Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
HUQUQIY TARGʻIBOT VA MAʼRIFAT BOʻYIChA DAVLAT ORGANLARI IShLARINI MUVOFIQLAShTIRISh BOʻYIChA IDORALARARO KENGASh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-apreldagi 175-sonli “Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 23-avgustdagi PQ–1602-son qaroriga muvofiq hamda davlat organlari, jamoat birlashmalarining jamiyatda aholining huquqiy ongini hamda madaniyatini oshirishga va qonuniylikni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasidagi ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Idoralararo kengash bir oy muddatda oʻz Reglamentini tasdiqlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri N. Yoʻldoshev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 23-iyul,
226-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 23-iyuldagi 226-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo kengash toʻgʻrisida
Nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 23-avgustdagi PQ–1602-son qaroriga muvofiq Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Idoralararo kengash (keyingi oʻrinlarda Idoralararo kengash deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.
Idoralararo kengash Oʻzbekiston Respublikasida davlat organlari, shuningdek jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi kollegial organ hisoblanadi.
2. Idoralararo kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, mazkur Nizom hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
3. Idoralararo kengash tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
II. Idoralararo kengashning asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar Idoralararo kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
davlat organlari, jamoat birlashmalarining jamiyatda aholining huquqiy ongini, huquqiy madaniyatni oshirishga va qonuniylikni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasidagi ishlarini muvofiqlashtirish;
huquqshunos kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sifatini yaxshilash, shuningdek taʼlim muassasalari oʻquvchi va talabalarining huquqiy bilim darajasini oshirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va kiritish;
aholi bilan huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha ishlarni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, ushbu ishga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish.
5. Idoralararo kengash oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) davlat organlari, jamoat birlashmalarining jamiyatda aholining huquqiy ongini, huquqiy madaniyatni oshirishga va qonuniylikni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasidagi ishlarini muvofiqlashtirish sohasida:
huquqiy targʻibot sohasida davlat boshqaruv organlari, shuningdek jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining kelishilgan faoliyat yuritishlarini taʼminlaydi;
davlat organlari, shuningdek jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlaridan ular tomonidan huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumotlarni soʻraydi va oladi, ularning bajarilishi ahvolini tahlil qiladi, umumlashtiradi, shuningdek ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish boʻyicha asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
davlat organlarining huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasidagi faoliyatiga doir tadbir va dasturlarning bajarilishini oʻrganadi, ularning hisobotlarini eshitib boradi;
davlat organlari, shuningdek jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasidagi faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
huquqiy targʻibot va maʼrifat ishlarini amalga oshirishga doir tadbirlar rejasi va dasturlarining amalga oshirilishini tashkil etadi;
huquqiy targʻibot va maʼrifat ishlarining uslubiy jihatdan taʼminlanishini tashkil etish, shuningdek ushbu yoʻnalishdagi ishlarni amalga oshirishning zamonaviy shakllarini joriy etish boʻyicha asoslantirilgan tavsiyalar ishlab chiqadi;
b) huquqiy taʼlim va huquqiy tarbiya tizimini takomillashtirish sohasida:
davlat organlarining oliy va oʻrta maxsus maʼlumotli yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyojini oʻrganadi, zamonaviy talablar va standartlarni hisobga olgan holda huquqshunos kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishni tashkil etish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
mamlakatda huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
oliy va oʻrta maxsus kasb-hunar oʻquv yurtlarining huquqshunoslik yoʻnalishidagi talabalari va oʻquvchilari uchun oʻquv dasturlari va rejalarini oʻrganadi, ularni takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
huquqshunoslik fanini rivojlantirishning dolzarb masalalarini oʻrganadi, ilmiy-tadqiqot ishlari rejalarini koʻrib chiqadi;
v) aholi oʻrtasida huquqiy targʻibot va tashviqot ishlarini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish sohasida:
ommaviy axborot vositalari orqali huquqiy targʻibotni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi;
ommaviy axborot vositalarida yoritilayotgan huquqiy mavzudagi materiallarni tahlil qiladi, ularning mazmunini takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqadi;
jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, shuningdek qonuniylikni mustahkamlash maqsadida aholi oʻrtasida huquqiy bilimlarning keng targʻibot-tashviqot qilinishini tashkil etadi;
aholini huquqiy axborotlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshirilishini taʼminlaydi.
III. Idoralararo kengashning huquqlari va javobgarligi
6. Idoralararo kengash quyidagi huquqlarga ega:
davlat organlari va taʼlim muassasalari tomonidan huquqiy targʻibot va huquqiy maʼrifat boʻyicha olib borayotgan ishlarini oʻrganish, shuningdek ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar tayyorlash;
huquqiy targʻibot va maʼrifat, shuningdek umumtaʼlim faoliyati boʻyicha ishlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni davlat organlari, jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari, taʼlim muassasalaridan belgilangan tartibda talab qilib olish;
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, huquqiy targʻibotni amalga oshirishni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
huquqiy targʻibot ishlarini amalga oshirish uchun davlat organlari, jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlarini, shuningdek mutaxassislar, olimlar va fuqarolarni jalb qilish;
davlat organlarining huquqiy targʻibot va maʼrifat ishlarini olib borishga doir ish rejalari, chora-tadbirlar rejalari hamda dasturlarini va boshqa hujjatlarni oʻrganish, ularni qayta koʻrib chiqish boʻyicha tavsiyalar berish.
Idoralararo kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7. Idoralararo kengash mazkur Nizom hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan zimmasiga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlash uchun masʼuldir.
IV. Idoralararo kengash faoliyatini tashkil etish
8. Idoralararo kengashga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri rahbarlik qiladi, uning vakolatiga quyidagilar kiradi:
Idoralararo kengash majlislari kun tartibini belgilash va majlislarini chaqirish;
Idoralararo kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil qilish;
Idoralararo kengash aʼzolarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish boʻyicha ishlarini muvofiqlashtirish;
Idoralararo kengashning samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
9. Idoralararo kengash aʼzolari:
Idoralararo kengash majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda qatnashadilar;
huquqiy targʻibot va maʼrifatning dolzarb masalalari boʻyicha Idoralararo kengashga takliflar kiritadilar;
Idoralararo kengash muhokama qiladigan masalalar boʻyicha xulosalar beradilar.
Idoralararo kengash aʼzolari Idoralararo kengashdagi oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
10. Idoralararo kengash oʻz faoliyatini tasdiqlangan rejaga muvofiq amalga oshiradi va majlislarini zaruriyatga koʻra, lekin yiliga kamida ikki marta oʻtkazadi. Idoralararo kengash raisi tomonidan uning aʼzolarining navbatdan tashqari majlis oʻtkazish uchun sabablari va asoslari bayon qilinishi lozim boʻlgan yozma iltimosnomasiga asosan navbatdan tashqari majlis chaqirilishi mumkin.
11. Idoralararo kengash majlisini uning raisi olib boradi. Idoralararo kengash raisi boʻlmagan taqdirda majlisni Idoralararo kengash aʼzolaridan biri boshqaradi.
Idoralararo kengash majlisi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlganda vakolatli hisoblanadi.
Majlis oʻtkazish uchun kvorum boʻlmaganda Idoralararo kengashning yangi majlis oʻtkazish sanasi eʼlon qilinadi. Yangi majlis oʻtkazishda uning kun tartibi oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Idoralararo kengash majlisiga unda koʻrib chiqilayotgan masalalarning ahamiyatiga koʻra davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
13. Idoralararo kengash faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining Adliya vazirligiga ajratiladigan mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
V. Idoralararo kengashning ishchi organi va kotibi
14. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Huquqiy targʻibot va huquqiy taʼlim boshqarmasi Idoralararo kengashning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb yuritiladi) hisoblanadi.
15. Ishchi organ:
Idoralararo kengash faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash masalalarini hal qiladi;
navbatdagi davr uchun Idoralararo kengashning ish rejasi loyihasini tayyorlaydi, Idoralararo kengash muhokamasiga kiritadi va tasdiqlangan ish rejasining bajarilishini taʼminlaydi;
Idoralararo kengashning navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi va manfaatdor tashkilotlardan zarur materiallar va ekspert xulosalarini oladi;
Idoralararo kengash majlisi kun tartibi masalasi boʻyicha tahliliy materiallar tayyorlanishini va majlis oʻtkazilishini tashkil etadi.
kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqadi va Idoralararo kengash vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar loyihalarini tayyorlaydi;
Idoralararo kengash koʻrib chiqishi uchun uning qaroriga muvofiq boshqa materiallarni taqdim etadi.
16. Idoralararo kengashning kotibi:
Idoralararo kengashning navbatdagi majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
Idoralararo kengash majlisiga materiallar tayyorlash boʻyicha ishchi organning ishini tashkil etadi;
kun tartibidagi masalalar boʻyicha Idoralararo kengash majlislari oʻtkazilishini tashkil qiladi;
Idoralararo kengash raisi bilan majlis oʻtkazish muddatlari va joyini, shuningdek taklif etiladiganlar roʻyxatini kelishadi;
Idoralararo kengash aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni majlisning oʻtkaziladigan sanasi, vaqti, joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
Idoralararo kengash qarorlari ijrosi monitoringini olib boradi va uning natijasini koʻrib chiqish uchun Idoralararo kengash majlisiga taqdim etadi;
Idoralararo kengash protokollarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan protokollarni Idoralararo kengash aʼzolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
VI. Idoralararo kengash tomonidan qarorlar qabul qilish va ularning bajarilishini tashkil etish
17. Idoralararo kengash qarori Idoralararo kengashning majlisda qatnashayotgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda Idoralararo kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Idoralararo kengashning har bir aʼzosi qabul qilinayotgan qarorlar yuzasidan oʻz fikrini yozma ravishda bildirish huquqiga ega.
18. Idoralararo kengash raisi qarorlarni tezkor qabul qilish maqsadida Idoralararo kengashning alohida masalalar boʻyicha Idoralararo kengash aʼzolari bilan kelishilgan qarorlarini soʻrov yoʻli bilan tasdiqlashi mumkin.
19. Idoralararo kengash qarorlari Idoralararo kengash majlisi protokol bilan rasmiylashtiriladi. Idoralararo kengash majlisi protokoliga uning barcha aʼzolari tomonidan viza qoʻyiladi, u kotib tomonidan imzolanadi, Idoralararo kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi va bir hafta muddatda Idoralararo kengash aʼzolariga hamda manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi.
20. Idoralararo kengash protokolining asl nusxasi va unga tegishli materiallar ishchi organda saqlanadi.
21. Idoralararo kengashning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlarining davlat organlari tomonidan bajarilishi majburiydir.
22. Idoralararo kengashning ishchi organi va kotibi Idoralararo kengash qarorlarining bajarilishini muntazam ravishda oʻrganadilar va koʻrib chiqadilar, zaruriyat boʻlganda Idoralararo kengash raisiga tegishli takliflar kiritadilar.
23. Idoralararo kengash qabul qilingan qarorlarning bajarilishi ahvolini oʻz majlislarida muntazam ravishda koʻrib chiqadi.
24. Idoralararo kengashning ish tartibi Reglamentda belgilanadi. Reglament Idoralararo kengash tomonidan qabul qilinadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 30-son, 349-modda)