OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh VAZIRINING
buyrugʻi
YoLGʻIZ KEKSALAR VA NOGIRONLARNI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh VAZIRLIGI TIZIMIDAGI URUSh VA MEHNAT FAXRIYLARI UChUN RESPUBLIKA PANSIONATI, “SAXOVAT” VA “MURUVVAT” INTERNAT UYLARIGA RASMIYLAShTIRISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI QOIDALARNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 15-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2300]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi mehnat vazirining 2016-yil 27-apreldagi 9-B-sonli ““Yolgʻiz keksalar va nogironlarni Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tizimidagi Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylariga rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi qoidalarni tasdiqlash haqida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2300-1, 12.05.2016-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 23-avgustdagi 240-son “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tibbiy-ijtimoiy muassasalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 34-35-son, 348-modda) muvofiq buyuraman:
1. Yolgʻiz keksalar va nogironlarni Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tizimidagi Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylariga rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi qoidalar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2011-yil 29-noyabr,
79-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2011-yil 29-noyabrdagi 79-B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Yolgʻiz keksalar va nogironlarni Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tizimidagi Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylariga rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisida
QOIDALAR
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 277-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 23-avgustdagi 240-son “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tibbiy-ijtimoiy muassasalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 34-35-son, 348-modda) muvofiq yolgʻiz keksalar va nogironlarni Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tizimidagi Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylariga rasmiylashtirish tartibini belgilaydi.
I. Vasiylikka olinuvchilarni tibbiy-ijtimoiy muassasalarga rasmiylashtirish va joylashtirish
1. Vasiylikka olinuvchilarni tibbiy-ijtimoiy muassasalarga joylashtirish masalalarini koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzurida Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylariga vasiylikka olinuvchilarni rasmiylashtirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Maxsus komissiya tashkil etiladi (keyingi oʻrinlarda Maxsus komissiya deb yuritiladi).
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda hududiy bosh boshqarmalar deb yuritiladi) huzuridagi Maxsus komissiyaga vasiylikka olinuvchilarni tibbiy-ijtimoiy muassasalarga rasmiylashtirish masalalarini koʻrib chiqish uchun Maxsus komissiyaga hujjatlarni taqdim qilish boʻyicha ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Maxsus komissiya hududiy bosh boshqarmalarning vasiylikka olinuvchilarni tibbiy-ijtimoiy muassasalarga joylashtirish masalalari boʻyicha ishlarini muvofiqlashtirib boradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 23-avgustdagi 240-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tibbiy-ijtimoiy muassasalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 34-35-son, 348-modda) bilan tasdiqlangan nizomlarga muvofiq vasiylikka olinuvchilarni tibbiy-ijtimoiy muassasalarga rasmiylashtirish uchun talab etiladigan hujjatlar hududiy bosh boshqarmalarga kelib tushgan kundan boshlab oʻn kun ichida ishchi guruh tomonidan atroflicha oʻrganib chiqiladi va Maxsus komissiyaga taqdim etilishi taʼminlanadi.
Bunda, sogʻliqning holati toʻgʻrisidagi tibbiy hujjatlar ilovadagi roʻyxatga muvofiq taqdim etiladi.
4. Maxsus komissiya taqdim etilgan hujjatlarni vasiylikka olinuvchilarning istagi, shuningdek tibbiy-ijtimoiy muassasalardagi boʻsh oʻrinlar mavjudligini inobatga olgan holda oʻrganib chiqadi va ularni ushbu muassasalarga joylashtirish haqida tegishli qaror (bundan buyon matnda Maxsus komissiya qarori deb yuritiladi) qabul qiladi.
Vasiylikka olinuvchilarni tibbiy-ijtimoiy muassasalariga joylashtirishda asossiz rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Hududiy bosh boshqarma Maxsus komissiya qarori kelib tushgan kundan boshlab uch ish kunidan kechiktirmasdan vasiylikka olinuvchilarni tibbiy-ijtimoiy muassasaga rasmiylashtirish toʻgʻrisida buyruq chiqarib, taalluqliligi boʻyicha tibbiy-ijtimoiy muassasaga yuboradi.
6. Vasiylikka olinuvchilar bir oy muddatda doimiy qayd etilgan yashash joyidan roʻyxatdan chiqarilganligi toʻgʻrisida hujjat asosida tibbiy-ijtimoiy muassasaga joylashtiriladi.
II. Vasiylikka olinganlarni bir tibbiy-ijtimoiy muassasadan boshqasiga oʻtkazish
7. “Muruvvat” bolalar internat uylari tomonidan yilning har choragi yakunida voyaga etgan vasiylikka olinganlarning roʻyxatlari tuzilib hududiy bosh boshqarmalar ishchi guruhlariga taqdim etiladi. Ishchi guruhlar taqdim etilgan roʻyxatlarni oʻn ish kuni muddatida koʻrib chiqib, Maxsus komissiyaga taqdim etadi. Voyaga etgan vasiylikka olinganlar Maxsus komissiya qarori bilan tasdiqlangan reja-jadval asosida kattalar “Muruvvat” internat uylariga oʻtkaziladi.
8. Voyaga etgan vasiylikka olinganlar Maxsus komissiya qarorida qayd etilgan sanadan boshlab bir oy muddat ichida ular tarbiyalangan “Muruvvat” bolalar internat uylari hisobidan transport va tibbiy xodim bilan taʼminlanib, kattalar “Muruvvat” internat uylariga oʻtkaziladi.
9. Voyaga etgan vasiylikka olinganlarni tibbiy-ijtimoiy muassasalarning biridan boshqasiga oʻtkazish uchun asosli sabablar (u istiqomat qilayotgan hududning ob-havosi vasiylikka olinganlarning sogʻligʻiga salbiy taʼsir qilishi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa yoki ularning qarindoshlari bir hududdan boshqa hududga koʻchib oʻtishi va boshqalar) hamda boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlgan taqdirda Maxsus komissiya qarori asosida amalga oshiriladi.
10. Ushbu toifa vasiylikka olinganlarni bir tibbiy-ijtimoiy muassasadan boshqasiga oʻtkazish toʻgʻrisida Maxsus komissiya qarori chiqarilgan kundan boshlab bir oy muddat ichida, ular avval istiqomat qilgan tibbiy-ijtimoiy muassasa hisobidan transport hamda tibbiy xodim bilan taʼminlanib, tegishli tibbiy-ijtimoiy muassasaga oʻtkaziladi.
11. Vasiylikka olinganlar bir tibbiy-ijtimoiy muassasadan boshqa tibbiy-ijtimoiy muassasaga, tibbiy-ijtimoiy muassasaga joylashtirish bilan bogʻliq boʻlgan tegishli hujjatlar hamda shaxsiy kiyim-kechagi bilan oʻtkaziladi.
III. Yakuniy qoida
12. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2011-yil 28-noyabr
Yolgʻiz keksalar va nogironlarni Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tizimidagi Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylariga rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi qoidalarga
ILOVA
ILOVA
Yolgʻiz keksalar va nogironlarni Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tizimidagi Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylariga rasmiylashtirish uchun talab qilinadigan tibbiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Ambulator kartadan yoki kasallik tarixidan koʻchirma (albatta qon va siydik tahlili, qonning Vasserman reaksiyasi va Avstraliya antigeniga tahlili, koʻkrak qafasi flyurografiyasi).
2. Ruhiy-asab kasalliklari dispanseri Tibbiy-maslahat komissiyasi xulosasi.
3. Silga qarshi kurashish dispanseri xulosasi.
4. Onkologik dispanser xulosasi.
5. Teri-tanosil kasalliklari dispanseri xulosasi.
6. OITS markazining xulosasi.
Barcha tibbiy hujjatlarning amal qilish muddati ikki oyni tashkil etadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 50-son, 539-modda)