Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi “Sanoatkontexnazorat” boshligʻining
buyrugʻi
ShOXSIMON GURUHLI BURGʻQUDUQLARNI BURGʻULASh, OʻZLAShTIRISh VA IShLATIShNI BIR VAQTDA XAVFSIZ BAJARIShGA OID YOʻRIQNOMANI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2010-yil 4-avgust, 6-24/13-6332/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil, 39-son, 386-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-son “Sanoatda konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2004-yil, 7-son, 64-modda) qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Shoxsimon guruhli burgʻquduqlarni burgʻulash, oʻzlashtirish va ishlatishni bir vaqtda xavfsiz bajarishga oid yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilib, normativ texnik hujjat sifatida eʼtirof etilgan kundan boshlab kuchga kiritilsin va koʻpaytirilsin.
Inspeksiya boshligʻi I. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2010-yil 24-iyun,
188-son
“Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻining 2010-yil 24-iyundagi 188-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
ShOXSIMON GURUH (KUST)LI BURGʻQUDUQLARNI BURGʻULASh, OʻZLAShTIRISh VA IShLATIShNI BIR VAQTDA XAVFSIZ BAJARIShGA OID
YOʻRIQNOMA
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda), “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 5-modda) va OʻzR VM ning 2004-y., 10-iyuldagi 323-son “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2004-y., 7-son, 64-modda) muvofiq talablari guruhli burgʻquduqlarni qurish va ularni ishlatish orqali neft konlarini oʻzlashtirish bilan shugʻullanuvchi korxona va tashkilotlarga taalluqli va sanoat xavfsizligi sohasida faoliyat olib borayotgan barcha tashkilotlar uchun majburiydir.
2. Mazkur Yoʻriqnoma burgʻquduqlarni qurish, oʻzlashtirish, ishlatish va taʼmirlash boʻyicha texnologik operatsiyalarni bir vaqtda olib borilganda, chegaralangan hududda koʻplab xavfli ishlab chiqarish obyektlari mavjud boʻlganda bajariladigan ishlarning sanoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida ishlab chiqildi.
I bob. Umumiy qoidalar
1 - §. Umumiy talablar
3. Mazkur Yoʻriqnomada guruhli burgʻquduqlar maydonida xavfsiz ishlab chiqarish obyektlarini joylashtirish, ishlarni tashkil qilish, guruhli qurish va guruhdagi burgʻquduqlarni ishlatish va qurish sharoitida texnologik operatsiyalar ketma-ketligiga doir talablar belgilangan.
4. Guruhli burgʻquduqlar maydonlarini tayyorlash, burgʻquduqlarni qurish, konlarni jihozlash va ishlash boʻyicha loyihaviy hujjatlar tarkibi va tuzilishi Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va ShNK 1.03.01-08 “Korxona, bino va inshootlarni kapital qurilishi boʻyicha loyihaviy hujjatlar tarkibi, ishlab chiqilishi, kelishish va tasdiqlash tartibi” talablariga javob berishi zarur.
5. Loyihaga kiritiladigan texnik, texnologik va tashkiliy yechimlar, shuningdek, guruhli burgʻquduqlar maydonidagi ayrim obyektlarni ishga tushirish bosqichlari va tartibi mazkur Yoʻriqnoma talablariga asosan qabul qilinishi kerak.
II bob. Guruhli burgʻquduqlar maydonlarini joylashtirish va rejalashtirish
6. Guruhli maydonlardagi burgʻquduqlar pozitsiyali qilib joylashtirilishi kerak. Loyihada belgilanadigan guruhdagi burgʻquduqlar soni 8 tadan oshmasligi kerak. Guruhlar orasidagi masofa 15 m dan kam boʻlmasligi kerak.
Izoh: Pozitsiya - quduqlar orasidagi masofa 5 m ga teng boʻlgan burgʻquduqlar guruhi.
7. Guruhli maydonlardagi burgʻquduq guruhlari soni chegaralanmaydi, ammo bir guruhdagi barcha quduqlarning erkin debetining yigʻindisi neft boʻyicha 4000 t/d dan oshmasligi kerak.
8. Quduqlarning ogʻzi maxsus maydonda bir toʻgʻri chiziq boʻylab guruh oʻqi boʻyicha bir-biridan 5 m narida joylanishi lozim. Ayrim hollarda (ayrim sabablarga koʻra) loyihada quduqlar orasidagi masofa kamroq belgilanishi mumkin. Har qanday holda bu chetlanish “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining tegishli regional organi bilan kelishiladi. Quduqlar orasidagi masofa 2 m dan kam boʻlmasligi zarur.
9. Guruhlar yoki guruhli maydon bilan yakka burgʻquduq orasidagi masofa 50 m dan kam boʻlmasligi zarur. Guruhli maydon chegarasidan magistral va kon ichi yoʻllarigacha boʻlgan masofa 50 m dan ziyod boʻlishi darkor.
10. Guruhli maydonda yongʻindan saqlash texnikasini joylashtirish uchun 20x20 m oʻlchamli maydoncha boʻlishi kerak. Maydonchaning joylashuvi loyihada yongʻin xavfsizligi talablarini inobatga olgan holda belgilanadi.
11. Guruhli maydon hududida xizmat va maishiy xonalar yongʻin xavfsizligi talablariga asosan jihozlanishi va burgʻulanayotgan quduq ogʻzidan minora balandligi va unga plyus 10 m masofa narida joylashishi kerak.
12. Burgʻulangan, ishlab turgan burgʻquduqlar bilan xizmat (maishiy) xonalari orasidagi masofalar amaldagi meʼyoriy-texnik hujjatlar talablariga javob berishi lozim.
13. Guruhli maydonlar oʻlchamlari tebranma dastgohlar, boshqaruv stansiyalar transformator oraliq stansiyalar, gazlift gazoʻtkazgichlar, kabelli estakadalarni burgʻquduq guruhi oʻqidan bir tarafda hamda markazdan qochma nasoslarga va tebranma dastgohlarga oʻtkazilgan yerosti kabel yoʻllari burgʻquduq guruhi oʻqidan boshqa tarafda joylashtirish talablarini inobatga olgan holda, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining tegishli hududiy organlari bilan kelishish sharti bilan, burgʻquduqlarni har xil ishlatish usullarda texnologik uskuna, burgʻquduqni taʼmirlash uchun agregatlar, maxsus texnika, boshqa uskunalarni joylashtirishni taʼminlashi zarur.
III bob. Guruhli burgʻquduqlar maydonlarida ishlarni tashkil qilish
14. Gaz omili 200 m3/t dan ziyod boʻlgan neft konlarini oʻzlashtirganda, mustahkamlovchi quvurlar birikmasidagi zichlikni sinashda va burgʻquduq ogʻzini otqinga qarshi uskunalar bilan bogʻlashda, loyihaviy hujjatda qoʻshimcha xavfsizlik choralarini koʻllashni moʻljallash kerak.
15. Guruhli burgʻquduqlarni qurish ishlari uzluksiz siklda olib borilganda, navbatdagi burgʻquduqda burgʻulash ishlar yakunlangandan va ishlatish quvurlari birikmasi hamda quduq ogʻzi bogʻlamasining sementlash sifati, mustahkamligi va zichligini tekshirish yaxshi natija bergandan soʻng, burgʻquduqqa nasos-kompressor quvurlar tushirmay turib konservatsiyalashga ruxsat etiladi.
16. Burgʻulash, oʻzlashtirish, ishlatish va taʼmirlash jarayonida burgʻquduq ogʻzini bogʻlash sxemasi, korxona tomonidan ishlab chiqilib, buyurtmachi va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining tegishli hududiy organi bilan kelishiladi va korxona texnik rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
17. Oqimlarni jadallashtirish, shu jumladan, gorizontal tarmoqlar bilan burgʻulash orqali mahsuldor qatlamlarni qoʻshimcha teshib ochish, ketma-ket oʻzlashtirish, yasagan zavod yoʻriqnomasiga koʻra burgʻquduqni oʻzlashtirish va taʼmirlash uchun qurilma (agregat)larni xavfsiz montaj qilish va ishlatishni taʼminlash maqsadida, burgʻulanayotgan quduq ogʻzidan kamida 10 m narida joylashgan, oldin qazilgan quduqlarni ham ishga tushirishga ruxsat etiladi.
18. Guruhli burgʻquduqlar maydonini suv taʼminlash tizimida, oʻt oʻchirish stvollarini magistral suv uzatish tizimi yoki boshqa suv taʼminot manbalariga ulash uchun ketadigan vaqt mobaynida ishlayotgan burgʻquduqlarning ogʻziga avariyali suv sepish imkonini rejalashtirish lozim. Qatlamda bosimni bir maromda ushlab turish tizimlarida, ishchi agent sifatida kimyoviy reagentlar qoʻshilmagan texnik suv ishlatilsa, ularni tizimga ulanishiga ruxsat etiladi.
19. Neftgazsuv namoyon boʻlishi va ochiq favvorani tugatish uchun zarur boʻlgan uskuna, maxsus moslamalar, asbob, materiallar, maxsus kiyim, ehtiyot va shaxsiy himoya vositalari shay holatda korxonaning avariyali zaxira yoki maxsus xizmat omborlarida saqlanishi kerak. Omborlar joylashuvi guruhli burgʻquduq maydoniga zarur vositalarni tezkor yetkazilishini taʼminlashi darkor.
20. Burgʻquduqlarni qurish, uskunalarni yigʻish, burgʻulash, oʻzlashtirish, ishlatish va taʼmirlashga oid ishlarda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha javobgarlik, korxonalar rahbarlari yoki mazkur ishlarni bajarishga jalb qilingan zamindan foydalanuvchi tashkilotlar boʻlinmalari rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
21. Guruhli maydonda joylashgan xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan birida bir necha korxona ishlaganda, ishlarni tashkil etish va bajarish tartibi, mazkur korxonalar rahbarlari birgalikda tasdiqlagan “Korxonalararo oʻzaro munosabat toʻgʻrisidagi nizom” da bitta korxonaning bir necha boʻlinmalari ishlaganda esa — korxona rahbarining koʻrsatmasi boʻyicha belgilanadi.
22. Guruhli maydonda ishlab chiqarish jarayoni ishtirokchilari bajarayotgan ishlarning tashkil qilinishi, bajarilishi va sifatini tekshirish hamda nazorat qilish kerak.
23. Ruxsatnoma-naryad boʻyicha quyidagi ishlar bajariladi:
a) minora-chigʻir blokini, boshqa uskunalarni yangi pozitsiya yoki burgʻquduqqa koʻchirish;
b) burgʻulash qurilmasini qismlarga ajratish (demontaj);
v) burgʻquduqni teshish (perforatsiya qilish) va oʻzlashtirish;
g) burgʻquduqlarni bogʻlash va mahsulot yigʻish tizimiga ulash hamda qatlamdagi bosimni bir maromda ushlab turish;
d) burgʻquduqni oʻzlashtirish va taʼmirlashga moʻljallangan koʻchma agregatlarni yigʻish;
e) elektr-gaz payvandlash;
j) guruh, omborlar hududini dastlabki holatiga keltirish (rekultivatsiya qilish).
Guruhdagi ishlarni bajarishga ruxsatnoma-naryad javobgar rahbar tomonidan beriladi.
24. Ishlarning biror uchastkasida gʻayritabiiy holat (neftgazsuv namoyon boʻlishi, neftoʻtkazgich yorilishi va h.k.) vujudga kelsa, har bir ish bajaruvchi darhol bu toʻgʻrisida ish rahbari va ishlab chiqarish jarayonining qolgan ishtirokchilarini ogohlantirishi shart. Bunday holatlarda guruhli maydondagi barcha ishlar, gʻayritabiiy holat sabablari va alomatlariga barham berguncha toʻxtatib turilishi zarur.
25. Neftgazsuv namoyon boʻlishi yoki ochiq favvoralar bilan bogʻliq boʻlgan avariyalarni bartaraf qilish ishlari “Avariyalarni bartaraf qilish rejasi” ga asosan bajarilishi lozim.
26. Guruhdagi elektrgazpayvandlash ishlarini amaldagi mavjud yoʻriqnomalar talablariga asosan attestatsiyadan oʻtgan malakali payvandchilar bajarishi zarur.
Mazkur ishlarni bajarishda Portlashdan xavfli va yongʻinportlashdan xavfli obyektlarda olovli ishlarni xavfsiz oʻtkazishni tashkil qilish boʻyicha soha yoʻriqnomasini qoʻllash lozim.
27. Burgʻulash qurilmasining ichki yonuv dvigateli, koʻchma va sementlovchi agregatlar, boshqa maxsus texnikalarning chiqarib yuborish quvurlari uchqunsoʻndirgichlar bilan jihozlanishi zarur.
28. Guruhli Quduq maydoniga texnologik va maxsus transportlarni kelish yoʻllarining soni loyiha bilan aniqlanadi. Maydonchaga transportda kelish yoʻllari, avtotransport va maxsus texnika (oʻt oʻchirish,FVV va boshqa mashina) larni yil davomida oʻtishini taʼminlashi kerak.
29. Avariyali holatlar vujudga kelganda, odamlar, transport va maxsus texnikani guruhli maydondan evakuatsiya qilish tartibi avariyalarni bartaraf qilish rejasi (ABR)da bayon qilingan boʻlishi kerak.
30. Guruhli maydonni flanetsli kolonnalardan balandroq darajada toshqin suvlari bosgan holda, burgʻquduqlarni burgʻulash, oʻzlashtirish va taʼmirlash mumkin emas; ayni paytda burgʻquduqlarni ishlatish, zamindan foydalanuvchi (uning vakili) tasdiqlagan va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining tegishli hududiy organi bilan kelishilgan maxsus reja boʻyicha amalga oshiriladi.
IV bob. Burgʻquduqlarni qurish
31. Guruhli burgʻquduqlar maydonlarida burgʻquduqlarni qurish ShNK 1.03.06-09 “Loyihalashgacha va shahar qurilishi hujjatlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazish qoidalari”da belgilangan tartibda tasdiqlangan loyihaga binoan amalga oshiriladi.
Guruhli neft burgʻquduqlari uchun yer ajratish meʼyorlari QMQ 2.10.05-97 “Neft va gaz burgʻquduqlari uchun yer ajratish meʼyorlari” ga asosan bajariladi.
32. Guruhli maydon, transport kelish yoʻllari, EUT (elektr uzatish tarmoqlari) qurilishi, omborlar, marzalar va h.k.lar ishlarni tashkil qilish loyihasiga asosan, birinchi burgʻquduq burgʻulanishidan oldin qurib bitirilishi darkor. Burgʻquduqni qurish ishlarini boshlashga guruhli maydon tayyorligini, buyurtmachi tomonidan tayinlangan, tarkibiga ish bajaruvchi, burgʻulash korxonasi va xavfli ishlab chiqarish obyektlarini ishlatuvchi tashkilot vakillari kiritilgan komissiya aniqlashi kerak. Guruhli maydonda, belgilangan tartibda loyihaga kiritilgan oʻzgartirishlarga asosan, burgʻquduqlar soni koʻpaygan holda, guruhli maydonni kengaytirish, qoʻshimcha omborlar qurish, kommunikatsiyalarni (montaj qilish) yigʻish va h.k. lar boʻyicha ishlarni, burgʻulash va loyihada moʻljallangan boshqa ishlar bilan birga bajarishga ruxsat etiladi.
33. Burgʻulash qorishmasi tarkibida 5 % dan ortiq gaz mavjud boʻlsa, yoki neft asosidagi qorishma ishlatilsa, burgʻulash jarayonida burgʻulash ish maydoni, nasos bloki, burgʻulash qorishmasini tozalash bloklari va idishlar tizimlaridagi gaz havo muhitidan namunalar olish lozim.
34. Minorali-chigʻir bloki, boshqa bloklar va uskunalarni yangi pozitsiyaga koʻchirishda, minorani sinashda hamda minorani oʻta zoʻriqishi bilan bogʻliq boʻlgan avariyali ishlarda, xavfli zonada joylashgan qoʻshni burgʻquduqlarni oʻzlashtirish boʻyicha ishlarni toʻxtatish zarur. Xavfli zonadan (minora balandligi plyus 10 m radiusda), bevosita avariyani bartaraf qilish, minora-chigʻir blokini koʻchirishda band boʻlgan ishchilardan tashqari, barcha boshqa odamlarni chiqarib yuborish kerak.
35. Yuqori bosimli quvuruzatkich, manifoldlarni bosim bilan tekshirish, burgʻquduqlarni puflash ishlarini bajarganda, quduqlarni burgʻulash, oʻzlashtirish va taʼmirlash ishlari va texnologik operatsiyalarni bajarishga xalaqit bersa, yuqorida qayd etilgan ish turlari toʻxtatilishi darkor.
36. Preventorlarni ishchi bosimga tekshirish muddatlari korxona tomonidan, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining hududiy organi bilan kelishib belgilanadi. Bu muddat bir guruh quduqlarni burgʻulash vaqtidan oshmasligi lozim.
37. Neftning toʻkilishi yoki havo muhitga gaz kelishi bilan bogʻliq boʻlgan avariyalarda guruhdagi barcha ishlar, shu jumladan neftni qazib chiqarish ishlari ham toʻxtatilishi zarur.
V bob. Burgʻquduqlarni oʻzlashtirish, ishlatish va taʼmirlash
38. Quvurlarda otib teshish ishlarini bajarish (ishlatish quvurlar birikmasini teshish, taʼmirlash ishlari va h.k) vaqtida burgʻquduq atrofida kamida 10 m radiusda xavfli zona belgilanadi. Teshik ochish ishlari xavfsizlik talablariga amal qilinib bajarilishi kerak.
39. Guruhdagi burgʻquduqlarni oʻzlashtirish, ularni keyinchalik ishlatish usulidan qatʼi nazar, korxona texnik rahbari tomonidan tasdiqlangan va buyurtmachi bilan kelishilgan ishlar rejasiga asosan amalga oshirilishi darkor. Quduqlarni oʻzlashtirish boʻyicha ishlar va oʻzlashtirish jarayoni belgilangan xavfsizlik talablariga javob berishi zarur.
40. Oʻzlashtirilgan burgʻquduqni neft yigʻish kommunikatsiyalariga ulanishi loyihaga mos ravishda bajarilishi shart. Neft yigʻish va tashish (transportirovka)da muvaqqat (vremenniy) sxemalardan foydalanish taqiqlanadi.
41. Burgʻquduqni koʻchma kompressor yordamida inert gazlardan foydalanib oʻzlashtirishda, kompressor burgʻquduq ogʻzidan kamida 25 m narida oʻrnatilishi darkor.
42. Guruhdagi burgʻquduqlarning ogʻzi (foydalanish usuliga qarab) bir xil rusumli armatura bilan jihozlanishi, ularning kolonnali flanetslari esa, guruh maydoni yuzasi bilan bir sathda joylashishi kerak.
43. Yuqori debitli hamda yuqori gaz omilli burgʻquduqlarda keskich-klapanlar va masofadan boshqariladigan quduq ogʻzi zulfinlariga boʻlgan zarurat va oʻrnatish tartibi, ishlar xavfsizligini taʼminlash shartidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
44. Guruhdagi birinchi burgʻquduq ishga tushirilishi bilan Guruh maydonining barcha hududida havo muhitining gazlanishini nazorat qilish tartibi belgilanishi darkor. Namuna olish joylarini aniqlash, tekshirish, jadval ishlab chiqish ishlari zamindan foydalanuvchi (buyurtmachi)ning vakili tomonidan bajariladi. Mazkur nazoratning bajarilishi guruhli maydon uchun masʼul rahbar zimmasiga yuklanadi.
45. Burgʻquduqni burgʻulash va oʻzlashtirish boʻyicha ishlar yakunidan soʻng guruhli maydondagi burgʻulash uskunalari, qurilishda foydalanilmagan material, uskuna, burgʻulash chiqindilari va h. k. dan tozalanishi darkor. Guruhli maydon yoki uning qismini dalolatnomaga asosan buyurtmachiga topshirilgandan soʻng pudratchi mazkur hududda sodir boʻlgan voqea va hodisalar uchun javobgar emas.
46. Ishlatilayotgan burgʻquduqlarning xavfli zonasi doirasida, bevosita ishlarni bajarilishiga taalluqli boʻlmagan shaxslar va transport vositalarining mavjud boʻlishi mumkin emas.
47. Burgʻquduqni taʼmirlash boʻyicha ishlarni korxona texnik rahbari tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan, maxsus brigada bajarishi kerak. Ish rejasiga sanoat xavfsizligi va atrof muhitni saqlash boʻyicha barcha zarur tadbirlar kiritilishi kerak.
48. Ishlayotgan burgʻquduqlarga xavfli taʼsir qilish imkonini bartaraf etuvchi tadbirlar ishlab chiqish va ularni tatbiq etish sharti bilan qoʻshni burgʻquduqlarni toʻxtatmay turib, burgʻquduqlarni taʼmirlashga ruxsat etiladi. Koʻrsatilgan tadbirlar ishlar rejasida bayon etiladi. Qoʻshimcha ravishda mahsuldor yotqiziqlarni ochishda, qoʻshni quduqlar toʻxtatilishi, zarurat boʻlsa berkitilishi lozim.
49. Bir guruhli maydonda burgʻquduqlarni taʼmirlash yoki oʻzlashtirish boʻyicha bir vaqt ichida ikkita maxsuslashtirilgan brigada ishlashi mumkin. Bunday ishlarni xavfsiz olib borish boʻyicha yoʻriqnomalar korxona tomonidan ishlab chiqilib, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining tegishli hududiy organi bilan kelishiladi.
50. Gazliftli guruhlardagi burgʻquduqlarni taʼmirlashda, uskunalarni joylashtirishdan avval, taʼmirlanayotgan burgʻquduqqa hamda chapdagi va oʻngdagi qoʻshni burgʻquduqlarga uskunalarni joylashtirish paytida gaz haydash toʻxtatiladi. Gazlift gazuzatkichlari trassalarida maxsus texnika oʻrnatilishi taqiqlanadi.
51. Xavfli zonadagi burgʻquduqlarning ishlashi toʻxtatilgandan soʻng burgʻulash qurilmasi qismlarga ajratilib uning blok va uzellari guruhli maydondan transportda olib ketiladi.
Yakuniy qoidalar
Mazkur “Shoxsimon guruh (kust)li burgʻquduqlarni qurish, oʻzlashtirish va ishlatishni bir vaqtda xavfsiz bajarishga oid yoʻriqnoma” Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, “Oʻzbekneftgaz”MXK va Oʻzbekiston yonilgʻi-energetika kompleksi, kimyo sanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi MK bilan kelishildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi A.XODJAYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 25-may
Oʻzbekneftgaz” MXK Boshqaruv raisining birinchi muovini X.MAJITOV
Toshkent sh.,
2010-yil 25-may
Oʻzbekiston yonilgʻi-energetika kompleksi, kimyo sanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Markaziy Kengashining raisi M.XAKIMOVA
Toshkent sh.,
2010-yil 25-may