Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi PLENUMIning
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT CHEGARASINI KESIB OʻTISH TARTIBINI BUZISHGA OID ISHLAR BOʻYICHA SUD AMALIYOTI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib oʻtish tartibini buzishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyotida masalalar kelib chiqqanligi munosabati bilan hamda mazkur toifadagi ishlarni koʻrib chiqishda sudlar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasiga erkin kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega boʻlib, qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib oʻtish tartibi quyidagilar bilan tartibga solinadi:
1999-yil 20-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida”gi Qonun (bundan buyon — Qonun);
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 6-yanvardagi 8-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi va Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishi Tartibi” (bundan buyon — fuqarolar kirish-chiqish Tartibi);
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 21-noyabrdagi 408-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasiga kelishlari va Oʻzbekiston Respublikasidan ketishlari Tartibi” (bundan buyon — chet el fuqarolari kirish-chiqish Tartibi);
boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Sudlarga tushuntirilsinki, JK ning 223-moddasida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlik shaxs chet elga chiqish yoki Oʻzbekiston Respublikasiga kirish yoxud Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib oʻtish yuzasidan belgilangan tartibni faqat qasddan buzgan hollardagina kelib chiqadi.
Shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib oʻtish tartibining ehtiyotsizlik oqibatida (masalan, oriyentirni yoʻqotish oqibatida) yoki noilojlikdan (masalan, tabiiy ofat yoki texnogen xususiyatga ega hodisa, zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan tahdid etish oqibatida) buzilishi mazkur jinoyat tarkibini tashkil etmaydi.
Siyosiy boshpana huquqidan foydalanish uchun kirish hujjatlarini tegishli darajada rasmiylashtirmasdan Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar JK ning 223-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilmaydilar.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Jinoyat kodeksi 223-moddasining birinchi qismi dispozitsiyasiga koʻra, mazkur jinoyat qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasiga kirish yoki qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtishda ifodalangan bir yoki bir necha harakatlar koʻrinishida sodir etilishi mumkin.
Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasiga kirish deganda, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining belgilangan oʻtkazish punktlari orqali (Qonunning 12-moddasi), biroq belgilangan hujjatlarsiz yoki Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli davlat organlari tomonidan beriladigan tegishli ruxsatnomasiz kesib oʻtilishi tushunilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtish deganda, jumladan, haqiqiy hujjatlar va kirish-chiqishga ruxsatnoma bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, uning belgilangan oʻtkazish punktlaridan tashqari joydan kesib oʻtilishi tushunilishi lozim.
4. Oʻzbekiston Respublikasiga kirish uchun quyidagi hujjatlar asos boʻladi:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun — amaldagi pasport (diplomatik pasport), pasportning amal qilish muddati chet elda oʻtgan, u yaroqsiz boʻlib qolgan yoki yoʻqotilgan, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa (familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilish sanasi oʻzgargan) hollarda — Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish sertifikati va fuqarolar kirish-chiqish Tartibi V boʻlimida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar;
chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun — amaldagi milliy pasport (diplomatik pasport), shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat, Oʻzbekiston Respublikasiga kirish uchun (kirish, tranzit) viza va chet el fuqarolari kirish-chiqish Tartibi II boʻlimida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish uchun quyidagi hujjatlar asos boʻladi:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun — amaldagi pasport (diplomatik pasport), unda chet elga chiqish uchun ruxsatnoma yozuvi stikeri (bundan buyon — stiker) mavjudligi, chet el davlatiga kirish vizasi (kirish uchun kirish vizasi rasmiylashtirilishi talab etilmaydigan MDH mamlakatlari bundan mustasno), amaldagi yoʻl hujjati (chipta), bojxona organi mansabdor shaxsi belgisi qoʻyilgan bojxona deklaratsiyasi va fuqarolar kirish-chiqish Tartibi I, II boʻlimlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar;
chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun — amaldagi milliy pasport (diplomatik pasport), shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat, Oʻzbekiston Respublikasiga kirish-chiqish uchun viza, amaldagi yoʻl hujjati (chipta), bojxona organi mansabdor shaxsi belgisi qoʻyilgan bojxona deklaratsiyasi va chet el fuqarolari kirish-chiqish Tartibi I, III boʻlimlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Belgilangan tartibga koʻra, kirish-chiqish uchun vizasiz rejim oʻrnatilgan MDH mamlakatlariga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari chiqishi uchun stiker rasmiylashtirilishi talab etilmaydi (fuqarolar kirish-chiqish Tartibi I boʻlimi 2-bandi). Biroq, normativ-huquqiy hujjatlarda ayrim mamlakatlar bilan vizasiz rejim mavjudligidan qatʼi nazar, muayyan toifadagi fuqarolarning (masalan, harbiy xizmatchilar, davlat siri boʻlgan maʼlumotlardan xabardor shaxslar va h.k.larning) chet elga chiqishi uchun boshqacha tartib belgilanishi mumkin (fuqarolar kirish-chiqish Tartibi I boʻlimi 3-bandi, II boʻlimi 4-bandi). Binobarin, mazkur toifadagi shaxslarning kirish vizasi rasmiylashtirilishi talab etilmaydigan MDH mamlakatlariga maxsus ruxsatsiz chiqishi ularning JK ning 223-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Qonunchilikka muvofiq, kirish uchun kirish vizasi rasmiylashtirilishi talab etilmaydigan mamlakatlarga vaqtincha yashash (xizmat safariga, oʻqishga, kontrakt boʻyicha ishlashga va h.k.) uchun chiqib ketgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga koʻra kirish vizasi rasmiylashtirilishi talab etiladigan uchinchi bir mamlakatga chiqish zarurati boʻlgan hollarda, Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi konsullik muassasalariga oʻsha mamlakatga kirish uchun stiker rasmiylashtirish haqida ariza bilan murojaat qilishlari lozim (fuqarolar kirish-chiqish Tartibi II boʻlimi 5-bandi). Bunday tartibga rioya etmaslik qonunga xilof ravishda chet elga chiqish sifatida baholanib, jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Jinoyat kodeksining 223-moddasida nazarda tutilgan jinoyat Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi chizigʻi kesib oʻtilgan paytdan boshlab, Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida esa — chegara nazoratidan oʻtilgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi.
9. Sudlarga tushuntirilsinki, agar jinoyat Davlat chegarasini yorib oʻtish yoʻli bilan sodir etilgan boʻlsa, shaxsning harakatlari JK 223-moddasi ikkinchi qismining “a” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunda yorib oʻtish deganda, jumladan, qoʻriqlanadigan Davlat chegarasini chegara postiga yoki chegarachilar naryadiga hujum qilish, chegara qoʻshinlarining qonuniy faoliyatiga boshqacha faol qarshilik koʻrsatish (masalan, Davlat chegarasi rejimi talablariga ochiqdan-ochiq boʻysunmaslik, oʻzining xizmat vazifasini bajarishdan voz kechishga majbur qilish), Davlat chegarasini qoʻriqlashga doir texnik vositalarni nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish va h.k. yoʻli bilan kesib oʻtishda ifodalangan harakatlar tushunilishi lozim.
Agar Davlat chegarasini yorib oʻtish paytida aybdor tomonidan Davlat chegarasini qoʻriqlovchi shaxs badaniga qasddan ogʻir shikast yetkazilgan yoki u qasddan oʻldirilgan boʻlsa, qilmish JK ning 223-moddasi va tegishlicha JK ning 104, 97-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunday holatlarda qasddan badanga yengil yoki oʻrtacha ogʻirlikdagi tan jarohati, shuningdek mulkiy ziyon yetkazilishi JK ning 223-moddasi ikkinchi qismi dispozitsiyasi bilan qamrab olinadi va tegishlicha JK ning 105, 109 va 173-moddalari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinishini talab etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JK ning 223-moddasi ikkinchi qismining “v” bandida nazarda tutilgan jinoyat subyekti boʻlib, faqat, “Chet elga borishlari maxsus rozilikni talab etadigan mansabdor shaxslar roʻyxati”ga kiritilgan mansabdor shaxslar boʻla oladilar (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 6-yanvardagi 8-sonli qaroriga 4-ilova).
Keyingi tahrirga qarang.
11. Agar shaxs qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasiga kirish yoki qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtish paytida boshqa jinoyatlar (hujjatlarni qalbakilashtirish, qalbaki hujjatlardan foydalanish, kontrabanda, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish, bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish va boshqalar) sodir etgan boʻlsa, aybdorning harakatlari sodir etilgan jinoyatlar majmui boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Chegarachilar naryadi tarkibida boʻlgan shaxs tomonidan chegara xizmatini oʻtash qoidalarini buzish, agar bu qilmish qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtishga olib kelgan boʻlsa, JK ning 294-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi va JK ning 223-moddasi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinishini talab etmaydi.
12. Jinoyat kodeksi 223-moddasi dispozitsiyasi blanket norma boʻlganligi tufayli, shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisidagi qarorda dastlabki tergov organlari shaxs tomonidan chet elga chiqish, Oʻzbekiston Respublikasiga kirish, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtish tartibini belgilovchi aynan qaysi normativ-huquqiy hujjat talabi buzilganligini aniq koʻrsatishlari shart. Sud hukmida ham mazkur jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxsning harakatlarida JK ning 223-moddasida nazarda tutilgan belgilardan qaysi biri mavjudligi aniq koʻrsatilishi lozim.
Dastlabki tergov organlari va sudlar tomonidan jinoyat-protsessual qonuni (JPK 419-moddasi) talablariga rioya etilmasligi ish boʻyicha chiqarilgan sud qarorlari bekor qilinishiga va ishning qoʻshimcha tergov yuritish uchun qaytarilishiga sabab boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasiga kirish, qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtishga doir ishlarni koʻrish vaqtida sudlar, ehtiyotsizlik oqibatida Davlat chegarasini kesib oʻtish tartibi buzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslarning noqonuniy sudlanishi hollarini istisno etish maqsadida, aybdorning harakatlari xususiyatini sinchkovlik bilan aniqlashlari zarur. Ish boʻyicha shaxs qonunga xilof ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi fakti aniqlangan holda sud bunga tegishli munosabat bildirib, jinoyat ishini yuritishga masʼul davlat organlari mansabdor shaxslariga nisbatan xususiy ajrim chiqarishi kerak.
Mazkur toifaga doir har bir ish boʻyicha aybdor shaxsga nisbatan adolatli, qilmishga mutanosib jazo belgilash maqsadida sudlar, shuningdek jinoyatning sodir etilishi motivini, moddiy zarar yetkazilgan-yetkazilmaganligini, yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlashlari lozim.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha Oliy sudi, jinoyat ishlari boʻyicha viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasiga kirish, qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtishga doir ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyotini vaqti-vaqti bilan umumlashtirishlari, bu toifadagi ishlar boʻyicha sud qarorlari qonuniyligi va asosliligini chuqur tekshirishlari, yoʻl qoʻyilgan moddiy va protsessual qonun buzilishlarini oʻz vaqtida bartaraf etishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Oliy sud raisi B. MUSTAFAYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi V. NAZAROV
Toshkent sh.,
2011-yil 25-noyabr,
9-son