikasi hududida roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida qaydlov belgisi bor boʻlgan (2001-yil 31-dekabrga qadar) SSSR fuqarosining pasporti (Bitimning 5-moddasi tatbiq etiladigan fuqarolar uchun).
6. Tojikiston Respublikasining fuqarosi ekanligi toʻgʻrisida yozuv yoki belgi qoʻyilgan sobiq SSSRning diplomatik, xizmat va umumfuqarolik xorijiy pasporti faqat Tojikiston Respublikasiga qaytish uchun (2003-yil 1-aprelga qadar).
7. Tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnoma (16 yoshga toʻlmagan bolalar uchun) (Bitimning 5-moddasi tatbiq etiladigan fuqarolarning farzandlari uchun).
8. Havo kemasi ekipajining guvohnomasi (ekipaj tarkibida borayotganda).
9. Tojikiston Respublikasiga qaytish uchun guvohnoma.
10. Hukumatlararo feldyegerlik xizmati xodimining guvohnomasi.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro kelib-ketishlari toʻgʻrisida Bitimga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasi chegaralariga tutash tumanlari va aholi punktlarining
ROʻYXATI
| Jizzax viloyati |
| 1. Baxmal tumani |
| 2. Zomin tumani |
| 3. Yangiobod tumani |
| Sirdaryo viloyati |
| 1. Xovos tumani |
| |
| Toshkent viloyati |
| 1. Angren shahri |
| 2. Bekobod shahri |
| 3. Bekobod tumani |
| 4. Piskent tumani |
| 5. Ohangaron tumani |
| 6. Boʻka tumani |
| |
| Namangan viloyati |
| 1. Pop tumani |
| |
| Fargʻona viloyati |
| 1. Beshariq tumani |
| 2. Oʻzbekiston tumani |
| 3. Dangʻara tumani |
| 4. Furqat tumani |
| |
| Qashqadaryo viloyati |
| 1. Kitob tumani |
| 2. Shahrisabz tumani |
| |
| Surxondaryo viloyati |
| 1. Uzun tumani |
| 2. Sariosiyo tumani |
| 3. Qumqoʻrgʻon tumani |
| 4. Jarqoʻrgʻon tumani |
| 5. Termiz tumani |
| |
| Samarqand viloyati |
| 1. Samarqand shahri |
| 2. Urgut tumani |
| 3. Bulungʻur tumani |
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro kelib-ketishlari toʻgʻrisida Bitimga
4-ILOVA
4-ILOVA
Tojikiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasi chegaralariga tutash tumanlari va aholi punktlarining
ROʻYXATI
| Leninobod viloyati |
| 1. Asht tumani |
| 2. Isfara tumani |
| 3. Konibodom tumani |
| 4. Gʻafurov tumani |
| 5. Shahriston tumani |
| 6. Oʻratepa tumani |
| 7. Nov tumani |
| 8. Zafarobod tumani |
| 9. Mastchoh tumani |
| 10. Panjikent tumani |
| 11. Ayniy tumani |
| 12. Togʻli Mastchoh tumani |
| 13- Qayroqqum shahri |
| |
| Xatlon viloyati |
| 1. Beshkent tumani |
| 2. Shahrituz tumani |
| 3. Qabodiyon tumani |
| |
| Respublikaga tobe tumanlar |
| 1. Hisor tumani |
| 2. Tursunzoda tumani |
| 3. Lenin tumani |
| 4. Shahrinov tumani |
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro kelib-ketishlari toʻgʻrisida Bitimga
5-ILOVA
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi fuqarolariga beriladigan viza uchun konsullik yigʻimlarining tarifi
Koʻp marotabalik kirish-chiqish vizasini rasmiylashtirish:
1 oyga qadar — 4 AQSh dollari
6 oyga qadar — 10 AQSh dollari;
bir yilga qadar — 20 AQSh dollari.
Viza muddati uzaytirilganida konsullik yigʻimlari vizani rasmiylashtirilganidagi kabi undiriladi.
16 yoshga toʻlmagan bolalardan konsullik yigʻimlari undirilmaydi.