Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VAZIRLAR MAHKAMASINING “OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMI MUASSASALARI XODIMLARI MEHNATIGA HAQ TOʻLAShNING TAKOMILLAShTIRILGAN TIZIMINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA” 2008 YIL 1 AVGUSTDAGI 165-SON QARORIGA OʻZGARTIRIShLAR VA QOʻShIMChA KIRITISh HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Malakali pedagog kadrlar tayyorlash hamda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini shunday kadrlar bilan taʼminlash tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2012-yil 28-maydagi PQ-1761-son qarorining 8-bandini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2008-yil 1-avgustdagi 165-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 8-son, 41-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin hamda ular 2012-yil 1-sentabrdan boshlab amalga kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2012/2013 oʻquv yilidan boshlab kasb-hunar kollejlari ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining bazaviy tarif stavkalari oshirilishi munosabati bilan qoʻshimcha xarajatlarning “Taʼlim” sohasiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida moliyalashtirilishini taʼminlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 19-iyul,
224-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 19-iyuldagi 224-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2008-yil 1-avgustdagi 165-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 1-ilovaga quyidagi mazmundagi izoh qoʻshilsin:
“Izoh. Kasb-hunar kollejlarining birinchi malaka toifasiga, ikkinchi malaka toifasiga ega boʻlgan va malaka toifasiga ega boʻlmagan ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishli ravishda kasb-hunar kollejlarining katta oʻqituvchisi, oliy maʼlumotli oʻqituvchisi va oʻrta maxsus maʼlumotli oʻqituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi”.
2. 2-ilovada:
3-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
izoh chiqarib tashlansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 29-son, 338-modda)