Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZBEKISTON-YI” HAMKORLIK KENGAShINING 10-MAJLISI DAVOMIDA ERIShILGAN AHDLAShUVLARNI AMALGA OShIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
2011-yil 14-noyabrda Bryussel shahrida “Oʻzbekiston — YI” hamkorlik Kengashining 10-majlisi davomida erishilgan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi oʻzaro foydali hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha ikki tomonlama ahdlashuvlar oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2011-yil 14-noyabrda Bryussel shahrida “Oʻzbekiston — YI” hamkorlik Kengashining 10-majlisi davomida erishilgan ahdlashuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Tegishli vazirliklar va idoralarning Dasturni bajarish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuklansin.
3. Vazirliklar va idoralar rahbarlari Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan bandlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlasinlar, ularning bajarilishi toʻgʻrisida yilning har choragida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga axborot taqdim etsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ushbu qaror bilan tasdiqlangan Chora-tadbirlar dasturining bajarilishi toʻgʻrisida umumlashtirilgan axborotni yilning har choragida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 25-noyabr,
311-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 48-son, 492-modda)