Oʻzbekiston Respublikasi hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi hukumati oʻrtasida
Bitim
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratib berishga intilib,
tenglik va oʻzaro manfaatlar asosida bunday investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilishga oʻzaro koʻmaklashish investorlarning ishchanlik tashabbusiga omil boʻlishi va ikki davlatda iqtisodiy yuksalishni oshirishga olib kelishini eʼtirof etib,
ikki Ahdlashuvchi Tomonlar iqtisodiy suverenitetini hurmat qilib,
ikki davlat xalqlari farovonligiga va iqtisodiyotning sogʻlom, mustahkam va barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish maqsadida ikki davlat hamkorligini jonlantirishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlari uchun:
1. “Investitsiya” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon investori boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida shu Ahdlashuvchi Tomonning qonun va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq investitsiya qilgan aktivlarining barcha turlarini anglatadi va, xususan quyidagilarni, ammo mutlaq ularni emas, oʻz ichiga oladi:
a) koʻchar va koʻchmas mulk va ipoteka, garov va ular bilan bogʻliq boshqa mulkiy huquqlar va ularga oʻxshash huquqlar;
b) paylar, obligatsiyalar, aksiyalar va kompaniyalarda ishtirok etishning har qanday shakllari;
v) investitsiyalar bilan bogʻliq, iqtisodiy boylikka ega boʻlgan har qanday faoliyatga oid pul mablagʻlarini talab qilish yoki majburiyatlarni bajarishni talab qilish huquqlari;
g) intellektual mulk huquqlari, xususan, mualliflik huquqlari, patentlar, tovar belgilari, firma nomlari, texnikaviy jarayonga oid huquqlar, nou-xau va gudvill;
d) qonun yoki shartnomaga muvofiq iqtisodiy faoliyat yuritish uchun beriladigan har qanday huquq, qonun bilan ruxsat etilgan, shu jumladan tabiat boyliklarini qidirish, ishlov berish, qazib olish yoki foydalanish, konsessiyalar;
e) qarz majburiyatlari, shuningdek hukumatning qarz majburiyatlari, qarzlar, qarzning boshqa turlari, ulardan kelib chiqadigan va investitsiyalar bilan bogʻliq huquqlar.
Investitsiyalarning belgilari deganda kapital yoki boshqa resurslarning sarflanishi, daromad va foyda olishni kutish hamda tavakkalchilikni qabul qilishni anglatadi.
Investitsiya qilingan aktivlarning har qanday shaklda oʻzgarishi, agar bunday oʻzgarish hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonun va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan boʻlsa, bu aktivlarning investitsiyalik xususiyatiga taʼsir qilmaydi.
Bir Ahdlashuvchi Tomon investori tarafidan qisman yoxud toʻlaligicha unga qarashli boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida joylashgan korxona orqali amalga oshirilgan investitsiyalar ham mazkur bandga muvofiq investitsiyalar deb hisoblanadi.
Ushbu Bitim maqsadlari uchun quyidagilar investitsiya hisoblanmaydi: (a) boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidagi korxona yoki fuqaro tomonidan xizmat yoki tovarlar savdosiga nisbatan tijorat kontraktlaridan mutloq kelib chiqadigan pul mablagʻlariga nisbatan boʻlgan talablar; (b) investitsiya belgilariga ega boʻlmagan va meros yoki nikoh munosabatlaridan kelib chiqadigan pul talablari.
Qarzlarni uzishning dastlabki muddati 3 yildan kam boʻlmagan obligatsiyalar, qarz majburiyatlari va qarzlar mazkur Bitim doirasida investitsiyalar hisoblanmaydi.
2. “Investor” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomonning boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga investitsiya kiritayotgan yoki kiritgan fuqarosi yoxud korxonasini anglatadi:
a) “fuqaro” atamasi, Ahdlashuvchi Tomonlar har birining qonunlariga muvofiq fuqarolikka ega boʻlgan jismoniy shaxslarga aytiladi;
b) “korxona” atamasi, Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlaridan birining qonun va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq tuzilgan yoki roʻyxatga olingan ushbu Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida joylashgan va tijorat faoliyatining sezilarli qismi shu Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida boʻlgan, xususiy tadbirkor yoxud hukumat nazoratida boʻlishidan qatʼi nazar, faoliyati foyda olishga qaratilgan yoki foyda olishga qaratilmagan tashkilotlar, shuningdek kompaniyalar, firmalar, uyushmalar, shirkatlar va boshqa tashkilotlarga aytiladi;
v) Ahdlashuvchi Tomonning davlati hisoblanmaydigan Davlat qonunlariga asosan taʼsis etilgan, biroq mulk huquqi yoxud mazkur bandning a) bandi boʻyicha fuqarolar yoki b) bandi boʻyicha korxona nazorati ostida boʻlgan yuridik shaxslar.
3. “Daromadlar” atamasi investitsiyalardan olingan mablagʻni, jumladan, foyda, dividendlar, foizlar, kapital oʻsishidan olinadigan daromadlar, royaltilar, yigʻimlar, tovarlarni qaytarish va boshqa investitsiya bilan bogʻliq qonuniy daromadlarni anglatadi.
4. “Hudud” atamasi quyidagilarni anglatadi:
a) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan, Oʻzbekiston Respublikasi hududini, bunga quruqlikdagi yerlar, ichki va hududiy suvlar, ular ustidagi samoviy hududi hamda uning tashqi hududiy dengizi har qanday zonasi ichida Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining milliy qonunchiligi va xalqaro huquqqa muvofiq dengiz osti resurslari va uning qaʼrini, suv osti resurslarini tadqiqot va ekspluatatsiya qilishga oʻz suveren huquqini amalga oshirishni anglatadi.
b) Xitoy Xalq Respublikasiga nisbatan, Xitoy Xalq Respublikasi hududini, bunga quruqlikdagi yerlar, ichki suvlar va hududiy suvlar va ular ustidagi samoviy hududi, shuningdek Xitoy Xalq Respublikasi xitoy qonunlari va xalqaro huquqqa muvofiq dengiz osti resurslarini, uni suv resurslari qamrab olgan ostki qatlamini tadqiqot va ekspluatatsiya qilishga boʻlgan suveren huquqi va yurisdiksiyasini anglatadi.
2-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalarini oʻz davlati hududiga jalb etishni ragʻbatlantiradi, qonun va oʻzining normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq bunday investitsiyalarni tan oladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomon qonun va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining mazkur Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amalga oshirilgan investitsiyalar bilan bogʻliq faoliyatida ishtirok etuvchi fuqarolariga ishlash uchun viza va ruxsatnomalar olishda koʻmaklashadi.
3-modda Milliy rejim
Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga va ular bilan bogʻliq boʻlgan investitsiyalarga oʻz investorlari va ular bilan bogʻliq boʻlgan investitsiyalariga nisbatan, mos boʻlgan hollarda, kam boʻlmagan qulay rejimni yaratib beradi, oʻzining hududida investitsiyalarni boshqarish, amalga oshirish, xizmat koʻrsatish, foydalanish, egalik qilish, sotish va tasarruf etishga oid qoʻllaniladigan qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlar bundan mustasno.
4-modda
Eng qulay rejim
Eng qulay rejim
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga va ularning investitsiyalariga har qanday uchinchi davlat investorlariga va ularning investitsiyalariga nisbatan, mos boʻlgan hollarda, investitsiyalarni taʼsis etish, sotib olish, kengaytirish, ekspluatatsiya qilish, boshqarish, xizmat koʻrsatish, foydalanish, egalik qilish, sotish yoki tasarruf qilishga doir yaratilgan qulay rejimdan kam boʻlmagan rejim yaratib beradi.
2. Mazkur moddaning 1-bandi qoidalarida nazarda tutilgan har qanday qulay rejimning afzalligini, preferensiya va imtiyozlarini bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga quyidagilar asosida berishi shart deb talqin qilinmaydi:
a) har qanday bojxona ittifoqi, erkin savdo zonalari, iqtisodiy ittifoq hamda mazkur ittifoqlar doirasida amal qiladigan bitimlar yoki shunga oʻxshash tashkilotlar;
b) toʻla yoki qisman soliq solishga doir (bojxona toʻlovlarini ham hisobga olganda) har qanday xalqaro bitim yoki kelishuv;
v) chegara boʻyi viloyatlarida chegara savdosini ragʻbatlantirishga qaratilgan har qanday chora-tadbirlar.
3. Mazkur moddaning 1-bandi qoidalari boshqa shartnomalarda nazarda tutilgan nizolarni hal qilish mexanizmi mazkur Bitim boʻyicha investorlarga va investitsiyalarga doir nizolarga taalluqli boʻlmaydi.
5-modda
Adolatli va teng huquqlilik rejimi
Adolatli va teng huquqlilik rejimi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga va ular bilan bogʻliq boʻlgan investitsiyalarga adolatli va teng huquqli rejim, toʻla himoya va xavfsizlik yaratib berishga kafolat beradi.
2. “Adolatli va teng huquqli rejim” bir Ahdlashuvchi Tomon investorlariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan odil sudlov jarayonida ishtirok etish huquqini rad etish va yaqqol ravishda diskriminatsiya va asoslanmagan choralarni qoʻllamaslikni talab qiladi.
3. “Toʻliq himoya va xavfsizlik” Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan investitsiyaviy himoya va xavfsizlikni taʼminlashda oqilona va zarur boʻlgan huquqiy muhofaza choralarini qoʻllashni talab qiladi. Ammo ushbu, har qanday holatda investorlarga nisbatan hududida investitsiyalarni amalga oshirgan Ahdlashuvchi Tomon fuqarolariga yaratib berilayotgan rejimdan qulay boʻlgan rejimni yaratib berishni anglatmaydi.
4. Mazkur Bitimning boshqa moddalari yoki boshqa shartnomalarning qoidalari buzilganligini aniqlash, ushbu moddaning buzilganligini anglatmaydi.
6-modda
Ekspropriatsiya
Ekspropriatsiya
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biri oʻz davlati hududida, boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari ekspropriatsiya, natsionalizatsiya yoki investorlarning investitsiyalarini ekspropriatsiya va natsionalizatsiyaga tenglashtirilgan choralarni qoʻllamaydi, ammo quyidagi talablarga rioya qilish bundan mustasno:
(a) jamiyat manfaatlarida;
(b) ichki sud jarayoni va shu kabilarga rioya qilishda;
(v) diskriminatsiyaga yoʻl qoʻymagan holda;
(g) boshqa zararlarni qoplash hisobiga.
“Ekspropriatsiya va natsionalizatsiyaga oʻxshash boʻlgan choralar” bilvosita ekspropriatsiyaga tenglashtiriladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning chora va choralari 1-bandga asosan ekspropriatsiyaga tenglashtiriladi deb belgilanishi, dalillarga asoslangan holda yakka tekshiruv oʻtkazishni talab qiladi va boshqa dalillar qatorida quyidagilarni koʻrib chiqadi:
(a) iqtisodiy taʼsir koʻrsatuvchi chora va choralar, bunda Ahdlashuvchi Tomonning chora va choralari investitsiyaning iqtisodiy qiymatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi oʻz oʻzidan bilvosita ekspropriatsiyani vujudga keltirdi deb belgilanmaydi;
(b) chora yoki choralar darajasi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga va u bilan bogʻliq investitsiyalariga nisbatan harakati yoki qoʻllanilishi diskriminatsiyali boʻlsa;
(v) chora yoki choralar darajasi boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorining yaqqol oqilona investitsiya natijasini kutish ishiga aralashishga olib kelsa; bunday kutish bir Ahdlashuvchi Tomonning boshqa Ahdlashuvchi Tomon investoriga ayrim majburiyatlarni bajarishni olganidan vujudga keladi;
(g) chora yoki choralar xarakteri va maqsadi jamiyat manfaati maqsadlarida qabul qilingan va ekspropriatsiya maqsadlari uchun mos keladi.
3. Shu bilan birga, istisno hollarda, bir Ahdlashuvchi Tomon tarafidan jamiyat farovonligini oqilona qoʻllab-quvvatlashning kuchli ehtiyojidan kelib chiqib va diskriminatsiya hisoblanmaydigan tartibga solinadigan qonuniy ijtimoiy farovonlik maqsadida qabul qilingan shunday choralar: sogʻliqni saqlash, xavfsizlik va atrof muhitni muhofaza qilish, bilvosita ekspropriatsiya hisoblanmaydi.
4. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan kompensatsiya bevosita ekspropriatsiya qilingan investitsiyalarning haqiqiy bozor qiymatiga mos kelishi shart yoki ekspropriatsiya toʻgʻrisida hammaga maʼlum boʻlishi kerak, shundan qaysi biri ilgari sodir boʻlganligiga bogʻliq.
Kompensatsiya toʻlov sanasiga qadar boʻlgan davrdagi oqilona tijorat stavka boʻyicha hisoblanadigan manfaatni ham oʻz ichiga olishi shart. Kompensatsiya asossiz kechiktirilmagan holda samarali amalga oshirilishi va erkin toʻlov oʻtkazilishi kerak.
7-modda
Zarar va yoʻqotishlar uchun kompensatsiya
Zarar va yoʻqotishlar uchun kompensatsiya
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida zarar koʻrayotgan taqdirda oxirgi Ahdlashuvchi Tomon harbiy toʻqnashuvlar, favqulodda holatlar, qoʻzgʻolon va boshqa shu kabi vaziyatlar oqibatida restitutsiya, kompensatsiya, zararni qoplash va shunga bogʻliq tartibga solishning boshqa turlari boʻyicha boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati tarafidan oʻzining yoki boshqa uchinchi davlat investorlariga beriladigan qulay rejimdan kam boʻlmagan rejim, manfaatdor investorga qaysi biri qulay ekaniga bogʻliq holda, yaratib beriladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan har qanday vaziyatlarda boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida rekvizitsiya yoki oxirgi Ahdlashuvchi Tomon davlatining qurolli kuchlari yoki hokimiyati tarafidan investitsiyalarni yoxud uning qismlarini yoʻq qilish tufayli zarar koʻrayotgan taqdirda, yetkazilgan zarar, agar harbiy harakatlar yoki vaziyatning zarurligi boʻyicha yuza kelmagan boʻlsa, restitutsiya yoki ekvivalent kompensatsiya olishi shart.
8-modda
Oʻtkazmalar
Oʻtkazmalar
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga, birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida qonuniy yoʻl bilan olgan daromad yoki foydani, barcha soliq majburiyatlari bajarilganidan soʻng oʻtkazib berishni kafolatlaydi va shu xususiyat boʻyicha, ammo mutlaq boʻlmagan, quyidagilarni qamrab oladi:
(a) daromad, foizlar, dividendlar, kapital oʻsishdan olingan foyda, royalti va boshqa intellektual mulk huquqiga tegishli boʻlgan mukofotlar;
(b) investitsiya bitimlariga doir toʻlovlar, shu jumladan qarz bitimi bilan bogʻliq boʻlgan toʻlovlar;
(v) investitsiyalarni toʻliq yoki qisman sotish yoxud tugatish oqibatida yuzaga keladigan daromadlar;
(g) investitsiyalar munosabati bilan mehnat qilayotgan boshqa Ahdlashuvchi Tomon fuqarolarining daromad yoki mukofoti;
(d) 6 va 7-moddalarga koʻra amalga oshiriladigan toʻlovlar; yoki
(e) investitsiyalarga oid nizolar oqibatida yuzaga keladigan toʻlovlar.
2. Agar mazkur Bitimda boshqacha koʻrsatilgan boʻlmasa, har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq yuqorida keltirilgan investorlar tarafidan amalga oshiriladigan oʻtkazmalarni, barcha soliq majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarganidan soʻng, kechiktirmasdan oʻtkazma kunida mavjud boʻlgan bozor ayirboshlash kursida erkin almashtiriladigan valyutada amalga oshirilishini kafolatlaydi.
3. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlari qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Tomon oʻzining qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq teng huquqlik, diskriminatsiyaga yoʻl qoʻymagan va haqqoniy qoʻllash asosida oʻtkazmalarga yoʻl qoʻymasligi mumkin, bu quyidagilarga taalluqli:
(a) bankrotlik, toʻlovga qobiliyatsizlik yoki kreditorlarning huquqlarini himoya qilish;
(b) qimmatli qogʻoz fyuchersi, opsionlari va boshqa hosila qimmatli qogʻozlarni chiqarish, savdo yoki ular bilan ishlash;
(v) jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarliklarda gumon qilish;
(g) naqd pul oʻtkazish yoki boshqa pul kredit instrumentlari toʻgʻrisida xabar berish; yoki
(d) sud va maʼmuriy ishlarni koʻrilishini taʼminlash.
4. Toʻlov balansiga oid qiyinchilik vujudga kelsa yoki vujudga kelish xavfi mavjud boʻlsa, har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻtkazmalarni vaqtincha cheklab qoʻyishi mumkin va mazkur Ahdlashuvchi Tomon tarafidan bu tadbirlar xalqaro standartlarga rioya qilish sharti bilan amalga oshiriladi. Mazkur cheklashlar teng huquqlilik, diskriminatsiyaga yoʻl qoʻymagan va haqqoniy qoʻllash asosida belgilanishi shart.
9-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
Agar bir Ahdlashuvchi Tomon yoki u vakolat bergan organ boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida investitsiyalarni amalga oshirgan investorga kafolat yoki notijorat xavflardan sugʻurta shartnomasi asosida toʻlovni amalga oshirayotgan boʻlsa, soʻnggi Ahdlashuvchi Tomon quyidagilarni tan oladi:
(a) order, birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq yoki huquqiy tranzaksiyalari asosida, investor tomonidan birinchi Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning vakolatli organiga har qanday huquq yoki talablar, shuningdek
(b) birinchi Ahdlashuvchi Tomon yoki uning vakolatli organi subrogatsiya asosida huquqlarni amalga oshirish huquqidan boshlab to ushbu investorning talablarini ijro etishgacha va investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlarni investor kabi aynan shu doiralarda qabul qilish.
10-modda
Imtiyoz berishni rad etish
Imtiyoz berishni rad etish
1. Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning korxonasi boʻladigan investoriga va ushbu investorning investitsiyalariga nisbatan ushbu Bitim tomoni boʻlmagan davlat fuqarosi mazkur korxonaga egalik qilgan yoki uni boshqargan taqdirda ushbu Bitimda belgilangan imtiyozlarni berishni quyidagi hollarda rad etishi mumkin:
(a) imtiyoz berishni rad etayotgan Ahdlashuvchi Tomon, ushbu Bitimda ishtirok etmayotgan Ahdlashuvchi Tomonning diplomatik munosabatlarini qoʻllab-quvvatlamaganda; yoki
(b) imtiyoz berishni rad etuvchi Ahdlashuvchi Tomon, ushbu Bitim ishtirokchisi boʻlmagan tomonga yoki shu tomonning shaxsiga nisbatan qoʻllaniladigan korxona bilan bitimlar tuzishni man etadigan yoxud agar ushbu Bitim boʻyicha imtiyozlar korxonaga yoki uning investitsiyalariga berilgan taqdirda buzilishi yoki chetlab oʻtilishiga olib kelishi mumkin boʻladigan choralarni koʻrganda yoki ularni qoʻllab-quvvatlaganda;
(v) boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida hech qanday tijorat faoliyatini olib bormaydigan korxona boʻlganda.
2. Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon korxonasi boʻladigan investoriga va uning investitsiyalariga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida korxona hech qanday muhim ish faoliyati olib bormagan va ushbu Bitim tomoni boʻlmagan davlat fuqarolari yoki korxonalari korxonaga egalik qilgan yoki boshqargan taqdirda ushbu Bitimda belgilangan imtiyozlarning berilishini rad etishi mumkin.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal qilish
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal qilish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi mazkur Bitimni talqin qilish va qoʻllashga doir har qanday nizolar imkon qadar maslahatlashuvlar yoʻli bilan diplomatik kanallar orqali hal qilinishi lozim.
2. Agar nizoni bunday yoʻl orqali hal qilishning imkoni boʻlmasa, u olti oy mobaynida Ahdlashuvchi Tomondan birining soʻroviga koʻra ad hos hakamlik sudiga koʻrib chiqish uchun topshirilishi lozim.
3. Bunday sud 3 hakamdan iborat boʻladi. Hakamlik sudi toʻgʻrisida yozma soʻrov olinganidan soʻng ikki oy davomida har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan hakamni tayinlaydi. Ushbu ikki hakam, keyingi ikki oy davomida birgalikda ikki Ahdlashuvchi Tomonlar bilan diplomatik munosabatda boʻlgan uchinchi davlatning fuqarosini Hakamlik sudining raisi sifatida tayinlaydilar.
4. Agar Hakamlik sudi yozma soʻrovnoma kelib tushgan sanadan boshlab toʻrt oy mobaynida tashkil topmasa, Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri, boshqacha kelishuv mavjud boʻlmagan boʻlsa, zarur tayinlashlarni amalga oshirish uchun Xalqaro Sud Raisini taklif qilishi mumkin. Agar Rais Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki u boshqa sabablarga koʻra ushbu vazifani bajara olmasa, Xalqaro Sud Raisidan keyin turuvchi, Ahdlashuvchi Tomonlarning fuqarosi boʻlmagan yoki u boshqa sabablarga koʻra ushbu vazifani bajarishiga toʻsqinlik boʻlmagan aʼzosi zarur tayinlashlarni amalga oshirishga taklif qilinishi shart.
5. Hakamlik sudi oʻz protseduralarini oʻzi belgilaydi. Hakamlik sudi oʻz qarorini mazkur Bitim qoidalariga va ikki Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan xalqaro huquqning tan olingan prinsiplariga asoslangan holda qabul qiladi.
6. Hakamlik sudi oʻz qarorini koʻpchilik ovoz bilan qabul qiladi. Bunday qaror har ikki Ahdlashuvchi Tomonlar uchun qatʼiy va majburiydir. Hakamlik sudi har ikki Ahdlashuvchi Tomonning soʻroviga asosan qabul qilgan qarorining sababini tushuntirib beradi.
7. Har bir Ahdlashuvchi Tomon hakamlik muhokamasiga tayinlangan oʻzining sud aʼzosi va uning vakilligining xarajatlarini oʻz zimmasiga oladi. Raisning va sudning xarajatlari Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan teng qismda qoplanadi.
12-modda
Ahdlashuvchi Tomon va investor oʻrtasidagi nizolarni hal qilish
Ahdlashuvchi Tomon va investor oʻrtasidagi nizolarni hal qilish
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investori oʻrtasidagi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi investitsiyalarga doir har qanday yuridik nizolarni hal qilish imkon qadar tomonlar oʻrtasida doʻstona yoʻl bilan muzokaralar oʻtkazish, shu bilan birga kelishuv protseduralari orqali hal qilinishi shart.
2. Agar 2 dan 9-moddalargacha yoki 13-moddada koʻrsatilgan majburiyatlarni bir Ahdlashuvchi Tomonning investori boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan buzilgan deb ayblasa, nizo har qanday tomon tarafidan bildirishnoma yuborilgan sanadan boshlab olti oy mobaynida muzokara yoʻli bilan hal qilinmasa, ushbu majburiyatlarni buzish oqibatida zarar yoki ziyon koʻrgan investor, oʻz ixtiyoriga koʻra, quyidagi daʼvoni berishi mumkin:
a) nizo tomoni hisoblangan Ahdlashuvchi Tomon davlatining vakolatli sudiga;
b) 1965-yil 18-martda Vashington shahrida imzolangan Davlatlar bilan chet el shaxslari oʻrtasida investitsiyaga oid nizolarni hal qilish boʻyicha Konvensiyada nazarda tutilgan Investitsiyaga oid nizolarni hal qilish boʻyicha xalqaro markazga, yoki;
v) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro savdo huquqi boʻyicha komissiyasining hakamlik qoidalariga muvofiq tuzilishi lozim boʻlgan “ad hos” hakamlik tribunaliga;
g) nizo tomonlari oʻrtasida kelishilgan har qanday hakamlik instansiyasiga yoki ad hos hakamlik sudiga.
Boshqa Ahdlashuvchi Tomon tegishli investordan nizoni xalqaro hakamlik sudiga taqdim etishidan oldin ushbu Ahdlashuvchi Tomonning qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq ichki maʼmuriy protseduralarni tugatganligini talab qilish huquqiga ega.
3. Agar investor manfaatdor Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli sudiga yoki xalqaro hakamlik sudiga nizoni taqdim etgan boʻlsa, mazkur moddaning 2-bandida koʻrsatilgan toʻrt tartibdan biri tanlanganligi yakuniy deb hisoblanadi.
4. Agar investor nizo toʻgʻrisida birinchi marta bilgan sanadan yoki nizoni keltirib chiqaruvchi voqealar haqida birinchi marta bilishi lozim boʻlgan vaqtdan uch yildan koʻp vaqt oʻtgan boʻlsa, nizoni hakamlik sudiga taqdim etish mumkin emas.
5. Agar mazkur Bitim qoidalari hakamlik qoidalariga zid boʻlsa, mazkur Bitim qoidalari ustun hisoblanadi.
6. Sud nizo boʻyicha tomonlar oʻrtasida kelishilgan huquq normalariga asosan qaror qabul qiladi. Bunday kelishuv boʻlmagan taqdirda sud Ahdlashuvchi Tomonning huquqini (uning kollizion normalar toʻgʻrisidagi hujjatlarini ham inobatga olgan holda) va qoʻllanilishi mumkin boʻlgan xalqaro huquq normalarini, xususan ushbu Bitimni ham qoʻllaydi.
7. Agar nizolashayotgan tomonlar boshqacha kelishgan boʻlmasalar, Ahdlashuvchi Tomon mazkur Bitim doirasida oʻz majburiyatlarini buzgan deb sud qarori bilan tasdiqlasa, sud faqat alohida yoki inobatga olib quyidagi qarorni qabul qilishi mumkin:
(a) pul kompensatsiyasi yoki har qanday qoʻllanib boʻladigan foiz;
(b) mulkni restitutsiya qilish, bu holatda qabul qilingan qaror pul kompensatsiyasiga va restitutsiya oʻrniga tegishli foiz olishga qaratilishi mumkin.
8. Har bir nizo tomoniga nisbatan sud tomonidan qabul qilingan qaror qatʼiy va majburiy hisoblanadi. Ikki Ahdlashuvchi Tomon hakamlik sudining qarorini bajarishi shart.
9. Nizo tomoni yakuniy hal qiluv qarorining bajarilishini talab qila olmaydi, agar:
(a) Davlatlar bilan chet el shaxslari oʻrtasidagi investitsiyaga oid nizolarni hal qilish boʻyicha Konvensiyaga binoan qabul qilingan yakuniy hal qiluv qaroriga muvofiq;
(i) qaror qabul qilingan kundan boshlab 120 kun oʻtgan boʻlsa va nizoda ishtirok etuvchi tomonlardan hech biri qarorni bekor qilish yoki qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida murojaat qilmagan boʻlsa; yoki
(ii) qayta koʻrib chiqish yoki bekor qilish tartibi tugatilgan boʻlsa,
(b) nizo ishtirokchilari tomonidan tanlangan har qanday boshqa hakamlik qoidalari, YuNSITRAL hakamlik reglamenti, Investitsiyaga oid nizolarni hal qilish boʻyicha xalqaro markazning qoʻshimcha tartib qoidalari asosida yakuniy hal qiluv qarori qabul qilingan holatda:
(i) qaror qabul qilingan kundan boshlab 90 kun oʻtgan boʻlsa va nizoda ishtirok etuvchi tomonlardan hech biri qarorni bekor qilish yoki qayta koʻrib chiqish tartibini boshlamagan boʻlsa; yoki
(ii) sud qarorni qayta koʻrib chiqish, bekor qilish va kuchdan qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yoki daʼvo arizasini qaytarish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan boʻlsa va ushbu qaror ustidan har qanday nizo ishtirokchilari tomonidan eʼtiroz boʻlmasa.
10. Har bir nizo ishtirokchisi oʻzi tayinlagan hakam va har qanday vakilining sudda ishtirok etishi bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarini qoplaydi. Sud raisining xarajatlari va sudni oʻtqazish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa xarajatlar Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan teng qismda qoplanadi. Hakamlik sudi nizo ishtirokchilarining biriga xarajatlarning koʻprogʻini qoplashni yuklashi mumkin va tushuntirish beradi. Agar Hakamlik sudi nizoning biror-bir ishtirokchisining talabi yoki eʼtirozi asossiz deb hisoblasa, u yutqazgan tomonga yutgan tomonning xarajatlarini va sud chiqimlarini, oqilona sabablarni inobatga olgan holda, qoplashni yuklashi mumkin.
13-modda
Boshqa majburiyatlar
Boshqa majburiyatlar
1. Agar bir Ahdlashuvchi Tomonning qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlari yoki Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida amaldagi yoki kelajakda belgilanadigan xalqaro majburiyatlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalariga nisbatan mazkur Bitimda belgilanganidan koʻra qulayroq rejim yaratishni nazarda tutuvchi qoidalardan iborat boʻlsa, bunday qoidalar ushbu Bitimga zarar yetkazmaydi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalariga nisbatan bitim, shartnoma yoki kontraktlar shaklida imzolangan har qanday yozma majburiyatlariga amal qiladi.
3. 2-band qoidalariga qaramay, istalgan Ahdlashuvchi Tomonning majburiyatlari tijorat kontraktlar doirasida buzilgan hollarda ushbu Bitim qoidalari buzilgan hisoblanmaydi.
14-modda
Qoʻllanilishi
Qoʻllanilishi
1. Ushbu Bitim, u kuchga kirgunga qadar yoki kuchga kirgandan soʻng bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida uning ichki qonun va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan qoʻllaniladi, ammo ushbu Bitim kuchga kirgunga qadar kelib chiqqan nizolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Bitimning 12-moddasi 1-moddaning 2 (v)-bandida belgilangan investorlarga nisbatan faqat quyidagi hollarda tatbiq etiladi: asosli huquqiy daʼvo boʻlmaganda yoki investor ishtirokchisi boʻlmagan tomon bilan imzolangan boshqa bitimlar doirasida huquqiy daʼvodan voz kechganda, qonun va normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon bilan investor taʼsis etilganda.
15-modda
Konsultatsiyalar
Konsultatsiyalar
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakillari vaqti-vaqti bilan quyidagi maqsadlarda uchrashuvlarni oʻtkazib turadilar:
(a) ushbu Bitim monitoringini amalga oshirish;
(b) huquqiy axborot va investitsiyaviy imkoniyatlar bilan almashish;
(v) investitsiya munosabati bilan yuzaga kelgan nizolarni hal qilish;
(g) investitsiyani ragʻbatlantirishga doir takliflar bilan almashish;
(d) investitsiya bilan bogʻliq boshqa masalalarni koʻrib chiqish;
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan har qanday masalalar boʻyicha konsultatsiya oʻtkazishni talab qilsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon kechiktirmasdan javob qaytarishi lozim va konsultatsiya navbat bilan Pekin va Toshkent shaharlarida oʻtkaziladi.
16-modda
Talqin etish (interpretatsiya)
Talqin etish (interpretatsiya)
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning soʻroviga asosan 12-moddada koʻrsatilgan nizolarni hal qilish jarayonida Hakamlik sudi har ikkala Ahdlashuvchi Tomonlardan ushbu Bitimning nizoli moddalarini birgalikda talqinini talab qilishi shart. Har ikkala Ahdlashuvchi Tomon soʻrovnoma kelgan sanadan boshlab yetmish kun mobaynida yozma ravishda oʻzaro kelishilgan qarorni Hakamlik sudiga taqdim qilishi lozim.
2. 1-bandga asosan har ikkala Ahdlashuvchi Tomon qabul qilgan oʻzaro kelishilgan qaror, Hakamlik sudi uchun majburiydir. Hakamlik sudining qarori oʻzaro kelishilgan qarorga mos kelishi lozim. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar yetmish kun ichida oʻzaro kelishilgan qarorga kela olmasalar, Hakamlik sudi mustaqil ravishda qaror qabul qiladi.
17-modda
Oʻzgartishlar kiritish
Oʻzgartishlar kiritish
Mazkur Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro roziligi asosida protokollar bilan imzolanadigan oʻzgartishlar kiritilishi mumkin, 18-moddaga asosan kuchga kiradi va mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
18-modda
Kuchga kirish, amal qilish va toʻxtatish
Kuchga kirish, amal qilish va toʻxtatish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Bitimni tasdiqlanishi va kuchga kirishi uchun zarur ichki huquqiy protseduralarni amalga oshirganligi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali yozma ravishda bir-birlarini xabardor qiladilar. Mazkur Bitim ikki bildirish xatining soʻnggisi olingan sanadan boshlab oʻttizinchi kunida kuchga kiradi. Mazkur Bitim oʻn (10) yil davomida amal qiladi. Mazkur Bitimning amal qilishi birinchi oʻn (10) yillik muddati tugashidan bir yil oldin bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga uni tugatish toʻgʻrisida yozma xabarnoma bermasa, keyingi oʻn (10) yilga uzaytiriladi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga birinchi oʻn yillik muddati tugashidan oldin mazkur Bitimning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida xabarnoma berishi mumkin. Mazkur Bitim xabarnoma yuborilgandan sanadan olti oy oʻtgandan soʻng oʻz kuchini yoʻqotadi.
3. 1-moddadan 16-moddagacha boʻlgan qoidalar mazkur Bitimning amal qilishi toʻxtagan sanagacha amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan kelgusidagi oʻn yillik davr mobaynida kuchida qoladi.
Mazkur Bitim kuchga kirish sanasidan boshlab 1992-yil 13-martda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi sarmoyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisidagi Bitim oʻz kuchini yoʻqotadi.
UShBUNI TASDIQLAGAN HOLDA, lozim tarzda hukumatlardan vakolatli etib tayinlanib, quyida imzo chekuvchi vakillar ushbu Bitimni imzoladilar.
Pekin shahrida 2011-yil 19-aprelda, har biri oʻzbek, xitoy va ingliz tillarida ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2011-y., 3-4-son)