Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining
buyrugʻi
SOLIQ MASLAHATI MILLIY STANDARTI (1-SONLI SMMS) “SOLIQ MASLAHATI BOʻYIChA XIZMATLAR KOʻRSATISh TOʻGʻRISIDA ShARTNOMA TUZISh TARTIBI”NI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 3-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2357]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 12-fevraldagi 106-sonli “Soliq maslahati milliy standarti (1-sonli smms) “Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzish tartibi”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3502, 15.03.2024-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Soliq maslahati toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, 9-son, 497-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi PQ-1438-son “2011 — 2015-yillarda Respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-yil, 48-son, 442-modda) muvofiq buyuraman:
1. Soliq maslahati milliy standarti (1-sonli SMMS) “Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzish tartibi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R.S. AZIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 29-mart,
31-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2012-yil 29-martdagi 31-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Soliq maslahati milliy standarti (1-sonli SMMS)
Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzish tartibi
Ushbu Soliq maslahati milliy standarti (1-sonli SMMS) (keyingi oʻrinlarda standart deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining “Soliq maslahati toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, 9-son, 497-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida soliq maslahati boʻyicha faoliyatni normativ tartibga solishning elementi hisoblanadi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu standartning maqsadi soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma (keyingi oʻrinlarda shartnoma deb yuritiladi) tuzish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur standartning talablari barcha soliq maslahatchilari tashkilotlari tomonidan qoʻllanilishi majburiydir.
3. Ushbu standart soliq maslahatchilari tashkiloti tomonidan koʻrsatiladigan quyidagi xizmatlarga tatbiq etilmaydi:
buxgalteriya hisobini yoʻlga qoʻyish, tiklash va yuritish;
moliyaviy hisobot tuzish;
buxgalteriya hisobi, menejment va moliya-xoʻjalik faoliyatining boshqa masalalari boʻyicha konsalting xizmatlari.
II bob. Shartnoma tuzish boʻyicha talablar
4. Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar soliq maslahatchilari tashkiloti xamda yuridik va jismoniy shaxslar (keyingi oʻrinlarda mijoz (ishonch bildiruvchi) deb yuritiladi) oʻrtasida yozma shaklda tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
5. Shartnoma ikki nusxada tuziladi (har bir tomon uchun bir nusxadan) hamda soliq maslahatchilari tashkiloti va mijoz (ishonch bildiruvchi) tomonidan imzolangan boʻlishi lozim.
6. Soliq maslahatchilari tashkiloti mijoz (ishonch bildiruvchi) bilan uning yashash joyi va joylashgan yeridan (pochta manzilidan) qatʼi nazar, shartnoma tuzishga haqli.
7. Shartnomada majburiy tarzda quyidagi shartlar nazarda tutilgan boʻlishi lozim:
shartnoma predmeti;
xizmatlar koʻrsatish muddatlari;
koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlanadigan haqning miqdori, shartlari va muddatlari;
soliq maslahatchilari tashkilotining hamda mijozning (ishonch bildiruvchining) huquq va majburiyatlari;
soliq maslahatchilari tashkilotining fuqarolik javobgarligi sugʻurta polisining mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun, shuningdek uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzganlik uchun taraflarning javobgarligi.
Shartnomaga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Shartnomaga mijoz (ishonch bildiruvchi) uchun quyidagi hujjatlarning nusxalari ilova qilinadi:
soliq maslahatchilari tashkilotining fuqarolik javobgarligi sugʻurta polisi;
soliq maslahatchilari tashkiloti rahbari nomiga berilgan soliq maslahatchisi malaka sertifikati.
Shartnomadagi soliq maslahatchilari tashkilotining (ijrochining) rekvizitlarida soliq maslahatchisi malaka sertifikati va fuqarolik javobgarligi sugʻurta polisining raqami, berilgan sanasi koʻrsatiladi.
9. Shartnomaning predmeti quyidagilardan iborat:
mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish hamda toʻlash masalalari boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;
soliq hisobotini tuzishda mijozga (ishonch bildiruvchiga) yordam koʻrsatish;
soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq boʻlgan obyektlarni aniqlash hamda ularning hisobini yuritish;
sudda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarda soliq solish masalalari boʻyicha mijoz (ishonch bildiruvchi) nomidan va uning topshirigʻiga binoan vakillik qilish;
soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlar ishtirokchilarining vakili sifatida davlat soliq xizmati organlarida, shuningdek soliqqa oid nizoni sudgacha hal qilish davomida va sudda vakillik qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliq tekshiruvlari oʻtkazish vaqtida xizmat koʻrsatish.
10. Shartnomaga soliq maslahati boʻyicha bir yoki bir nechta xizmat turlari kiritilishi mumkin.
11. Shartnomalar quyidagicha boʻlishi mumkin:
shartnoma tuzishda aniq koʻrsatilgan savol yoki muammo boʻyicha soliq maslahatini nazarda tutuvchi bir martalik (bir yoʻla) xizmat koʻrsatish;
shartnoma amal qilish muddati davomida soliq solish bilan bogʻliq yozma va ogʻzaki shaklda berilgan har qanday savollar boʻyicha maslahat berishni koʻzda tutuvchi muayyan muddat davomida xizmat koʻrsatish;
shartnoma tuzishda davlat soliq xizmati organlarida, huquqni muhofaza qilish va boshqa nazorat qiluvchi organlarda, shuningdek sudda mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini ifoda etish orqali soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish.
12. Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatishning muddatlari shartnomaning predmetidan kelib chiqib belgilanadi.
13. Soliq maslahati boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun amalga oshiriladigan toʻlovning miqdori, shartlari va muddatlari shartnomaning predmeti va xizmatlar koʻrsatishning muddatidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda qonun hujjatlarida belgilanganidan kam boʻlmagan miqdorda oldindan toʻlovning shartligi nazarda tutilgan boʻlishi lozim. Toʻlovning miqdori soliq maslahatining moliyaviy natijalari (mijoz (ishonch bildiruvchi) tomonidan olinadigan naf) miqdoriga bogʻliq ravishda belgilanishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Soliq maslahatchilari tashkiloti shartnomani bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida mijozga (ishonch bildiruvchiga) zarar yetkazganligi uchun javobgar boʻladi. Mijozga (ishonch bildiruvchiga) yetkazilgan zararlarning, shu jumladan boy berilgan foydaning oʻrni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Soliq maslahatchilari tashkiloti koʻrsatilgan xizmati oqibatlari uchun javobgar boʻlmaydi, agarda bunday oqibatlar mijoz (ishonch bildiruvchi) tomonidan notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim qilinishi natijasida yuzaga kelgan boʻlsa.
III bob. Yakuniy qoidalar
16. Soliq maslahatchilari tashkiloti tuzilgan shartnoma boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun mijozning (ishonch bildiruvchining) roziligi bilan soliq maslahatida ishtirok etishga zarur boʻlgan boshqa mutaxassislarni jalb qilishga haqli.
17. Shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 18-son, 206-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)