Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING TASHQI IQTISODIY FAOLIYAT MILLIY BANKINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
“Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasida mustaqil siyosatni roʻyobga chiqarish, tashqi iqtisodiy faoliyatga xizmat koʻrsatishni taʼminlash va uning samaradorligini oshirish, respublikaning valyuta mablagʻlarini jamlash va ulardan aniq maqsadni koʻzlab foydalanish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tashkil etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki oʻzining boshqa banklar bilan oʻzaro munosabatlarini shartnomaviy asosda qurishi, chet el valyutasidagi operatsiyalarni esa “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga muvofiq amalga oshirishi belgilab qoʻyilsin.
3. Shu narsa belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasidagi yuridik shaxslar va fuqarolarning valyuta mablagʻlari Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida, respublika hududida ishlovchi boshqa vakolatli banklarda saqlanadi.
Respublikaning yuridik shaxslari va fuqarolari 1991-yil 1-noyabrigacha oʻzlarining valyuta mablagʻlarini ana shu banklar hisobiga oʻtkazsinlar.
Respublika hududidan tashqarida valyuta hisoblari faqat Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bankining ruxsati bilangina ochiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi:
Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining nizom va zaxira jamgʻarmalarini tashkil etish, moddiy-texnika bazasini vujudga keltirish va mustahkamlash, uni yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash tadbirlarini koʻrsin;
bir oy muddat ichida Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining nizomini ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda Ushbu Farmondan kelib chiqadigan “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida” gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqidagi takliflarni tayyorlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat banki Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga oʻz ishlarini tashkil etishda amaliy yordam bersin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 7-sentabr,
PF-244-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 11-son, 231-modda)