Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining
Qarori
Mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida
Keyingi tahrirga qarang.
Xoʻjalik sudlari tomonidan mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda qonun hujjatlarini toʻgʻri va bir xilda qoʻllash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Xoʻjalik sudlari mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi), Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda XPK deb yuritiladi), “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, shuningdek boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga qatʼiy amal qilishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Konstitutsiyaning 54-moddasi va FKning 164-moddasiga koʻra, mulk huquqi shaxsning oʻziga qarashli mol-mulkka oʻz xohishi bilan va oʻz manfaatlarini koʻzlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek oʻzining mulk huquqini, kim tomonidan boʻlmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir.
Keyingi tahrirga qarang.
3. FKning 182-moddasiga muvofiq, mulk huquqining vujudga kelish asoslari quyidagilardan iborat: mehnat faoliyati; mol-mulkdan foydalanish sohasidagi tadbirkorlik va boshqa xoʻjalik faoliyati, shu jumladan mol-mulkni yaratish, koʻpaytirish, bitimlar asosida qoʻlga kiritish; davlat mol-mulkini xususiylashtirish; meros qilib olish; egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat; qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa asoslar.
4. FK 11-moddasi birinchi qismining ikkinchi xatboshisida fuqarolik huquqlari huquqni tan olish yoʻli bilan himoya qilinishi belgilangan. XPK 24-moddasi birinchi qismining 3-bandiga koʻra, xoʻjalik sudi mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi nizolarni hal etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Agar mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish jarayonida mulk huquqini tan olish jismoniy shaxsning huquqi va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatiga taʼsir etishi mumkinligi aniqlansa, XPK 117-moddasining 1-bandi qoʻllanilib, daʼvo arizasini qabul qilish rad etiladi, bu holat daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingandan soʻng aniqlansa, ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga muvofiq tugatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Xoʻjalik sudlarining eʼtibori mulk huquqini tan olish va yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi ishlar bir-biridan protsessual jihatdan farq qilishiga qaratilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi ishlarda nizo mavjud boʻlib, ular daʼvo tartibida koʻriladi va ularda taraflar (daʼvogar va javobgar), shuningdek lozim boʻlganda uchinchi shaxslar ham ishtirok etadi.
Yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi ishlar iqtisodiyot sohasida tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari vujudga kelishi, oʻzgarishi yoki bekor boʻlishi uchun ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash haqidagi arizalar asosida qoʻzgʻatiladi. Ushbu ishlar boʻyicha nizo mavjud boʻlmaganligi sababli ular arizachi va lozim boʻlganda manfaatdor shaxslar ishtirokida koʻrib chiqiladi. Bunday ishlarda javobgar boʻlmaydi.
7. Agar daʼvo arizasida mulk huquqini tan olish soʻralgan boʻlsa-da, ammo uning mazmunidan yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktni aniqlash talabi anglashilsa, sud daʼvo talabini qanoatlantirishni rad qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda sud mulkka nisbatan manfaatdor boʻlgan boshqa javobgar yoki uchinchi shaxsni ishga jalb etish masalasini hal qilishi lozim. Ishga jalb qilinmagan shaxslar zimmasiga majburiyat yuklanishi mumkin emas.
9. Xoʻjalik sudlariga tushuntirilsinki, FKning 232-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 33-moddasining toʻrtinchi qismi mazmunidan kelib chiqib, sudga mulkdor boʻlmagan, ammo mol-mulkdan xoʻjalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqi asosida foydalanayotgan shaxs ushbu mol-mulkka mulk huquqini tan olish haqida emas, balki unga xoʻjalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqini tan olish toʻgʻrisida murojaat qilsa, sud daʼvo arizasini qaytarishga yoki uni qabul qilishni rad etishga haqli emas. Agar daʼvo arizasining mazmuni va shakli XPK 112-moddasining talablariga muvofiq boʻlsa, sud uni ish yuritishga qabul qilib, nizoni mazmunan koʻrib chiqishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Mulk huquqini vujudga keltiruvchi shartnoma yoki boshqa hujjatni notarial tasdiqlash yoxud uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish talab qilingan holda, notariusga yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun tegishli davlat organiga murojaat qilinmasdan, sudga mulk huquqini tan olish haqida daʼvo kiritilsa, daʼvo talabini qanoatlantirish rad qilinadi. Bunday holda daʼvogarga notarius yoxud mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi tegishli davlat organiga murojaat qilish huquqi tushuntirilishi lozim.
Mulk huquqini tan olish haqidagi daʼvo talabini qanoatlantirishning rad etilishi daʼvogarning boshqa asoslar boʻyicha qaytadan sudga murojaat qilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
10.1. Agar sudga notarius yoxud tegishli davlat organi tomonidan oldi-sotdi shartnomasi (yoki boshqa hujjat)ni tasdiqlash yoki roʻyxatdan oʻtkazish rad etilganligi asos qilinib, mulk huquqini tan olish haqida daʼvo kiritilsa, uni qanoatlantirish rad qilinadi. Bunday holda daʼvogarga notariusning notarial harakatni amalga oshirishni rad qilish toʻgʻrisidagi qarori yoki shartnoma (yoki boshqa hujjat)ni tegishli davlat organining roʻyxatdan oʻtkazishni rad etishi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi tushuntiriladi.
11. FK 187-moddasining birinchi qismiga koʻra, mulkdor boʻlmagan, lekin koʻchmas mol-mulkka oʻn besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida oʻziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini oladi (egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat).
Bu muddatning oʻtishi sababli mulkka egalik qilib turgan shaxs mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilsa, avvalgi mulkdor ish boʻyicha javobgar sifatida jalb etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar ishni koʻrish jarayonida qurilmaning oʻzboshimchalik bilan qurilganligi aniqlansa, sud FKning 187-moddasiga asosan bunday qurilmaga mulk huquqini belgilamaydi, FK 212-moddasining toʻrtinchi va beshinchi qismlaridagi holatlar bundan mustasno.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 17-iyundagi 299-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Keyingi tahrirga qarang.
11.1. Avvalgi mulkdor mavjud boʻlmasa yoki u mulkka amalda egalik qilgan shaxsga nomaʼlum boʻlsa, bu shaxs mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi bilan emas, balki egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat davomida mulkdan oʻziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilganligi faktini aniqlash toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqlidir. Bu holatda mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi tegishli organ ishga manfaatdor shaxs sifatida jalb qilinadi.
11.2. Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda sudlar quyidagilarni eʼtiborga olishlari lozim:
–– mol-mulkka egalik qilish halol hisoblanadi, agar mol-mulkka egalik qilishning asoslari gʻayriqonuniy boʻlmasa;
–– mol-mulkka egalik qilish oshkora hisoblanadi, agar shaxs mol-mulk uning egaligida ekanligini yashirmasa. Shaxs tomonidan mol-mulkni saqlash uchun qaratilgan choralarning koʻrilishi ushbu mol-mulkni yashirish hisoblanmaydi;
–– egalik qilish uzluksiz hisoblanadi, agar egalik qilish FKning 187-moddasida nazarda tutilgan muddat davomida uzluksiz boʻlsa. Mol-mulkning boshqa shaxsga vaqtincha egalik qilish uchun berilishi mazkur muddatning uzilishiga olib kelmaydi;
–– mol-mulkka oʻziniki kabi egalik qilish shartnomasiz egalik qilishni anglatadi. Shu munosabat bilan mol-mulkka egalik qilish shartnomaviy majburiyatlar (ijara, saqlash, haqsiz foydalanish va boshqalar) asosida amalga oshirilgan hollarda FKning 187-moddasi qoʻllanilmaydi.
11.3. Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddatning oʻtishi tufayli mulk huquqi vujudga kelganida avvalgi mulkdor mulk huquqini yoʻqotadi.
12. Xoʻjalik sudlariga tushuntirilsinki, oʻzboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarga mulk huquqini tan olish haqidagi talab nizoli boʻlganligi sababli, u yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrish uchun belgilangan tartibda emas, balki daʼvo tartibida, FKning 212-moddasi qoidalariga qatʼiy rioya etilgan holda koʻrib chiqilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(12.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2013-yil 5-dekabrdagi 255-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
12.2. FK 212-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, shaxs oʻziga qarashli boʻlmagan yer uchastkasida oʻzboshimchalik bilan imorat qurgan boʻlsa, uning bu imoratga nisbatan mulk huquqi sud tomonidan, basharti mazkur uchastka shu shaxsga qurilgan imorat uchun belgilangan tartibda beriladigan boʻlsa, eʼtirof etilishi mumkin.
Ushbu holatda sudlar unga yer uchastkasini ajratgan vakolatli organning hujjatini talab qilib olishi lozim.
Agar daʼvogar oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat joylashgan yer uchastkasi belgilangan tartibda unga berilganligini tasdiqlovchi tegishli davlat organi qarorini yoki unga tenglashtirilgan boshqa hujjatni taqdim qila olmasa yoki tegishli davlat organi tomonidan oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat joylashgan yer uchastkasini daʼvogarga ajratish rad qilingan taqdirda, sud daʼvo talabini qanoatlantirishni rad qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12.3. FK 212-moddasining beshinchi qismiga muvofiq imorat qurilgan yer uchastkasining mulkdori boʻlgan, unga umrbod meros sifatida egalik qilayotgan, doimiy egalik qilayotgan va foydalanayotgan shaxsning ham oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi sud tomonidan eʼtirof etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
12.4. FK 212-moddasi oltinchi qismining mazmuniga koʻra, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmaydigan yoki fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirmaydigan boʻlsa, ushbu imoratga nisbatan mulk huquqi yuqorida keltirilgan moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlariga asosan sud tomonidan tan olinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Shu bois, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini tan olish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilinganda, daʼvogar qurilgan imoratlar arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalariga javob berishi, imoratning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarining buzilishiga sabab boʻlmasligi yoxud fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasligini isbotlab berishi lozim.
Qayd qilingan holatlarni sud oʻz tashabbusi bilan ishga boshqa davlat organlarini jalb qilmasdan, ulardan tegishli dalillarni talab qilmasdan, balki daʼvogar tomonidan taqdim qilingan dalillarni XPKda belgilangan tartibda tekshirish yoʻli bilan aniqlaydi. Zarur hollarda, daʼvogar tomonidan taqdim qilingan dalillarning haqqoniyligini tekshirish maqsadida, sud tegishli davlat organlarining vakilini mutaxassis sifatida jalb qilishga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar daʼvogar qayd etilgan holatlarni isbotlab bera olmasa, bunday holda daʼvo asossiz hisoblanadi va uni qanoatlantirish rad qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalariga javob berishi, imoratning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarining buzilishiga sabab boʻlmasligi daʼvogar tomonidan isbotlab berilsa yoki bu holat sud tomonidan aniqlansa, nizoli imorat fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasligi masalasiga sudlar huquqiy baho berishi lozim.
Sudlarning eʼtibori FKning 212-moddasida shaxs oʻziga qarashli boʻlgan yer uchastkasida oʻzboshimchalik bilan qurgan imoratga nisbatan mulk huquqi sud tomonidan eʼtirof etilishi mumkinligi nazarda tutilmaganligiga qaratilsin.
(12.4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 17-iyundagi 299-sonli qaroriga asosan beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan)
13. Xoʻjalik sudlari eʼtiborga olishlari kerakki, daʼvogarda mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni boshqacha tarzda olishning imkoniyati boʻlmasa va uni tan olish uchun dalillar yetarli boʻlsagina, mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi daʼvo talabi qanoatlantirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlsa yoki mulk huquqini tasdiqlashning boshqa imkoniyati boʻlsa, bunday holda daʼvo talabini qanoatlantirish rad qilinadi.
14. Sudlar nazarda tutishlari lozimki, belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasida qurilgan yangi bino va inshootlarga mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Bino va inshootlarga boʻlgan mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan taqdirda, mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi daʼvo talabini qanoatlantirish rad qilinishi lozim.
15. Xoʻjalik sudlariga tushuntirilsinki, mustaqil ravishda tayyorlangan hamda yopiq joylarda foydalaniladigan texnologik transport vositalari, konlarda, shaxtalarda va karyerlarda ishlatiladigan maxsus transport vositalariga nisbatan mulk huquqini tan olish haqidagi ishlar koʻrilishida, mazkur transport vositalarining chizmasi va konstruksiyasining harakatlanish xavfsizligi talablariga javob berishi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining xulosasi, ruxsati hamda agregatlarning qonuniy xarid qilinganligini tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlmaganda, bunday daʼvo talabini qanoatlantirish rad qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi daʼvo talabi qanoatlantirilganda, hal qiluv qarorining xulosa qismida mulkning nomi, muhim belgilari va turgan joyi aniq koʻrsatilishi lozim.
17. Sudning mulk huquqini tan olish haqidagi hal qiluv qarori mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻladi.
Oliy xoʻjalik sudi raisi D. MIRZAKARIMOV
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining kotibi, sudya S. NUMANOVA
Toshkent sh.,
2010-yil 19-noyabr,
220-son