OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT TEST MARKAZINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT TEST MARKAZINING
Qarori
AYRIM FANLAR CHUQUR OʻRGANILADIGAN DAVLAT UMUMTAʼLIM MUASSASALARINING IXTISOSLASHTIRILGAN SINFLARIGA, DAVLAT IXTISOSLASHTIRILGAN UMUMTAʼLIM MUASSASALARIGA OʻQUVCHILAR QABUL QILISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 1-fevralda 2321-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 7-avgustdagi 173-son “Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 33-son, 312-modda) hamda 2011-yil 9-sentabrdagi 254-son “Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat umumtaʼlim muassasalarining ixtisoslashtirilgan sinflari, davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalari toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 37-son, 379-modda) qarorlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi qaror qiladi:
1. Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat umumtaʼlim muassasalarining ixtisoslashtirilgan sinflariga, davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalariga oʻquvchilar qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2009-yil 27-martdagi 4/4, 01-11 q/q-sonli “Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat umumtaʼlim muassasalarining ixtisoslashtirilgan sinflariga, davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalariga oʻquvchilar qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi (roʻyxat raqami 1950, 2009-yil 29-aprel) qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 18-son, 232-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan oʻn kundan soʻng kuchga kiradi.
Xalq taʼlimi vaziri T. SHIRINOV
Toshkent sh.,
2011-yil 26-dekabr,
38-son
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori B. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2011-yil 26-dekabr,
42 q/q-son
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2011-yil 26-dekabrdagi 38, 42 q/q-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat umumtaʼlim muassasalarining ixtisoslashtirilgan sinflariga, davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalariga oʻquvchilar qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 13-maydagi 203-son “Oʻzbekiston Respublikasida umumiy oʻrta taʼlimni tashkil etish toʻgʻrisida”gi va 2008-yil 7-avgustdagi 173-son “Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 33-son, 312-modda) hamda 2011-yil 9-sentabrdagi 254-son “Ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat umumtaʼlim muassasalarining ixtisoslashtirilgan sinflari, davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalari toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 37-son, 379-modda) qarorlariga muvofiq, davlat umumtaʼlim muassasalarining ixtisoslashtirilgan sinflari (bundan buyon matnda ixtisoslashtirilgan sinf deb yuritiladi), davlat ixtisoslashtirilgan maktablari va maktab-internatlariga (bundan buyon matnda ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasi deb yuritiladi) oʻquvchilar qabul qilish va ularni ushbu ixtisoslashtirilgan sinf hamda ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasidan oʻqishdan chetlatish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasiga tegishli sinfni muvaffaqiyatli yakunlagan, chuqurlashtirib oʻqitish belgilangan oʻquv fanlaridan muayyan qobiliyatini koʻrsata olgan oʻquvchilar tanlov natijalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (bundan buyon matnda Davlat test markazi deb yuritiladi) tomonidan qoʻshma buyruq bilan belgilangan kvota doirasida qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Hujjatlarni qabul qilish
1. Ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasida hujjatlarni qabul qilish, rasmiylashtirish va tegishli fanlardan ogʻzaki va yozma sinovlar oʻtkazish hamda ota-onalarning murojaatlarini koʻrib chiqish Komissiyasi tuziladi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi).
Komissiya tarkibi 5 nafardan kam boʻlmagan toq miqdorda tashkil etilib, tarkibiga ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasi (ixtisoslashtirilgan sinfi mavjud umumtaʼlim maktabi) direktori, xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimi vakili hamda umumtaʼlim muassasasi oʻqituvchilari kiritiladi.
Ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasi (ixtisoslashtirilgan sinfi mavjud umumtaʼlim maktabi) direktori Komissiya raisi hisoblanadi.
Bevosita respublika yoki viloyat xalq taʼlimini boshqarish hududiy organlari tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalarida tashkil etilgan Komissiya tarkibiga tegishli boshqarish organi vakili kiritiladi.
2. Ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasining 2-sinfiga oʻquv yili tamom boʻlgandan keyin 1-sinf oʻquvchilari, ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasining (maktab-internatning) 5-sinfiga oʻquv yili tamom boʻlgandan keyin 4-sinf oʻquvchilari tanlov asosida qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasi (ixtisoslashtirilgan sinfi mavjud umumtaʼlim maktabi)ning rahbariyati tanlovni sifatli va raqobatli oʻtkazish maqsadida hujjatlarni qabul qilish boshlanishidan kamida 2 oy oldin tanlov haqida ommaviy axborot vositalarida (respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosidagi gazetalarda) eʼlon beradi.
4. Ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasining 2-sinfi uchun hujjatlar 1 — 31-iyul kunlari hamda 5-sinfi uchun hujjatlar 1 — 20-iyul kunlari qabul qilinadi.
5-sinfga oʻquvchilar qabuli boʻyicha buyurtmanoma Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan umumlashtirilib, 25-iyul kuniga qadar Davlat test markaziga taqdim etiladi.
5. Tanlovda ishtirok etish uchun oʻquvchilardan quyidagi hujjatlar qabul qilinadi:
Ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasi (ixtisoslashtirilgan sinfi mavjud umumtaʼlim maktabi) direktori nomiga ariza;
tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
086-U shakl boʻyicha tibbiy maʼlumotnoma;
3 x 4 hajmdagi 6 ta fotosurat;
psixologik-pedagogik diagnostika daftari asosida oʻquvchining qiziqishlari, oʻquv fanlarini oʻzlashtirishi haqida tasdiqlangan tavsifnoma;
yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organidan maʼlumotnoma;
taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻquvchining isteʼdod va iqtidorini koʻrsatuvchi ishlaridan namunalar, agar ular mavjud boʻlsa (nashr etilgan yoki qoʻlyozma sifatida yozilgan sheʼrlar, hikoyalar, rasmlar va boshqalar).
6. Ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasining 2-sinfi hamda ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasining (maktab-internatning) 5-sinfi uchun tanlovlar 5 — 20-avgust kunlari oraligʻida oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Ixtisoslashtirilgan sinfi mavjud umumtaʼlim muassasasi va ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasida Komissiya tomonidan tasdiqlangan jadval asosida murojaat qiluvchilarga maslahat berib boriladi.
III. Tanlov ishlarini oʻtkazish
8. Ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasining 2-sinfiga oʻquv yili tamom boʻlgandan keyin 1-sinf oʻquvchilari Komissiya tomonidan tegishli fanlar boʻyicha oʻtkaziladigan ogʻzaki va yozma sinov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hududiy organlarining vakillari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining hududiy organlari tomonidan oʻtkaziladigan psixologik-pedagogik diagnostika natijalari asosida qabul qilinadi.
9. Tegishli fanlar boʻyicha oʻtkaziladigan ogʻzaki va yozma sinovlar hamda psixologik-pedagogik diagnostika materiallari va metodikasi boshlangʻich taʼlim sohasidagi yetakchi mutaxassislarni jalb etgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan shakllantiriladi.
Ogʻzaki va yozma sinovlar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hududiy organlarining vakillari ishtirokida Komissiya tomonidan, psixologik-pedagogik diagnostika Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hududiy organlarining vakillari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining hududiy organlari tomonidan oʻtkaziladi.
10. Ixtisoslashtirilgan sinfi mavjud umumtaʼlim muassasasi va ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasida tanlovlar oʻtkaziladigan kunlarning aniq muddati Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan jadvalda koʻrsatiladi.
11. Ogʻzaki va yozma sinovlar hamda psixologik-pedagogik diagnostika mazkur muassasada taʼlim olib boriladigan tilda hamda umumtaʼlim fanlari boʻyicha umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlari va dasturlari asosida Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan jadval asosida har bir sinfda bir vaqtda oʻtkaziladi. Yozma sinovlar 45 daqiqa va ogʻzaki sinovlar har bir oʻquvchi uchun 5 daqiqa hamda psixologik-pedagogik diagnostika 45 daqiqa davom etadi.
12. Komissiya tomonidan 2-sinfga qabul uchun taʼlim sohalari boʻyicha quyidagi fanlardan ogʻzaki va yozma sinovlar oʻtkaziladi:
filologiya — muassasada taʼlim olib boriladigan tildan diktant (25 ta soʻz), yod bilgan sheʼrini yoki 25 ta soʻzdan iborat matnni ifodali oʻqish;
matematika — matematikadan yozma ish (3 ta misol va 2 ta masala), masala matnini oʻqib, ogʻzaki yechimini aytish;
inson va jamiyat — muassasada taʼlim olib boriladigan tildan diktant (25 ta soʻz), yod bilgan sheʼrini yoki 25 ta soʻzdan iborat matnni ifodali oʻqish.
13. Tegishli fanlar boʻyicha ogʻzaki va yozma sinovlarning hamda psixologik-pedagogik diagnostikaning har biridan 70 foizdan kam boʻlmagan natija koʻrsatgan oʻquvchilar orasidan ballar reytingi boʻyicha belgilangan kvotaga muvofiq qabul qilinadi. Ogʻzaki va yozma sinov natijalari yaxlit, psixologik-pedagogik diagnostikasi esa alohida baholanadi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi ixtisoslashtirilgan sinf, ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasida ogʻzaki va yozma sinovlarni hamda psixologik-pedagogik diagnostikani tashkillashtirish, baholashning reytingli tizimini ishlab chiqish va joriy etishni Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-avgustdagi 372-son “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 31-son, 356-modda) muvofiq amalga oshiradi.
15. Ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasining (maktab-internatning) 5-sinfiga oʻquvchilar Davlat test markazi tomonidan tegishli fanlar boʻyicha oʻtkaziladigan test sinovlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hududiy organlarining vakillari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining hududiy organlari tomonidan oʻtkaziladigan psixologik-pedagogik diagnostika natijalari asosida tanlab olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Test sinovi materiallari va metodikasi Davlat test markazi tomonidan, psixologik-pedagogik diagnostika materiallari va metodikasi — boshlangʻich va umumiy oʻrta taʼlim sohasidagi yetakchi mutaxassislar jalb etilgan holda Sogʻliqni saqlash vazirligi ishtirokida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan shakllantiriladi. Test savollarining murakkablik darajasi taʼlim sohalaridan kelib chiqib belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Test sinovlari umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlari doirasida muassasada taʼlim olib boriladigan tilda oʻtkaziladi.
18. Ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasining (maktab-internatning) 5-sinfi uchun test sinovlari 60 daqiqa davom etadi. Psixologik-pedagogik diagnostika sinovlari ham 60 daqiqa davom etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Test sinovlari boshlanishiga qadar 20 daqiqagacha tushuntirish ishlari oʻtkaziladi, bu vaqt test oʻtkazish uchun ajratilgan vaqt meʼyoriga kirmaydi.
19. 5-sinfga qabul uchun taʼlim sohalari boʻyicha Davlat test markazi tomonidan quyidagi fanlardan test sinovlari oʻtkaziladi:
filologiya — muassasada taʼlim olib boriladigan til va adabiyotdan 20 ta, matematikadan 10 ta, jami 30 ta test savoli;
ijtimoiy bilimlar — muassasada taʼlim olib boriladigan til va adabiyotdan 20 ta, matematikadan 10 ta, jami 30 ta test savoli;
matematika — matematikadan 20 ta, muassasada taʼlim olib boriladigan til va adabiyotdan 10 ta, jami 30 ta test savoli;
tabiiy bilimlar — matematikadan 20 ta, muassasada taʼlim olib boriladigan til va adabiyotdan 10 ta, jami 30 ta test savoli;
maʼnaviyat — muassasada taʼlim olib boriladigan til va adabiyotdan 20 ta, matematikadan 10 ta, jami 30 ta test savoli;
sanʼat — muassasada taʼlim olib boriladigan til va adabiyotdan 20 ta, matematikadan 10 ta, jami 30 ta test savoli;
texnologiya — matematikadan 20 ta, muassasada taʼlim olib boriladigan til va adabiyotdan 10 ta, jami 30 ta test savoli.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Oʻquvchilar Komissiya tomonidan shakllantirilgan roʻyxat asosida test sinovlariga kiritiladi.
21. Test sinovlari va psixologik-pedagogik diagnostika sinovlarining har biridan 70 foizdan kam boʻlmagan natija koʻrsatgan oʻquvchilar orasidan ballar reytingi boʻyicha belgilangan kvotaga muvofiq qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Oʻquvchilarga tanlovlar oʻtkaziladigan binoga oʻzi bilan faqat ruchka va toza daftar olib kirishlariga ruxsat etiladi.
Tanlovlarga kelmagan oʻquvchilar uchun qoʻshimcha tanlovlar oʻtkazilmaydi.
23. Ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga tanlovlarda toʻplagan balining 10 foizi miqdorida imtiyoz sifatida qoʻshib beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Oʻquvchilarning tanlovlardagi koʻrsatkichlari teng boʻlib qolgan hollarda quyidagilar imtiyozga ega boʻladi:
ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar;
kam taʼminlangan oilalarning farzandlari.
25. Tanlovlarning yakuniy natijalari 5 kun ichida Komissiya tomonidan ixtisoslashtirilgan sinfi mavjud umumtaʼlim muassasasi va ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasidagi eʼlonlar taxtasiga osib qoʻyiladi.
26. Tanlovlardan oʻtmagan oʻquvchilarning hujjatlari (5-bandning sakkizinchi xatboshisi bundan mustasno) ota-onalariga qaytarib berilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Tanlovlarni oʻtkazish jarayonidan norozi boʻlgan oʻquvchilar va ularning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar Komissiyaga, xalq taʼlimini boshqarish hududiy organlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga, Davlat test markaziga va uning joylardagi doimiy vakillariga murojaat etishlari mumkin. Oʻquvchilar va ularning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar berilgan javoblardan norozi boʻlsa, belgilangan tartibda sudga murojaat etishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Tanlovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilar tanlov oʻtkazilgan yilning 25-avgustiga qadar ixtisoslashtirilgan sinfi mavjud umumtaʼlim muassasasi yoki ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasi direktori buyrugʻi asosida oʻquvchilar safiga kiritiladi.
IV. Oʻquvchilarni oʻqishdan chetlatish va boʻsh oʻrinlarga qabul qilish
29. Ixtisoslashtirilgan sinfi mavjud umumtaʼlim muassasasi yoki ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasining ustavida belgilangan ichki tartib-qoidalarni buzgan oʻquvchilar tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalar bilan kelishilgan holda pedagogik kengash qarori asosida avval oʻqigan sinfi yoki maktabiga qaytarib yuboriladi (oʻquvchining yashash joyi oʻzgargan taqdirda hududdagi boshqa maktabga).
Keyingi tahrirga qarang.
30. Ixtisoslashtirilgan sinf yoki ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasalarida boʻshab qolgan oʻrinlarga tanlovda ishtirok etib, taʼlim sohalari boʻyicha tegishli fanlardan 70 foizdan ortiq natija koʻrsatgan, lekin oʻtish bali yuqori boʻlganligi sababli qabul qilinmay qolgan oʻquvchilar ballar reytingi boʻyicha ketma-ketlikda qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar oʻquvchining ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslardan rad javobi olinsa, ballar reytingi boʻyicha navbatdagi yuqori ball toʻplagan oʻquvchi chaqirib olinadi.
Mazkur bandda belgilangan talablar faqatgina ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasining 2-sinfi hamda ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim muassasasining (maktab-internatning) 5-sinfi oʻquv yilining birinchi yarim yilligi boʻyicha qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Oʻquv yili tugaganda boʻsh oʻrinlar uchun qoʻshimcha tanlov eʼlon qilinadi va oʻtkaziladi. Bunda tanlov oʻquvchining bitirgan sinf hajmidagi oʻquv fanlaridan kelib chiqqan holda tashkil etiladi.
V. Yakuniy qoidalar
32. Ushbu Nizom talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
33. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2011-yil 22-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 5-son, 55-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.12.2020-y., 10/20/2321-1/1627-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 09.09.2022-y., 10/22/2321-2/0827-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)