Toshkent shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-maydagi “2008 — 2010-yillarda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-879-sonli qarorining ijrosi toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2021-yil 4-iyundagi 390/41-6-sonli “Toshkent shahar mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-maydagi “2008 — 2010-yillarda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-879-sonli qarori ijrosini taʼminlash hamda zamonaviy import oʻrnini bosuvchi va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, aholi bandligini oshirish hamda oʻtkazilgan Respublika sanoat yarmarkasi va Kooperatsion birja yakunlarini hisobga olib qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-maydagi “2008 — 2010-yillarda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni maxalliylashtirish Dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-879-sonli qarori ijro uchun qabul qilinsin.
Mazkur qarorga muvofiq quyidagilar:
1.1. 2008 — 2010-yillarda sanoat mahsuloti asosiy turlarini ishlab chiqarish hajmi va mahalliylashtirish darajasining maqsadli parametrlari (Toshkent shahriga tegishli korxonalar roʻyxati 1-ilova*);
2008 — 2010-yillarda butlovchi qism va detallarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihalari roʻyxati (Toshkent shahriga tegishli korxonalar roʻyxati 2-2a-ilovalar*);
2008 — 2010-yillarda tayyor mahsulot turlari, materiallar va xomashyo ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihalari roʻyxati (Toshkent shahriga tegishli korxonalar roʻyxati 3-3a-ilovalar*);
2008-yilda tugallanadigan sport anjomlari va oʻquv uskunalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihalari roʻyxati (Toshkent shahriga tegishli korxonalar roʻyxati 4-ilova*) tasdiqlanganligi;
1.2. 2 va 3 ilovalarga* kiritilgan korxonalar 2011-yilning 1-yanvarigacha:
chetdan olib kelinadigan texnologiya uskunalari va ularning ehtiyot qismlari, shuningdek respublikada ishlab chiqarilmaydigan, mahalliylashtirilayotgan mahsulotni ishlab chiqarishdagi texnologiya jarayonida foydalaniladigan komponentlar uchun bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvchi uchun yigʻimlar bundan mustasno);
mahalliylashtirish loyihalari boʻyicha ishlab chiqarilgan mahsulotdan olingan daromad (foyda) soligʻi, yagona soliq toʻlovi (soddalashtirilgan soliq tizimi qoʻllaniladigan subyektlar uchun) toʻlashdan;
mahalliylashtiriladigan mahsulot ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan asosiy ishlab chiqarish fondlari boʻyicha mulk soligʻi toʻlashdan ozod qilinganligi;
2a, 3a va 4 ilovalarga* kirgan korxonalar uchun imtiyozlar 2009-yil 1-yanvarga qadar berilganligi;
* 1 — 4-ilovalar berilmaydi.
1.3. Mazkur qarorda nazarda tutilgan imtiyozlar berish hisobiga boʻshaydigan mablagʻlar texnologiya uskunalarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, mahalliylashtirish Dasturini amalga oshirishga jalb etilgan korxonalarning muxandis-texnik xodimlarini ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilishi belgilanganligi inobatga olinsin.
2. Iqtisodiyot bosh boshqarmasi (Z. Toʻychiyev), Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi (O. Alimov), Statistika boshqarmasi (B. Magay), Bojxona boshqarmasi (T. Raxmanov) bilan birgaliqda:
2.1. Mahalliylashtirish Dasturiga kiritilgan loyihalarning amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring oʻrnatilsin hamda har oy Toshkent shahar hokimligi va Iqtisodiyot vazirligiga axborot berib borilsin.
2.2. Mahaliylashtirish Dasturini amalga oshirishga jalb etilgan mahalliy tasarrufda boʻlgan korxonalar tomonidan loyihalarni oʻz vaqtida bajarmagan taqdirda ularni dasturdan chiqarish va yangi loyihalarni kiritish yuzasidan takliflar berib borish amaliyoti joriy etilsin.
3. Toshkent shahar hokimining 2006-yil 8-avgustdagi “2006 — 2008-yillarda mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturi toʻgʻrisida”gi 413-sonli qarori va 2007-yil 17-maydagi “2006 — 2008-yillarda mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturiga tuzatishlar kiritish toʻgʻrisida”gi 422-sonli qarorning 2-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari R.J. Usmanov, Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari B.I. Toxirov zimmalariga yuklatilsin.
Hokim A. TOʻXTAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 18-iyun,
437-son