Toshkent shahar hokimining
Qarori
Toshkent shahridagi dehqon bozorlarida sanitar xolatni yaxshilash, qishloq xoʻjalik maxsulotlari narxini sunʼiy ravishda oshib ketishining oldini olish, arzon va sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash hamda naqd pul muomalasini barqarorlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2021-yil 4-iyundagi 390/41-6-sonli “Toshkent shahar mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Toshkent shahri dehqon bozorlariga arzon va sifatli qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetkazib berish hamda savdodagi qishloq xoʻjalik mahsulotlari narxini muvofiqlashtirish va asosiy turdagi qishloq xoʻjalik mahsulotlari olib kelishga qaratilgan vazifalar ijrosini taʼminlash hamda 2008-yil 1-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida oʻtkazilgan yigʻilishda belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. 2008-yilning mart — may oylarida Toshkent shahri dehqon bozorlariga sifatli va arzon qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetkazib berish, savdodagi qishloq xoʻjalik mahsulotlari narxini muvofiqlashtirish hamda dehqon bozorlarining sanitar holatini yaxshilash masalalariga oid chora-tadbirlar dasturlari 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar:
“Toshbozortayyorlovsavdo” uyushmasi tizimidagi “Toshkent matlubot savdo” korxonasi va savdo-xarid korxonalari tomonidan 2008-yil qish-bahor mavsumiga zaxiraga qoʻyilgan kartoshka va piyoz mahsulotini savdoga chiqarish jadvali 2-ilovaga* muvofiq;
Aholini qishloq xoʻjalik mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish, bozordagi narxlarni muvofiqlashtirish maqsadida 2008-yil mart — may oylari davomida tuman hokimliklari, prokuratura, Ichki ishlar boshqarmalari va davlat soliq inspeksiyalari tomonidan asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini keltirib sotish rejasi 3-ilovaga* muvofiq;
Toshkent shahri dehqon bozorlarida 2008-yil mart — may oylari davomida “INTERTEX MEDPRODUKT” MChJ tomonidan “DIVNOYE” pista yogʻi mahsulotini (3000 soʻm) va “KONFI SILK TRAYD” korxonasi tomonidan “Zolotaya semechka” pista yogʻi mahsulotini (3300 soʻm) savdoga chiqarish jadvallari 4-5-ilovalarga* muvofiq;
Toshkent shahri dehqon bozorlarida 2008-yil mart — may oylarida “DIYET TREYD” qoʻshma korxonasi tomonidan tuxum va tovuq goʻshti mahsulotlarini savdoga chiqarish jadvali 6-ilovaga* muvofiq maqullansin.
3. Tuman hokimlari:
3.1. Asosiy turdagi qishloq xoʻjalik mahsulotlari boʻyicha mavsumiga tayyorlangan zaxiraga qoʻshimcha ravishda 7-ilovaga* muvofiq zaxira yaratilishi taminlansin.
* 1 — 7-ilovalar berilmaydi.
3.2. Amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Toshkent shahar hokimligiga kundalik axborot taqdim etilsin.
4. Savdo xizmat koʻrsatish sohasi va xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqarish departamenti (R. Abdumajitov), “Toshbozortayyorlovsavdo” uyushmasi (M. Atashikov) tuman hokimlari:
4.1. Surxondaryo vilotiyatidagi fermer xoʻjaliklari va agrofirmalaridan arzon va sifatli ertangi yetishtirilgan kartoshka, piyoz, karam mahsulotini olib kelish hamda Toshkent shahrida barcha dehqon bozorlarida sotilishini tashkil etish.
4.2. Shahar aholisini qishloq xoʻjalik mahsulotlariga boʻlgan extiyojini toʻlaroq taʼminlash, ularning bozorlardagi narxlarini muvofiqlashtirish maqsadida Toshkent viloyati xamda boshqa viloyatlaridagi dehqon va fermyerlar bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma asosida arzon va sifatli qishloq xoʻjalik mahsulotlarini olib kelinishi taʼminlansin.
4.3. 2008-2009-yillar kuzgi-qishki zaxirasini tayyorlash maqsadida Toshkent viloyati va boshqa xududlardan toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma asosida arzon va sifatli qishloq xoʻjalik mahsulotlarini keltirilishi yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilansin.
5. Budjet muassasalariga xizmat koʻrsatuvchi tashkilot va idoralar 2008-2009-yillar kuzgi-qishki zaxirasini tayyorlash maqsadida Toshkent viloyati va boshqa xududlardan toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma asosida arzon va sifatli qishloq xoʻjalik mahsulotlarini keltirish choralari koʻrilsin.
6. Savdo, xizmat koʻrsatish sohasi va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish departamenti (R. Abdumajitov). “Poytaxt taʼsis” DUK (Sh. Raximov):
6.1. Qishki zaxirani tayyorlash uchun respublikamiz va chet ellardan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini hamda goʻsht mahsulotlarini olib kelish chora-tadbirlari amalga oshirilsin hamda ichki bozor konyekturasi, talab va takliflar oʻrnatilsin.
6.2. Shahar aholisini kuz-qish mavsumida arzon narxlardagi kartoshka, piyoz, sabzi mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida viloyat va boshqa davlatlardan asosiy qishloq xoʻjalik mahsulotlarining zaxirasini tayyorlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilsin va tasdiqlash uchun taqdim etilsin.
6.3. Markaziy meva-sabzavot omborxonasi (POK-5) qish mavsumida mahsulotlar saqlash uchun talab darajasiga keltirilsin va taʼmirlash ishlari amalga oshirilsin.
7. Markaziy bank Toshkent shahar boshqarmasi (Sh. Xadjizodayev), tijorat banklari bilan birgalikda, Toshkent shahri aholisini kuz-qish mavsumida sifatli va arzon qishloq xoʻjalik mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini toʻlaroq qondirish maqsadida, “Poytaxt-taʼsis” DUK, “Toshbozortayyorlovsavdo” uyushmasi imtiyozli kreditlar ajratish yuzasidan chora-tadbirlari amalga oshirilsin.
8. Ichki ishlar bosh boshqarmasi (Q. Nakibov), Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi (B. Qurbonov), Veterinariya boshqarmasi (R. Xasanov), tezkor sanitar xizmati (Oʻ. Xushvakov) bozorlarning sanitar xolatiga, mahsulotlarining tegishli mutaxassislar koʻrigidan oʻtkazilgan holda savdoga chiqarilishi, tozalikka rioya etilishi yuzasidan har bir rahbarning shaxsiy maʼsuliyati belgilab qoʻyilsin.
9. Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi (A. Yuldashev):
9.1. Barcha dehqon bozorlari hududining belgilanmagan joylarida qishloq xoʻjalik mahsulotlari savdosi bartaraf qilgan holda savdo oʻrni (joyi) uchun oʻrnatilgan tartibda patta toʻlovini nazorat kassa apparatlari orqali oʻrnatilgan tartibda kassalarga oʻz vaqtida toʻliq toʻlanishi toʻgʻri tashkil etilsin va tegishli nazorat oʻrnatilsin.
9.2. Barcha dehqon bozorlarida asosiy isteʼmol mollari hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining narxlarini sunʼiy ravishda oshib ketishi oldini olish borasida muntazam ravishda monitoring ishlari amalga oshirilsin.
10. “Toshbozortayyorlovsavdo” uyushmasi (M. Atashikov), barcha dehqon bozorlari rahbarlari bilan birgalikda:
10.1. Shahar aholisining qishloq xoʻjalik mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini toʻlaroq taʼminlash, savdo-xarid korxonalari orqali viloyatlardagi dehqon va fermyerlar bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma asosida arzon va sifatli qishloq xoʻjalik mahsulotlarini kunma-kun olib kelib sotilishi tashkil etilsin:
10.2. Toshkent viloyatining dehqon - fermer xoʻjaliklari va agrofirmalariga qulayliklar yaratish va shaharga arzon qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetib kelishini tashkil etish uchun har bir dehqon bozori xududidan 20 tadan 40 tagacha toʻliq jihozlangan bepul joylar ajratilsin.
11. Savdo, xizmat koʻrsatish sohasi va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish departamenti (R. Abdumajitov), Ichki ishlar bosh boshqarmasi (Q. Nakibov), “Toshbozortayyorlovsavdo” uyushmasi (M. Atashikov), tuman hokimlari, Toshkent shahar aholisining sifatli va arzon mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlaridan baliq mahsulotlarini olib kelish va savdoga chiqarish jadvali tasdiqlansin va bajarilishi nazoratga olinsin. Shuningdek, chet davlatlardan baliq mahsulotini olib kelish va savdoga chiqarish choralari koʻrilsin.
12. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (Q. Nakibov), Davlat soliq boshqarmasi (A. Yuldashev) bilan birgalikda dehqon bozorlarida qishloq xoʻjalik mahsulotlari narxini asossiz oshishiga yoʻl qoʻyayotgan, oʻrtada turib vositachilik bilan shugʻullanuvchilarga (ushbu faoliyat bilan noqonuniy shugʻullanayotgan) nisbatan tegishli choralar koʻrilsin.
13. Savdo, xizmat koʻrsatish sohasi va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish departamenti (R. Abdumajitov), Davlat soliq boshqarmasi (A. Yuldashev), “Toshbozortayyorlovsavdo” uyushmasi (M. Atashikov), tuman hokimlari yuqoridagi masalalar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha har 10 kunda Toshkent shahar hokimligiga yozma axborot kiritib borilishi belgilab qoʻyilsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari B.I. Toxirov va Savdo xizmat koʻrsatish sohasi va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish departamenti boshligʻi R.A. Abdumajidov zimmalariga yuklatilsin.
Hokim A. TOʻXTAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 13-mart,
142-son