Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati idoralari axborot-kommunikatsiya tizimi faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Soliq va boshqa majburiy toʻlovlar tushumini hisobga olish hamda nazorat qilish darajasini oshirishga, soliq tushumlarining qoʻshimcha manbalarini aniqlash va soliq toʻlashdan boʻyin tovlashning oldini olishga, shuningdek soliq toʻlovchilar uchun koʻrsatilayotgan interaktiv xizmatlar turini kengaytirish hamda sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan davlat soliq xizmati idoralari axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish va faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Axborot-tahlil bosh boshqarmasining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari deb hisoblansin:
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat budjeti va maqsadli davlat jamgʻarmalariga toʻlovlarni tahlil etish va prognoz qilish;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
soliq toʻlovchilar, soliqqa tortish obyektlari, hisoblangan va toʻlangan soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar, shuningdek ular boʻyicha imtiyozlar toʻgʻrisidagi axborotlarni yigʻish, qayta ishlash va saqlash;
soliq toʻlovchilar tomonidan soliq majburiyatlarining bajarilishini kameral nazorat qilish, shuningdek davlat soliq xizmati idoralariga yuklatilgan vazifalarning ijrosini nazorat qilish uchun axborot taʼminoti;
soliq toʻlovchilarning soliq va moliya hisobotlari hamda soliq toʻlovchilar toʻgʻrisidagi boshqa axborotlarni avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olish;
soliq maʼmuriyatchiligi jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va boshqa vazirliklar hamda idoralar oʻrtasida, jumladan aloqa kanallari orqali elektron axborot almashuvini tashkil etish;
soliq toʻlovchilarga real vaqt rejimida keng koʻlamli interaktiv xizmatlar koʻrsatishni tashkil etish;
axborot xavfsizligini taʼminlash hamda mavjud maʼlumotlarni himoya qilish choralarini koʻrish.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, soliq idoralarining yagona integratsiyalashtirilgan axborot resurs bazasini shakllantirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
birinchi bosqich (2013-yil 1-yanvargacha) — barcha hududiy davlat soliq inspeksiyalarining axborot bazasini markaziy maʼlumotlar bazasiga integratsiyalashtirish;
ikkinchi bosqich (2015-yil 1-yanvargacha) — soliq toʻlovchilar majburiyatlarining paydo boʻlishi (toʻxtatilishi) boʻyicha vazirliklar va idoralarning maʼlumotlar bazasini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining maʼlumotlar yagona axborot bazasiga integratsiyalashtirish.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi markaziy apparatining yangilangan tuzilmasi 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova berilmaydi.
davlat soliq xizmati idoralariga soliq toʻlovchilarning majburiyatlari paydo boʻlishi (tugatilishi) toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etadigan idora va tashkilotlarning roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
Mazkur qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan idora va tashkilot rahbarlari zimmasiga soliq majburiyatlari bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumot va boshqa axborotlar toʻlaqonli hisobga olinishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi:
bir oy muddatda mazkur qaror bilan yuklangan vazifalarni hisobga olgan holda Axborot-tahlil bosh boshqarmasining yangi Nizomini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Axborot-tahlil bosh boshqarmasini zarur moddiy-texnika bazasi bilan taʼminlasin va yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirsin;
shtat jadvaliga oʻrnatilgan tartibda tegishli oʻzgartishlar kiritsin.
5. 3-ilovaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ hujjatlar ushbu qarorga muvofiqlashtirilsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 30-oktabr,
PQ-1843-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 30-oktabrdagi PQ-1843-sonli qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari
roʻyxati
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisining oʻrinbosari lavozimini kiritish toʻgʻrisida” 2007-yil 28-iyundagi PQ-661 -sonli qarorining 2-bandi va uning ilovasi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining tuzilmasini yanada maqbullashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 25-fevraldagi PP-1290-sonli qarorining 2-bandi va uning ilovasi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 45-son, 511-modda; 2013-y., 4-son, 44-modda, 20-son, 250-modda; 36-son, 477-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda, 30-son, 366-modda; 2016-y., 46-son, 529-modda; 2017-y., 2-son, 25-modda, 8-son, 108-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2017-y., 07/17/3376/0211-son, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son; 11.01.2019-y., 06/19/5620/2501-son, 11.01.2019-y., 06/19/5624/2471-son, 09.11.2019-y., 06/19/5870/4010-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 06/23/62/0232-son; 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)