Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
XUSUSIY TADBIRKORLIK VA KIChIK BIZNESNI SUGʻURTA YOʻLI BILAN HIMOYA QILUVChI AGENTLIKNI TAShKIL QILISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PF-4993-sonli “2017-yilgi soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari qabul qilingani munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim Farmonlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xususiy tadbirkorlikni va kichik biznesni jadal rivojlantirish, tadbirkorlik harakatining davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini hamda kreditorlarga qarz kapitali evaziga kafolatlar berilishini koʻzda tutuvchi dasturlarni roʻyobga chiqarish uchun qulay shart-sharoitlarni vujudga keltirish maqsadida:
1. Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining, “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Oʻzdehqonchiliksanoatbank”, “Tadbirkorbank”, “Savdogarbank”, “Mevasabzavotbank”ning, Tadbirkorlar uyushmasining, Shaxsiy yordamchi xoʻjaliklar uyushmasining, Ishbilarmon xotin-qizlar uyushmasining “Madad” sugʻurta agentligini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
“Madad” agentligi muassislarining agentlik ustav jamgʻarmasini 10 million soʻm miqdorida shakllantirish haqidagi taklifi maʼqullansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Madad” sugʻurta agentligi:
yuridik shaxs huquqiga boʻlgan ochiq turdagi hissadorlik jamiyati hisoblanadi va oʻz faoliyatini Ustavga muvofiq toʻla xoʻjalik hisobi prinsiplari asosida tashkil qiladi, Qoraqalpogʻiston Respublikasida va viloyatlarda oʻz boʻlinmalariga ega boʻladi;
xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash fondi (Biznes-fond) bilan qalin aloqada ishlaydi, belgilangan tartibda taklif va loyihalar ekspertizasini, shuningdek Biznes-fond tomonidan qarz oluvchilarga kredit ajratib berish uchun asos boʻladigan sugʻurta polisi berilishini taʼminlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar “Madad” sugʻurta agentligi faoliyatning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
— xususiy tadbirkorlar va kichik biznesga kreditlar, shu jumladan imtiyozli kreditlar olish uchun taqdim etiladigan investitsiya loyihalarini baholash va ekspertiza qilish;
— tadbirkorlik tavakkalchiliklaridan imtiyozli shartlar asosida sugʻurta yoʻli bilan himoya etish, kreditlar qoplanmaganligi uchun qarzdorning masʼuliyatini sugʻurtalash;
— respublikada xususiy tadbirkorlikni va kichik biznesni rivojlantirishga yoʻnaltiriladigan xorijiy sarmoyalarini sugʻurta yoʻli bilan himoya qilinishni taʼminlash.
4. “Madad” agentligining muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatishi uchun Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi uning sugʻurta jamgʻarmasini shakllantirishga 100 million soʻm miqdorida foizsiz ssuda ajratib bersin.
5. “Madad” sugʻurta agentligi qonunda belgilangan soliqlar, shuningdek majburiy toʻlovlar toʻlashdan uch yilga ozod qilishsin, mablagʻlarning shu qismi sugʻurta jamgʻarmasini toʻldirishga va uni texnika bilan jihozlashga sarflanishi belgilab qoʻyilsin.
6. Vazirlar Mahkamaning bir hafta muddat ichida “Madad” sugʻurta agentligining faoliyatini tashkil etish masalalari yuzasidan qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 26-iyul,
PF-1207-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 7-8-son, 162-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 9-son, 104-modda; 2017-y., 13-son, 198-modda)