O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING TASHQI IQTISODIY FAOLIYAT MILLIY BANKINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasida mustaqil siyosatni ro‘yobga chiqarish, tashqi iqtisodiy faoliyatga xizmat ko‘rsatishni ta’minlash va uning samaradorligini oshirish, respublikaning valyuta mablag‘larini jamlash va ulardan aniq maqsadni ko‘zlab foydalanish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tashkil etilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki o‘zining boshqa banklar bilan o‘zaro munosabatlarini shartnomaviy asosda qurishi, chet el valyutasidagi operatsiyalarni esa “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga muvofiq amalga oshirishi belgilab qo‘yilsin.
3. Shu narsa belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasidagi yuridik shaxslar va fuqarolarning valyuta mablag‘lari Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida, respublika hududida ishlovchi boshqa vakolatli banklarda saqlanadi.
Respublikaning yuridik shaxslari va fuqarolari 1991-yil 1-noyabrigacha o‘zlarining valyuta mablag‘larini ana shu banklar hisobiga o‘tkazsinlar.
Respublika hududidan tashqarida valyuta hisoblari faqat O‘zbekiston Respublikasi Davlat bankining ruxsati bilangina ochiladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi:
O‘zbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining nizom va zaxira jamg‘armalarini tashkil etish, moddiy-texnika bazasini vujudga keltirish va mustahkamlash, uni yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash tadbirlarini ko‘rsin;
bir oy muddat ichida Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining nizomini ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda Ushbu Farmondan kelib chiqadigan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqidagi takliflarni tayyorlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat banki O‘zbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga o‘z ishlarini tashkil etishda amaliy yordam bersin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 7-sentabr,
PF-244-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 11-son, 231-modda)