Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUChLARI SAFIDA MUDDATLI HARBIY XIZMATNI OʻTAB BOʻLGAN FUQAROLARNI OLIY TAʼLIM MUASSASALARIGA QABUL QILISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi 681-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomalariga ega boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida, Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarga hamda taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2012-yil 31-maydagi PQ—1765-son qaroriga asosan muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 11-iyul,
205-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 11-iyuldagi 205-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2012-yil 31-maydagi PQ-1765-son qaroriga asosan muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom oliy harbiy taʼlim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi ushbu Nizomda nazarda tutilmagan barcha holatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom asosida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oliy taʼlim muassasalariga Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni oʻqishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Davlat komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan test sinovlari natijalariga koʻra toʻplangan ballarning reyting tizimi boʻyicha amalga oshiriladi.
Tanlov abituriyentlar arizasida koʻrsatilgan har bir oliy taʼlim muassasasi boʻyicha ketma-ket taʼlim yoʻnalishlari, oʻqitish tillari va shakllariga koʻra alohida oʻtkaziladi.
II. Hujjatlarni qabul qilish
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan va oliy taʼlim muassasasiga hujjat topshirayotgan fuqaroning (keyingi oʻrinlarda abituriyent deb yuritiladi) oʻqishga qabul qilish haqidagi arizasi oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan 20-iyundan 20-iyulgacha (shu kuni ham), Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi uchun 20-iyundan 15-iyulgacha qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Barcha oliy taʼlim muassasalari veb-sayti va oliy taʼlim muassasalari qabul komissiyalari eʼlonlar taxtasida taʼlim yoʻnalishlarining taʼlim tili boʻyicha qabul kvotasi, oliy taʼlim muassasalarining bir taʼlim sohasiga tegishli taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati va test boʻyicha ularga muvofiq keluvchi fanlar majmuasi eʼlon qilinadi.
6. Abituriyent oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
taʼlim yoʻnalishi, oʻquv tili va shakli koʻrsatilgan ariza;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini yoki oʻrta taʼlimni (11-sinf negizida) tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
harbiy qism qoʻmondonligi tavsiyanomasining asl nusxasi;
086-U-shakl boʻyicha tibbiy maʼlumotnoma;
pasportning nusxasi;
harbiy guvohnoma nusxasi;
3.5 x 4.5 sm oʻlchamli 6 ta rangli fotosurat;
belgilangan tartibda tasdiqlangan mehnat daftarchasidan koʻchirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma (maxsus sirtqi boʻlim abituriyentlari uchun).
Abituriyent tomonidan pasport hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasiga shaxsan koʻrsatiladi.
7. Ariza shakli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan kelishgan holda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.
Arizada:
oliy taʼlim muassasasini tugatganligi yoki oliy maʼlumoti yoʻqligi;
qaysi chet tilidan test topshirishi;
harbiy qism qoʻmondonligi tavsiyanomasining raqami;
test sinovlarini oʻtkazish qoidalari va javoblar varaqalarini toʻgʻri toʻldirish bilan tanishganligi;
birinchi va ikkinchi oliy taʼlim muassasasi hamda taʼlim yoʻnalishi nomlari (bunda yoʻnalish boʻyicha test sinovlari topshiradigan fanlar majmuasi (bloki) va taʼlim sohasi mos boʻlishi shart) kiritiladi.
Abituriyent arizada ikkinchi oliy taʼlim muassasasi sifatida birinchisini belgilab, undagi boshqa taʼlim yoʻnalishini koʻrsatishga haqli (bunda yoʻnalish boʻyicha test sinovlari topshiradigan fanlar majmuasi (bloki) va taʼlim sohasi mos boʻlishi shart).
Ikkinchi oliy taʼlim muassasasi sifatida belgilanishi mumkin boʻlgan oliy taʼlim muassasasi (taʼlim yoʻnalishlari) roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan kelishgan holda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
8. Harbiy qism tavsiyanomasining shakli va uni berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarga harbiy qismlarning qoʻmondonligi tomonidan oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar, ular berilgan sanadan boshlab, uch yil mobaynida amal qiladi.
10. Oliy taʼlim muassasaci qabul komissiyasi tomonidan abituriyentlar haqidagi maʼlumotlar birinchi va ikkinchi oliy taʼlim muassasasi taʼlim yoʻnalishlari, oʻquv shakli va tili koʻrsatilgan holda belgilangan shakllar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga kunduzgi va maxsus sirtqi boʻlimlar uchun 21-iyulda taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Abituriyentlarni qabul qilish
11. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan, harbiy qismlar qoʻmondonligining tavsiyanomalariga ega boʻlgan barcha fuqarolarga respublikaning barcha oliy taʼlim muassasalari bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirishda toʻplash mumkin boʻlgan eng koʻp ballning 27 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklidagi imtiyoz beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Abituriyentning toʻplagan ballari uning arizasida koʻrsatilgan birinchi oliy taʼlim muassasasi boʻyicha davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilishga yetarlicha boʻlgan taqdirda, uning test sinovi natijalari ushbu oliy taʼlim muassasasida eʼlon qilinadi va unga arizasida koʻrsatilgan ikkinchi oliy taʼlim muassasasi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan, ammo ular uchun imtiyozlar boʻyicha belgilangan qoʻshimcha ballarni hisobga olgan holda birinchi oliy taʼlim muassasasi tanlovidan oʻta olmagan abituriyentlarning respublikadagi boshqa oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi arizalari test sinovlari tugagandan keyin 10 kun mobaynida Davlat komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
14. Harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan abituriyent birinchi oliy taʼlim muassasasida toʻplagan balli bilan arizasida koʻrsatilgan ikkinchi oliy taʼlim muassasasi taʼlim yoʻnalishida tanlovda ishtirok etadi va uning balli yetarlicha boʻlgan taqdirda fanlar boʻyicha topshirilgan test sinovlari fanlar toʻplami (bloki) va abituriyent tomonidan toʻplangan ballarga muvofiq belgilangan kvota doirasida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish Davlat komissiyasi qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Ushbu abituriyentning test sinovi natijalari uning arizasida koʻrsatilgan birinchi va (yoki) ikkinchi oliy taʼlim muassasalarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan eʼlon qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
15.Abituriyent oʻz arizasida koʻrsatilgan ikkinchi oliy taʼlim muassasasi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha ham yetarlicha ball toʻplay olmagan taqdirda, unga mazkur va boshqa oliy taʼlim muassasasidagi boshqa taʼlim yoʻnalishlarida qoʻshimcha ravishda tanlovda ishtirok etishga ruxsat etilmaydi.
16.Abituriyentlar oʻz arizasida koʻrsatilgan boshqa oliy taʼlim muassasasiga Davlat komissiyasining qaroriga binoan oʻqishga qabul qilingan hollarda ularning hujjatlari bir oliy taʼlim muassasasidan ikkinchi oliy taʼlim muassasasiga taqdim etish uchun tilxat bilan abituriyentga beriladi.
Abituriyent hujjatlarni test sinovlari eʼlon qilingan kundan keyin bir hafta muddatda olishi va ikki hafta muddatda oʻqishga qabul qilingan oliy taʼlim muassasasiga taqdim etishi shart.
Uzrli sabablar bilan koʻrsatilgan muddatlarda taqdim etilmagan hujjatlar oliy taʼlim muassasasining boʻysunuvi boʻyicha vazirliklar va idoralar tomonidan istisno tariqasida koʻrib chiqiladi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
17. Mazkur Nizomda belgilangan masalalar boʻyicha nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 11-iyuldagi 205-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritiladigan oʻzgartirishlar
1. Nizomning 5-bandi ikkinchi xatboshidagi “umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasasini faqat koʻrsatilgan tillarda tugatgan” soʻzlari “koʻrsatilgan tillarda oʻrta taʼlim muassasasini tugatgan abituriyentlar yoki koʻrsatilgan tillarda umumiy oʻrta taʼlim muassasasini tugatib, akademik litsey (kasb-hunar kolleji) diplomiga ega boʻlgan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Nizomning 12-bandi toʻrtinchi xatboshidagi “chet tilidan qaysi fandan” soʻzlari “ qaysi chet tilidan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Nizomning 16-bandi yigirma oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Test sinovlari oʻtkaziladigan binoga kirishda abituriyent mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirgan boʻlsa, test sinovlari davomida test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki yordam bersa, abituriyent test sinovlarini oʻtkazish tartibini buzgan hisoblanadi va Davlat test markazi vakili tomonidan dalolatnoma tuzilib, u test jarayonidan chetlashtiriladi”.
4. Nizomning 19-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“19. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tasdiqlangan Nizom asosida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.”.
5. Nizomning “Oliy taʼlim muassasalarida yagona koʻp balli baholash tizimi boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarni oʻtkazish tartibi” 6-bandining birinchi xatboshidagi “(tegishli ravishda 75,6 ball yoki 39,6 ball)” soʻzlari chiqarib tashlansin.
6. Nizomning “Oliy taʼlim muassasalariga koʻzi ojiz abituriyentlarni qabul qilish tartibi” 1-bandidagi “attestatiga” soʻzi “attestati, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlari tomonidan koʻzi ojizlar uchun berilgan diplom, oʻrta taʼlim (11-sinf bazasida) hujjati yoki akademik litsey (kasb-hunar kolleji) diplomiga ega boʻlgan koʻzi boʻyicha 1-guruh nogironligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda berilgan shakldagi maʼlumotnomasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 28-son, 320-modda; 2016-y., 25-son, 306-modda; 2017-y., 14-son, 229-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2018-y., 09/18/261/1036-son)