OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
Qarori
Kredit tashkilotlari tomonidan kredit axborotining davlat reyestriga va kredit byurolariga kredit axborotini taqdim etish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 2-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2332]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 17-iyundagi 12/9-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3645, 07.07.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 40-son, 412-modda) qonunlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Kredit tashkilotlari tomonidan Kredit axborotining davlat reyestriga va kredit byurolariga kredit axborotini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2012-yil 14-yanvar,
1/4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 14-yanvardagi 1/4-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Kredit tashkilotlari tomonidan Kredit axborotining davlat reyestriga va kredit byurolariga kredit axborotini taqdim etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda) va “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 40-son, 412-modda) qonunlariga muvofiq, kredit tashkilotlari tomonidan Kredit axborotining davlat reyestriga va kredit byurolariga kredit axborotini taqdim etish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Kredit tashkilotlari oʻzlaridagi mavjud kredit axborotini Kredit axborotining davlat reyestriga (bundan buyon matnda KADR deb yuritiladi) va kredit byurolariga mazkur Nizomda belgilangan tartibda taqdim etishlari shart.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Kredit axboroti milliy instituti (bundan buyon matnda KAMI deb yuritiladi) kredit tashkilotlarining yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan kredit olish toʻgʻrisida berilgan buyurtmalari (bundan buyon matnda kredit buyurtmalari deb yuritiladi) haqidagi maʼlumotlarini hamda kredit axborotini yigʻadi, ular boʻyicha kredit axboroti maʼlumotlar bazasini shakllantiradi, shuningdek KADRni yuritadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Kredit tashkilotlari tomonidan taqdim etiladigan kredit axboroti kredit byurosining kredit axboroti maʼlumotlar bazasini shakllantirish manbalaridan biri boʻlib hisoblanadi.
II. Kredit tashkilotlari tomonidan kredit axborotini taqdim etilishi
4. Kredit axborotini taqdim etilishida ularning butligini, ishonchliligini va maxfiyligini taʼminlash maqsadida Kredit byurolarining texnik va dasturiy vositalariga axborot xavfsizligi va muhofazasini taʼminlash boʻyicha qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2318, 2012-yil 23-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 3-4-son, 35-modda) muvofiq xavfsizlik choralari koʻrilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Kredit axborotini tayyorlash, uni KADR va kredit byurolariga taqdim etish kredit tashkiloti rahbarining buyrugʻi bilan tayinlanadigan masʼul xodim tomonidan amalga oshiriladi.
6. Kredit tashkilotining masʼul xodimi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar u tayinlangan kundan soʻng uch ish kunidan kechiktirilmasdan KAMIga va kredit byurolariga yuborilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Kredit tashkilotining masʼul xodimi taqdim etiladigan kredit axborotining maxfiyligini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taʼminlashga majbur.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Kredit tashkilotlari kredit buyurtmalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni va kredit axborotini belgilangan tartibda qayd etilganidan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan KADR va kredit byurolariga taqdim etishlari lozim.
9. Kredit tashkiloti tomonidan KADR va kredit byurolariga yuborilgan har bir kredit buyurtmasiga dasturiy ravishda xos raqam beriladi. Xos raqam, kredit tashkilotining kodi, kredit buyurtmasi kelib tushgan sana va soliq toʻlovchining identifikatsion raqamidan iborat boʻladi. Kredit buyurtmasining xos raqami belgilangan tartibda kredit axboroti maʼlumotlar bazasidan oʻchirilgunga qadar oʻzgartirilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Kredit tashkiloti kredit berilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilgan taqdirda, kredit buyurtmasining xos raqami kredit tashkiloti va kredit buyurtma beruvchi oʻrtasida tuzilgan kredit bitimiga ham avtomatik tarzda xos raqam boʻlib sanaladi.
11. Taqdim etilayotgan kredit axboroti kredit tashkilotlarining kredit yigʻma jildidagi kredit axborotiga mos boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Taqdim etilayotgan kredit axborotining toʻgʻriligini taʼminlash maqsadida kredit tashkilotlari oʻzlarining kredit qoʻyilmalarini balansdagi va KADRdagi summalar bilan bir xil yuritishlari shart.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Kredit byurolari kredit tashkilotlaridan olinayotgan kredit axborotining maxfiyligini taʼminlash uchun undan foydalanish huquqiga ega boʻlgan xodimlari doirasini belgilaydi.
III. Kredit axborotlarini qayta ishlash
14. Kredit byurolari mavjud kredit axboroti asosida kredit tashkilotining har bir qarzdori boʻyicha uning oxirgi 5 yil (yoki yuridik shaxs boʻlgan qarzdor 5 yildan kam faoliyat yuritayotgan boʻlsa — u roʻyxatdan oʻtkazilgan vaqtdan boshlab) mobaynidagi statistik, tahliliy, moliyaviy-iqtisodiy, ijobiy va salbiy xarakterdagi kredit axborotini oʻz ichiga oluvchi kredit tarixlari boʻyicha kredit axboroti maʼlumotlar bazasini ishlab chiqadi.
15. Kredit tashkiloti tomonidan taqdim etilgan kredit axborotining xatoligi aniqlangan taqdirda KADRda va kredit byurosining kredit axboroti maʼlumotlar bazasida kredit tashkilotining xatiga asosan ushbu kredit axborotiga oʻzgartirish kiritiladi. KADR va kredit byurosi xatoligi aniqlangan kredit axborotiga oʻzgartirish kiritilganligi toʻgʻrisidagi elektron bayonnomani tuzadi va uni kamida bir yil saqlaydi.
16. KADRdagi va kredit byurolarining kredit axboroti maʼlumotlar bazasidagi kredit tashkilotlaridan olingan kredit axborotini KAMI va kredit byurolari tomonidan oʻzgartirish taqiqlanadi, mazkur Nizomning 15-bandi bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Yakuniy qoida
17. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgardirlar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 8-9-son, 92-modda; 2014-y., 23-son, 277-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2018-y., 10/18/2332-2/0909-son, 20.06.2019-y., 10/19/2332-3/3312-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)