Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Eron Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida
ULARNING BOJXONA MAʼMURIYATLARIGA OʻZARO YoRDAMLAShISh TOʻGʻRISIDA
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Eron Islom Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
bojxona qonunlarining buzilishi ular mamlakatlarining iqtisodiy, moliyaviy va tijorat manfaatlariga ziyon keltirishini hisobga olib,
bojxona bojlari, soliq va boshqa toʻlovlarning aniq belgilanishini taʼminlash muhim ekanligini tushunib,
bojxona qonunlarini qoʻllash va ularga rioya qilish sohalarida xalqaro hamkorlik zarurligini tan olib,
bojxona qonunlari buzilishini bartaraf etishga qaratilgan harakatlar ular Bojxona maʼmuriyatlarining yaqin hamkorligi natijasida yanada samaraliroq boʻlishiga ishonib,
1953-yil 5-dekabrdagi Oʻzaro maʼmuriy hamjihatlik boʻyicha Bojxona hamkorligi kengashi (Butunjahon bojxona tashkiloti)ning tavsiyalarini eʼtiborga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitimda:
1. “Bojxona qonunlari” atamasi tovarlarni import, eksport, tranzit qilish va barcha bojxona protseduralarini amalda qoʻllash, jumladan taqiqlash, cheklash va nazorat qilish boʻyicha Tomonlarning Bojxona maʼmuriyatlari amal qiladigan qonunlar, qonun kuchiga ega boʻlgan hamda boshqa normativ hujjatlarni anglatadi.
2. “Bojxona huquqbuzarligi” atamasi bojxona qonunlarini har qanday tarzda buzish yoki buzishga urinishni anglatadi.
3. “Bojxona bojlari va soliqlari” atamasi bojxona bojlari va koʻrsatilgan xizmatlarning taxminiy qiymatiga qadar cheklangan yigʻimlardan tashqari, tovarlarni import yoki eksport qilishda yoxud ular munosabati bilan undiriladigan boshqa barcha boj, soliq va yigʻimlarni anglatadi.
4. “Bojxona maʼmuriyati” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan Davlat bojxona qoʻmitasini, Eron Islom Respublikasiga nisbatan Moliya va iqtisodiy aloqalar vazirligining Bojxona maʼmuriyatini anglatadi.
2-modda
Bitim qoʻllaniladigan soha
Bitim qoʻllaniladigan soha
1. Ushbu Bitim doirasidagi koʻmaklashishlar, ikkala Tomonning milliy qonunlariga muvofiq Bojxona maʼmuriyatlarining vakolatlari va mavjud resurslari doirasida amalga oshiriladi.
2. Tomonlarning Bojxona maʼmuriyatlari bojxona qoidalari buzilishining oldini olish, tekshirish va ularga qarshi kurashda ushbu Bitim qoidalariga muvofiq hamkorlik qiladilar va bir-birlariga koʻmaklashadilar.
3-modda
Koʻmaklashish sohasi
Koʻmaklashish sohasi
1. Bir Tomon Bojxona maʼmuriyatining soʻroviga binoan boshqa Tomonning Bojxona maʼmuriyati bojxona qonunlariga rioya qilishni taʼminlashda yordam berishi mumkin boʻlgan barcha mavjud axborotni taqdim etadi, shu jumladan:
a) bojxona bojlari, soliqlari va boshqa toʻlovlarining toʻgʻri hisoblanishini taʼminlash boʻyicha;
b) bojxona maqsadlari uchun tovarlar qiymatini aniq belgilash boʻyicha;
s) tovarlarning tarif tasnifini va tayyorlangan joyini aniqlash boʻyicha.
2. Ushbu Bitim doirasidagi koʻmaklashish quyidagilarga taalluqli axborotni oʻz ichiga oladi, lekin shu bilan cheklanib qolmaydi:
a) bojxona huquqini buzishning oldini olishda foyda keltirishi mumkin boʻlgan huquqni muhofaza qilish harakatlari, xususan bojxona huquqini buzishga qarshi kurashning maxsus usullari;
b) bojxona qoidalarini buzishni sodir etishning yangi metodlari;
s) bojxona huquqini buzishlarga qarshi yangi texnika vositalari va yangi metodlarni muvaffaqiyatli qoʻllash natijasida toʻplangan tajriba va yutuqlar; va
d) yoʻlovchilar va yuklarni rasmiylashtirishning yangi usul hamda metodlari.
4-modda
Nazoratni amalga oshirishga koʻmaklashish
Nazoratni amalga oshirishga koʻmaklashish
1. Bir Tomon Bojxona maʼmuriyatining soʻroviga binoan boshqa Tomonning Bojxona maʼmuriyati unga quyidagi masalalarga oid maʼlumotlarni beradi:
a) soʻrayotgan Tomon Bojxona maʼmuriyatiga bojxona yuk bayonnomasi bilan birga taqdim etilgan rasmiy hujjatlarning asliga toʻgʻriligi;
b) boshqa Tomon hududidan soʻrayotgan Tomon hududiga olib kirilgan tovar qonuniy eksport ekanligi;
s) soʻrayotgan Tomon hududidan soʻralayotgan Tomon hududiga olib chiqilgan tovar qonuniy import ekanligi.
2. Bunday maʼlumotda tovarlarni toʻliq bojxona rasmiylashtirilishidan oʻtkazish uchun qoʻllangan bojxona protseduralari koʻrsatilishi lozim.
5-modda
Maʼlumotning maxfiyligi
Maʼlumotning maxfiyligi
1. Ushbu Bitim doirasida yuboriladigan yoki olinadigan har qanday maʼlumot, hujjat yoki boshqa xabarlarga maxfiylik rejimi beriladi hamda ulardan faqat ushbu Bitimda koʻrsatilgan maqsadda foydalanish mumkin. Ularga qabul qilayotgan mamlakatda uning hududida olingan shu xildagi maʼlumot, hujjat va xabarlarga nisbatan qoʻllanadigan himoya va rasmiy maxfiylik vositalari beriladi.
2. Bunday maʼlumot va hujjatlarni faqat surishtiruv, maʼmuriy va sudlov ishlarini olib borishda ishlatish mumkin.
3. Soʻrayotgan Tomon ushbu Bitim doirasida olingan ashyoviy dalillar yoki maʼlumotdan soʻrovda koʻrsatilgandan tashqari maqsadda soʻralayotgan Tomon bilan oldindan kelishmay turib foydalanmaydi.
6-modda
Koʻmaklashishni rad etish
Koʻmaklashishni rad etish
1. Agar soʻralayotgan Tomon yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovni bajarish suverenitetga, xavfsizlikka va boshqa muhim milliy manfaatlarga yoki davlat milliy qonunlariga zid keladi deb hisoblasa, koʻmaklashishni rad etishi yoki muayyan shart yoxud talablarga rioya qilingan taqdirda yordam berishi mumkin.
2. Koʻmaklashish haqidagi soʻrov rad qilinsa, soʻrayotgan Bojxona maʼmuriyatiga qabul qilingan qaror va raddiya sabablari haqida yozma ravishda kechiktirmasdan xabar beriladi.
3. Soʻralayotgan Bojxona maʼmuriyati tomonidan olib borilayotgan tergov, jazolash ishlariga yoki sud jarayoniga xalaqit qilmasligi uchun koʻmaklashish keyinga qoldirilishi mumkin. Bunday hollarda soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomon bilan bunday koʻmaklashish soʻralayotgan Tomon muayyan shartlar asosida amalga oshirilishi mumkinligini aniqlash uchun maslahatlashish oʻtkazadi.
4. Soʻrayotgan Tomon Bojxona maʼmuriyatining oʻzi soʻralayotgan Tomon Bojxona maʼmuriyatidan shunga oʻxshash soʻrov olgani taqdirda yordam koʻrsata olmasa, u oʻz soʻrovida ushbu holga eʼtiborni qaratmogʻi lozim. Bunday soʻrovni qondirish soʻralayotgan Tomon Bojxona maʼmuriyati ixtiyoriga havola etiladi.
7-modda
Soʻrovlarni yetkazish
Soʻrovlarni yetkazish
1. Koʻmaklashish haqidagi soʻrovlarning shakli va mazmuni:
a) soʻrovlar ushbu Bitimga muvofiq yozma ravishda yuboriladi. Bunday soʻrovlarni ijro etish uchun zarur hujjatlar ilova qilinadi. Zarurat yuzasidan, zudlik bilan harakat qilish lozim boʻlgan hollarda, ogʻzaki soʻrov qabul qilinishi mumkin, biroq u qisqa muddatda yozma ravishda tasdiqlanadi;
b) soʻrovlar yozma ravishda ingliz tilida boʻlishi kerak. Bunday soʻrovlarga ilova qilingan barcha hujjatlar zaruratga qarab ingliz tiliga tarjima qilinadi;
s) ushbu moddaning birinchi bandida koʻzda tutilgan soʻrovlar quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
(1) soʻrov yuborayotgan organ;
(2) harakat tarzi;
(3) soʻrov maʼnosi va sababi;
(4) agar maʼlum boʻlsa, koʻrilayotgan ishga jalb qilingan tomonlarning nomlari va manzillari;
(5) koʻrilayotgan ishning qisqacha tavsifi va unga daxldor huquqiy normalar; va
(6) soʻralayotgan yordam hamda soʻralayotgan ish oʻrtasidagi aloqa.
2. Aloqa yoʻllari;
a) Koʻmaklashish tegishli Bojxona maʼmuriyatlari oʻrtasida bevosita aloqa yordamida amalga oshiriladi.
b) Soʻralayotgan Tomonning Bojxona maʼmuriyati soʻrovni bajara oladigan tashkilot boʻlmasa, u tegishli maslahatlashishlardan soʻng soʻrovni amaldagi qonunlarga muvofiq oʻz vakolati doirasida bajara oladigan tashkilotga zudlik bilan yetkazadi yoki soʻrayotgan Tomonga bunday soʻrovni ijro etish uchun zarur boʻlgan tegishli protsedura haqida maʼlumot beradi.
3. Tomonlarning Bojxona maʼmuriyatlari ushbu Bitim maqsadlarini koʻzlab bunday aloqani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan xodimlarni tayinlaydilar va ushbu xodimlarning ismi, lavozimlari, telefon va faks raqamlari roʻyxatini almashadilar. Ular oʻz tergov boʻlinmalari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻrialoqa oʻrnatishlari mumkin.
8-modda
Soʻrovlarning bajarilishi
Soʻrovlarning bajarilishi
1. Soʻralayotgan Bojxona maʼmuriyati milliy qonunlarga muvofiq, soʻrovni maqbul muddatlarda ijro etish yuzasidan oqilona chora-tadbirlar koʻradi.
2. Istalgan Tomonning Bojxona maʼmuriyati boshqa Tomon Bojxona maʼmuriyatining soʻroviga binoan har qanday kerakli soʻrovlarni bajaradi, jumladan zarur hollarda guvoh va ekspertlar yoki bojxona huquqini buzishda gumon qilinayotgan shaxslarni soʻrovdan oʻtkazadi.
9-modda
Ishlar, hujjatlar va guvohlar/ekspertlar
Ishlar, hujjatlar va guvohlar/ekspertlar
1. Tomonlarning Bojxona maʼmuriyatlari soʻrov boʻyicha tovarlarni tashishga oid hamda ularning qiymati, miqdori, ishlangan va yuborilayotgan joyini koʻrsatuvchi hujjatlarni taqdim etadilar.
2. Kopiyalar yetarli boʻlmagan holdagina ishlar, hujjatlar va boshqa materiallarning asl nusxalari soʻraladi. Maxsus soʻrov boʻyicha bunday ishlar, hujjatlar va boshqa materiallarning nusxalari tegishli ravishda tasdiqlanadi.
3. Yuborilgan ishlar, hujjatlar va boshqa materiallarning asl nusxalari eng qisqa vaqt ichida qaytarilishi lozim. Soʻrov boʻyicha sudga taqdim qilish uchun yoki shunga oʻxshash maqsadlar uchun zarur boʻlgan asl nusxalar zudlik bilan qaytarib beriladi.
4. Bir Tomon Bojxona maʼmuriyatining soʻroviga binoan boshqa Tomonning Bojxona maʼmuriyati oʻz ixtiyoricha, xodimlarning roziligi bilan ularga boshqa Tomon hududida maʼmuriy yoki jinoiy ishlarni olib borishda guvoh va/yoki ekspert sifatida qatnashishga ruxsat beradi hamda ijro qilish muhim deb qaraladigan ishlar, hujjatlar va boshqa materiallarning asl nusxalarini taqdim etadi. Bunday soʻrovda sudlov ishlarini yurgizish vaqti, joyi va turi, shuningdek xodimlarning kim sifatida qatnashishlari koʻrsatiladi.
5. Ushbu Bitim doirasidagi vazifalarni bajarish uchun bir Tomon bojxona maʼmuriyatining vakillari ikkinchi Tomon davlatining hududida boʻlgan chogʻlarida har doim oʻz vazifalarini bajarishga hozir boʻlishlari lozim, ammo ular maxsus kiyim kiyishlari va qurol olib yurishlari shart emas.
10-modda
Sarf-xarajatlar
Sarf-xarajatlar
1. Tomonlar, ushbu Bitim shartlarini bajarishga bogʻliq xarajatlarni qoplash haqidagi barcha talablardan voz kechadilar, guvohlarni yoʻllash, davlat xizmatchilari boʻlmagan ekspert va tarjimonlarga beriladigan toʻlov bundan mustasno.
2. Agar soʻrovni bajarish katta xarajatlar bilan bogʻliq boʻlsa, Tomonlar ushbu soʻrovni ijro etish muddati va shartlarini belgilab olish, shuningdek xarajatlarning qay yoʻsinda qoplanishi toʻgʻrisida maslahatlashadilar.
11-modda
Koʻmaklashish boʻyicha alohida holatlar
Koʻmaklashish boʻyicha alohida holatlar
Oʻz davlatining milliy qonunlariga muvofiq:
1. Bir Tomon Bojxona maʼmuriyati boshqa Tomon Bojxona maʼmuriyatining soʻroviga binoan oʻz imkoniyatlari doirasida quyidagi maxsus kuzatuvlarni amalga oshiradi:
a) soʻrayotgan Tomon hududida bojxona huquqini buzish uchun foydalanishda gumon qilinayotgan transport vositalarini;
b) soʻrayotgan Tomon mamlakatiga joʻnatilayotgan, u noqonuniy savdo predmeti deb aniqlangan tovarlarni;
s) huquqni buzganligi aniq boʻlgan yoki gumon qilinayotgan muayyan shaxslarni.
2. Tomonlarning Bojxona maʼmuriyatlari boshqa Tomon hududida huquqni buzishga olib kelishi mumkin boʻlgan faoliyat haqidagi barcha maʼlumotlarni bir-birlariga taqdim etadilar. Boshqa Tomonning iqtisodiyotiga, kishilar salomatligiga, jamoat xavfsizligiga va boshqa hayotiy manfaatlariga katta ziyon yetkazilishi aniq boʻlgan hollarda bunday maʼlumot soʻrovsiz yuboriladi.
12-modda
Nizolarni hal etish
Nizolarni hal etish
Tomonlar oʻz Bojxona maʼmuriyatlari:
a) ushbu Bitimdan kelib chiqadigan masalalarni hal qilish maqsadida toʻgʻridan toʻgʻrialoqa oʻrnatishlari;
b) maslahatlashishlar oʻtkazilgach, ushbu Bitimni ijro etish uchun har qanday maʼmuriy farmoyishlar ishlab chiqishlari mumkin deb ahdlashib oldilar.
13-modda
Qoʻshimchalar kiritish
Qoʻshimchalar kiritish
Tomonlarning yozma ravishda kelishuviga binoan ushbu Bitimga qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ular alohida bayonnomalar tarzida tuziladi va Bitimning tarkibiy qismi hisoblanadi.
14-modda
Bitimning kuchga kirishi va amal qilishining toʻxtatilishi
Bitimning kuchga kirishi va amal qilishining toʻxtatilishi
1. Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat protseduralarini bajarganliklari haqidagi oxirgi bildirish xati diplomatik yoʻllar orqali olingan sanadan boshlab 30 kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Tomonlarning oʻzaro yozma roziliklari asosida ushbu Bitimga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
3. Ushbu Bitimning amal qilish muddati cheklanmagan. U Tomonlardan biri boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi oʻz niyatidan yozma ravishda xabardor qilgan sanadan uch oy oʻtgach amal qilishini toʻxtatadi. Ushbu Bitim amal qilishi toʻxtatilgan vaqtgacha tugallanmagan ishlar uning qoidalariga muvofiq oxiriga yetkaziladi.
Toshkent shahrida 1999-yil 12-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, fors va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2011-y., 3-4-son)