OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKI QOʻMITASI HUZURIDAGI QIMMATLI QOGʻOZLAR BOZORI FAOLIYATINI MUVOFIQLAShTIRISh VA NAZORAT QILISh MARKAZI BOSh DIREKTORINING
buyrugʻi
Qimmatli qogʻozlar bozorining mutaxassislariga qoʻyiladigan malaka talablari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 15-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2370]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktorining 2019-yil 14-oktabrdagi 2019-57-sonli ““Qimmatli qogʻozlar bozorining mutaxassislariga qoʻyiladigan malaka talablari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirishlar va qoʻshimchani oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2370-3, 23.10.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 278-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-martdagi 126-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi toʻgʻrisidagi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1996-y., 3-son, 11-modda) muvofiq buyuraman:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Qimmatli qogʻozlar bozorining mutaxassislariga qoʻyiladigan malaka talablari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining 2011-yil 11-apreldagi 2011-06-son “Qimmatli qogʻozlar bozorining mutaxassislariga qoʻyiladigan malaka talablari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2221, 2011-yil 30-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 18-son, 182-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Bosh direktor v.v.b. A. OBIDOV
Toshkent sh.,
2012-yil 11-may,
2012-05-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining 2012-yil 11-maydagi 2012-05-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Qimmatli qogʻozlar bozorining mutaxassislariga qoʻyiladigan malaka talablari toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 278-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi PQ-1438-son “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) muvofiq qimmatli qogʻozlar bozorining mutaxassislariga qoʻyiladigan malaka talablarini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom talablari qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilarida (keyingi oʻrinlarda professional ishtirokchi deb yuritiladi), fond birjalarida, boshqa birjalar fond boʻlimlarida ishlashga talabgor yoki ishlayotgan qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislariga tatbiq qilinadi.
2. Qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisining malaka guvohnomasi — qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan jismoniy shaxsga toifasi koʻrsatilgan holda beriladigan va qimmatli qogʻozlar bozorida professional ishtirokchi, fond birjasi, boshqa birjalarning fond boʻlimi nomidan qimmatli qogʻozlarga doir operatsiyalarni amalga oshirish va xizmatlar koʻrsatish va (yoki) ishlarni bajarish huquqini tasdiqlovchi hujjat.
3. Qimmatli qogʻozlar bozorining mutaxassislariga qoʻyiladigan malaka talablari professional ishtirokchilarda, fond birjalarida, boshqa birjalar fond boʻlimlarida ishlash uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarining mavjudligidan iborat boʻladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi boʻlib hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Malaka talablari
5. I toifali malaka guvohnomasiga ega qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisi:
quyidagi mutaxassisliklardan biri boʻyicha oliy maʼlumotga: moliyaviy-iqtisodiy, yuridik, matematik yoxud axborot texnologiyalari;
qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarini qayta tayyorlash yoki malakasini oshirish kursini tugatganligi toʻgʻrisidagi taʼlim muassasasining sertifikatiga;
qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlarda, fond birjalarida, boshqa birjalar fond boʻlimlarida yoxud iqtisodiy, moliyaviy va yuridik faoliyat sohalarida, axborot texnologiyalari sohasida yoki koʻrsatib oʻtilgan yoʻnalishlar boʻyicha davlat boshqaruv organlaridagi ishda oxirgi oʻn yilda kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlishi lozim.
Yoki I toifali malaka guvohnomasiga ega qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisi:
oliy maʼlumotga;
qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarini qayta tayyorlash yoki malakasini oshirish kursini tugatganligi toʻgʻrisidagi taʼlim muassasasining sertifikatiga;
qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlarda, fond birjalarida, boshqa birjalar fond boʻlimlarida yoxud iqtisodiy, moliyaviy va yuridik faoliyat sohalarida, axborot texnologiyalari sohasida yoki koʻrsatib oʻtilgan yoʻnalishlar boʻyicha davlat boshqaruv organlaridagi ishda oxirgi oʻn yilda kamida besh yillik ish stajiga ega boʻlishi lozim.
6. II toifali malaka guvohnomasiga ega qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisi:
kamida umumiy oʻrta yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga;
qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarini qayta tayyorlash yoki malakasini oshirish kursini tugatganligi toʻgʻrisidagi taʼlim muassasasining sertifikatiga ega boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi va uning tarkibiy tuzilmalari, boshqa professional ishtirokchilar ijroiya organlari, fond birjasi ijroiya organi va uning tarkibiy tuzilmalari, boshqa birjalar fond boʻlimining rahbari I toifali malaka guvohnomasiga ega qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislari uchun belgilangan malaka talablariga javob berishi lozim.
8. I yoki II toifali malaka guvohnomasiga ega professional ishtirokchi, fond birjasi, boshqa birja fond boʻlimining nazoratchisi:
quyidagi mutaxassisliklardan biri boʻyicha oliy maʼlumotga: moliyaviy-iqtisodiy, yuridik, matematik axborot texnologiyalari;
qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarini qayta tayyorlash yoki malakasini oshirish kursini tugatganligi toʻgʻrisidagi taʼlim muassasasining sertifikatiga ega boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Iqtisodiy yoki yuridik fanlari nomzodi doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislaridan qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarini qayta tayyorlash yoki malakasini oshirish kursini tugatganligi toʻgʻrisidagi taʼlim muassasasining sertifikati talab qilinmaydi.
10. Xorijiy davlatlarda olingan oliy maʼlumot va ilmiy daraja qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nostrifikatsiya qilingan taqdirda eʼtiborga olinadi.
III. Yakuniy qoidalar
11. Mazkur Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
12. Mazkur Nizom talablariga rioya etish ustidan nazoratni qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi amalga oshiradi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 25-son, 276-modda; 2014-y., 9-son, 97-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2019-y., 10/19/2370-2/2744-son)