OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BILAN PORTUGALIYA RESPUBLIKASI OʻRTASIDA
Bitim
INVESTITSIYaLARNI OʻZARO RAGʻBATLANTIRISh VA HIMOYa QILISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Portugaliya Respublikasi, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni jadallashtirishni istab,
bir Ahdlashuvchi Tomon investorlari tarafidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida tenglik va oʻzaro manfaat asosida amalga oshirilgan investitsiyalari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish va qoʻllab quvvatlashga intilib,
ushbu Bitim asosida investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoyalash ish tashabbuslarini ragʻbatlantirishni eʼtirof etib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlarida:
1. “Investitsiyalar” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon investorlari tarafidan ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida uning qonunlari va qoidalariga muvofiq investitsiya qilingan istalgan turdagi mulkiy boyliklarini, shu jumladan, xususan quyidagilarni, ammo nafaqat ularni anglatadi:
a) koʻchar va koʻchmas mulk, shuningdek ularga nisbatan boʻlgan har qanday huquq;
b) aksiyalar, paylar, obligatsiyalar yoki kompaniyalar mulkidagi ishtirokning har qanday boshqa shakllari va/yoki tegishli faoliyatdan olinadigan iqtisodiy foyda;
c) pul mablagʻlari va iqtisodiy qiymatga ega boʻlgan har qanday xizmatlar;
d) intellektual mulkka boʻlgan huquqlar: mualliflik huquqlari, patentlar, foydali modellar, sanoat loyihalari, savdo markalari, savdo nomlari, texnologiyalar, “nou-xau” va “gud-vil”;
e) qonun asosida, kontrakt boʻyicha yoki vakolatli hokimiyat idoralarining qaroriga binoan beriladigan huquqlar, shu jumladan tabiiy resurslarni tadqiqot qilish, qazib olish yoki ulardan foydalanish uchun beriladigan har qanday huquqlar.
Boyliklar kiritish shaklidagi hech qanday oʻzgarish ular investitsiya qilingan investitsiya sifatidagi tusiga, agar ushbu tegishli Ahdlashuvchi Tomonning qonun va qoidalari asosida amalga oshirilgan boʻlsa, taʼsir koʻrsatmaydi.
2. “Daromadlar” atamasi yuqorida qayd etilgan davrda investitsiyalarni amalga oshirish natijasida olingan mablagʻlarni, xususan, daromadlar, foizlar, dividendlar, royalti yoki daromadlarning investitsiyalarga oid boshqa shakllarini, ammo nafaqat ularni anglatadi, shu jumladan, texnik yordam uchun toʻlovlarni ham oʻz ichiga oladi.
Agar daromadlar yuqorida belgilanganidek, qayta investitsiya qilingan boʻlsa, bu investitsiyalardan olingan daromadlar dastlabki investitsiyalarga taalluqli boʻlgan daromadlar sifatida baholanadi.
3. “Investor” atamasi quyidagilarni anglatadi:
Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan:
a) Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq fuqarolikka va huquqqa ega boʻlgan uning hududida yoki xorijda doimiy ravishda yashovchi fuqarolar;
b) Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan, uning hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan oʻz idoralariga ega boʻlgan, faoliyati samarali va doimiy ravishda Oʻzbekiston iqtisodiyoti bilan bogʻlik boʻlgan har qanday yuridik shaxsni anglatadi.
Portugaliya Respublikasiga nisbatan:
a) Portugaliyaning qonunlariga muvofiq Portugaliya fuqaroligiga ega boʻlgan jismoniy shaxslar;
b) yuridik shaxslar, shu jumladan Portugaliya hududida oʻzining bosh ofisiga ega boʻlgan, uning amaldagi qonunchiligiga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan va tashkil etilgan, faoliyati samarali va doimiy tarzda Portugaliya iqtisodiyoti bilan bogʻliq boʻlgan har qanday korporatsiya, korxona yoxud assotsiatsiyani bildiradi.
4. “Hudud” atamasi istalgan Ahdlashuvchi Tomonning tegishli qonunlarida belgilangan tarzda Ahdlashuvchi Tomon xalqaro huquq normalariga muvofiq oʻz suvereniteti, suveren huquqlari va yurisdiksiyani amalga oshiradigan tegishli hududni anglatadi.
2-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining amalga oshirgan investitsiyalariga imkon qadar koʻmaklashadi va ularni ragʻbatlantiradi, oʻzining qonunchiligi va normalariga muvofiq investitsiyalarga ruxsat beradi. Bunda barcha hollarda ochiq va teng huquqli rejim yaratilishi lozim.
2. Istalgan Ahdlashuvchi Tomonning investorlari amalga oshirgan investitsiyalariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida toʻla huquqiy muhofaza hamda xavfsizlik kafolatlanadi.
Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biriga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi investitsiyalarga egalik qilish, foydalanish, boshqarish, yuritish yoki oʻzga vazifalar borasida sababsiz, arbitraj yoki diskriminatsion choralar qoʻllanishi mumkin emas.
3-modda
Milliy rejim va eng qulay rejim
Milliy rejim va eng qulay rejim
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshirgan investitsiyalari, shuningdek ulardan olinadigan daromadlar uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻz investorlarining yoki istalgan uchinchi davlat investorlarining investitsiyalari va daromadlari uchun yaratgan qulay rejimdan kam boʻlmagan adolatli va teng huquqli rejim yaratadi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomon investorlariga ularning oʻz investitsiyalariga egalik qilishi, foydalanishi, boshqarishi, yuritishi yoki oʻzga vazifalar borasida boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻz investorlari yoki istalgan uchinchi davlat investorlari uchun yaratgan qulay rejimdan kam boʻlmagan rejim yaratilishi lozim.
3. Ushbu moddaning qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlardan birini quyidagilar asosida birinchi Ahdlashuvchi Tomonga taalluqli boʻlgan imtiyozli rejim, preferensiya yoki yengilliklarni boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga tatbiq etishga majburlovchi omil sifatida quyidagilarga nisbatan talqin qilinmasligi lozim:
a) Ahdlashuvchi Tomonlardan biri qatnashchisi boʻlgan yoki kelgusida qatnashchisi boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday mavjud yoki kelgusida tashkil etiladigan bojxona uyushmasi, erkin savdo zonasi, umumiy bozor yoki shu singari boshqa xalqaro bitimlar, shu jumladan mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning oʻzga shakllari; va
b) toʻlaligicha yoki qisman soliq solishga taalluqli boʻlgan har qanday xalqaro bitim.
4. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlari amalga oshiradigan investitsiyalarga nisbatan uning milliy qonunlari va ushbu Bitimdan kelib chiquvchi barcha majburiyatlarga rioya qiladi.
4-modda
Ekspropriatsiya
Ekspropriatsiya
1. Istalgan Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshirgan investitsiyalariga nisbatan ekspropriatsiya qilish, milliylashtirish qilish yoki mohiyati shunday ekspropriatsiya yoki davlat tasarrufiga oʻtkazish (ushbu bandda va bundan keyin ekspropriatsiya deb ataladigan) singari boshqa choralar qoʻllanmaydi, jamoat manfaatlari yoʻlida qonuniy tartibda huquqiy jihatdan kamsitmaydigan tarzda qoʻllaniladigan va shoshilinch kompensatsiyalar bilan birgalikda amalga oshiriladigan choralar bundan mustasno.
2. Bunday kompensatsiya investitsiyalarni ekspropriatsiya qilishgacha darhol belgilangan yoki ekspropriatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror barchaga ovoza qilingan vaqtgacha (bundan avval qanday hol yuz berganligiga bogʻlik tarzda) belgilangan bozor narxlariga muvofiq boʻladi, investitsiyalar ekspropriatsiya qilingan kundan boshlab eng soʻnggi toʻlovlar sanasigacha “Liborʼs” stavkasi boʻyicha hisoblanadigan investitsiyalar qiymatining foizlarini qamrab oladi, hamda erkin ravishda istalgan joyga oʻtkaziladi.
Kompensatsiya mablagʻi, investorning tanlashi asosida, investitsiyalar amalga oshirilgan valyutada yoki erkin muomaladagi valyutada belgilanishi hamda joylashgan manzili va yashash joyidan qatʼi nazar, investorga hech qanday kechikishsiz toʻlanishi lozim.
3. Investitsiyalari ekspropriatsiya qilingan investor Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga muvofiq, oʻzining sud ishini shu Ahdlashuvchi Tomonning yuridik yoki boshqa vakolatli idorasida tezda koʻrib chiqish hamda ushbu moddada bayon qilingan tamoyillarga muvofiq oʻz investitsiyalarini baholash huquqiga ega.
5-modda
Zararlar uchun kompensatsiya
Zararlar uchun kompensatsiya
Istalgan Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida sodir boʻlgan urush yoki qurolli toʻqnashuv, inqilob, favqulodda holat, davlat toʻntarishi, fuqarolik tartibsizliklar yoki shunga oʻxshash boshqa voqealar oqibatida yetkazilgan zararlarni qoplash uchun kompensatsiya toʻlashda ana shu Ahdlashuvchi Tomon kompensatsiya, restitutsiya, ziyonni qoplash yoki boshqa talofat qiymati toʻlovlari borasida oʻz investorlari yoki istalgan uchinchi davlat investorlariga yaratganidan kam boʻlmagan rejim yaratadi. Ushbu moddaga muvofiq har qanday toʻlovlar erkin muomaladagi valyutada ortiqcha kechiktirishlarsiz amalga oshirilishi va erkin ravishda oʻtkazilishi lozim.
6-modda
Oʻtkazishlar
Oʻtkazishlar
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining qonunlariga muvofiq, tegishli soliqlar, boj toʻlovlari va yigʻimlarni toʻlagandan soʻng boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga taalluqli boʻlgan mablagʻlarni, xususan quyidagilarni, ammo nafaqat ularni, erkin ravishda oʻtkazilishini kafolatlaydi:
a) investitsiyalarni yuritish, rivojlantirish, shuningdek ularning menedjementi uchun zarur boʻlgan sarmoya va qoʻshimcha mablagʻlar, jumladan sarmoyaning oshgan qismi;
b) ushbu Bitimning 1-modda 2-bandida taʼriflangan daromadlar;
c) har ikki Ahdlashuvchi Tomon investitsiya sifatida tan olingan zayomlarning puli toʻlanadigan har qanday mablagʻlar;
d) investitsiyalarni begonalashtirish, qisman yoki butunlay tugatishdan kelgan tushumlar;
e) ushbu Bitimning 7-moddasiga muvofiq investor nomidan amalga oshirilishi mumkin boʻlgan har qanday dastlabki toʻlovlar;
f) investitsiyalar munosabati bilan bir Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida olgan ish haqi;
g) ushbu Bitimning 4- va 5-moddalariga muvofiq toʻlangan kompensatsiyalar va ushbu Bitim doirasidagi har qanday investitsion nizolarga taalluqli boʻlgan boshqa toʻlovlar.
2. Ushbu moddada qayd etilgan pul oʻtkazishlar, valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi amaldagi qonunlarga muvofiq pul oʻtkazish vaqtida amalda boʻlgan almashtirish kursi boʻyicha erkin muomaladagi valyutada yoki investorning Ahdlashuvchi Tomon bilan kelishuviga binoan investitsiyalar amalga oshirilgan valyutada cheklovlarsiz va ortiqcha kechiktirishsiz amalga oshirilishi lozim.
3. Ushbu moddaning qoidalari, 1-, 2-bandlaridan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Tomon, kreditorlar huquqlarini himoya qilish, qimmatbaho qogʻozlar emissiyasi va savdosi, jinoyatlar va maʼmuriy huquqbuzarlik hollarida oʻz qonunchiligini tatbiq etishning adolatli, nodiskriminatsion asoslari shartlarida pul oʻtkazilishini taqiqlashi mumkin.
7-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
1. Agar istalgan Ahdlashuvchi Tomon yoki uning vakolatli agentligi oʻz investorlaridan biriga boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshirilgan investitsiyalarga taalluqli kafolatlar natijasida har qanday toʻlovlarni amalga oshirgan boʻlsa ana shu investorning huquqlari va aksiyalari, hamda ulardan foydalanish imkoniyati oʻsha qoidalar va shartlarga muvofiq haqiqiy egasi sifatida birinchi Ahdlashuvchi Tomonga topshirilishi lozim.
2. 9-moddaga asosan har qanday vaziyatda ham Ahdlashuvchi Tomon sugʻurta yoki kafillik shartnomasiga muvofiq zarar yoki maʼlum qilingan zararning bir qismi uchun tovon toʻlovlari olinganligi yoxud olinishini himoya, qarshi daʼvo, talabnoma hisobiga oʻtkaziladigan huquq sifatida yoki har qanday boshqa sababga koʻra talab qilmasligi lozim.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolar
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolar
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllashga taalluqli boʻlgan nizolar diplomatik kanallar orqali imkon qadar muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
2. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar muzokaralar boshlangan vaqtdan boshlab olti (6) oy mobaynida murosaga kelolmasalar, Ahdlashuvchi Tomonlardan birining talabiga koʻra, nizo, koʻrib chiqish uchun ushbu moddaning qoidalariga muvofiq Arbitraj sudiga topshiriladi.
3. “Ad hoc” Arbitraj sudi quyidagi tarzda tashkil etilishi lozim Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri bittadan arbitr tayinlashi zarur, tayinlangan arbitrlar saylaydigan Rais esa uchinchi davlat fuqarosi boʻlishi lozim. Arbitrlar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri nizoni Arbitraj sudida koʻrib chiqish uchun topshirish niyati toʻgʻrisida boshqa tomonni xabardor qilgan sanadan boshlab ikki (2) oy ichida, Rais esa uch oy (3) oy mobaynida tayinlanishi zarur.
4. Agar ushbu moddaning 3 – bandida belgilangan muddatga rioya qilinmasa, boshqa kelishuvlar mavjud boʻlmagan holda, istalgan Ahdlashuvchi Tomon zaruriy tayinlovlarni amalga oshirish uchun Xalqaro Sud Prezidentini taklif qilishi mumkin. Basharti, biror-bir sabab Prezidentga qayd etilgan vazifani bajarishga toʻsqinlik qilsa yoki u Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa, zaruriy tayinlovlarni amalga oshirish uchun vitse-Prezident taklif etilishi lozim.
Agar vitse-Prezident ham Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki boshqa biror sababga koʻra ushbu vazifani bajara olmasa, zaruriy tayinlovlar Ahdlashuvchi Tomonlardan hech birining fuqarosi boʻlmagan, xalqaro Sudning lavozimi yuqoriroq boʻlgan aʼzosi tomonidan amalga oshiriladi.
5. Arbitraj sudining Raisi har ikki Ahdlashuvchi Tomon bilan diplomatik munosabatlarda boʻlgan uchinchi davlat fuqarosi boʻlishi lozim.
6. Sud oʻz ishining istalgan bosqichida Ahdlashuvchi Tomonlarga nizoni doʻstona tarzda hal etishni taklif qilishi mumkin. Bundan avvalgi qoidalar nizoni bu tarzda hal etishga toʻsqinlik qilmaydi.
7. Arbitraj sudining qarorlari koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Sudning qarorlari har ikki Tomon uchun ham tutal va majburiy hisoblanadi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon arbitraj tartibotlaridagi oʻzining Sud aʼzosi va vakillari uchun xarajatlarni toʻlaydi. Arbitraj sudining Raisi uchun sarflanadigan xarajatlar va oʻzga chiqimlarni Ahdlashuvchi Tomonlar teng tarzda qoplaydilar. Sud xarajatlar toʻgʻrisida oʻzgacha qaror chiqarishi ham mumkin. Qolgan barcha hollarda Sud oʻz tartib-qoidalarini belgilaydi.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomon
investori oʻrtasidagi nizolar
Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomon
investori oʻrtasidagi nizolar
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomon investori oʻrtasida shu investorning birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidagi investitsiyalari borasida yuzaga kelgan har qanday nizo muzokaralar orqali iloji boricha doʻstona tarzda hal etilishi lozim.
2. Agar bunday nizo uni hal etish soʻralgan sanadan boshlab olti oy mobaynida hal etilmasa, investor nizoni:
a) qaror chiqarish uchun Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli Sudiga; yoki
b) Vashingtonda 1965-yil 18-martda imzolash uchun ochilgan “Davlatlar va chet ellik shaxslar oʻrtasidagi investitsion nizolarni hal etish tartibi toʻgʻrisidagi Konvensiya”ga muvofiq Investitsion nizolar boʻyicha yarashtirish yoki sudlov yoʻli bilan hal etuvchi xalqaro Markazga (ICSID) topshirishi mumkin.
3. Hech qaysi Ahdlashuvchi Tomon arbitraj jarayonlari tugallangunga qadar va magʻlubiyatga uchragan Ahdlashuvchi Tomon Investitsion nizolar boʻyicha yarashtirish yoki sudlov yoʻli bilan hal etuvchi xalqaro markaz tomonidan chiqarilgan qarorni qoʻllab-quvvatlamaguncha yoki unga boʻysungunga qadar arbitrajga koʻrib chiqish uchun topshirilgan hech qanday masala bilan diplomatik vositalar orqali shugʻullanmaydi.
4. Qaror tomonlarga nisbatan qoʻllanishi zarur va u apellatsiya uchun sabab yoki yuqorida qayd etilgan Konvensiyada koʻzda tutilgan sud himoyasining oʻzga vositasi boʻlishi mumkin emas. Qaror nizoga sabab boʻlgan investitsiyalar hududida amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga muvofiq tatbiq etilishi lozim.
10-modda
Boshqa qoidalarning qoʻllanilishi
Boshqa qoidalarning qoʻllanilishi
Agar istalgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunlaridagi qoidalar yoki xalqaro qonunchilikka muvofiq hozirda mavjud boʻlgan yoxud keyinchalik Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida ushbu Bitimga qoʻshimcha ravishda taʼsis etilgan majburiyatlar, boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari amalga oshirgan investitsiyalarga ushbu Bitimda koʻzda tutilgandan koʻra qulayroq rejim huquqini beruvchi umumiy yoki maxsus qoidalarni oʻz ichiga olsa, bunday qoidalar, agar ular yanada qulayroq boʻladigan boʻlsa, ustun hisoblanadi.
11-modda
Bitimni qoʻllash
Bitimni qoʻllash
Ushbu Bitim bir Ahdlashuvchi Tomon hududida uning qonunlariga muvofiq ushbu Bitim kuchga kirgan sanagacha yoki undan soʻng amalga oshirilganligidan qatʼi nazar, boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari amalga oshirgan barcha investitsiyalarga tatbiq etiladi, hamda ushbu Bitim kuchga kirgan sanaga qadar yuzaga kelgan, investitsiyalarga aloqador boʻlgan har qanday nizoga nisbatan qoʻllanilmaydi.
12-modda
Maslahatlashuvlar
Maslahatlashuvlar
Ahdlashuvchi Tomonlarning vakillari, zarur boʻlgan hollarda, ushbu Bitimni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan har qanday masala yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazadilar. Bunday maslahatlashuvlar, ularni oʻtkazish joyi va vaqtini diplomatik kanallar orqali kelishib, Ahdlashuvchi Tomonlardan birining taklifiga binoan oʻtkaziladi.
13-modda
Kuchga kirishi va joriy muddati
Kuchga kirishi va joriy muddati
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar ularning zaruriy ichki konstitutsion jarayonlari bajarilganligi toʻgʻrisida bir-birlarini yozma ravishda xabardor qilgan sanadan soʻng oʻttiz (30) kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim oʻn yil mobaynida amalda boʻladi va, agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri belgilangan muddat yoki tegishli besh yillik muddat oʻtishidan oʻn ikki oy avval boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitimni amal qilishini toʻxtatish haqidagi oʻz niyati toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilgunga qadar amal qiladi.
3. Ushbu Bitimning amal qilish muddati tugagan holda, 1-12 moddalarning qoidalari ushbu Bitimning amal qilishi toʻxtatilgan kunga qadar amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan keyingi oʻn (10) yillik davr mobaynida oʻz kuchini saqlab qoladi.
Ushbuni tasdiqlagan holda, lozim tarzda vakolatlangan shaxslar ushbu Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida, 2001-yil 11-sentabrda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, portugal va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
BAYoNNOMA
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Portugaliya Respublikasi oʻrtasida investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoyalash toʻgʻrisidagi Bitim imzolanganligi tufayli, lozim tarzda vakolatli etib tayinlangan quyida imzo chekuvchilar, tegishli Bitimning tarkibiy qismi boʻlgan quyidagi qoidalar toʻgʻrisida ham rozilik bildirdilar:
1. Ushbu Bitimning 2-moddasiga asoslanib:
Agar bir Ahdlashuvchi Tomonning investorlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida roʻyxatdan oʻtkazilib boʻlgan va oʻz faoliyatini kengaytirish yoki oʻz faoliyatini boshqa sektorlarga olib chiqish niyatida boʻlgan hollarda, ushbu Bitimning 2-moddasi qoidalari tatbiq etilishi lozim.
Bunday investitsiyalar yangi investitsiyalar sifatida baholanadi va bu oʻrinda ular ushbu Bitimning 2-moddasiga asosan investitsiyalarga ruxsat berish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Ushbu Bitimning 3-moddasiga asoslanib:
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimning 3-moddasi qoidalariga muvofiq istalgan Ahdlashuvchi Tomonning huquqlariga nisbatan soliq toʻlovchilar uchun farqli boʻlgan va ularning yashash joylariga nisbatan yoki ularning sarmoya kiritadigan joylariga nisbatan har xil soliq qonunchiligining amaldagi qoidalarini xolis tarzda tatbiq etilishini eʼtiborga oladilar.
Toshkent shahrida, 2001-yil 11-sentabrda, ikki nusxada, oʻzbek, portugal va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqin borasidagi kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)