Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining
Qarori
BANKROTLIK TOʻGʻRISIDAGI IShLAR BOʻYIChA DAVLAT ORGANIGA XOʻJALIK YuRITUVChI SUBYEKTLARNING MOLIYAVIY-XOʻJALIK FAOLIYATI TOʻGʻRISIDAGI MATERIALLARNI TAQDIM ETISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMGA OʻZGARTIRIShLAR KIRITISh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 18-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2223-1]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2019-yil 14-yanvardagi 02/16-10/41-sonli “Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organiga xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi materiallarni taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2223-4, 23.01.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 142-modda) va “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 63-modda) Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 16-iyuldagi PF–4453-son “Statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 29-son, 327-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 2-martdagi PQ–1293-son “Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 9-son, 67-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-iyundagi 105-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 23-son, 182-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2011-yil 16-martdagi 3-sonli qarori (roʻyxat raqami 2223, 2011-yil 2-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 18-son, 185-modda) bilan tasdiqlangan Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organiga xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi materiallarni taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi v.b. U.TURDIYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 5-oktabr,
10-son
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2012-yil 5-oktabrdagi 10-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organiga xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi materiallarni taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 3-bandda:
ikkinchi xatboshida “har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning yigirmanchi kunidan kechiktirmay” soʻzlari “har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning yigirmanchi kunidan kechiktirmay” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshida “har oyda” soʻzlari “chorakda bir marta” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 5-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2002-yil 27-dekabrdagi 140-sonli “Moliyaviy hisobot shakllari va ularni toʻldirish boʻyicha qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1209, 2003-yil 24-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2003-yil, 1-2-son) bilan tasdiqlangan 1-sonli “Buxgalteriya balansi”, 2-sonli “Moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot” shakllari boʻyicha choraklik (kichik tadbirkorlik subyektlaridan tashqari) va yillik moliyaviy hisobotlarni qonunchilikda belgilangan muddatlarda;”.
3. Ushbu oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
2012-yil 4-oktabr
Davlat statistika qoʻmitasi raisi B. TURAYEV
2012-yil 4-oktabr
Moliya vaziri R. AZIMOV
2012-yil 4-oktabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 41-42-son, 491-modda)