Toshkent shahar hokimining
Qarori
Toshkent shahar hududida joylashgan yakka tartibda uy-joy qurishga moʻljallangan yer uchastkalariga umrbod egalik qilish huquqini kimoshdi savdolarida sotish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2021-yil 4-iyundagi 390/41-6-sonli “Toshkent shahar mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 30-dekabrdagi “Yakka tartibda uy-joy qurilishi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 272-sonli qarori, Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan va Adliya vazirligi tomonidan 1995-yil 26-yanvarda 119-son bilan roʻyxatga olingan “Fuqarolarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish uchun yer uchastkalarini kimoshdi savdosida sotish toʻgʻrisidagi vaqtinchalik Nizom” hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 11-apreldagi 126-sonli qaroriga muvofiq Toshkent shahar hududida joylashgan yakka tartibda uy-joy qurishga moʻljallangan yer uchastkalariga umrbod egalik qilish huquqini kimoshdi savdolarida sotish tartibini takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:
1. Toshkent shahar hududida joylashgan yakka tartibda uy-joy qurishga moʻljallangan yer uchastkalariga umrbod egalik qilish huquqlarining kimoshdi savdolaridagi boshlangʻich narxi Toshkent shahar hokimligi tomonidan Ulushdoshlikka qatnashish boʻlimining Toshkent shahar yerlarni kompleks-iqtisodiy baholash natijalari boʻyicha maʼlumotini inobatga olgan holda belgilanadi.
2. Davlat mulk qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasiga Toshkent shahrida joylashgan yakka tartibda uy-joy qurishga moʻljallangan yer uchastkalariga umrbod egalik qilish huquqini kimoshdi savdolariga qoʻyish va kim oshdi savdosi yakunlari boʻyicha shartnomalarni rasmiylashtirish hamda shahar hokimligi nomidan imzo qoʻyish vakolati berilsin.
3. Davlat mulk qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan kimoshdi savdolari gʻoliblari tomonidan belgilangan toʻlovlar toʻliq amalga oshirilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etilgandan soʻng Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi 10 kun muddat ichida sotilgan yer uchastkalarini savdo gʻoliblari nomiga rasmiylashtirish boʻyicha shahar hokimi qarori loyihasini kiritsin va belgilangan shaklda yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqini beruvchi guvohnoma berilishini taʼminlasin.
4. Ushbu qaror kuchga kirishi munosabati bilan Davlat mulk qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan shahar hududidagi kimoshdi savdolarida sotiladigan yer uchastkalariga mulkiy huquqni tasdiqlovchi davlat orderi berilishi toʻxtatilsin.
5. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari R. Usmonov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim A. TOʻXTAYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 5-fevral,
78-son