Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining
Qarori
XOʻJALIK SUDLARI TOMONIDAN MOLIYA-XOʻJALIK FAOLIYATINI AMALGA OShIRMAYOTGAN VA QONUNChILIKDA BELGILANGAN MUDDATLARDA OʻZLARINING USTAV FONDLARINI ShAKLLANTIRMAGAN KORXONALARNI TUGATISh TOʻGʻRISIDAGI QONUN HUJJATLARINI QOʻLLAShNING AYRIM MASALALARI HAQIDA
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 05-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xoʻjalik sudlari tomonidan moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav fondlarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda qonun hujjatlarining toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Xoʻjalik sudlarining eʼtibori moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav fondlarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish bilan bogʻliq qonun hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi), Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda XPK deb yuritiladi), “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 28-iyundagi “Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-2331-sonli Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 3-iyuldagi “Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibi toʻgʻrisida”ga 327-sonli qarori va boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan iboratligiga qaratilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Sudlar inobatga olishlari lozimki, yuridik shaxslarni tugatish asoslari FKning 53-moddasida va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boʻlib, mazkur Plenum qarorida esa faqatgina moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav fondlarini shakllantirmagan korxonalarni tugatishga oid huquqiy normalarni qoʻllash boʻyicha tushuntirishlar berilgan.
3. FK 53-moddasining ikkinchi qismi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 3-iyuldagi 327-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning (bundan buyon matnda Nizom deb yuritiladi) 1.3-bandiga muvofiq, korxonalarni tugatish uchun korxona muassislari (ishtirokchilari)ning qarori (ixtiyoriy tugatish) yoki xoʻjalik sudining hal qiluv qarori asos hisoblanadi.
FK 53-moddasining ikkinchi qismi mazmuniga koʻra, Nizomda qayd etilgan qoidalar yakka tartibdagi tadbirkorlarga, shuningdek qonunda belgilangan muddat davomida moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan dehqon va fermer xoʻjaliklariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Xoʻjalik sudlariga tushuntirilsinki, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlanmaganligi, hisobotlar topshirilmaganligi, debitorlik-kreditorlik qarzlari, pul mablagʻlari, mol-mulki bor-yoʻqligi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarning mavjud yoki mavjud emasligidan qatʼi nazar, olti oy mobaynida (savdo va savdo-vositachilik korxonasi esa — uch oy mobaynida) bank hisob-varaqlari boʻyicha pul operatsiyalarini oʻtkazish bilan bogʻliq moliya-xoʻjalik faoliyatning amalga oshirilmaganligi yoki qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzining ustav fondini shakllantirmaganligi korxonani tugatish uchun zaruriy shart hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4.1. Moliya-xoʻjalik faoliyati deganda, korxonaning mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish hamda buxgalteriya-moliya, hisob-kitob va tovarga ilova hujjatlarini yuritish bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatish faoliyati tushuniladi.
4.2. Qonunchilikda belgilangan muddat deganda, korxona davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran ustav fondini taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirish uchun FK 53-moddasi ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan bir yillik muddat tushuniladi, qonun hujjatlarida boshqacha muddat nazarda tutilgan hollar bundan mustasno:
5. Nizom 3.1-bandining ikkinchi xatboshisiga muvofiq, moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻz ustav fondini shakllantirmagan korxonani tugatish toʻgʻrisidagi ariza bilan xoʻjalik sudiga roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ murojaat qilishga haqli.
Bunday arizalar:
adliya organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan korxonalar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi va viloyat adliya boshqarmalari tomonidan;
tuman (shahar) hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyalarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan korxonalar boʻyicha — ushbu hokimliklar tomonidan beriladi.
Shu munosabat bilan inobatga olish lozimki, adliya organida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan korxonani tugatish toʻgʻrisidagi ariza bilan tuman (shahar) hokimligi va aksincha, tuman (shahar) hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyasida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan korxonani tugatish toʻgʻrisidagi ariza bilan adliya organi murojaat qilgan holda, arizadagi talabni qanoatlantirish rad etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Xoʻjalik sudlariga tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 5-mayda 2580-son bilan roʻyxatga olingan Shahar va tuman hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomning 1-bandiga muvofiq shahar (tuman) hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyasi shahar (tuman) hokimligi tuzilmasiga kiradi va yuridik shaxs hisoblanmaydi.
(6-bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 13-martdagi 277-sonli qarori tahririda)
Shuningdek, tuman (shahar) hokimligi huzuridagi moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav fondlarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish boʻyicha maxsus komissiya (bundan buyon matnda maxsus komissiya deb yuritiladi) hokimlikning doimiy ish olib boruvchi, jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatuvchi organi hisoblanadi va yuridik shaxs maqomiga ega emas.
Shu munosabat bilan, sudga korxonani tugatish toʻgʻrisidagi ariza bilan tuman (shahar) hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyasi yoki maxsus komissiya murojaat qilsa, bunday arizani qabul qilish XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandi qoʻllanilgan holda rad etiladi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandi qoʻllanilgan holda tugatiladi.
Agar ariza bilan tuman (shahar) hokimligi emas, balki uning nomidan tuman (shahar) hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyasi yoki maxsus komissiya ishonchnoma asosida murojaat qilsa, ariza ish yuritishga qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Xoʻjalik sudlari eʼtibor berishlari lozimki, XPK 114-moddasining birinchi, ikkinchi qismlarida (birinchi qismining 1-bandi bundan mustasno) nazardan tutilgan hujjatlardan tashqari, korxonani tugatish toʻgʻrisidagi arizaga, agar u:
Keyingi tahrirga qarang.
a) moliya-xoʻjalik faoliyati amalga oshirilmaganligi munosabati bilan berilgan boʻlsa:
belgilangan tartibda tasdiqlangan taʼsis hujjatlari nusxalari;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma nusxasi;
olti oy mobaynida (savdo va savdo-vositachilik korxonasi esa — uch oy mobaynida) moliya-xoʻjalik faoliyati amalga oshirilmaganligi toʻgʻrisida bankning davlat soliq xizmati organiga taqdim etgan axboroti nusxasi;
moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonaning mol-mulki boʻlmasa va (yoki) muassislari (ishtirokchilari) bedarak boʻlsa — davlat soliq xizmati organining roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga bunday korxonani tugatish toʻgʻrisidagi taqdimnomasi, moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan boshqa korxonalar boʻyicha esa — ularning faoliyatini bundan keyin davom ettirishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida davlat soliq xizmati organining maxsus komissiyaga yuborgan soʻrovnomasi;
maxsus komissiyaning korxona faoliyatini bundan keyin davom ettirishning maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosasi (qarori);
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan muassislarga (ishtirokchilarga) korxonani ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisida yozma taklif yuborilganligini tasdiqlovchi dalil;
muassislarning (ishtirokchilarning) korxonani ixtiyoriy tugatishni amalga oshirishni rad etganligi (mavjud boʻlganda) yoxud muassislarni (ishtirokchilarni) aniqlash mumkin boʻlmaganligini tasdiqlovchi dalillar;
b) ustav fondi shakllantirilmaganligi munosabati bilan berilgan boʻlsa:
belgilangan tartibda tasdiqlangan taʼsis hujjatlari nusxalari;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisida guvohnoma nusxasi;
qonun hujjatlarida belgilangan muddatda oʻz ustav fondini shakllantirmagan korxona faoliyatini bundan keyin davom ettirishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning soʻrovnomasi;
maxsus komissiyaning korxona faoliyatini bundan keyin davom ettirishning maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi xulosasi (qarori);
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan muassislarga (ishtirokchilarga) korxonani ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisida yozma taklif yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar;
muassislarning (ishtirokchilarning) korxonani ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisida taklifni rad etganligi (mavjud boʻlganda) yoxud koʻrsatilgan shaxslarni aniqlash mumkin boʻlmaganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinishi lozim.
Korxona muassislari (ishtirokchilari) bedarak boʻlgan taqdirda qayd etilgan hujjatlardan tashqari arizaga roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan korxonani tugatish jarayoni boshlanganligi toʻgʻrisida matbuotda eʼlon berilganligini tasdiqlovchi dalillar, bundan tashqari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi, uy-joy mulkdorlari shirkati, turar joy yoki noturar joy mulkdori vakillari tomonidan berilgan shaxsning roʻyxatga olingan manzilda hozir boʻlmasligi haqida maʼlumotnoma yoki dalolatnoma yoxud manzil maʼlumot byurosi tomonidan shaxsning roʻyxatdan chiqib, boshqa hududga ketganligi haqida berilgan maʼlumotnoma yoxud shaxsning vafot etganligi yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida ekanligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi lozim.
Mazkur band birinchi qismi a) kichik bandining yettinchi, sakkizinchi hamda b) kichik bandining oltinchi, yettinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hujjatlar, yaʼni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning muassislarga (ishtirokchilarga) korxonani ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisida yozma taklif yuborganligini tasdiqlovchi dalillar va muassislarning (ishtirokchilarning) korxonani ixtiyoriy tugatishni amalga oshirishni rad etganligi (mavjud boʻlganda) yoxud muassislarni (ishtirokchilarni) aniqlash mumkin boʻlmaganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinmasa, ariza XPK 118-moddasi birinchi qismining 6-bandiga muvofiq qaytariladi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, undagi talab XPK 88-moddasining 5-bandiga muvofiq koʻrmasdan qoldiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur bandning birinchi qismi a) kichik bandining ikkinchi — oltinchi hamda b) kichik bandining ikkinchi—beshinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hujjatlar ilova qilinmasa, ariza XPK 118-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq qaytariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Nizomning 3.1-bandiga muvofiq, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻz ustav fondini shakllantirmagan korxona faoliyatini bundan keyin davom ettirishning maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida soliq organining taqdimnomasini yoki maxsus komissiyaning xulosasini olgan kundan boshlab bir hafta muddatda muassislarga (ishtirokchilarga) asoslarini koʻrsatgan holda yozma ravishda korxonani ixtiyoriy tugatishni taklif etadi.
Agar korxona ikki hafta muddatda (aksiyadorlik jamiyati — bir oy muddatda) ixtiyoriy tugatishga kirishmagan yoxud korxona muassislari (ishtirokchilar) ixtiyoriy tugatishni amalga oshirishni rad etgan, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan shaxslarni aniqlash mumkin boʻlmagan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bir hafta muddatda xoʻjalik sudiga korxonani tugatish toʻgʻrisidagi arizani belgilangan tartibda yuboradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Nizomning 5.2-bandiga koʻra, agar muassislari (ishtirokchilari) bedarak boʻlgan korxonani tugatish jarayonining boshlanishi toʻgʻrisida matbuotda eʼlon berilgan kundan boshlab uch oydan soʻng muassislar (ishtirokchilar) kelmasa yoki topilmasa, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bir hafta muddatda korxonani tugatish toʻgʻrisida xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav fondlarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish toʻgʻrisidagi ishlar xoʻjalik sudlari tomonidan XPKda nazarda tutilgan qoidalar asosida, korxonalarni tugatish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan xususiyatlar hisobga olingan holda koʻriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 330-moddasining 4-bandiga muvofiq, qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) oʻz ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirmagan korxonalarni tugatishga doir ishlar boʻyicha arizachi va javobgar xoʻjalik sudlarida davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan.
Xoʻjalik sudlari shuni inobatga olishlari lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 28-iyundagi “Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-2331-sonli Farmonining 5-bandiga muvofiq mazkur toifadagi ishlar boʻyicha arizachi va javobgar sud chiqimlari, shu jumladan pochta xarajatlarini toʻlashdan ham ozod qilingan.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Xoʻjalik sudlariga tushuntirilsinki, ishni koʻrish jarayonida korxona faoliyati tiklanganligi holatining aniqlanishi arizadagi talabni qanoatlantirishni rad qilish uchun asos boʻlmaydi. Bunday holda, agar arizachi korxona faoliyatini davom ettirishiga eʼtirozi yoʻqligini bildirib, XPKning 40-moddasiga muvofiq arizadagi talabdan voz kechish haqida xoʻjalik sudiga ariza taqdim qilsa, voz kechish qabul qilinadi va ish yuritish XPK 86-moddasining 6-bandiga muvofiq tugatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Korxona olti oy mobaynida (savdo va savdo-vositachilik korxonasi esa — uch oy mobaynida) moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmaganligi sababli uni tugatish haqidagi ariza ushbu muddat oʻtgunga qadar berilgan boʻlsa, undagi talabni qanoatlantirish rad etiladi. Agar koʻrsatilgan muddat oʻtgach ariza yangidan berilsa, bunday holda arizaning asosi oʻzgargan hisoblanib, u mazmunan koʻrilishi lozim va ish yuritish XPK 86-moddasining 2-bandiga asosan tugatilishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Eʼtiborga olish lozimki, ish boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar muassislar (ishtirokchilar) tomonidan korxonani ixtiyoriy tugatish haqida qaror qabul qilinib, korxona yagona davlat reyestridan chiqarilmagan boʻlsa, arizadagi talab rad qilinishi, agar yagona davlat reyestridan chiqarilgan boʻlsa, ish yuritish XPK 86-moddasining 4-bandiga asosan tugatilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Nizomning 3.2-bandiga muvofiq korxonani tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan xoʻjalik sudi bu haqda korxonani davlat roʻyxatidan oʻtkazgan organga, maxsus komissiyaga, shuningdek qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga soluvchi davlat vakolatli organiga (agar korxona aksiyadorlik jamiyati boʻlsa) yozma ravishda xabar berishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Xoʻjalik sudlari shuni nazarda tutishlari kerakki, ushbu organlarga hal qiluv qarori nusxalarining topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat orqali yuborilganligi yoki tilxat olib topshirilganligi, ularning elektron manzillari mavjud boʻlgan taqdirda esa, axborot tizimi orqali elektron shaklda yuborilganligi ularning yozma ravishda xabardor qilinganligini bildiradi.
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 28-noyabrdagi 271-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
15. Nizom 3.1-bandining uchinchi xatboshisiga muvofiq xoʻjalik sudi tomonidan korxonani tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda tugatish jarayoni uning topshirigʻiga koʻra maxsus komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Korxonani tugatish jarayoni xoʻjalik sudi qarori asosida:
adliya organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan korxonalar boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi maxsus komissiya tomonidan;
tuman (shahar) hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyalarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan korxonalar boʻyicha — hokimlik huzuridagi komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Sudlarga tushuntirilsinki, xoʻjalik sudining korxonani tugatish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori, qarorining ijrosi yuzasidan ijro varaqasi berilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. FK 55-moddasining oʻn birinchi qismiga, Nizom 3.12-bandining ikkinchi xatboshisiga muvofiq, korxonaning tugatilishi haqidagi yozuv yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritib qoʻyilganidan soʻng korxonani tugatish tamomlangan, faoliyati esa tugagan hisoblanadi.
17. Agar xoʻjalik sudining hal qiluv qarori, qarori bilan tugatilgan korxona yagona davlat reyestridan chiqarilgan boʻlsa, sudning hal qiluv qarori, qarori ustidan berilgan shikoyat (protest)ni XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq qabul qilish rad etiladi, agar shikoyat (protest) ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, u boʻyicha ish yuritish XPK 86-moddasining 4-bandiga muvofiq tugatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Agar korxona tugatilgan va yagona davlat reyestridan chiqarilgan boʻlsa, oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan deb hisoblagan shaxslar (shu jumladan kreditorlar), roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning korxonani yagona davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisidagi qarori ustidan yuqori turuvchi organga shikoyat berishi yoki mazkur qarorni haqiqiy emas deb topish haqida tegishli sudga daʼvo arizasi berishi mumkin.
19. Xoʻjalik sudlarining eʼtibori moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻzlarining ustav fondlarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda tijorat banklari, davlat soliq xizmati organlari, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar, maxsus komissiyalar tomonidan tugatiladigan korxonalarni aniqlash va hisobga olish tartibi hamda muddatlariga rioya etilganligini tekshirish, qonun hujjatlarining talablari buzilgan har bir holat boʻyicha aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish masalasini qoʻyish, huquqbuzarliklarni keltirib chiqargan sabablar va sharoitlarni puxta oʻrganish, xususiy ajrimlar chiqarish yoʻli bilan ularni bartaraf etish choralarini koʻrish lozimligiga qaratilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oliy xoʻjalik sudi Raisi D. MIRZAKARIMOV
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining kotibi, sudya S. NUMANOVA
Toshkent sh.,
2010-yil 19-noyabr,
221-son