Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi
Qarori
“BARKAMOL AVLOD” BOLALAR MARKAZLARIDA BOLALAR OʻQIGANLIGI UCHUN OTA-ONALAR TOʻLOVINI UNDIRISH VA UNDAN FOYDALANISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 23-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2267]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yil 30-martdagi 351-son hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2026-yil 13-martdagi 28-mh-sonli ““Barkamol avlod” bolalar markazlarida bolalar oʻqiganligi uchun ota-onalar toʻlovini undirish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2267-2, 08.04.2026-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-fevraldagi 50-son “Maktabdan tashqari taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-yil, 9-son, 89-modda) qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligi qaror qiladi:
1. “Barkamol avlod” bolalar markazlarida bolalar oʻqiganligi uchun ota-onalar toʻlovini undirish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 10-avgust,
48-son
Xalq taʼlimi vaziri T. SHIRINOV
Toshkent sh.,
2011-yil 10-avgust,
23-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligining 2011-yil 10-avgustdagi 48, 23-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Barkamol avlod” bolalar markazlarida bolalar oʻqiganligi uchun ota-onalar toʻlovini undirish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-fevraldagi 50-son “Maktabdan tashqari taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-yil, 9-son, 89-modda) qaroriga muvofiq “Barkamol avlod” bolalar markazlarida oʻqiganligi uchun ota-onalar toʻlovini (keyingi oʻrinlarda — toʻlov) undirish va undan foydalanish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Toʻlov viloyat markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida oyiga eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida va respublikaning boshqa tumanlari (shaharlari)da 5 foiz miqdorida undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Toʻlovni amalga oshirish
2. Toʻlov ota-ona (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) va “Barkamol avlod” bolalar markazi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan toʻlanadi. Ushbu shartnomada toʻlov belgilangan miqdorda va uzrli sabablarsiz toʻlanmagan taqdirda bolaning taʼlim olishini toʻxtatish va bekor qilish shartlari koʻrsatilishi shart.
3. Har oyda joriy oy uchun toʻlov mazkur oyning 10-sanasidan kechikmasdan toʻlanadi.
4. Mazkur Nizomning 3-bandida koʻrsatilgan muddatdan soʻng toʻlov ikki hafta mobaynida belgilangan miqdorda va uzrli sabablarsiz toʻlanmagan taqdirda, bolaning oʻqishi toʻxtatiladi, agar toʻlov boʻyicha qarzdorlik ushbu qarzdorlik yuzaga kelgan kundan boshlab 30 kalendar kun mobaynida toʻlangan boʻlsa, bolaning oʻqishi qayta tiklanadi.
5. Toʻlov boʻyicha qarzdorlik u yuzaga kelgan kundan boshlab 30 kalendar kun mobaynida qoplanmasa, bola belgilangan tartibda “Barkamol avlod” bolalar markazida taʼlim oluvchilar safidan chiqariladi. Bu holda bolaning “Barkamol avlod” bolalar markazida oʻqishini qayta tiklash yangi qabul qilinadigan bolalar uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6. Toʻlov bank muassasalariga toʻlanadi. Bunda toʻlovni tasdiqlaydigan hujjat (kvitansiya) nusxasi “Barkamol avlod” bolalar markaziga taqdim etiladi.
Toʻlov naqd pulsiz shaklda amalga oshirilgan holda (plastik kartochkalardan toʻlashdan tashqari) “Barkamol avlod” bolalar markaziga toʻlov topshiriqnomasining nusxasi (toʻlov toʻlanganlik toʻgʻrisidagi bank belgisi qoʻyilgan holda) taqdim etiladi.
7. Toʻlov “Barkamol avlod” bolalar markaziga xizmat koʻrsatuvchi tegishli Gʻaznachilik boʻlimining hududiy gʻaznachilik hisob raqamlariga oʻtkaziladi va tegishli “Barkamol avlod” bolalar markazining shaxsiy gʻaznachilik hisob raqamida undan keyinchalik foydalanish uchun hisobga olinadi.
8. Bolaning “Barkamol avlod” bolalar markaziga qatnashi bekor qilinganda joriy oy toʻlovi ota-ona (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar)ning bola “Barkamol avlod” bolalar markaziga qatnashi bekor qilinguniga qadar kamida uch kun oldin bergan yozma arizasiga asosan toʻliq boʻlmagan oy uchun (yaʼni qatnashi bekor qilingan kunga qadar) toʻlanishi mumkin. Bunday ariza mavjud boʻlmaganida toʻlov toʻliq oy uchun toʻlanishi shart.
Bunda, bolaning “Barkamol avlod” bolalar markaziga qatnashiga ushbu oy uchun toʻlovning qolgan qismi toʻlanmagunicha ruxsat berilmaydi.
III. Toʻlov hisob-kitobi
9. Bir kunlik toʻlov miqdorini aniqlash uchun oylik toʻlov miqdori “Barkamol avlod” bolalar markazining bola joriy oyda qatnaydigan toʻgaragi ish kunlarining rejadagi soniga boʻlinadi.
Bunda, bola “Barkamol avlod” bolalar markazidagi bittadan ortiq toʻgarakda oʻqiydigan boʻlsa, toʻlov har bir toʻgarakda oʻqiganlik uchun belgilangan miqdorda alohida undiriladi.
10. Bolaning “Barkamol avlod” bolalar markaziga oʻzi yoki oila aʼzolarining kasalligi (karantin) oqibatida, shuningdek ota-ona (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar)ning mehnat taʼtili paytida uch kundan ortiq ketma-ket kelmaganligi davri uchun toʻlov keyingi oylar uchun toʻlov hisobiga hisoblanadi. Bunda, “Barkamol avlod” bolalar markazining tegishli ish kunlari soni hisobga olinadi.
Bolaning “Barkamol avlod” bolalar markaziga oʻzining yoki oila aʼzolarining kasalligi (karantin) oqibatida uzrli sababga koʻra kelmasligi tegishli davolash muassasasi tomonidan berilgan maʼlumotnoma bilan tasdiqlanishi shart.
11. Bolalarning “Barkamol avlod” bolalar markaziga kelmagan boshqa barcha hollarida toʻlov umumiy asoslarda undiriladi.
IV. Toʻlovdan ozod qilish
12. “Barkamol avlod” bolalar markazlarida taʼlim oluvchilarning tegishli kontingenti umumiy sonining 15 foizi doirasida kam taʼminlangan oila bolalari toʻlovdan ozod qilinadi.
Bunda, birinchi navbatda ota-onasi (bittasi yoki ikkalasi) I yoki II guruh nogironi boʻlgan kam taʼminlangan oila bolalari, shuningdek har bir oila aʼzosi uchun hisoblaganda oʻrtacha oylik daromadi eng past darajada boʻlgan kam taʼminlangan oila bolalari toʻlovdan ozod qilinadi.
13. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan oilaning kam taʼminlanganligi toʻgʻrisida “Barkamol avlod” bolalar markaziga taqdim etilgan maʼlumotnoma bolani toʻlovdan ozod qilish uchun asos boʻladi.
14. Toʻlovdan ozod qilinadigan kam taʼminlangan oila farzandlari roʻyxati (keyingi oʻrinlarda Roʻyxat deb yuritiladi) moliyaviy yil boshlanguniga qadar “Barkamol avlod” bolalar markazi rahbarining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
15. Bolalar “Barkamol avlod” bolalar markazida taʼlim oluvchilar safidan chiqarilishi oqibatida Roʻyxat oʻzgargan taqdirda ilgari Roʻyxatga kirmagan kam taʼminlangan oila bolalaridan shakllantiriladigan zaxira hisobiga toʻldiriladi. Roʻyxatni toʻldirishda ushbu Nizomning 12-bandining ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan birinchi navbatlilik talablariga rioya qilinadi.
16. Bolalar “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari, “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari (keyingi oʻrinlarda tarbiyalanuvchilar deb yuritiladi) “Barkamol avlod” bolalar markazlarida toʻlovdan ozod qilinadi.
Toʻlovdan ozod qilingan tarbiyalanuvchilar roʻyxati “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari, “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi tarbiya muassasalari, xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman(shahar) boʻlimlari hamda tegishli tuman(shahar) hokimliklari moliya boʻlimi rahbarlari bilan kelishilgan holda “Barkamol avlod” bolalar markazi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
V. Toʻlovlardan tushadigan mablagʻlardan foydalanish
17. Toʻlov sifatida tushgan mablagʻlar “Barkamol avlod” bolalar markazlariga toʻgarak ishlari uchun zarur materiallar va xom ashyo sotib olishga maqsadli yoʻnaltiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
VI. Buxgalterlik hisobi va hisoboti
18. Buxgalterlik hisobini yuritish, shuningdek toʻlovlardan tushadigan mablagʻlarning kirim qilinishi va sarflanishi hisobotlarini tuzish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
VII. Yakuniy qoidalar
19. Toʻlovlarning oʻz vaqtida tushishi va toʻgʻri hisoblanishi, hisob va hisobot yuritilishi, shuningdek tushgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi nazorat-taftish bosh boshqarmasi va uning joylardagi hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Ushbu Nizom “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi bilan kelishilgan.
“SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi direktori v. b. M. UMURZOQOVA
2011-yil 10-avgust
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 39-son, 400-modda; 2017-y., 24-son, 507-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)