Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan
Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VA QIRGʻIZISTON RESPUBLIKASINING RADIOXIZMATLARI FOYDALANADIGAN 29,7–960 MGS RADIOChASTOTA POLOSASIDAGI RADIOChASTOTA TASARRUFINI MUVOFIQLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
aloqa sohasida hamkorlikni rivojlantirish istagida,
radioaloqa, televideniye va radioeshittirish xizmatlariga talab darajasini hisobga olib,
radioxizmatlarning oʻzaro zararli radioxalalini bartaraf etish maqsadida 29, 7 — 960 MGts radiochastotasi polosasidagi radiochastota tasarrufini muvofiqlashtirish zarur deb topib,
Xalqaro elektr aloqasi uyushmasi(XEU)ning radioxizmat Reglamentiga muvofiq faoliyat yuritib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitimda:
“chegaraoldi tumani” atamasi Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasidagi Davlat chegarasining har ikki tomonida joylashgan, bir Tomon davlatining radioelektron vositalari boshqa Tomon davlati hududida boshqa Tomon davlati radioelektron vositalari uchun ushbu Bitim 5-moddasining 2-bandida qabul qilingan yoʻl qoʻyiladigan miqdordan ortiqroq zararli radioxalal darajasi kelib chiqishi mumkin boʻlgan hududni anglatadi;
“radiochastotalar tasarrufini muvofiqlashtirish” atamasi Tomonlardan radioelektronika vositalarini bu radioelektron vositalarning radiochastota tasarrufi xususiyatlariga muvofiq tarzda ishga tushirish va foydalanish uchun rozilik olish protsedurasini anglatadi.
2-modda
Tomonlarning huquqlari, majburiyat hamda masʼuliyati xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyorlari, Tomonlarning milliy qonunlari va ushbu Bitim qoidalariga koʻra belgilanadi va tartibga solinadi.
3-modda
Ushbu Bitimni roʻyobga chiqarish uchun Tomonlarning vakolatli organlari etib quyidagilar tayinlanadi:
Oʻzbekiston Respublikasida — Oʻzbekiston Pochta va telekommunikatsiya agentligi
700000, Toshkent, A. Tolstoy koʻchasi, 1.
Telefaks: (998 371) 133-52-27.
Telefon: (998 371) 133-66-45.
Qirgʻiziston Respublikasida — Qirgʻiziston Respublikasi Milliy aloqa agentligi
720005, Bishkek, Sovet koʻchasi, 7-6.
Telefaks: (996 312) 544 105.
Telefon: (996 312) 544 103.
E-mail: nta@infotel.kg.
Tomonlarning vakolatli organlari:
radiospektrlardan foydalanishni boshqarish boʻyicha milliy maʼlumotlar bazasidagi tegishli maʼlumotlarni almashishni amalga oshiradilar;
zararli radioxalallar toʻsatdan paydo boʻlgan hollarda ularni bartaraf etish metodlarini belgilaydilar va qoʻllaydilar;
tarkibida muvofiqlashtirish bitimlari qoʻllanadigan Muvofiqlashtirish zonalarini belgilash singari protsedura mexanizmlari va hokazolarni belgilaydilar hamda qoʻllaydilar;
ushbu Bitim doirasida radioxizmat tasarrufi chastotalarini muvofiqlashtirish yoki ayrim chastota maydonlaridan foydalanish boʻyicha boshqa bitimlar tuzadilar;
ushbu Bitimni amalga oshirishga doir boshqa ishlarni bajaradilar,
Boshqa vakolatli organ tayinlanadigan boʻlsa, Tomonlar bu haqda bir-birlariga darhol xabar beradilar.
4-modda
Tomonlar turli radioxizmat stansiyalarining chegaraoldi tumanlarida 29, 7 — 960 MGts radiochastotasi polosasidagi radiochastotalaridan ushbu Bitim qoidalari asosida foydalanishni muvofiqlashtirish masalalarida hamkorlik qiladilar.
5-modda
1. Ushbu Bitimga muvofiq, quruqlikdagi harakatchan, barqaror, radio eshittirishlar radioxizmati radiochastotalarni tasarruf etishni muvofiqlashtirish amalga oshiriladi.
Barqaror yoki quruqlikdagi harakatchan radioxizmatlar vakolatli organlar tomonidan tasarruf etilmas ekan, Tomonlar tarafidan belgilanguniga qadar ushbu Bitimning qoidalari ularga nisbatan qoʻllanmaydi.
2. 4-moddada koʻrsatilgan kyenglikdagi radiochastotalarni muvofiqlashtirishga Tomonlar davlatlarining chegaraoldi tumanlaridagi, shuningdek chegaraoldi tumanlari hududidan tashqarida joylashgan stansiyalarning radiochastota tasarruflari, agar u qoʻshni davlatning chegaraoldi tumanida joylashgan stansiyalariga Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan muvofiqlashtirishning texnikaviy asoslari toʻgʻrisida tuzilgan qoʻshimcha bitimlarda belgilab berilgan, yoʻl qoʻyiladigan darajadan katta boʻlgan maydon kuchlanishi tufayli zararli radioxalal tugʻdirayotgan boʻlsa, tegishlidir,
Zararli radioxalal deb radioaloqa xizmati trafigi sifatining oʻta yomonlashuviga yoki radioxalal maydonidagi kuchlanishning maksimal yoʻl qoʻyiladigan darajadan ortib ketishi tufayli radioaloqa xizmatining tez-tez uzilishiga yoki uning amal qilishini toʻxtatishga olib keladigan har qanday toʻlqin aralashuvi tushuniladi.
3. Chegaraoldi tumanlaridagi qabul qiluvchi stansiyalarni radioxalallardan muhofaza etish lozim boʻlsa, ularning radiochastota tasarrufini muvofiqlashtirishni amalga oshirish mumkin.
6-modda
1. Tomonlar quyidagi chastota toifalarini belgilaydilar:
ustuvor radiochastotalar, ular istalgan Tomonning vakolatli organi tarafidan mutlaq yoki ustuvor asosda, boshqa Tomonning vakolatli organi bilan oldindan muvofiqlashtirilmagan holda tayinlanadi. Bunda stansiyalarni muvofiqlashtirishning texnikaviy asoslari toʻgʻrisidagi qoʻshimcha bitimda qayd etilgan tavsifi maqullanishi lozim. Ustuvor radiostansiya maqomi chegaraoldi tumanining istalgan nuqtasida joylashgan radiostansiyalarga tayinlanadi (beriladi);
qoʻshilgan radiochastotalar, ular ikkala Tomon tarafidan foydalaniladi va ularning vakolatli organlari tarafidan oldindan muvofiqlashtirilmagan holda xavfsizlikni taʼminlash xizmatlarining (bojxona, ichki ishlar vazirliklari, xavfsizlik, favqulodda vaziyatlar va shu kabi istisno hollar xizmatlari) fuqarolik kanallari sifatida tayinlanadi. Bunda muvofiqlashtirishning texnikaviy asoslari yuzasidan qoʻshimcha bitimda qayd etilgan stansiyalarning tavsiflari maqbul topiladi;
muvofiqlashtirilgan radiochastotalar, ular faqat muvaffaqiyatli muvofiqlashtirish natijasidagina tayinlanadi (beriladi);
rejalashtirilgan aloqa tarmoqlari uchun radiochastotalar, ular Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan aloqa tarmoqlari(uyali aloqa, radioeshittirish, radiorele liniyalari va hokazo)ni rivojlantirish uchun muvofiqlashtirilishi lozim. Bunday tarmoqlar katta sarmoya qoʻyilishini taqozo etishi, ularni ishga tushirish koʻp vaqtni olishi mumkin, biroq, ular faqat muvofiqlashtirilgan hamda tasdiqlangan hududiy chastota rejalari asosidagina barpo etilishi mumkin.
Muvofiqlashtirilgan radiochastotalarni tayinlash (berish) boshqa Tomonning vakolatli organi bilan oldindan oʻtkazilgan muvofiqlashtirish shartlari asosida amalga oshiriladi.
2. Radiostansiyalarga ustuvor, aralash radiochastota roʻyxatini berish, shuningdek alohida stansiyalar hamda rejalashtirilgan aloqa tarmoqlari uchun muvofiqlashtiriluvchi toifa roʻyxatidagi radiochastotalarni berish Tomonlar tarafidan oʻzaro kelishuv asosida amalga oshirilgan deb qaraladi.
Quyidagilar Tomonlardan har birining barcha chastota tasarruflari muvofiqlashtirilgan, deb qaraladi:
Xalqaro chastota maʼlumotlari registrida qayd qilingan va Xalqaro elektr aloqasi uyushmasi har yillik sirkulyarining ikkinchi qismida eʼlon etilgan boʻlsa;
tayinlanish SSSR davrida markazlashtirilgan boʻlsa;
ushbu Bitim tuzilishidan avval ikkala Tomon maʼmuriyati tarafidan muvofiqlashtirilgan boʻlsa;
Tomonlarning radiochastota tasarruflari radioaloqa boʻyicha Butunjahon konferensiyalari Rejasiga kiritilgan va tasdiqlangan boʻlsa.
Tomonlarning chastota tasarruflari, agar ular Bitim tuzilgan vaqtda Xalqaro elektr aloqasi Xar yillik sirkulyarining birinchi qismida eʼlon etilgan boʻlsa, ushbu Bitim qoidalari asosida muvofiqlashtirilishi lozim.
3. Tomonlardan har birida mazkur toifalardagi radiochastotalarning roʻyxati boʻlishi va ular oʻtkazilgan muvofiqlashtirish asosida toʻlgʻazilishi lozim.
Tomonlar muvofiqlashtirilgan stansiyalar roʻyxatini kelishilgan shaklda almashib turadilar. Roʻyxatlarda faqat chegaraoldi tumanlarida joylashtirilgan yoki shu tumanlarda radioxalallarni yuzaga keltiradigan stansiyalarning tavsifi beriladi.
Tomonlar radiochastotalarining roʻyxati har yili Tomonlar ekspertlarining kengashlarida aniqlashtirib olinishi kerak.
4. Tomonlar oʻz radiostansiyalari oʻrtasida 4-moddada koʻrsatilgan radiochastotalar boʻyicha yuzaga kelishi mumkin boʻlgan radioxalal vaziyatlarini koʻrib chiqadilar hamda ularni bartaraf etish choralarini koʻradilar.
7-modda
1. Har bir konkret holatda axborotni (pochta, faks yoki elektron pochta orqali) berish Tomonlar vakolatli organlarining qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
2. Tomonlar ushbu Bitimning oltinchi moddasida koʻrsatib oʻtilgan radiochastotalar roʻyxatini, shuningdek boshqa Tomon yozma ravishda rozilik bermagan boʻlsa, uning radiochastotalari tasarrufini muvofiqlashtirish masalalariga oid yozishmalar va axborotni oshkor qilmaslik hamda uchinchi tomonga berib yubormaslik majburiyatini oladilar.
3. Berilayotgan axborot maxfiyligining darajasini bu axborotni berayotgan Tomon belgilaydi.
Berilayotgan axborot matbuotda oshkor etish taqiqlangan maʼlumotlardan xoli boʻlishi lozim. Bu talablarga rioya etish masʼuliyati axborotni berayotgan Tomon zimmasiga yuklatiladi.
4. Tomonlar hamkorlik davomida olingan axborotni muhofaza etishni taʼminlaydilar. Axborotni muhofaza etish Tomonlarning milliy qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Axborotni muhofaza etishning buzilishi shu hol hududida roʻy bergan davlatning qonunlariga binoan malakalanadi.
6. Tomonlarning vakolatli organlari olingan axborotdan faqat ayni maqsad boʻyicha foydalanishlari va u qaysi xodimning xizmat vazifasini bajarish jarayonida zarur boʻlsa, oʻshangagina taqdim etishlari lozim.
7. Tomonlar olingan barcha axborotni boshqa Tomon talab qilgan hollarda taqqoslash va mavjudligi nuqtai nazaridan taqdim etish majburiyatini oladilar.
8. Dolzarbligi va amaliy qiymati qolmagan axborot Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra qaytarib beriladi yoki qayta tiklanmasligi kafolatlanadigan tarzda yoʻq qilinadi. Yoʻq qilib yuborish fakti hujjatlashtiriladi va bu hujjatning bir nusxasi ushbu axborotni taqdim etgan Tomonga joʻnatiladi.
9. Axborot yoʻqolsa yoki oshkor boʻlib qolsa, Tomonlar darhol oʻzaro maslahatlashuv oʻtkazadilar, taftish uyushtiradilar va uning natijalari hamda koʻrilgan choralar toʻgʻrisida bir-birini axborot yoʻqolgan yoki oshkor boʻlgan sanadan uzogʻi bilan 90 kun ichida xabardor qiladilar.
10. Axborotni yoʻqotib qoʻygan yoki oshkor etgan Tomon uni bergan Tomonga shu hol tufayli yetkazilgan zararni qoplaydi.
Zararni toʻlashning koʻlami va uni toʻlash tartibi Tomonlar vakolatli delegatsiyalarining muzokaralari orqali belgilanadi.
8-modda
1. Radiochastotalar tasarrufini muvofiqlashtirishda Tomonlar qabul qilingan va kelishilgan yagona texnikaviy asoslardan foydalanadilar.
Tomonlarning vakolatli organlari muayyan tavsiya hamda metodlar asosida muvofiqlashtirishning texnikaviy asoslari boʻyicha, ustuvor va aralash chastotalarga chastota toifasini berish uchun chastota maydonlari ajratish boʻyicha bitimlar tayyorlashlari va tuzishlari, muvofiqlashtirish yuzasidan boshqa masalalarni hal etishlari mumkin.
Ushbu Bitim qamroviga toʻgʻri keladigan stansiyalarni boshqa radioaloqa xizmatlarining taʼsiridan muhofaza etish maqsadida oʻzaro radioxalallar miqyosi ushbu xizmatlarga taalluqli xalqaro bitimlar va tegishli andozalarga toʻgʻri kelishi lozim.
2. Radiochastotalarni tasarruf etishda Tomonlar radiochastotalar spektridan samarali foydalanishga harakat qilishi hamda taqdim etilayotgan aloqa xizmatlarining maqsad yoʻnalishidan kelib chiqqan holda ular sifatining qoniqarli boʻlishini taʼminlash uchun oʻz radiostansiyalari quvvati samarali taralishini minimum darajaga qadar pasaytirishga intiladilar.
3. Aloqa texnikasi taraqqiyotini hisobga olib, Tomonlar aniqlash va muvofiqlashtirishning texnikaviy asoslarini bundan keyin rivojlantirish maqsadida ekspertlar kengashlarini oʻtkazadilar.
9-modda
1. Har bir Tomon uning uchun radiochastotalar roʻyxatida belgilanmagan yangi radiochastota tasarrufidan foydalanish yoki muvofiqlashtiriluvchi radiochastotalar roʻyxatiga oʻzgartish kiritishdan oldin XEU Radioaloqa reglamenti talablari asosida muvofiqlashtirish oʻtkazishi kerak.
2. Muvofiqlashtirish yuzasidan soʻrov yuborilgan Tomon 3 kun ichida tan olganligini tasdiqlashi va 30 kun ichida asoslangan javob qaytarishi lozim. Bunda u eʼlon etilayotgan radiochastotalar tasarrufiga rozi boʻlmasa, ushbu muammoni maqbul tarzda hal etish yuzasidan oʻz takliflarini bayon qilishi kerak.
3. Muvofiqlashtirish yuzasidan buyurtma yuborgan Tomon 45 kun ichida javob olmasa, u boshqa Tomonning eʼlon qilingan radiochastotalar tasarrufiga eʼtirozi yoʻq, deb hisoblaydi va uni oʻzining muvofiqlashtirilgan radiochastotalar roʻyxatiga qoʻshib, bu toʻgʻrida boshqa Tomonni xabardor qiladi.
4. Quyidagi hollarda radiochastotalar tasarrufini muvofiqlashtirish shart emas:
a) tasarruf muayyan Tomonning ustuvor chastotalaridan birida amalga oshirilsa;
b) muvofiqlashtirilgan radiochastotalar tasarrufidan foydalanadigan stansiyada boshqa Tomon hududida qoʻshimcha radioxalal paydo boʻlishiga olib kelmaydigan jihatlargina oʻzgargan boʻlsa;
v) ilgari muvofiqlashtirilgan radiochastotalarda ish olib boradigan qoʻshimcha stansiya ishga tushirilgan chogʻida boshqa Tomon hududida radioxalal koʻpaymasa.
5. Muvofiqlashtirilgan radiochastotalar tasarrufidan foydalanadigan stansiya ishi toʻxtatilsa, boshqa Tomonga uning oʻrniga ishga tushirilgan stansiyaning texnikaviy tavsifi xabar qilinadi.
6. Baʼzi shoshilinch hollarda Tomonlar vaqtincha (30 kungacha) quvvati samarali taralganida 13 dB Vt.dan oshmaydigan stansiyalarga radiochastotalardan foydalanish uchun ruxsat berish huquqiga egadirlar. Bunda Tomonlar bir-birini bunday foydalanish hollaridan ogoh qilib, yuz berishi mumkin boʻlgan radioxalalni bartaraf etish choralarini koʻradilar.
7. Tomonlardan birontasi muvofiqlashtirilgan radiochastotalari tasarrufi roʻyxatiga muvofiqlashtirishni talab qilmaydigan oʻzgartish kiritgan, jumladan muvofiqlashtirilgan stansiyadan foydalanishni toʻxtatgan boʻlsa, u bu toʻgʻrida boshqa Tomonga xabar beradi.
10-modda
Bir Tomonning qabul qiluvchi stansiyasi zararli radioxalallarni qayd etayotgan boʻlsa, u stansiyalari radioxalallarni yuzaga keltirayotgan Tomonga bu toʻgʻrida xabar beradi.
Ushbu Tomonning qabul qiluvchi stansiyasini zararli radioxalallardan muhofaza etish toʻgʻrisidagi talab quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
maydonining kuchlanishi maksimal yoʻl qoʻyiladigan darajadan katta boʻlgan radioxalal priyomnikda boshqa Tomonning avvalroq muvofiqlashtirilgan uzatkichi tufayli yuzaga kelayotgan boʻlsa;
priyomnikning muhofazasi boshqa Tomon ustuvor radiochastotasidan muvofiqlashtirishning texnikaviy asoslari boʻyicha bitimda koʻrsatib oʻtilgan sharoitlarda foydalanish imkonini yoʻqqa chiqarsa;
muvofiqlashtirishning texnikaviy asoslari boʻyicha bitimda koʻrsatib oʻtilgan chegaraoldi tumanlarida zararli radioxalallarning maksimal yoʻl qoʻyiladigan darajasini tartibga soladigan shartlarga rioya qilinmasa.
Boshqa Tomon muvofiqlashtirilishini bildirgan bir yoki bir necha uzatkichlarning zararli radioxalal kuchlanishi maydoni muvofiqlashtirish toʻgʻrisidagi buyurtmada eslatilgan priyomnikning qabul qilishida bitimda soʻz yuritilgan yoʻl qoʻyiladigan darajadan katta boʻlsa, qabul qiluvchi stansiyalarning radiochastota tasarruflarini muvofiqlashtirish toʻgʻrisidagi buyurtmasi rad etilishi mumkin.
Tomonlar radioxalallarga tegishli masalalarni oʻzaro hamjihatlik va hamkorlik ruhida hal etish uchun barcha choralarni koʻradilar.
11-modda
1. Ushbu Bitimda koʻzda tutilmagan barcha masalalarda Tomonlar Xalqaro elektr aloqa konferensiyalarining qoidalari, Xalqaro radio aloqa reglamenti qoidalari va Xalqaro elektr aloqa uyushmasining tavsiyalariga amal qiladilar.
2. Ushbu Bitim Tomonlarning ular aʼzo boʻlgan xalqaro bitimlar hamda radiochastotalardan foydalanishni tartibga soladigan milliy qoidalarni bajarishlariga hamda Xalqaro elektr aloqasi uyushmasining Nizomi va Konvensiyasidan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga monelik qilmaydi,
12-modda
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllash chogʻida kelib chiqadigan barcha muammo hamda nizolar Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan muzokara va maslahatlashuv oʻtkazish orqali hal etiladi,
13-modda
Ekspertlarning uchrashuvlari Tomonlar tarafidan oldindan kelishib olinadi, uning tashkiliy jihatlarini hududida bunday uchrashuv oʻtkaziladigan davlat hal qiladi. Ekspertlarni moliyaviy taʼminlash Tomonlardan har birining zimmasiga yuklatiladi,
14-modda
Tomonlarning ushbu Bitimga muvofiq oʻzaro munosabatlarida rus tili qoʻllanadi.
15-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan, ushbu Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Barcha oʻzgartish va qoʻshimchalar alohida bayonnomalar tarzida rasmiylashtiriladi va ushbu Bitimning tarkibiy qismi hisoblanadi.
16-modda
Ushbu Bitimni imzolagan Tomonlarning loaqal bittasi bilan ham chegaradosh boʻlgan istalgan uchinchi davlat Bitimga qoʻshilishi mumkin. Bitimni ilgari imzolagan Tomonlar maqullasa, qoʻshilish soʻrayotgan Tomon uchun ushbu Bitim u imzolagan sanadan boshlab kuchga kiradi.
17-modda
Tomonlarning aloqa maʼmuriyatlari Xalqaro elektr aloqasi uyushmasining Bosh Kotibiga ushbu Bitim tuzilganini xabar qiladilar va uning mazmunini yetkazadilar.
18-modda
Ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi, Bitim besh yil muddatga tuziladi va Tomonlardan hech qaysisi tegishli muddat tugashidan kamida olti oy ilgari boshqa Tomonni uning faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi niyatidan yozma ravishda xabardor qilmasa, u har gal keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzayadi.
Bu olti oy ichida Tomonlar berilgan axborotdan foydalanish tartibi yuzasidan oʻzaro maslahatlashuv oʻtkazadilar. Ushbu Bitim faoliyatining toʻxtatilishi Tomonlarni uning faoliyati toʻxtatilguniga qadar olingan axborotni muhofaza qilish masʼuliyatidan, shuningdek uning yoʻqolishi yoki oshkor qilinishi boʻyicha javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Toshkent shahrida, 2000-yil 6-iyunda ikki nusxada, oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimni talqin qilishda har xilliklar yuzaga kelsa, Tomonlar rus tilidagi matndan foydalanadilar.
(imzolar)