Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
IJTIMOIY VA FUQARO OBYEKTLARINI LOYIHALASh VA QURIShDA TEGIShLI TARTIB OʻRNATISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-apreldagi PQ-3677-sonli “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Obyektlarni loyihalash va qurishda tegishli tartib oʻrnatish, shaharlar va aholi punktlarini kompleks rivojlantirish boʻyicha qabul qilinadigan loyiha yechimlari sifatini oshirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksi talablariga, tasdiqlangan shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi uchun investitsiya jarayoni qatnashchilarining masʼuliyatini kuchaytirish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, ijtimoiy-fuqarolik ahamiyatidagi yangi obyektlar va uy-joylarni qurish faqat shaharlar hamda aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalariga va zarur hollarda, belgilangan tartibda ularga kiritiladigan tuzatishlarga qatʼiy muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
Obyektlarni belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha hujjatlarisiz hamda ularni shaharlar va aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalariga bogʻlamasdan qurish va rekonstruksiya qilish yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan hol deb hisoblansin.
2. Quyidagilar qatʼiyan taqiqlansin:
moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar, obyektlarni loyiha-smeta hujjatlarini parallel ravishda ishlab chiqish va moliyalashtirish bilan bir vaqtda qurish va rekonstruksiya qilish;
tegishli vakolatlarga ega boʻlmagan shaxslarning qurilish jarayoniga hamda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilishiga aralashuvi;
shaharlar, shaharchalar va tuman markazlarida qurilishi tugallangan mavzelar, koʻp qavatli turar joy mikrorayonlari (dahalar)ning hududlarida tasdiqlangan bosh rejalarda nazarda tutilmagan ishlab chiqarish, savdo, umumiy ovqatlanish, servis xizmati koʻrsatish va bozor infrastrukturasining alohida turgan obyektlarini joylashtirish, loyihalashtirish va qurish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
obyektlarni loyihalashtirish va qurishda belgilangan tartibning buzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka, shu jumladan jinoiy javobgarlikka tortiladilar;
obyektlarni parallel ravishda loyihalashtirish bilan bir vaqtda qurish va rekonstruksiya qilishga istisno tariqasida, faqat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holdagina yoʻl qoʻyiladi.
4. Hisob-kitob (smeta) qiymati 2,0 mlrd soʻm va undan yuqori boʻlgan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli roʻyxatlari, ularni moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlanadigan tartib oʻrnatilsin.
5. Qurilishi va rekonstruksiya qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlanishi lozim boʻlgan obyektlarning manzilli roʻyxatlarini tasdiqlash boʻyicha Hukumat komissiyasi ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
* Ilova berilmaydi.
Hukumat komissiyasi (B.I. Zokirov) zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar, hisob-kitob (smeta) qiymati 2,0 mlrd.soʻm va undan yuqori boʻlgan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli roʻyxatlarini tasdiqlash;
qurilish va rekonstruksiya qilishning hisob-kitob (smeta) qiymati oshirib yuborilishiga yoʻl qoʻyilgan obyektlarni yilning har choragida koʻrib chiqib, ular yuzasidan tegishli choralar koʻrish;
respublika ahamiyatidagi ijtimoiy, ishlab chiqarish, transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish sxemalari va loyihalarini kelishib olish;
shaharlar va shaharchalar (tuman markazlari)dagi qurilishi tugallangan maʼmuriy markazlar, turar joy mikrorayonlari hududlarida ilgari ishlab chiqilgan va tasdiqlangan loyihalar boʻyicha barpo etish uchun obyektlar joylashtirilishini kelishib olish.
Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Qurilishi va rekonstruksiya qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati darajasida tasdiqlanishi lozim boʻlgan obyektlarning manzilli roʻyxatlarini tasdiqlash boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi hamda Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda hisob-kitob (smeta) qiymati oshirib yuborilgan obyektlar boʻyicha xulosalar tayyorlash va ularni Vazirlar Mahkamasiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlarning hokimliklari, vazirliklar va idoralar:
loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari, texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari hamda boshqa zarur shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash boʻyicha belgilangan talablarga qatʼiy rioya etilishini;
tasdiqlangan bosh rejalarning izchil amalga oshirilishini shaharlar hamda boshqa aholi punktlarini qurish, rekonstruksiya qilish va obodonlashtirish boʻyicha maqsadli hududiy investitsiya dasturlarini ishlab chiqish orqali taʼminlasinlar.
8. Tijorat banklari:
obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini moliyalashtirishda obyektlarning manzilli roʻyxatlarini tasdiqlash va kelishib olishning belgilangan tartibiga qatʼiy amal qilsinlar;
obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishni belgilangan tartibda tasdiqlangan manzilli roʻyxatlarga muvofiq ajratilgan kapital mablagʻlarning qatʼiy doirasida moliyalashtirsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
zarur shaharsozlik hujjatlarisiz obyektlar qurish va rekonstruksiya qilishga yoʻl qoʻygan yuridik hamda jismoniy shaxslarning javobgarligini kuchaytirish, hatto jinoiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 27-dekabr,
PQ-1666-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 52-son, 559-modda; 2012-y., 26-27-son, 289-modda; 2013-y., 30-son, 386-modda; 2017-y., 12-son, 182-modda)