OʻZBEKISTON ALOQA VA AXBOROTLAShTIRISh AGENTLIGI BOSh DIREKTORINING
buyrugʻi
TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINI DAVLAT ROʻYXATIDAN OʻTKAZIShDA ULARGA ELEKTRON RAQAMLI IMZO KALITLARINI BERISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 5-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2349]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirining 2023-yil 26-dekabrdagi 262-mh-sonli ““Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda ularga elektron raqamli imzo kalitlarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2349-1, 10.01.2024-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 7-fevraldagi “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi toʻgʻrisidagi PQ-1474-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 6-son, 47-modda) muvofiq buyuraman:
1. Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda ularga elektron raqamli imzo kalitlarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Bosh direktor X. MIRZAXIDOV
Toshkent sh.,
2012-yil 5-mart,
5-yu-son
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining 2012-yil 5-martdagi 5-yu-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda ularga elektron raqamli imzo kalitlarini berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi Qonun (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 4-son, 41-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 7-fevraldagi PQ-1474-son “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 6-son, 47-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 26-sentabrdagi 215-son “Elektron raqamli imzodan foydalanish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 39-son, 297-modda) muvofiq tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda ularga elektron raqamli imzo (bundan keyin — ERI) kalitlarini berish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatiga olishda ularga bir vaqtning oʻzida ERI kalitlarini berish tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatiga oluvchi organ (bundan buyon matnda roʻyxatga oluvchi organ deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
Maxsus vakolatli organ — ERI kalitlarini roʻyxatga olish markazlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ;
elektron manba — hisoblash texnikasi vositalari yordamida qayta ishlanadigan axborotni yozish, saqlash va qayta tiklash uchun foydalaniladigan moddiy manba;
kalitlarni hosil qilish — shifrlash algoritmlari orqali ikkita bir-biriga bogʻliq kalitlarni yaratish.
II bob. ERI kalitlari va sertifikatini berish
3. ERI kalitlarini olish uchun tadbirkorlik subyekti tomonidan roʻyxatga oluvchi organga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
1-ilovaga muvofiq belgilangan shaklda ERI kalitini va sertifikatini berish uchun tadbirkorlik subyektining arizasi;
ERI kalitining sertifikati va ERI yopiq kaliti beriladigan shaxsning pasport nusxasi;
elektron manba.
4. Tadbirkorlik subyektlariga ERI kalitlarini hosil qilish uchun roʻyxatga oluvchi organning masʼul xodimlariga Davlat soliq qoʻmitasi “Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi” qoshidagi ERI kalitlarini roʻyxatga olish markazi”ning (bundan buyon matnda Roʻyxatga olish markazi deb yuritiladi) ERI kalitlarini berish tizimiga kirish uchun elektron kalitlar beriladi.
5. ERI yopiq va ochiq kalitlarini hosil qilish Roʻyxatga olish markazining ERI kalitlarini berish tizimi orqali elektron kalit yordamida roʻyxatga oluvchi organning xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
6. Roʻyxatga oluvchi organning xodimi elektron manbani nusxa olishdan himoyasini taʼminlashi va ERI yopiq kaliti egasining shaxsan ishtirokida ERI yopiq va ochiq kalitining hosil qilinishini amalga oshirishi kerak.
7. Roʻyxatga oluvchi organ ERI kalitlarini olish uchun ariza topshirilgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida tadbirkorlik subyektiga quyidagilarni taqdim etadi:
ERI yopiq kaliti;
ERI ochiq kaliti;
ERI kalitining sertifikati;
ERI kalitlarini roʻyxatga olish markazi serverining ochiq kaliti.
8. Tayyor ERI kalitlarini oʻz ichiga olgan elektron manbani tadbirkorlik subyekti roʻyxatga oluvchi organning ERI kalitlarini tayyorlash va berishni hisobga olish daftarida imzo qoʻyib oladi.
9. ERI yopiq va ochiq kalitlarini berish bilan bir vaqtda roʻyxatga oluvchi organ tadbirkorlik subyektiga ERI kalitlarining sertifikatlarini elektron hujjat shaklida va qogʻoz hujjat shaklida beradi.
Sertifikat quyidagilardan iborat boʻladi:
ERI egasi boʻlgan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
agar ERI egasi yuridik shaxsning vakili boʻlsa, mazkur yuridik shaxsning nomi;
ERI tartib raqami va amal qilish muddati;
ERI ochiq kaliti;
ERI ochiq kalitidan foydalanishda yordam berishi mumkin boʻlgan ERI vositalarining nomi;
mazkur sertifikatni bergan roʻyxatga oluvchi organning nomi va joylashgan manzili;
ERI foydalanish maqsadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ERI kalitlari sertifikatlari reyestrining elektron manzili.
10. ERI kalitining sertifikatini berishda uning egasiga ERI kalitidan foydalanish va uni saqlash qoidalari toʻgʻrisida axborot, shuningdek ERI yopiq kaliti egasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq majburiyatlari va javobgarligi toʻgʻrisida tushuntirish taqdim etiladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
11. ERI kaliti sertifikati hosil qilinganda, u ERI kalitlari sertifikatlarining davlat reyestriga kiritiladi.
III bob. ERI kalitlari sertifikatlarining amal qilishini toʻxtatib turish va qayta tiklash
12. ERI kaliti sertifikatining amal qilinishi ERI yopiq kaliti egasining roʻyxatga oluvchi organga taqdim etilgan arizasi asosida toʻxtatib turiladi.
13. Ariza quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
ERI kaliti sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turishning muddati (mazkur sertifikatning amal qilish muhlatidan koʻp boʻlmagan muddat koʻrsatilishi lozim);
ERI yopiq kaliti egasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ERI kaliti sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish sababi;
amal qilishi toʻxtatiladigan ERI kaliti sertifikatining tartib raqami;
ariza beruvchining imzosi va ariza berilgan sana.
14. Tadbirkorlik subyekti faoliyatni vaqtincha toʻxtatib turish yoki qayta tiklash toʻgʻrisidagi arizani topshirgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida roʻyxatga oluvchi organ ERI kalitining amal qilishini toʻxtatib turishi yoki qayta tiklashi lozim.
15. ERI yopiq va ochiq kalitlarining amal qilishini toʻxtatib turish yoki qayta tiklash Roʻyxatga olish markazining ERI kalitlarini berish tizimi orqali elektron kalit yordamida roʻyxatga oluvchi organning xodimi tomonidan bajariladi.
16. ERI kaliti sertifikatining amal qilishi toʻxtatib turilganda Roʻyxatga olish markazi ERI kalitlari sertifikatlari reyestriga tegishli yozuvni kiritadi hamda uch ish kuni mobaynida bu toʻgʻrisida ERI egasini yozma ravishda xabardor qiladi.
17. ERI kaliti sertifikatning amal qilishini qayta tiklash ERI egasining arizasiga asosan ERI sertifikatining amal qilishi toʻxtatib turilgan muddat mobaynida amalga oshiriladi.
IV bob. ERI kalitining sertifikatini bekor qilish
18. ERI kalitining sertifikati ERI yopiq kaliti egasining arizasi asosida roʻyxatga oluvchi organ tomonidan bekor qilinishi mumkin.
19. ERI kalitining sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
ERI yopiq kaliti egasining familiyasi, ismi, otasining ismi;
ERI kaliti sertifikatining tartib raqami;
ERI kalitining sertifikatini bekor qilish sanasi;
ERI kalitining sertifikati bekor qilinishining sababi.
20. Roʻyxatga oluvchi organ ERI yopiq kaliti egasining roziligidan qatʼi nazar, quyidagi hollarda ERI kalitining sertifikatini bekor qilishi shart, agar:
mazkur sertifikatning amal qilish muddati tugagan boʻlsa;
ERI kalitining sertifikati berilishiga asos boʻlgan hujjatning amal qilishi tugatilganligi aniq maʼlum boʻlsa;
ERI kalitining egasi “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan oʻz majburiyatlarini bajarmagan hollar aniqlanganda;
ERI kaliti sertifikatining amal qilishi toʻxtatib turilgan muddat tugaganda va uni qayta tiklash uchun ERI egasining arizasi mavjud boʻlmaganda.
21. ERI kaliti sertifikati bekor qilingandan keyin Roʻyxatga olish markazi ERI kalitlari sertifikatlari reyestriga tegishli yozuvni kiritadi hamda uch ish kuni mobaynida bu toʻgʻrisida ERI egasini yozma ravishda xabardor qiladi.
22. Mazkur Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
V bob. Yakuniy qoida
23. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
2012-yil 1-mart
Savdo-sanoat palatasi raisi A. ShAYXOV
2012-yil 1-mart
Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda ularga elektron raqamli imzo kalitlarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Tadbirkorlik subyektlari uchun ariza
ShAKLI
| Ariza beruvchi blankida | | |
| | |
Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatga oluvchi organ rahbariga |
| |
|
|
| 1. ______________________________________________________________________________ | ||
|
(yuridik shaxsning nomi va tashkiliy huquqiy shakli, jismoniy shaxsning F.I.O.) | ||
| quyidagi shaxslarga ochiq va yopiq ERI kalitlarini yasab berishni va kalitlar sertifikatlarini berishni soʻraydi. | ||
| ________________________________________________________________________________ | ||
|
(ERI yopiq kaliti egasining familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi) | ||
| ________________________________________________________________________________ | ||
|
(ERI dan foydalanish maqsadi haqida maʼlumot) | ||
| Yopiq ERI kaliti egasining elektron pochta manzili ___________________________________ | ||
| 2. Sertifikat amal qilish muddati (tadbirkorlik subyekti yuridik shaxs boʻlganda) ________________________________________________________________________________ | ||
|
(12 oydan oshmaydi) | ||
| 3. Yuridik shaxsning toʻliq nomi / jismoniy shaxsning F.I.O. ________________________ | ||
| ________________________________________________________________________________ | ||
| Yuridik shaxsning qisqacha nomi (tadbirkorlik subyekti yuridik shaxs boʻlganda) ________________________________________________________________________________ | ||
| Yuridik manzil _________________________________________________________________ | ||
| Haqiqiy pochta manzili (telefon, faks, E-mail) _____________________________________ | ||
| ________________________________________________________________________________ | ||
| 4. Xizmat koʻrsatadigan bank nomi _________________________________________________ | ||
| Bank hisob raqami ___________________________ MFO _____________________________ | ||
| OKONX _______________________________ OKPO ___________________________________ | ||
Ariza berayotgan shaxs |
__________________________ | |
| |
(imzo) | |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 14-son, 160-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)