Oʻzbekiston RespublIkasi Tashqi Ishlar Vazirligi bilan Vengriya Respublikasi Tashqi Ishlar Vazirligi oʻrtasida
PROTOKOL
HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Vengriya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining talabiga, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Vengriya Respublikasi oʻrtasida davlatlararo munosabatlarning asoslari toʻgʻrisidagi shartnomaga, (Budapesht, 1992-yil 3-mart) va boshqa xalqaro-huquqiy hujjatlarga muvofiq ikki davlat va xalq oʻrtasida doʻstona munosabatlar va hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida,
siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va oʻzaro ahamiyatga ega boʻlgan boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni sheriklik, tenglik, oʻzaro manfaat prinsiplari asosida rivojlantirishga yordam koʻrsatishni istab, xalqaro tashkilotlar va uchrashuvlar doirasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini taʼkidlagan holda,
oʻzaro manfaatli hamkorlik masalalarini tezda hal qilish uchun yordam berishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1- modda
Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollarini, har ikki Tomon uchun ahamiyatli boʻlgan mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qilish uchun maslahatlashuvlar oʻtkazadi.
2- modda
Tomonlar 1-moddada koʻrsatilgan masalalar boʻyicha kamida yilda bir marta maslaxatlashuvlar oʻtkazadi. Maslaxatlashuvlar navbati bilan Oʻzbekiston va Vengriyada yoki xalqaro uchrashuvlar jarayonida oʻtkaziladi. Delegatsiya darajasi, kun tartibi va maslahatlashuvlarning vakillari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
3- modda
Maslaxatlashuvlar quyidagi masalalarni qamrab olishi mumkin:
a) ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, shu jumladan aloqalarni rivojlantirish va kengaytirish bilan bogʻliq mavzular;
b) ikki tomonlama bitimlarni bajarish masalalari boʻyicha maʼlumot almashish, shuningdek oʻzbek-venger munosabatlarini rivojlantirishga koʻmaklashishning yangi shakllarini ishlab chiqish;
v) oʻzaro ahamiyatga molik mintaqaviy va xalqaro masalalar.
4- modda
Tomonlar oʻz vakolatlari doirasida har ikki davlatning boshqaruv organlari va muassasalari, shuningdek jamoat va ilmiy tashkilotlari oʻrtasida bevosita aloqalarni oʻrnatish va rivojlantirishga yordam koʻrsatadilar.
5- modda
Tomonlar har ikki mamlakat davlat institutlari tomonidan tashkil etilgan xalqaro munosabatlar va xalqaro huquq sohasida malaka oshirish va maxsus kurslarni ayirboshlash vositasida oʻz diplomatlariga bevosita aloqalar oʻrnatish va tajriba almashish uchun qulay sharoit yaratadilar.
6- modda
Har ikki Tomon vakillari xalqaro konferensiyalar va uchrashuvlarda, shuningdek har ikki davlatning uchinchi mamlakatlardagi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlardagi diplomatik missiyalari har ikki Tomon uchun oʻzaro ahamiyatli boʻlgan masalalar boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
7- modda
Mazkur Protokol qoidalarini talqin etilishida va qoʻllanilishida yuzaga keluvchi barcha bahs va tushunmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashish va muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
Tomonlarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha mazkur Protokolga yozma shaklda rasmiylashtiriladigan qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilishi mumkin.
8-modda
Mazkur Protokol uni imzolash sanasidan kuchga kiradi.
Mazkur Protokol nomaʼlum muddatga tuziladi va bir Tomon boshqa Tomonning uning bekor qilish maqsadi toʻgʻrisidagi xabarnomasini olgandan soʻng uch oy oʻtgach bekor boʻladi.
2011-yil 7-noyabrda Toshkent shahrida har biri oʻzbek, venger va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqinda kelishmovchiliklar kelib chiqsa, rus tilidagi matn ustuvor boʻladi.
(imzolar)