Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING YOSH ISTEʼDODLAR UCHUN “NIHOL” MUKOFOTI TANLOVINI TASHKILLASHTIRISH ISHLARINI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Mamlakatimizda gʻoyaviy-badiiy yuksak saviyadagi yangi qoʻshiqlar va musiqiy asarlar yaratish, ularning mazmun-mohiyatini targʻib etish, ijodiy salohiyatiga va isteʼdodiga ega boʻlgan yoshlarni roʻyobga chiqarish, kashf etish, sanʼat olamiga kirib kelayotgan yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, shu asosda “Nihol” mukofotining obroʻ-eʼtibori va nufuzini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yosh isteʼdodlar uchun “Nihol” mukofoti tanlovini har ikki yilda bir marta oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yosh isteʼdodlar uchun “Nihol” mukofoti Respublika kengashining yangi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 3-noyabr,
295-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 3-noyabrdagi 295-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasi “Yosh isteʼdodlar uchun “Nihol” mukofotini taʼsis etish toʻgʻrisida” 2000-yil 25-avgustdagi 334-son qarorida:
a) 1-band ikkinchi xatboshisidagi “har yili” soʻzlari “har ikki yilda bir marta” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 3-banddagi “har yili” soʻzlari “har ikki yilda bir marta” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yosh isteʼdodlar uchun “Nihol” mukofoti Respublika Kengashining tarkibi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yosh isteʼdodlar uchun “Nihol” mukofoti toʻgʻrisidagi nizomini tasdiqlash haqida” 2006-yil 9-avgustdagi 169-son qarorida:
a) 1-bandda:
ikkinchi xatboshi hamda qarorga 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin;
b) 2-ilovada:
2-band quyidagi tahrirdagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari tanlovda ishtirok etmaydilar”;
3-banddagi “va viloyatlarda” soʻzlari “viloyatlar va Toshkent shahrida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi boʻlimdagi “1-bosqich (aprel), “2-bosqich (iyun)” va “3-bosqich (iyul-avgust)” soʻzlari tegishincha “1-bosqich (aprel-may)”, “2-bosqich (oktabr-noyabr)” va “3-bosqich (iyun — avgust)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi tahrirdagi 71-band qoʻshilsin:
“71. Ishchi guruh tarkibi tuman va shahar hokimlari tomonidan tasdiqlanadi”;
10-banddagi “hamda viloyat” soʻzlari “viloyat hamda Toshkent shahri” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi tahrirdagi 111-band qoʻshilsin:
“111. 1-bosqich tanlovning birinchi yilida oʻtkaziladi”;
“va viloyat” hamda “hamda viloyat” soʻzlari tegishligicha “viloyat va Toshkent shahar” hamda “viloyat hamda Toshkent shahar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi tahrirdagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Komissiya tarkibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tasdiqlanadi”;
13-banddagi “va viloyat” soʻzlari “viloyat va Toshkent shahar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
14-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahri komissiyasi koʻrik-tanlov yakuniga koʻra 4 nafargacha nomzodni tanlab olib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yosh isteʼdodlar uchun “Nihol” mukofoti Respublika kengashiga taqdim etadi (keyingi oʻrinlarda — Respublika kengashi deb yuritiladi)”;
quyidagi tahrirdagi 161-band qoʻshilsin:
“161. 2-bosqich tanlovning birinchi yilida oʻtkaziladi”;
18-banddagi “muvofiqlashtirib borish” soʻzi “tashkillashtirish” soʻzi bilan almashtirilsin;
21-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“21. 3-bosqich tanlovning ikkinchi yilida oʻtkaziladi.
Har bir bosqich gʻoliblari navbatdagi bosqichda oʻzlarining yangi repertuarlari (yangi qoʻshiq va kuy va h.k) bilan ishtirok etishlari shart”;
24-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yosh isteʼdodlar uchun “Nihol” mukofoti har ikki yilda bir marta Mustaqillik bayrami arafasida, avgust oyining oxirgi oʻn kunligida tantanali vaziyatda topshiriladi”;
26-banddagi “qabul qilinadi” soʻzlaridan keyin “(ansambl, jamoa sifatida ishtirok etganlar bundan mustasno)” soʻzlari qoʻshilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 45-46-son, 471-modda; 2016-y., 42-son, 489-modda; 2017-y., 37-son, 996-modda)