Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATINING AYRIM QARORLARIGA OʻZGARTIRISH VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH TOʻGʻRISIDA (OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “2011—2015-YILLARDA RESPUBLIKA MOLIYA-BANK TIZIMINI YANADA ISLOH QILISH VA BARQARORLIGINI OSHIRISH HAMDA YUQORI XALQARO REYTING KOʻRSATKICHLARIGA ERISHISHNING USTUVOR YOʻNALISHLARI TOʻGʻRISIDA” 2010-YIL 26-NOYABRDAGI PQ-1438-SON QARORI)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida” 2010-yil 26-noyabrdagi PQ-1438-son qaroriga muvofiq, davlat mulkini boshqarish samaradorligini oshirish hamda davlat aktivlarining ishonchli boshqaruvchilari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 14-sentabr,
258-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 14-sentabrdagi 258-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Xususiylashtirilgan korxonalarni korporativ boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 19-apreldagi 189-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 4-son, 32-modda):
a) 4-bandda:
toʻrtinchi xatboshi quyidagi mazmundagi toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:
“respublika iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondlaridagi aksiyalar (ulushlar)ning davlat paketlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Vazirlar Mahkamasining yoki Aksiyadorlik birlashmalari va kompaniyalaridagi aksiyalarning davlat ulushidan samarali foydalanilishi ustidan monitoring olib borish komissiyasi qaroriga binoan ishonchli boshqaruvga beriladi;
davlatning ishonchli vakili aksiyalar (ulushlar, paylar)ning faqat bitta davlat paketini boshqarishga haqlidir;
aksiyalar (ulushlar, paylar)ning davlat paketlarini boshqarish xarajatlari aksiyalar (ulushlar, paylar)ning davlat paketlari boʻyicha davlat budjetiga tushgan dividendlarning bir qismi hisobiga, ular boʻlmaganda esa — xususiylashtirishdan tushadigan umumiy mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi”;
beshinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 217-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son)
v) Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilari toʻgʻrisidagi nizomda:
2-banddagi “qonun hujjatlariga muvofiq” soʻzlari “shuningdek bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan tijorat banklari bilan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
31-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“31. Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisiga boshqaruv muassisiga xizmatlar koʻrsatganlik uchun taqdirlash puli asosiy va mukofot puli tarzida toʻlanadi.
Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisiga asosiy taqdirlash puli choraklar boʻyicha taqsimlagan holda yoki ular boshqaradigan aktivlardan olinadigan daromadga nisbatan foizlarda bir yil uchun yozilgan summada belgilanadi. Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi oladigan asosiy taqdirlash pulining umumiy miqdori va xususiyatlari shartnomada belgilanadi.
Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisiga mukofot puli yil natijalari boʻyicha, shartnomaga muvofiq toʻlanadi.
Davlat aktivlarini boshqargan taqdirda investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi faoliyatini taqdirlash uning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan Adliya vazirligi bilan birgalikda belgilanadigan tartib asosida boshqarishi samaradorligiga bevosita bogʻliq holda amalga oshiriladi”;
quyidagi mazmundagi 31-1-band qoʻshilsin:
“31-1. Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi oʻzi kuzatuvchi kengashining aʼzosi hisoblanadigan jamiyatning mablagʻlari hisobiga qoʻshimcha taqdirlash puli olishi mumkin. Ushbu holatda taqdirlash puli miqdorlari jamiyatning ichki normativ hujjatlari bilan belgilanadi”;
32-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Aksiyalar (ulushlar)ning davlat paketlari boʻyicha davlat budjetiga tushgan dividendlar, ular boʻlmagan taqdirda esa — xususiylashtirishdan tushgan umumiy mablagʻlar davlat aktivlarini ishonchli boshqarganlik uchun taqdirlash puli toʻlashning manbalari hisoblanadi. Investitsiya aktivlarini va xususiylashtirish investitsiya fondlarini ishonchli boshqarishni amalga oshirish bilan bogʻliq taqdirlashning xususiyatlari qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi”;
birinchi xatboshidagi “qoʻshimcha (mukofot puli)” soʻzlari “mukofot pulini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “qoʻshimcha (mukofot puli)” soʻzlari “mukofot puli” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 217-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son)
3. Vazirlar Mahkamasining “Ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarning samarali boshqarilishini va davlat mulkining zarur darajada hisobga olinishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 16-oktabrdagi 215-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 10-son, 77-modda);
a) Davlat korxonalari toʻgʻrisidagi nizomda:
12-bandning oʻninchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Aksiyadorlik birlashmalari va kompaniyalaridagi aksiyalar davlat ulushidan samarali foydalanilishi ustidan monitoring olib borish komissiyasi tomonidan belgilanadigan korxona ustaviga muvofiq korxonaga oʻzi bergan mulkdan foydalanishdan tushgan sof foydaning bir qismini yoki hammasini olish uchun davlat korxonalarining sof foydasidan davlat budjetiga ajratmalarning prognoz parametrlariga muvofiq”;
13-bandning beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“bozor qiymati eng kam oylik ish haqining ming baravari miqdoridan oshadigan mol-mulkini ushbu Nizomning 17-bandiga muvofiq mulkni tasarruf etish uchun davlat korxonasining ijro etuvchi organiga ruxsatnomalar berish toʻgʻrisidagi qarorni tegishli ravishda Davlat mulki qoʻmitasi yoki uning hududiy boshqarmasi bilan kelishish”;
24-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“24. Budjetga va budjetdan tashqari fondlarga barcha soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar toʻlangandan keyin davlat korxonasida qoladigan sof foyda, shuningdek Aksiyadorlik birlashmalari va kompaniyalaridagi aksiyalar davlat ulushidan samarali foydalanilishi ustidan monitoring olib borish komissiyasi tomonidan belgilanadigan davlat korxonasining sof foydasidan davlat budjetiga ajratmalar korxona ixtiyorida qoladi va undan muassisning qaroriga binoan foydalaniladi”;
b) Korxonalardagi ichki audit xizmati toʻgʻrisidagi nizomda:
6-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“6. Ichki audit xizmati xodimlari oxirgi oʻn yilning kamida ikki yilida buxgalteriya hisobi, audit, moliya yoki soliq nazorati sohasida amaliy (shu jumladan oʻrindoshlik boʻyicha) ish stajiga ega boʻlishi va quyidagi talablardan bittasiga javob berishi kerak:
auditorning malaka sertifikatiga ega boʻlish;
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida, yoxud Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasidagi taʼlimga tengligi eʼtirof etilgan xorijiy davlat taʼlim muassasasida olingan oliy iqtisodiy maʼlumotga ega boʻlish.
Ichki audit xizmati xodimlarini sertifikatlash tartibi auditorlarning respublika professional jamoatchilik birlashmalari tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi”;
7-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“7. Ichki audit xizmati xodimlarining soni ichki audit maqsadlariga samarali erishish va vazifalarini hal etish uchun yetarli boʻlishi kerak hamda korxonaning kuzatuvchi kengashi tomonidan sertifikatsiyalangan ikki nafardan kam boʻlmagan ichki auditordan iborat etib belgilanadi”;
8-bandning birinchi xatboshidagi “tegishli auditor sertifikatiga” soʻzlari “ichki auditor sertifikatiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) Davlatga tegishli aksiyalar paketlarini (ulushlar)ni ishonchli boshqaruvga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
10-bandning birinchi xatboshidagi “uch kun muddatda” soʻzlari “ikki ish kuni mobaynida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
12-bandning toʻrtinchi xatboshidagi “taqdirlanish” soʻzidan keyin “davlat aktivlarini ishonchli boshqarishni amalga oshiradigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari bundan mustasno” soʻzlari qoʻshilsin;
14-bandning sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“raqobatbardoshli mahsulotlar ishlab chiqarishni taʼminlash uchun ijro etuvchi organ tomonidan ishlab chiqarishni zamonaviy texnologiyalar asosida rekonstruksiya qilish hamda texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashni amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlarini koʻrish;
xoʻjalik jamiyatida davlat budjetiga, davlat maqsadli fondlariga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha, ish haqi boʻyicha qarzdorlik paydo boʻlganda, shuningdek ketma-ket ikki chorak mobaynida biznes-reja parametrlari bajarilmaganda jamiyatning kuzatuvchi kengashiga ijro etuvchi organ rahbarining ishlarini baholash hamda u bilan mehnat munosabatlarini davom ettirishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilish uchun aksiyadorlar (qatnashchilar)ning navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirish masalasini kiritish”;
18-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“18. Ishonchli boshqaruvchiga boshqarish xizmatlari koʻrsatganlik uchun taqdirlash puli asosiy va mukofot puli tarzida toʻlanadi.
Ishonchli boshqaruvchiga asosiy taqdirlash puli choraklar boʻyicha taqsimlagan holda yoki ular boshqaradigan aktivlardan olinadigan daromadga nisbatan foizlarda bir yil uchun yozilgan summada belgilanadi. Ishonchli boshqaruvchi oladigan asosiy taqdirlash pulining umumiy miqdori va xususiyatlari shartnomada belgilanadi.
Ishonchli boshqaruvchiga mukofot puli yil natijalari boʻyicha, shartnomaga muvofiq toʻlanadi.
Ishonchli boshqaruvchi faoliyatini taqdirlash uning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan Adliya vazirligi bilan birgalikda belgilanadigan tartib asosida davlat aktivlarini boshqarishi samaradorligiga bevosita bogʻliq holda amalga oshiriladi”;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning “g” kichik bandi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 15-maydagi 282-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 37-son, 381-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son)