Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“NAVOIY VILOYATIDA TEXNIK KREMNIY IShLAB ChIQARIShNI TAShKIL ETISh (I BOSQICh)” INVESTITSIYa LOYIHASINI AMALGA OShIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Poli- va monokristall kremniy, fotoelementlar ishlab chiqarish uchun bazaviy mahsulot hisoblangan texnik kremniy ishlab chiqarishni tashkil etishni taʼminlash hamda respublika elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Uz-Kor Silicon” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasi muassislari — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi hamda “NeoPLANT” kompaniyasining (Koreya Respublikasi), shuningdek “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi va “Navoiyazot” ochiq aksiyadorlik jamiyatining “Uz-Kor Silicon” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasi muassislari tarkibiga “Navoiyazot” ochiq aksiyadorlik jamiyati kirishi haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
a) “Navoiyazot” ochiq aksiyadorlik jamiyati qoʻshma korxona muassislari tarkibiga kirishi munosabati bilan “Uz-Kor Silicon” masʼuliyati cheklangan jamiyatning ustav fondi miqdori 10,4 mln AQSh dollaridan 20,8 mln AQSh dollarigacha koʻpayishi, undan:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining 5,2 mln AQSh dollari miqdoridagi ulushi (ustav fondidagi ulushning 25 foizi) — tarixiy xarajatlar va oldin amalga oshirilgan geologiya-qidiruv ishlari davomida olingan geologik, geofizik va boshqa axborot hisobiga shakllantirilganligi;
“NeoPLANT” kompaniyasining 10,4 mln AQSh dollari miqdoridagi ulushi (ustav fondidagi ulushning 50 foizi) — pul mablagʻlari, yangi texnologik asbob-uskunalar va jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy litsenzion texnologiyalar hisobiga shakllantirilishi;
“Navoiyazot” ochiq aksiyadorlik jamiyatining 5,2 mln AQSh dollari miqdoridagi ulushi (ustav fondidagi ulushning 25 foizi) — tegishli muhandislik kommunikatsiyalari bilan birgalikda texnik kremniy ishlab chiqarish uchun binolar va inshootlar qurishga yoʻnaltirilgan oʻz mablagʻlari hisobiga shakllantirilishi;
b) “Uz-Kor Silicon” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasi doirasida bir yilda 12,0 ming tonna texnik kremniy ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan qayta ishlovchi kompleks va 39,0 ming tonna kvars rudasi qazib oladigan kon qazish kompleksi qurilishini nazarda tutadigan “Navoiy viloyatida texnik kremniy ishlab chiqarishni tashkil etish (I bosqich)” investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.
3. Asosiy texnik-iqtisodiy parametrlar bilan birgalikda “Navoiy viloyatida texnik kremniy ishlab chiqarishni tashkil etish (I bosqich)” investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
4. Belgilansinki:
a) umumiy qiymati 20,45 mln AQSh dollariga teng boʻlgan “Navoiy viloyatida texnik kremniy ishlab chiqarishni tashkil etish (I bosqich)” investitsiya loyihasini moliyalashtirish:
“NeoPLANT” kompaniyasining 8,65 mln AQSh dollari summasidagi toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalari;
“NeoPLANT” kompaniyasining asbob-uskunalar yetkazib berish uchun “Uz-Kor Silicon” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasiga 2 yil muddatga beriladigan, yillik stavkasi qayta moliyalashtiruvchi bankning marjasi bilan birgalikda 8,0 foiz boʻlgan 3,3 mln AQSh dollari summasidagi qarz mablagʻlari;
“Navoiyazot” ochiq aksiyadorlik jamiyatining 5,2 mln AQSh dollariga teng summadagi oʻz mablagʻlari;
“Asaka” davlat-aksiyadorlik tijorat bankining “Uz-Kor Silicon” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasiga 6 yil muddatga beriladigan, yillik stavkasi bankning 4,0 foiz marjasi bilan birgalikda 16 foiz boʻlgan, qurilish-montaj ishlariga yoʻnaltiriladigan 3,3 mln AQSh dollariga teng summadagi kredit mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi;
b) asosiy qarzni qaytarish, foizlar toʻlash, qarz va kredit mablagʻlariga xizmat koʻrsatish boʻyicha boshqa xarajatlar “Uz-Kor Silicon” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasining oʻz mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
5. Tender savdolari oʻtkazmasdan qurilish-montaj ishlarini bajarish boʻyicha:
qayta ishlash kompleksi boʻyicha — “Navoiyazot” ochiq aksiyadorlik jamiyatiga;
kon qazib olish kompleksi boʻyicha — “GUMIN KOʼMIR” masʼuliyati cheklangan jamiyatga bosh pudratchi funksiyasi yuklansin.
6. “Uz-Kor Silicon” masʼuliyati cheklangan jamiyat qoʻshma korxonasiga, istisno tariqasida, 2011-yil 31-dekabrgacha qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlari parallel ishlab chiqilishi bilan birgalikda amalga oshirishga ruxsat berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi oʻtkazilishini belgilangan tartibda taʼminlasin va qurilish-montaj ishlari bajarilishi sifati ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida taklif kiritsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 12-dekabr,
326-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 50-son, 516-modda)