Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tayland Qirolligi Hukumati oʻrtasida
Bitim
MADANIYAT VA SPORT SOHASIDA HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tayland Qirolligi Hukumati, keyingi oʻrinlarda Tomonlar deb ataluvchilar,
ikki davlat va ularning xalqlari oʻrtasida madaniyat va sport sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashni istab,
madaniyat va sport sohasida va sohalarda hamkorlik va aloqalarni rivojlantirish Oʻzbekiston Respublikasi va Tailand Qirolligi xalqlari manfaatlariga mos kelishiga chuqur ishongan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻzaro manfaat va tenglik asosida hamda Tomonlarning milliy qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlariga hamda har ikki davlatning xalqaro majburiyatlariga muvofiq ikki davlat oʻrtasida madaniyat va sport sohasida tegishli daraja va turdagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
2-modda.
Tomonlar quyidagi shakllarda madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar:
— ikki mamlakatning madaniyat va sanʼat muassasalari, ijodiy uyushmalari, ziyolilar va madaniyat xodimlari oʻrtasida bevosita aloqalar oʻrnatish;
— artistlar va artistlar guruhlari bilan almashish;
— yozuvchilar, madaniyat va sanʼat xodimlari bilan almashish;
— rassomchilik, haykaltaroshlik, amaliy sanʼat namunalari va fotosuratlar koʻrgazmalarini oʻtkazish;
— sanʼat, teatr, kino, musiqa festivallari va xalq hunarmandchiligi koʻrgazmalarini birgalikda tashkil etish;
— kinofilmlarni birgalikda ishlash, teatr pyesalarini sahnalashtirish;
— madaniyat va sanʼat sohasidagi kitoblar va nashrlar bilan almashish va boshqa Tomon tashkil etadigan xalqaro madaniy tadbirlarda ishtirok etish.
3-modda
Tomonlar oʻz milliy qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq quyidagi shakllarda jismoniy tayyorgarlik va sport sohasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar:
— jismoniy tayyorgarlik va jismoniy taʼlim boʻyicha kasbiy tajriba, tadqiqotlar va maʼlumotlarni almashish;
— jismoniy tayyorgarlik va sport sohasidagi pedagogik kadrlar bilan almashish hamda jismoniy tayyorgarlik va sport sohasidagi mutaxassislar uchun amaliyot oʻtash, ularni tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etish;
— sportning anʼanaviy turlarini va sport festivallarini rivojlantirishda hamkorlik qilish;
— mehnat qobiliyatini yoʻqotgan shaxslarning jismoniy tayyorgarligi, suzish, shaxmat, atletika, nogironlar aravachalarida poyga va boshqa sport turlari boʻyicha musobaqalarni tashkil etish yuzasidan tajriba almashish;
— sport klublari va federatsiyalar, delegatsiyalar, jamoalar, sportchilar oʻrtasida tajriba almashish, ikki tomonlama va koʻp tomonlama musobaqalarni, davriy mashqlar va musobaqalarni, shuningdek yozgi sport lagerlarini tashkil etish;
— sport dasturlarini kelishib olish maqsadida sport fani masalalari boʻyicha ikki tomonlama uchrashuv va seminarlar tashkil etish, shuningdek xalqaro sport va xususan Olimpiada tadbirlari boʻyicha oʻzaro maslahatlashuvlar oʻtkazish;
— sportni moliyalashtirish, shu jumladan ham jamoaviy, ham yakka tartibdagi haq toʻlanadigan mehnatni hamda sportni ragʻbatlantirish va tashkil etish boʻyicha boshqa faoliyatni rivojlantirish masalalari yuzasidan tajriba almashish.
4-modda
Tomonlar kutubxonalar, arxivlar va muzeylar oʻrtasidagi bevosita hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar hamda boshqa Tomonning mutaxassislariga madaniyatga oid bilimlar tarqatish maqsadida mazkur muassasalarning materiallaridan foydalanish uchun imkon yaratadilar.
5-modda
Tomonlar tarixiy, geografik va madaniyatga oid hujjatlarni almashish orqali oʻz tarixi va madaniyati bilan har ikki davlat xalqlarining tanishishini ragʻbatlantiradilar.
6-modda
Tomonlar har ikki davlat hududida joylashgan yodgorliklar, qadimiy va madaniy boyliklarni saqlash va taʼmirlashda hamkorlik qiladilar.
7-modda
Tomonlar YUNESKO va boshqa xalqaro madaniyat va sport tashkilotlari doirasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar.
8-modda
Tomonlar oʻz mamlakatlarida oʻtkazilayotgan xalqaro simpoziumlar, koʻrgazmalar, konferensiyalar, festivallar, tanlovlar, musobaqalar toʻgʻrisida bir-birini xabardor qiladilar va tegishli materiallar bilan almashadilar.
9-modda
Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ushbu Bitim doirasida madaniyat, sanʼat, fan va sport tashkilotlari, muassasalari oʻrtasida alohida bitimlar tuzilishini ragʻbatlantiradilar.
10-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning tegishli vakolatli muassasalari zimmasiga bajarilishi yuklatiladigan Harakatlar rejalarini qabul qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Har bir harakatlar turi uchun barcha shartlar, shu jumladan moliyalashtirish shartlari yuqorida belgilangan Rejada koʻrsatiladi.
Tomonlar vakillarining uchrashuv vaqtlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
11-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning ular ishtirokchisi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalar boʻyicha majburiyatlariga daxl qilmaydi.
12-modda
Tomonlar ushbu Bitimga uning ajralmas qismi boʻlib hisoblanuvchi alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishi mumkin, ular ushbu Bitimning 14-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradi.
13-modda
Ushbu Bitimni amalga oshirish va/yoki talqin qilish chogʻida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nizo va ixtiloflar diplomatik kanallar orqali doʻstona muzokaralar yoki maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal etiladi.
14-modda
Ushbu Bitim u imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh (5) yil muddatga tuziladi va Tomonlardan biri amaldagi besh (5) yillik davr tugashidan olti (6) oy oldin boshqa Tomonni oʻzining ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish maqsadi toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qilmaguncha kelgusi besh (5) yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Ushbu Bitim amal qilishining toʻxtatilishi, agar Tomonlar boshqacha kelishgan boʻlmasa, Tomonlarning ushbu Bitimga muvofiq amalda boʻlgan dasturlar, loyihalar va faoliyatni amalga oshirishga taʼsir qilmaydi.
2012-yil 8-mayda Bangkok shahrida har biri oʻzbek, tay va ingliz tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimni talqin qilishda ixtiloflar yuzaga kelgan taqdirda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2012-y., 1-2-son)